2025 yil 11-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Elchixonasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi direktori G. Ismoilova Yaponiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan vatandosh stipendiatlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Kioto, Osaka, Hosey va Juntendo universitetlari hamda Tokio fan institutida tahsil olayotgan U. Yaxshimuradov, I. Hamdamov, N. Ummatalieva, M. Ummatalieva, J. Juraev, B. Mutalov va J. Qayumov ishtirok etdi.
Suhbat davomida O‘zbekistonda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va inson kapitali salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi va rahbarligida olib borilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, ushbu jarayonning muhim qismi sifatida chet elda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotganiga urg‘u berildi.
G. Ismoilova “El-yurt umidi” jamg‘armasi mazkur davlat siyosatini amalga oshirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilayotgani, u iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning bilim va ko‘nikmalarini yurtimiz taraqqiyotiga yo‘naltirishda ko‘prik vazifasini bajarayotganini ta’kidladi.
Uchrashuvda chet elda tahsil olgan mutaxassislarning ilm-fan, ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalardagi islohotlarga hissasini oshirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish hamda professional hamkorlik tarmoqlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, yosh tadqiqotchilar ulushini oshirish, ilmiy faoliyatni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, doktorantura va stajirovka dasturlari kvotalarini kengaytirish kabi ustuvor vazifalar belgilab qo‘yilgani alohida ta’kidlandi.
Stipendiatlar davlat rahbariyati tomonidan ko‘rsatilayotgan ishonch va qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida O‘zbekistonni modernizatsiya qilish va barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar. Ular bunday uchrashuvlarning ahamiyatini qayd etib, ularning yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik ruhini mustahkamlash va intellektual salohiyatni birlashtirishda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladilar.