O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 31 avgust – 1 sentyabr kunlari Xitoyning Tyanjin shahrida bo‘lib o‘tadigan SHHT sammitida ishtirok etadi. Shu munosabat bilan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonning SHHTga a’zo davlatlar bilan savdo-investitsiya hamkorligiga oid 8 yillik va 2024 yil uchun infografika tayyorladi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti
Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) – 2001 yilda tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. Hozirgi kunda SHHT tarkibiga 10 ta davlat a’zo: Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston.
SHHTda kuzatuvchi davlat maqomiga ega bo‘lgan 2 ta davlat — Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston — tashkilot faoliyatida ishtirok etib kelmoqda. Shu bilan birga, 14 ta davlat SHHTning muloqot bo‘yicha sheriklari sifatida tan olingan: Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Misr, Kambodja, Qatar, Quvayt, Maldiv orollari, Myanma, Nepal, BAA, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Shri-Lanka.
2017 yilda Hindiston va Pokistonning, 2023 yilda Eronning, 2024 yilda esa Belarusning SHHTga qo‘shilishi tashkilotning geografik qamrovini hamda siyosiy nufuzini kengaytirib, uni dunyoning eng yirik mintaqaviy tashkilotlaridan biriga aylantirdi.
Yangi davlatlarning a’zo bo‘lishi SHHT doirasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini ham kengaytirdi. Xususan, savdo, investitsiya va transport-logistika sohalarida yangi sharoitlar yaratildi.
O‘zbekistonning SHHT davlatlari bilan tashqi savdo ko‘rsatkichlari
SHHTga a’zo mamlakatlar, ayniqsa, Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari, O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlari hisoblanadi.
2017–2024 yillarda O‘zbekistonning SHHT davlatlari bilan tovar ayirboshlashi 2,5 barobar oshib, 12,9 mlrd. dollardan 32,5 mlrd. dollarga yetdi. Eksport hajmi 1,6 barobar oshib, 5,8 mlrd. dollardan 9 mlrd. dollarga ko‘tarildi, import esa 3,3 barobar ko‘payib, 7,1 mlrd. dollardan 23,5 mlrd. dollarga yetdi.
Tashqi savdoda SHHT davlatlarining ulushi 48,6%dan 49,4%ga ko‘tarildi. Eksportdagi ulushi 46,2%dan 33,4%ga kamaydi, importdagi ulushi esa 50,6%dan 60,4%ga oshdi.
2024 yilda SHHT davlatlariga to‘g‘ri kelgan eksport umumiy ko‘rsatkichning 33,4%ini ($9 mlrd.) tashkil etdi. Biroq, eksport tarkibidagi oltin (2024 yilda $7,48 mlrd.) asosan boshqa mamlakatlarga yuborilgani uchun, oltinsiz hisoblaganda SHHT davlatlarining O‘zbekiston umumiy eksportidagi ulushi 46,3%ga teng bo‘ldi.
2024 yilda O‘zbekistonning SHHT davlatlari bilan tovar ayirboshlashi 2023 yilga nisbatan 0,1%ga o‘sib, 32,5 mlrd. dollardan 32,54 mlrd. dollarga yetdi. Eksport 3,5%ga kamayib, 9,33 mlrd. dollardan 9,01 mlrd. dollarga tushdi, import esa 1,6%ga ko‘tarilib, 23,17 mlrd. dollardan 23,53 mlrd. dollarga yetdi.
2024 yilda O‘zbekistonning SHHT davlatlari bilan tashqi savdosida eng katta ulush quyidagilarga to‘g‘ri keldi:
Tovar ayirboshlashda: Xitoy – $12,5 mlrd. (38,4%), Rossiya – $11,63 mlrd. (35,7%), Qozog‘iston – $4,28 mlrd. (13,1%).
Eksportda: Rossiya – $3,7 mlrd. (40,9%), Xitoy – $2,1 mlrd. (22,8%), Qozog‘iston – $1,45 mlrd. (16,1%), Qirg‘iziston – $631,5 mln. (7,1%), Tojikiston – $605,0 mln. (6,8%).
Importda: Xitoy – $10,43 mlrd. (44,3%), Rossiya – $7,95 mlrd. (33,8%), Qozog‘iston – $2,83 mlrd. (12%).
2024 yilda SHHT davlatlaridan O‘zbekistonga yo‘naltirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar umumiy hajmi $11,4 mlrd.dan oshdi (umumiy to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarning 46,6%).
SHHT davlatlari O‘zbekistonning tayyor mahsulotlari uchun asosiy bozorga aylandi. Meva-sabzavot, oziq-ovqat mahsulotlari, elektrotexnika, to‘qimachilik va avtomobil sanoati mahsulotlarining 80%dan ortig‘i SHHT mamlakatlariga eksport qilinadi.
O‘zbekiston SHHT davlatlaridan iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan mahsulot va xomashyo import qiladi. Masalan, metall, yog‘och va neft mahsulotlarining asosiy qismi SHHT mamlakatlaridan olib kelinadi.
Shuningdek, mashina va uskuna importining 50%dan ortig‘i, jumladan, butlovchi qismlar ham asosan SHHT davlatlaridan, ko‘proq Xitoydan keltiriladi.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ham SHHT mamlakatlarining o‘rni katta. Oziq-ovqat importining qariyb 70% SHHT mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Rossiya va Qozog‘istondan asosan yog‘-moy va don mahsulotlari keltiriladi.
O‘zbekiston SHHTning asoschi davlatlaridan biri sifatida Markaziy Osiyoning markazida joylashgan va tashkilotga a’zo barcha davlatlar bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdordir.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi