O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaradosh bo‘lgan noyob geografik joylashuvi nafaqat qo‘shni davlatlarni, balki Sharqiy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan, Yaqin Sharqni Kavkaz va Yevropa bilan barqaror transport tarmog‘i orqali bog‘lash imkonini beradi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari jadal rivojlanmoqda, iqtisodiy o‘sish esa transport-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirishni taqozo etmoqda.
Bundan tashqari, dunyodagi geosiyosiy vaziyatning keskin o‘zgarishi transport infratuzilmasini takomillashtirish, tashqi savdo yuk tashish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, yangi va barqaror transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks va muvofiqlashtirilgan ishlarni talab qilmoqda.
So‘nggi yillarda Qizil dengiz va Sharqiy Yevropada geosiyosiy keskinlikning kuchayishi Yevropa va Xitoy, shuningdek, Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida xavfsiz, barqaror va o‘zaro manfaatli transport yo‘laklarini rivojlantirish zaruratini yuzaga keltirdi. Ushbu geosiyosiy o‘zgarishlar fonida Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi yoki O‘rta yo‘lak butun dunyo hamjamiyatining e’tibor markaziga aylangan va Xitoy, Yaqin Sharq mamlakatlari hamda Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi muqobil yo‘l sifatida shakllanmoqda.
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan yangi xalqaro transport yo‘laklarini shakllantirish va mavjudlarini rivojlantirish borasida yaqin hamkorlik qilmoqda. U xalqaro multimodal transport yo‘lagi – CASCA+ (Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa) ishtirokchisidir. Aynan shu doirada Transkaspiy yo‘nalishi rivojlantirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, 2019-yil 20-dekabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ishtirokida Ozarbayjon, Gruziya, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston temir yo‘l ma’muriyatlari rahbarlarining besh tomonlama uchrashuvi doirasida mazkur yo‘lakni rivojlantirish bo‘yicha Protokol imzolangan. 2021-yil 17-dekabrda ushbu Protokolga Turkiya ham qo‘shildi va olti tomonlama Protokol imzolandi. Ushbu hujjat ushbu davlatlar o‘rtasida yuk tashish uchun imtiyozli tarif stavkalari va yagona tashish shartlarini belgilash, har bir davlatdan tranzit konteyner poyezdlarini tashkil qilishga mas’ul logistika kompaniyasini tayinlash, chegara punktlarida hamkorlikni kuchaytirish (oldindan xabardor qilish tizimini joriy etish), shuningdek, davlatlar hududidagi yuk ko‘chirish punktlarida logistika markazlarini rivojlantirishni nazarda tutadi.
O‘rta yo‘lakning bir nechta yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, ular orasida aynan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa yo‘nalishi Xitoydan Yevropaga eng qisqa geografik masofaga ega (4917 km).
2023-yil iyun oyida Qirg‘izistonda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi yetakchilari uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘rta yo‘lakni shakllantirish orqali Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish muhimligini alohida ta’kidladi. Islohotlar natijasida 2024-yil yakunlariga ko‘ra, Kaspiy dengizi orqali O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasida yuk tashish hajmi 1,1 mln tonnani tashkil etdi, bu 2020-yilga (492 ming tonna) nisbatan 55 foizga ko‘pdir.
2024-yilda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Kavkaz mamlakatlari, AQSh va Braziliya bilan xalqaro yuk tashish hajmi 2,8 mln tonnaga yetdi, bu esa O‘rta yo‘lak orqali yuk tashish istiqbollari borligidan dalolat beradi. Shu munosabat bilan 2025-yil davomida Transkaspiy yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashishni sezilarli darajada rivojlantirish va O‘zbekiston manfaatlarini ta’minlash maqsadida Kaspiy dengizida yuk tashish uchun ikki dona kema xarid qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston, Janubiy Kavkaz mamlakatlari va Turkiya bilan birgalikda Yevropa Ittifoqining “Global Gateway” investitsiya strategiyasi amalga oshirilmoqda.
Amaliy choralar ko‘rilganiga qaramay, O‘rta yo‘lak bo‘yicha yuk tashishda hali yetarli barqarorlik yo‘q. Bunga quyidagi muammolar sabab bo‘lmoqda: yetkazib berish muddati uzoq; transport xarajatlari yuqori; Kaspiy va Qora dengizdagi portlarning samaradorligi past va Kaspiy dengizi suv sathining pasayishi.
Bundan tashqari, o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida aniqlanishicha, Ozarbayjondagi Alyat portining terminal zonasida noqulay ob-havo sharoiti tufayli xalqaro yuk tashish uchun mo‘ljallangan avtomobillar to‘planmoqda, o‘rtacha kutish muddati 25–30 kunni tashkil etmoqda.
Taqqoslash uchun: 2024-yil birinchi yarmi bo‘yicha Yevroosiyo Temiryo‘l Alyansi (ERAI) bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy–Yevropa Shimoliy yo‘nalishidagi konteyner blok-poyezdlar harakati o‘rtacha 7 kun davom etadi, tashish narxi – 3289 AQSH dollari. “Transgroup Systems LP” bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentdan O‘rta yo‘lak orqali yuk tashish muddati 35–40 kun, narxi esa 5500 dollarni tashkil etadi.
Yuqoridagi omillar sababli, O‘rta yo‘lak hozircha Shimoliy va Janubiy yo‘nalishlarga nisbatan raqobatbardoshlikda yutqazmoqda.
Shu bilan birga, O‘rta yo‘lak yoki Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi savdo hamkorligi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Ushbu yo‘lak bo‘ylab joylashgan mamlakatlar va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida yaqinroq aloqalarni o‘rnatish uchun yuqoridagi muammolarni bartaraf etish va yo‘lakni rivojlantirishni davom ettirish zarur. Bu esa Yevropa Ittifoqi davlatlari va yetakchi banklarni Kaspiy va Qora dengiz bo‘yidagi portlar (Turkmanboshi, Kuryk, Aktau, Alyat, Poti, Batumi) hamda yo‘lak bo‘ylab joylashgan davlatlar (Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Gruziya) infratuzilmasiga investitsiya kiritishga undaydi.
Bugungi keskin o‘zgaruvchan dunyoda faqat bitta omilga tayanib bo‘lmaydi. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan mamlakatning transport yo‘laklari jozibadorligini oshirish va muqobil yo‘nalishlar yaratish maqsadida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya (5430 km) yo‘nalishidagi xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha bir qator amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Ushbu yo‘nalish Xitoyni Turkiya bilan bog‘laydi va temiryo‘l infratuzilmasi bo‘ylab yuklar Xitoyning Qashgar shahridan Turkiyaning Istanbul portigacha temiryo‘l orqali, undan esa Yevropa va Qora dengiz mamlakatlariga avtomobil, temiryo‘l yoki dengiz orqali yetkazilishi mumkin.
Yo‘lakni rivojlantirish maqsadida 2023-yil 1-noyabr kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (ECO) yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron va Turkiya transport vazirlari O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha Protokolni imzoladilar. Unga ko‘ra, har bir ishtirokchi davlat o‘zining temiryo‘l konteyner tashuvlari uchun operatorini tayinlaydi, sinov yuk tashuvlarini amalga oshirish va ular uchun tarif chegirmalarini belgilash bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Hozirda Xitoy, Qirg‘iziston va Tojikistonni ushbu Protokolga qo‘shish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston strategik temiryo‘l liniyasining qurilishi Xitoy – Yevropa quruqlikdagi yuk tashish yo‘nalishini yanada jozibador qiladi. Bu loyiha asr loyihasi deb tan olingan bo‘lib, Buyuk Ipak yo‘lini tiklaydi. Yo‘lni yotqizish orqali Yevropagacha bo‘lgan masofa 900 km ga, yetkazish vaqti esa 7–8 kunga qisqaradi.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida bir nechta transport yo‘laklarining yaratilishi nafaqat transport aloqalarini mustahkamlash, balki mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash va hayot sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Saidkamol Sultonbekov,
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistika rivojlanish muammolarini o‘rganish markazi yetakchi mutaxassisi