Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

O‘zbekiston–Turkiya: savdodan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga



O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik imzolangan ikki tomonlama bitimlar hamda hukumatlararo hamkorlik mexanizmlari doirasida amalga oshirilmoqda va oliy darajadagi muntazam aloqalar bilan mustahkamlanib kelmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Turkiya Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ham hamkorlik qiladi.

2023 yilda Turkiya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashrif doirasida O‘zbekiston–Turkiya biznes-forumi tashkil etildi. Tashrif yakunlari bo‘yicha iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini qamrab olgan, umumiy qiymati qariyb 10 mlrd AQSh dollariga teng bo‘lgan hukumatlararo va tijorat hujjatlarining yirik paketi imzolandi.

2024 yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiyaga rasmiy tashrifi amalga oshirildi. Tashrif davomida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi va uning yakunida savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan muhim bitimlar, bayonnomalar va “yo‘l xaritalari” paketi imzolandi.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro savdoda eng qulay shartlar rejimi amal qiladi, shuningdek, Preferensial savdo to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

Turkiya O‘zbekistonning yetakchi savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘lib, tovar ayirboshlash va import hajmi bo‘yicha 4-o‘rinni, eksport hajmi bo‘yicha esa 5-o‘rinni egallaydi.
2025 yilda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida Turkiyaning ulushi umumiy tovar aylanmasida 3,7 foizni, eksportda 3,4 foizni, importda esa 4 foizni tashkil etdi.

Ikki tomonlama savdo dinamikasi

2017–2025 yillar davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 1,9 barobarga oshib, 2025 yil yakunlariga ko‘ra 3 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Turkiyaga eksport 1,3 barobarga oshib, 1,1 mlrd dollarga yetdi, Turkiyadan import esa 2,8 barobarga ko‘payib, 1,9 mlrd dollarni tashkil qildi.

Shu bilan birga, Turkiyadan importning yillik o‘sish sur’atlari Turkiyaga eksport o‘sish sur’atlaridan yuqori bo‘lib, natijada salbiy savdo balansi –751,6 mln dollargacha oshdi.

2025 yilda O‘zbekistonning Turkiyaga eksporti quyidagi tovar guruhlaridan iborat bo‘ldi:

  • sanoat mahsulotlari (mis mahsulotlari, ip-kalava va boshqalar) – 511,4 mln dollar (45%);

  • turli tayyor mahsulotlar (asosan qimmatbaho metallardan tayyorlangan buyumlar) – 152,3 mln dollar (13,4%);

  • kimyo mahsulotlari (polimerlar, o‘g‘itlar va boshqalar) – 124,3 mln dollar (11%);

  • mashina va transport uskunalari – 80,1 mln dollar (7%);

  • oziq-ovqat mahsulotlari (quritilgan mevalar va yong‘oqlar) – 63 mln dollar (5,5%);

  • neft mahsulotlari (benzin, gazoyl) – 36,6 mln dollar (3,2%);

  • nooziq-ovqat xomashyosi – 18 mln dollar (1,6%);

  • xizmatlar (asosan transport xizmatlari) – 149,9 mln dollar (13,2%).

2025 yilda Turkiyadan import tarkibida asosiy ulushni quyidagi tovarlar egalladi:

  • mashina va transport uskunalari – 674,6 mln dollar (35,7%);

  • kimyo mahsulotlari – 408,9 mln dollar (21,7%);

  • sanoat mahsulotlari – 390,2 mln dollar (20,7%);

  • turli tayyor mahsulotlar – 136,2 mln dollar (7,2%);

  • oziq-ovqat mahsulotlari – 94,6 mln dollar (5%);

  • neft mahsulotlari (moylash materiallari) – 30,2 mln dollar (1,6%);

  • nooziq-ovqat xomashyosi – 30,1 mln dollar (1,6%);

  • xizmatlar – 117,4 mln dollar (6,2%).

Investitsiyaviy hamkorlik

Ikki mamlakat o‘rtasida investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitim imzolangan. 2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda turk kapitali ishtirokidagi 2 137 ta korxona faoliyat yuritmoqda (xorijiy investitsiyali korxonalarning 11,8 foizi), shundan 496 tasi qo‘shma korxona, 1 641 tasi esa 100 foiz turk kapitaliga ega korxonalardir.

2017–2025 yillarda Turkiyadan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlarning jami hajmi 9 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi, shundan 2,6 mlrd dollari 2025 yilga to‘g‘ri keladi.

Shu tariqa, turk kapitali O‘zbekistonda, asosan, iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlari — energetika, qayta ishlash sanoati, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida o‘z ishtirokini kengaytirmoqda.

Xususan, elektr ta’minoti sohasidagi investitsiyalar “Cengiz Enerji” turk kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi va Sirdaryo viloyatida quvvati 220 MVt bo‘lgan shunga o‘xshash stansiya qurilishi bilan bog‘liq.

Iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari

Turkiyaning import tuzilmasi tahlili shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston tashqi bozorlarga eksport qilayotgan qator mahsulotlar bo‘yicha Turkiyaga eksport hajmini oshirish imkoniyatlari mavjud. Jumladan: polimerlar (Turkiya importi – 2,8 mlrd dollar), mis simlar (1,4 mlrd dollar), o‘g‘itlar (1,1 mlrd dollar), dukkakli sabzavotlar (1 mlrd dollar), rux (857 mln dollar), mis quvurlar (360 mln dollar), to‘qimachilik mahsulotlari, xususan mayka va futbolkalar (373 mln dollar), trikotaj matolar (158 mln dollar) hamda boshqa tayyor mahsulotlar.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi kooperatsion hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida qayta ishlash sanoati, xususan to‘qimachilik, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, shuningdek madaniy merosni asrash va ommalashtirish bo‘yicha loyihalar alohida ahamiyatga ega. Shuningdek, infratuzilmaviy loyihalar, jumladan suvni tozalash inshootlarini qurish bo‘yicha ham salmoqli istiqbollar mavjud.

Qishloq xo‘jaligi sohasida pista daraxtlarining mahalliy navlarini seleksiya qilish va yetishtirish, pista xo‘jaligini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ularni yetishtirish va moslashtirish bo‘yicha qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirishga muhim urg‘u berilib, O‘zbekistondagi ta’lim tashabbuslariga turkiyalik o‘qituvchilar va soha mutaxassislarini jalb etish, tajriba almashish va kadrlar salohiyatini rivojlantirish masalalari ilgari surilmoqda.

Sog‘liqni saqlash sohasida esa birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish, tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish, sohani raqamlashtirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va farmatsevtika sanoatini modernizatsiya qilishga qaratilgan hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilinmoqda.

Turizm ham alohida istiqbolli hamkorlik yo‘nalishi sifatida ajratilgan. Hozirgi kunda O‘zbekistonda turk hamkorlari ishtirokida boshqarilayotgan 12 ta mehmonxona va 100 dan ortiq qo‘shma restoran faoliyat yuritmoqda, bu esa turk biznesining mamlakat turizm sohasiga bo‘lgan barqaror qiziqishini ko‘rsatadi.

2025–2026 yillarda turk investorlar ko‘magida Buxoro, Samarqand, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida umumiy qiymati 167,9 mln dollar bo‘lgan 11 ta mehmonxona loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, transport aloqalari sezilarli darajada kengaymoqda: O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi aviaqatnovlar soni 2023 yildagi haftasiga 62 reysdan hozirgi kunda 106 reysgacha oshdi. Bu o‘zaro turistik oqimlarning ko‘payishi va sayyohlik yo‘nalishlarining kengayishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.

Turizm sohasidagi muhim tashabbuslardan biri “Million + Million” dasturi bo‘lib, u har ikki mamlakatga kamida bir million nafar turistni jalb etishga qaratilgan. Dastur doirasida aviaqatnovlar chastotasini yanada oshirish va O‘zbekiston hamda Turkiya o‘rtasidagi sayyohlik marshrutlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Xulosa

So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmlari, investitsiyalar, turk kapitali ishtirokidagi korxonalar sonining barqaror o‘sishi hamda iqtisodiy hamkorlik sohalarining kengayishi kuzatilmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Turkiyaga asosan xomashyo va oraliq mahsulotlarni eksport qilayotgani, ularning esa Turkiya sanoat tarmoqlarida qayta ishlanayotganini ta’kidlash lozim.

Shu bois, yaqin yillardagi asosiy vazifa — “xomashyo – tayyor mahsulot” savdo modelidan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga o‘tishdan iborat.

Ushbu nuqtayi nazardan, Turkiya O‘zbekiston uchun nafaqat asosiy savdo hamkorlaridan biri bo‘lib qolishi, balki O‘zbekistonning sanoat rivojlanishiga va global qiymat zanjirlarida ishtirokini kengaytirishga ham hissa qo‘shishi mumkin.

Edvard Romanov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi



  ...