
Bugungi globallashuv sharoitida mehnat bozorini modernizatsiya qilish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari xalqaro hamkorliksiz samarali hal etilishi mumkin emas. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Turkiya Respublikasi Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan tizimli hamkorlik ikki mamlakat uchun ham muhim strategik ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hamkorlik mehnat resurslarining raqobatbardoshligini oshirish, kasbiy malaka tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish va fuqarolar uchun barqaror ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni qamrab olmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Turkiya Respublikasi Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi o‘rtasida imzolangan Hamkorlik memorandumi doirasida 2025 yil 7 may kuni Toshkent shahrida Qo‘shma ishchi komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma Harakatlar rejasi tasdiqlanib, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Mazkur reja ijrosi doirasida joriy yilning oktyabr oyida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari v.b. A. Muratov boshchiligida vazirlik xodimlaridan iborat delegatsiya Turkiya Respublikasiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Yevropa standartlariga (EQF) muvofiq ishlab chiqilgan Turkiya Respublikasining Milliy malaka tizimi (TQF)ni shakllantirish va amaliyotga joriy etish tajribasi atroflicha o‘rganildi.
Xususan, test va sertifikatlashtirish markazlarining o‘rni, ularni akkreditatsiya qilish va monitoring qilish mexanizmlari, kasbiy malaka sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mashg‘ulotlarning milliy klassifikatorini Yevropa malaka ramkasi (EQF)ga moslashtirish mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ushbu hamkorlik doirasida Turkiya va O‘zbekiston kasb standartlari o‘rtasidagi farqli jihatlarni chuqur o‘rganish, Malakani baholash markazlarini tashkil etishda Turkiya tajribasidan foydalanish hamda mazkur markazlar faoliyatida kasb standartlari va baholash vositalarining o‘rnini aniq belgilash bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi. Ayniqsa, baholash jarayonlarini ish beruvchilar talablariga to‘liq moslashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mahalliy mehnat bozorida yuqori talabga ega bo‘lgan kasblar bo‘yicha xalqaro standartlarga mos kasb standartlarini ishlab chiqish maqsadida, dastlabki bosqichda 22 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha Turkiya Respublikasining kasbiy standartlari va malaka talablari turk tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Ushbu hujjatlar ayni paytda O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan kasb standartlari bilan qiyosiy tahlil qilinmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida mahalliy mehnat bozori ehtiyojlariga to‘liq javob beradigan, zamonaviy va maqbul kasb standartlari ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular Malakani baholash markazlari faoliyati uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, mazkur 22 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha malaka baholash vositalari, jumladan testlar, amaliy topshiriqlar va baholash mezonlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Keyingi bosqichda esa ushbu markazlar tomonidan berilgan malaka sertifikatlarining Turkiya Respublikasi hududida bevosita tan olinishini ta’minlash nazarda tutilmoqda.
Umuman olganda, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida mehnat bozori va kasbiy malaka sohasida olib borilayotgan mazkur hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning yangi, sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarilayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Bu ishlar O‘zbekistonda kasbiy malaka tizimini xalqaro standartlarga muvofiq ravishda isloh qilish, milliy sertifikatlarning xalqaro miqyosda tan olinishiga erishish va fuqarolarning xorijda ishlash imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, mazkur tashabbuslar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan malakani baholash, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan tizimli islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladi.