Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

O‘zbekiston va YuNESKO hamkorligi turizm sohasida yangi ufqlarni ochmoqda



O‘zbekiston jahon turizm xaritasida tobora muhim manzilga aylanib bormoqda. Boy madaniy meros va o‘ziga xos tabiiy landshaftlarning uyg‘unligi mamlakatni sayyohlar uchun Buyuk Ipak yo‘lining haqiqiy durdonasiga aylantirmoqda. Shu nuqtayi nazardan, YuNESKO bilan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi: yodgorlik va obidalarni Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish ularni global miqyosda targ‘ib qilish, sayyohlar qiziqishini oshirish hamda O‘zbekistonning jahon turizm sanoatidagi o‘rnini mustahkamlash imkonini beradi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda joylashgan yettita ob’ekt, shundan uchtasi transchegaraviy bo‘lib, YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Ularning har biri turistik yo‘nalishlarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi, xalqaro sayyohlar oqimini oshirishga, biznes, mehmondo‘stlik, xizmat ko‘rsatish va transport infratuzilmasi sohalarida yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilmoqda.

Xiva shahridagi Ichan Qal’a — bu ochiq osmon ostidagi muzey shahar bo‘lib, o‘rta asr Sharq shaharlarining muhitini saqlab qolgan. Uning ko‘chalarida sayr qilgan sayyohlar o‘zlarini go‘yo islom me’morchiligining tarixiy davrlariga qaytgandek his qiladilar — bu yerda masjidlar, madrasalar va XIX asr saroylari yonma-yon joylashgan. Buxoro esa mintaqaning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lib, Buyuk Ipak yo‘lidagi haqiqiy madaniy markaz sifatida o‘z o‘rnini saqlab qolgan. Ismoil Somoniy maqbarasi, XVII asr madrasalari va tarixiy minoralari bu shaharni madaniy turizm uchun eng jozibador manzillardan biriga aylantiradi. Shahrisabz, Amir Temurning vatani, temuriylar davrida siyosiy va ma’naviy hayot markazi bo‘lgan davr yodgorliklari bilan mehmonlarni jalb etadi. Samarqand esa “madaniyatlar chorrahasi” sifatida tan olingan bo‘lib, sivilizatsiyalar tutashuvining timsoli bo‘lib qolmoqda. Registon majmuasi, Go‘ri Amir maqbarasi, Shohi Zinda majmuasi va Ulug‘bek rasadxonasi O‘zbekistonning eng mashhur ramzlariga aylangan bo‘lib, mamlakatni butun dunyoda tanitib kelmoqda.

Madaniy obidalardan tashqari, O‘zbekistonning bir necha tabiiy hududlari ham YuNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. G‘arbiy Tyanshan o‘zining boy biologik xilma-xilligi bilan mashhur bo‘lib, ekoturizm va piyoda sayohatlar uchun mashhur manzil hisoblanadi. Bu yerda sayyohlar noyob o‘simlik va hayvon turlarini uchratishlari, dunyo miqyosida mashhur bo‘lgan mevali daraxtlarning ajdodlari o‘sgan muhitni o‘rganishlari mumkin. Turan mintaqasining mo‘tadil cho‘llari esa o‘zining keskin tabiiy sharoitlari va boy ekotizimlari bilan sayyohlarni hayratda qoldiradi — bu joylar ayniqsa sarguzasht izlovchilar va ekoturizm ixlosmandlari uchun jozibali bo‘lib bormoqda. Zarafshon–Qoraqum yo‘lagi esa tarixan Sharq va G‘arbni bog‘lagan Ipak yo‘lining bir qismi sifatida sayyohlarga asrlar davomida savdo va madaniy almashinuv markazi bo‘lgan qadimiy karvon yo‘llari bo‘ylab sayr qilish imkonini beradi.

Har bir ob’ekt nafaqat turistik yo‘nalishlarning poydevorini tashkil etadi, balki O‘zbekiston brendini xalqaro maydonda targ‘ib qilishda muhim rol o‘ynaydi. Butunjahon merosi obyektlarini ommalashtirish xorijiy turoperatorlar orasida mamlakatga qiziqishni oshiradi, xalqaro sayyohlar oqimini ko‘paytiradi, yangi ish o‘rinlari yaratadi va iqtisodiy rivojlanishga sezilarli hissa qo‘shadi. Turizm endilikda shunchaki xizmat ko‘rsatish sohasi emas, balki O‘zbekistonning ochiq, zamonaviy va dinamik rivojlanayotgan mamlakat sifatidagi imijini mustahkamlovchi strategik resursga aylanmoqda.

Barqaror turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tabiiy hududlarning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi noyob ekotizimlarni asrash muhimligini ta’kidlasa, madaniy yodgorliklar esa tarixiy merosni kelajak avlodlar uchun saqlab qolish zarurligini eslatadi. Bunday yondashuv turizmni nafaqat jozibador, balki ekologik barqarorlik va madaniy diplomatiya tamoyillariga mos faoliyatga aylantiradi.

Shu ma’noda, 2025 yilda Samarqandda YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilishi ramziy ahamiyatga ega. Ushbu yirik tadbir 40 yildan so‘ng ilk bor Fransiya poytaxtidan tashqarida o‘tkaziladi. Forumda deyarli 200 mamlakatdan delegatlar ishtirok etadi va u O‘zbekistonning turizm salohiyatini namoyish etish uchun noyob maydon vazifasini bajaradi. Mamlakat uchun bu tadbir jahon turizmi markazi va sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi mavqeini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib, soha rivoji va xalqaro hamkorlik uchun yangi ufqlarni ochadi.

Turizm qo‘mitasi raisi
U. Shadiev



  ...