Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va ekologik barqarorlik borasidagi tashabbuslari



Bugungi kunda dunyo miqyosidagi eng dolzarb muammo — bu, shubhasiz, ekologik muammo hisoblanadi. Deyarli barcha davlatlar iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining tanqisligi va havo ifloslanishining salbiy oqibatlariga duch kelmoqda. Afsuski, ekologik muammolar inson hayoti va salomatligiga jiddiy tahdid tug‘dirmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, har yili havoning ifloslanishi oqibatida dunyo bo‘yicha 4,2 milliondan 7 milliongacha inson hayotdan ko‘z yumadi. Shuningdek, dunyoda 2,7 milliard kishi yiliga kamida bir oy davomida suv tanqisligini boshdan kechirmoqda.

Shu bois bugun mamlakatlar ekologik xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida nafaqat intilmoqda, balki majburan amaliy choralar ko‘rishga ham majbur bo‘lmoqda. Yolg‘iz davlatlar bu kabi global muammolarga qarshi kurasha olmasligini anglagan holda, ular xalqaro hamkorlikni kuchaytirish yo‘lida qadamlar tashlamoqda.

O‘zbekiston Respublikasi xalqaro maydonda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligini oshirish zarurligi g‘oyasini faol ilgari surib kelmoqda. Buning yaqqol namunasini Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida ko‘rish mumkin.

Davlat rahbari iqlim o‘zgarishi muammosiga alohida e’tibor qaratdi. Haqiqatan ham, iqlim o‘zgarishi inson faoliyati oqibatidagi antropogen ta’sirning salbiy natijasidir. Ochiq manbalarga ko‘ra, 2024-yil insoniyat tarixidagi eng issiq yil sifatida qayd etilgan. Natijada issiqxona gazlari kontsentratsiyasi oshib, Quyosh issiqligining ushlanib qolishiga va global isish jarayoniga olib keldi. Shu sababli, davlatlar issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish borasida sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishi zarur (O‘zbekistonda joriy yilning iyul oyida bu masalaga bag‘ishlangan alohida Qonun qabul qilindi). Xususan, O‘zbekiston tashabbuslari Parij kelishuvi maqsadlarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu kelishuv issiqxona gazlari chiqindilarini bosqichma-bosqich qisqartirish majburiyatini nazarda tutadi.

Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muhokamalarda “iqlim migratsiyasi” kuchayib borayotgani ham qayd etildi. Shu munosabat bilan xalqaro mexanizm va huquqiy asos yaratish taklif qilindi. Bizningcha, ushbu masalani BMT doirasida qabul qilinadigan xalqaro hujjat orqali hal etish lozim. Chunki bu masala nafaqat ekologiya, balki ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bilan ham bevosita bog‘liq. “Iqlim migrantlari” oqimi ish bilan ta’minlash, ijtimoiy ta’minot va moslashuv masalalarida yangi muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun mamlakatlar iqlim migratsiyasining ildiz sabablari — ekologik oqibatlarni yumshatish, yashash uchun qulay sharoit yaratish kabi masalalarni hal etishga e’tibor qaratishi lozim. Ushbu mexanizmlar yuqorida tilga olingan xalqaro hujjat doirasida tartibga solinishi kerak.

An’anaviy tarzda, O‘zbekiston Prezidenti Aral dengizining qurishi oqibatidagi salbiy ekologik holat masalalariga ham to‘xtaldi. Davlat rahbari bu masalani bir necha bor BMT minbaridan ko‘targan (BMT Bosh Assambleyasining 72-, 75-, 76- va 78-sessiyalarida Orolbo‘yi muammolari va ekologik vaziyat muhokama qilingan). O‘zbekistonning sa’y-harakatlari tufayli BMT Bosh Assambleyasi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyani qabul qildi. Ushbu yo‘nalishda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, bandlikni oshirish va aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha Harakatlar rejasi va Dastur amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Orolbo‘yi ekotizimini tiklash bo‘yicha faol ish olib bormoqda. So‘nggi yillarda dengiz tubida 2 million gektardan ortiq maydonda o‘simliklar ekildi. Faqat joriy yilning birinchi yarmida 701 gektarda daraxtzorlar, 41 gektarda terrasalar barpo etildi. 2030-yilga kelib, hududning 80 foizigacha yashil maydonlar bilan qoplanishi kutilmoqda. Bu masalada xalqaro hamjamiyat e’tibori nihoyatda muhim, chunki Orolning qurishi natijasida har yili havoga 150 million tonnagacha tuz ko‘tarilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu zarar nafaqat mintaqada, balki Antarktida hududida ham sezilmoqda.

Prezident tomonidan qayd etilgan muhim muammolardan yana biri — suv resurslari tanqisligidir. Bugungi kunda dunyo bo‘yicha 2 milliarddan ortiq inson toza ichimlik suviga ega emas. O‘zbekiston uchun suv tanqisligi muammosini hal etish — bu hayot-mamot masalasidir. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda Butunjahon suvni tejash forumini o‘tkazish taklif etildi. Forum doirasida suv inqirozini barqaror rivojlanishga jiddiy tahdid sifatida e’tirof etish, hamda global darajada innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi” qabul qilish taklif qilinmoqda. Ushbu tashabbus muhim, chunki suv tanqisligi, ayniqsa transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish masalasi bugun nihoyatda dolzarbdir. Xalqaro hamkorlik doirasida yagona yondashuv kelajakda suv yetishmovchiligining oqibatlarini yumshatishga yordam beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tizimli tashabbuslaridan biri — bu Keng qamrovli xalqaro sheriklik to‘g‘risidagi Global paktni qabul qilishdir. Ushbu pakt Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalda ro‘yobga chiqarishning mantiqiy davomi bo‘lib, ekologik muammolarni kelishuvlar, bilim va tajriba almashinuvi, moliyalashtirish va nazorat mexanizmlarini belgilash asosida hal etish imkonini beradi. Bundan tashqari, ushbu pakt atrof-muhitni “global jamoaviy boylik” sifatida mustahkamlaydi.

Umuman olganda, xalqaro hujjatlar amaliyotda ijobiy samara beradi. Masalan, ozon qatlamini yemiruvchi moddalar to‘g‘risidagi Monreal protokoli global hamjihatlik asosida harakat qilish tabiiy muvozanatni tiklashga olib kelishini ko‘rsatdi. Tadqiqotlar shuni tasdiqladiki, zararli chiqindilar kamaytirilishi natijasida global radiatsion ta’sir prognozdan besh yil avval pasaygan.

Yuqorida qayd etilgan tashabbuslar ekologik xavfsizlik va farovonlikni ta’minlash yo‘lida davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish nuqtayi nazaridan nihoyatda muhimdir. Bu, shuningdek, O‘zbekiston uchun ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki 2025-yil O‘zbekistonda “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingan hamda tegishli davlat dasturi qabul qilingan. Ushbu dastur maqsadlarining xalqaro tashabbuslar bilan uyg‘unlikda amalga oshirilishi ekologik barqarorlik va qulay hayot muhitini ta’minlash imkonini beradi.

Abdulaziz Rasulov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti ilmiy kotibi, yuridik fanlari doktori, professor



  ...