Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Yangi O‘zbekiston tibbiyoti — innovatsion, yuqori texnologik, xalqaro standartlarga javob beradigan mutlaqo yangicha tizimga aylanmoqda



Hozirgi kunda malakali tibbiy xizmat O‘zbekistonning eng olis va chekka hududlarda yashovchi aholi xonadonlarigacha kirib boryapti. Yaqin yillargacha faqat ilg‘or xorijiy davlatlarda amalga oshirilgan yuqori texnologik murakkab jarrohlik operatsiyalarining endilikda nafaqat poytaxt va viloyatlar markazlari, balki tumanlar darajasida ham muvaffaqiyatli bajarilayotgani tarixiy ahamiyatga ega voqelikdir.
Xo‘sh, ushbu vazifalar ijrosi doirasida tizimda qanday yangilanishlar amalga oshirilmoqda?

Sifatli tibbiy xizmat har bir inson uchun!

2023 - yil boshidan buyon joylarda 22 ta oilaviy poliklinika, 93 ta oilaviy shifokor punkti va 394 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Natijada 2,1 million nafardan ziyod aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirildi.
Shuningdek, 8,6 million nafar 18-40 yoshli aholi profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 685 ming nafari ambulator hamda 72 ming nafari statsionar sharoitda sog‘lomlashtirildi.
O‘z navbatida, manzilli skrining bilan qamrab olingan 7,3 million nafar 40 va undan katta yoshdagi aholining 167 ming nafarida yurak qon-tomir, 52 ming nafarida qandli diabet kasalligi aniqlanib, ularning salomatligini tiklash choralari ko‘rildi.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi xodimlari, nuroniylar, o‘qituvchi va murabbiylarning salomatlik oyliklari o‘tkazildi. Tug‘ma yurak nuqsoni bo‘lgan 2 ming nafar bola davlat hisobidan operatsiya qilindi.

Aholi 235 turdagi dori vositalari bilan bepul ta’minlanadi
Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘iga muvofiq, oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, tuman (shahar) markaziy shifoxonalari va tug‘uruqxonalarda ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxati belgilandi.

Mazkur ro‘yxatga ko‘ra, endilikda bemorlarga jami 520 ta tashxis, 28 ta diagnostik tekshiruv, 46 ta laborator tahlil, 235 turdagi dori vositalari, 27 ta operativ davo hamda 76 ta tibbiy buyumlar davlat hisobidan bepul taqdim etiladi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi, raqamli transformatsiya — tibbiy xizmatning yangi rakursi

Davlat tibbiy sug‘urtasi va raqamlashtirish mexanizmlari sohaga keng tatbiq etilmoqda. Birlamchi tizimda “elektron poliklinika” dasturi asosida ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yilyapti. Shifoxonalarni zamonaviy avtomashinalar va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash har qachongidan yuqori darajaga ko‘tarildi.
Sirdaryo viloyatida boshlangan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimiga o‘tish tajribasidan so‘ng, 2023 yil 1 iyuldan boshlab Toshkent shahrida bosqichma-bosqich davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish boshlandi. Prezident Farmoni bilan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalar berilishi bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkazilishi belgilandi.

2023-yil — tibbiyotda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yili bo‘lmoqda

Yil boshidan buyon tibbiyot sohasi yuqori darajada rivojlangan davlatlar, xususan, AQSH, Germaniya, Hindiston, Rossiya, Turkiya va Ozarbayjon vakilari bilan hamkorlikda sog‘liqni saqlash forumlari o‘tkazildi. Natijada xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, qator noyob operatsiyalarni joriy etish, shuningdek, shifokor va hamshiralarning xorijiy klinikalarda tajriba oshirishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Shuningdek, ayni paytda tizimda 10 ga yaqin davlatlar bilan umumiy qiymati 100 mln. dollardan ziyod grant loyihalari amalga oshirilyapti.
Xususan, kelgusi yili 11 ta loyiha doirasida 130,6 million dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi. Hududlarda 400 ta yangi xususiy tibbiyot muassasasi ishga tushirilib, ularda 2720 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Onalar va bolalar salomatligi muassasalari o‘zaro integratsiya qilindi

Onalar va bolalar salomatligiga mas’ul tibbiyot muassasalari yagona boshqaruv tizimiga birlashtirildi.
Prezidentimizning “Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi, Respublika “Ona va bola skrining” markazi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etildi.
Hududiy perinatal, aholi reproduktiv salomatligi hamda “Ona va bola skrining” markazlari yangi muassasaning 14 ta hududiy filialiga aylantirildi. Shu tariqa onalar salomatligini muhofaza qilishning takomillashtirilgan tibbiy-profilaktika va patronaj tizimi joriy etildi.
Shuningdek, Xitoy hukumati bilan hamkorlikda sun’iy nafas uskunalari, stomatologik tibbiy jihozlar yetkazib berish, Birlashgan Arab Amirliklari bilan esa Nukus shahrida 150 o‘rinli Ona va bola shifoxonasini barpo etish ishlari davom ettirilyapti.

Sifatli tibbiy ta’lim — sifatli tibbiy xizmat demak

Tibbiy ta’limni transformatsiya qilish borasida ham muhim qadamlar qo‘yildi. Xususan, tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura o‘quv rejalariga “nano texnologiya”, “tibbiyot genetikasi”, “IT texnologiya” kabi fanlar kiritiladi va xorijiy pedagoglarni jalb qilgan holda o‘quv jarayonlari tashkil etildi. O‘rta tibbiyot xodimlari tayyorlash tizimi mutlaqo yangi tartib va yo‘nalishlarda yo‘lga qo‘yilib, barcha tibbiyot kollejlari negizida Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari tashkil etildi. Tibbiyot OTMda o‘qish muddati 4 yillik “oliy malakali hamshira” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga ruxsat berildi.
Yana bir muhim yangilik shuki, yurtimizda ilk bor o‘rta tibbiyot xodimlariga oliy ma’lumot beruvchi Hamshiralar akademiyasi tashkil etildi. Ushbu akademiya negizida Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universitetining “Hamshiralik ishi” fakulteti ochildi.
Xalqaro hamkorlik doirasida Germaniyaning KfW banki va GIZ ishtirokida Termiz shahrida tibbiy ta’lim va malaka oshirish dasturlarini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilmoqda.
Janubiy Koreya bilan birgalikda Bolalar milliy tibbiyot markazining tibbiy mutaxassislarini tayyorlash markazini tashkil etish, yurtimizni yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish salohiyatini kuchaytirish, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti uchun ta’lim va ilmiy-tadqiqot imkoniyatlarini kengaytirish, viloyatlarda o‘quv-simulyatsion markazlarni yaratish, xodimlarni onlayn va oflayn malaka oshirishini tashkil etish rejalashtirilgan.

Asosiy maqsad — “103”ni tezkor, ishonchli, sifatli xizmatga aylantirish

O‘zbekiston Prezidentining topshirig‘iga asosan keyingi yillarda bu yo‘nalish butunlay transformatsiya qilindi. Sohaning moddiy-texnik bazasi yangilanib, kadrlar salohiyati oshirilmoqda.
Ayniqsa, tizimni eng so‘nggi rusumdagi va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy avtotransport vositalari bilan ta’minlash borasidagi keng qamrovli chora-tadbirlar natijasida tez tibbiy yordam xizmatida kechikishlar soni keskin qisqardi. Bu esa shoshilinch vaziyatlarda ko‘plab insonlar hayotini saqlab qolish imkonini berayotir.
Raqamlarni tahlil qilsak, birgina joriy yil yanvar oyida Respublika tez tibbiy yordam markazi avtoparki yurtimizda ishlab chiqarilgan 110 ta “Volkswagen Saddy” tez tibbiy yordam mashinalari bilan ta’minlandi. Bu raqam fevralda 117, avgustda 50, sentyabrda 100, oktyabrda 100 va noyabr oyi boshida esa 108 donani tashkil qildi. Bu avtotransport vositalari Respublika tez tibbiy yordam markazining barcha filiallariga zarur ehtiyoj va aholi salmog‘idan kelib chiqib, yetkazib berildi.

Shuningdek, bu yo‘nalishda Koreya Respublikasi bilan birgalikda tez tibbiy yordamda pediatrik xizmatni rivojlantirish va shu yo‘nalishda moslashtirilgan maxsus avtomashinalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Yangi tibbiy muassasalarni barpo etish — xalqaro hamkorlikning muhim aspekti

Ayni vaqtda Hukumat kafolati ostida umumiy qiymati 877 mln. dollarlik 11 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Germaniyaning KfW banki ishtirokidagi qiymati 45 mln. yevroga teng “Sog‘liqni saqlash tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish” loyihasi — shulardan biri.
Qolaversa, Janubiy Koreyaning “EDSF” jamg‘armasi ishtirokida umumiy qiymati qariyb 400 mln. dollarlik 4 ta yirik loyiha ro‘yobga chiqarilyapti. Ular kattalar uchun zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini barpo etish, hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, milliy onkologiya markazini tashkil etish, Toshkent shahrida Koreya tibbiyot oliy o‘quv yurti faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Bundan tashqari, Islom Taraqqiyot banki ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi onkologiya xizmati muassasalarini zamonaviy yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlash loyihasining 2-bosqichi ijrosi ham ta’minlanadi.
Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan 8 qavatli, 650 o‘rinli va 500 qatnovga mo‘ljallangan maslahat poliklinikasidan iborat Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi binosi ham bu yo‘nalishdagi tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirishga xizmat qiladi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi — tibbiyotning kelgusi xaritasi

Shu o‘rinda mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlari turishini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini ishlab chiqishda ana shu omil bosh mezon bo‘ldi.
Uning doirasida aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish, buning uchun tibbiyotga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmini 2 barobarga oshirish, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet va nafas yo‘llari kasalliklari bo‘yicha erta o‘limni 2,5 barobar kamaytirish, O‘zbekistonni “Sil xastaligidan holi mamlakat”ga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Binobarin, 350 ming nafar qandli diabet va 1,5 million yurak-qon tomir kasalligi bor bemorlarni davolash bilan to‘liq qamrab olish, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etishga erishish, bemorlarni gemodializ o‘rin-joylari bilan to‘liq qamrab olish maqsad qilingan.
Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahrida tibbiyot klasterlari tashkil etiladi. Qashqadaryoda bolalar shifoxonasi, tug‘uruq kompleksi, skrining markazi, reproduktiv salomatlik markazi joylashgan mujassam bir kompleks “Ona va bola” klasteri ishga tushiriladi.
Bolalar o‘rtasidagi irsiy kasalliklarni 2 barobarga qisqartirish, chaqaloqlarda bunday xastaliklar bo‘yicha selektiv skrining tekshiruvlar qamrovini kamida 50 foizga oshirish yuzasidan ham zarur chora-tadbirlar belgilangan.
Onalar va bolalar, qolaversa, onkologik xastaliklardan o‘lim ko‘rsatkichini kamaytirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni erta aniqlash darajasini 70 foizga yetkazish, 40 va undan katta yoshdagi aholi orasida qandli diabet va arterial gipertoniya kasalliklarining erta bosqichida aniqlash darajasini 2 barobarga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Strategiyadan 55 va undan katta yoshdagi aholini 100 foiz tibbiy profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish, 40 va undan katta yoshdagi aholi orasida jismoniy faol aholi ulushini 2 barobar oshirishga doir chora-tadbirlar ham o‘rin olgan.
Aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish ham ustuvor maqsadlarimizdan biri bo‘ladi. Shu bilan birga, yurtimizdagi tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish darajasi 100 foizga yetkaziladi.
Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi — tibbiyotning kelajakdagi xaritasi vazifasini o‘taydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining
matbuot xizmati tayyorladi



  ...