Hurmatli veb-sayt foydalanuvchilari,
O'zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasining yangi rasmiy veb-saytiga xush kelibsiz!
Diplomatik munosabatlar o'rnatilganidan buyon O'zbekiston va Yaponiya o'rtasidagi aloqalar izchil kengayib va mustahkamlanib bormoqda.
2002 yildan boshlab O'zbekiston-Yaponiya munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko'tarildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga tashrifi ikki tomonlama munosabatlardagi tarixiy voqea bo'lib, uning doirasida O'zbekiston Respublikasi va Yaponiya o'rtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to'g'risida qo'shma bayonot imzolandi.
Ushbu tashrif davomida erishilgan kelishuvlar, imzolangan xujjatlar va tuzilgan shartnomalar O'zbekiston va Yaponiya o'rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
O'zbekiston Yaponiyani uzoq vaqtdan beri ishonchli sherik sifatida ko'rib, aloqalar mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan hisoblanadi. Yaponiya bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy va texnikaviy sohalarda, hamda fan, innovatsiya, sog'liqni saqlash, madaniyat, turizm va sport sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni faol ravishda kengaytirishni davom ettiradi.
O'zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi ikki davlat o'rtasidagi muhim bo'g'in bo'lib, ikki tomonlama o'zbek-yapon munosabatlarini yangi mazmun bilan to'ldirish bo'yicha sa'y-harakatlarini davom ettiradi.
Buning uchun O'zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasining yangi veb-sayti nafaqat O'zbekiston to'g'risida va O'zbekiston-Yaponiya munosabatlarining bugungi holati to'g'risida ko'plab foydali va qiziqarli ma'lumotlarni taqdim etadi, balki O'zbekistonning sarmoyaviy salohiyati, yaratilgan qulay investitsion muhiti, respublikada ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlar, tarixiy diqqatga sazovor joylari va turizm imkoniyatlari bilan yaqindan tanishishga imkon beradi.
Shuningdek, elchixonaning ustuvor yo'nalishlaridan biri bu Yaponiyadagi vatandoshlarimizning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdir. Bu yerda hamyurtlarimiz doimo yordam topadilar. O'zbek diplomatlari doimiy ravishda yoki vaqtincha Yaponiya hududida bo'lgan O'zbekiston fuqarolarining qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qiladi.