
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarda “keng qamrovli strategik sheriklik” formulasi faqat diplomatik atama bo‘lib qolmay, balki real va amaliy mazmun kasb etdi.
Siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik, gumanitar aloqalar va transport bog‘liqligi bugungi kunda tizimli o‘zbek-turk munosabatlarining muhim tarkibiy qismlarini tashkil etmoqda.
Ikki mamlakat sherikligining hozirgi holatini tahlil qilish Toshkent va Anqara keng qamrovli strategik sheriklikning institutsional arxitekturasini muvaffaqiyatli shakllantirganini ko‘rsatadi. Ushbu tizimning asosiy mexanizmi ikki davlat prezidentlari hamraislari bo‘lgan Strategik hamkorlik oliy kengashi hisoblanadi. Uning to‘rtinchi yig‘ilishi 2026 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur format tizimli siyosiy muloqotni ta’minlash hamda keng ko‘lamli yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish imkonini beradi.
Mazkur institutsional tizimning samarali faoliyat yuritishida asosiy omil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an o‘rtasidagi faol va ishonchli muloqotdir. Ushbu muloqot muntazam telefon suhbatlari hamda xalqaro tadbirlar doirasidagi tez-tez uchrashuvlar orqali qo‘llab-quvvatlanmoqda. Yetakchilar o‘rtasidagi shaxsiy ishonch strategik hamkorlikka yuqori dinamika bag‘ishlab, hukumatlar, biznes va ekspertlar hamjamiyatlari darajasida amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish uchun qulay muhit yaratmoqda.
O‘zbek-turk munosabatlariga qo‘shimcha o‘lchov Turk davlatlari tashkiloti (TDT) doirasidagi hamkorlik orqali berilmoqda. Toshkent va Anqaraning ushbu tuzilma faoliyatida ishtirok etishi davlat tashabbuslarini kengroq mintaqaviy darajaga olib chiqish hamda turkiy dunyoning boshqa mamlakatlari bilan sinergiya shakllantirish imkonini bermoqda. Jumladan, 2025 yilda bo‘lib o‘tgan TDT sammitlari hamkorlikning barcha sohalarini — iqtisodiyot va transportdan tortib madaniyat va raqamli rivojlanishgacha — amaliy mazmun bilan to‘ldirishga intilishni yaqqol namoyon etdi.
O‘zbekiston va Turkiya uchun bu qo‘shma loyihalarni ilgari surish, mintaqaviy kun tartibi bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish hamda kengroq geosiyosiy makonda o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash imkoniyatini anglatadi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik muhim mintaqaviy va xalqaro o‘lchovga ham ega. Xususan, 2026 yil yanvar oyida “4+4” formatidagi uchrashuv doirasida tomonlar Afg‘oniston, G‘azo, Ukraina va Suriya atrofidagi vaziyatni muhokama qilib, jahon kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha pozitsiyalarni muvofiqlashtirishga intilayotganini tasdiqladilar.
Siyosiy o‘zaro anglashuv va o‘zbek-turk sherikligining institutsional mustahkamlanishi fonida munosabatlarni yanada rivojlantirish drayveri sifatida iqtisodiy yo‘nalishga ustuvor e’tibor qaratilmoqda.
Bu holat, eng avvalo, o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 2025 yilda savdo hajmi 3 milliard AQSh dollaridan oshdi, bu sakkiz yil avvalgi ko‘rsatkichlar bilan solishtirganda sezilarli taraqqiyotni anglatadi. O‘rta muddatli istiqbolda tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga, uzoq muddatda esa 10 milliard dollarga yetkazish maqsadi hanuz dolzarb bo‘lib qolmoqda va ikki mamlakat salohiyatini aks ettiradi.
Iqtisodiy hamkorlikning tarkibiy tuzilmasi alohida ahamiyat kasb etadi. Gap faqat savdo haqida emas, balki barqaror investitsion ishtirokni shakllantirish haqida bormoqda. 2025 yil oxiriga kelib O‘zbekistonda turk kapitali ishtirokidagi 2 100 dan ortiq korxona faoliyat yuritdi. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonning xorijiy sheriklari orasida eng yuqorilaridan biri bo‘lib, mamlakatda turk biznes-ekotizimining barqarorligini tasdiqlaydi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri turk investitsiyalarining dinamikasi hamkorlikning ushbu yo‘nalishi izchil mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi: 2024 yilda 2,2 milliard dollar, 2025 yil yanvar–oktyabr oylarida esa 2,9 milliard dollar o‘zlashtirildi.
Shu bilan birga, tomonlar iqtisodiy tarkibiy qismni yanada kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlarni olib bormoqda. Jumladan, 2026 yil 21 yanvarda bo‘lib o‘tgan Strategik rejalashtirish bo‘yicha qo‘shma guruhning to‘rtinchi yig‘ilishi doirasida Qo‘shma iqtisodiy komissiyaning sakkizinchi yig‘ilishi Harakatlar rejasining ijrosida sezilarli siljish qayd etildi. Qo‘shma iqtisodiy komissiyaning savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdagi samarali mexanizm sifatidagi muhim roli alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston uchun Turkiya bilan hamkorlikning qadrli jihati shundaki, turk biznesi kapital bilan birga boshqaruv tajribasi, texnologiyalar va ishlab chiqarish madaniyatini ham olib kiradi. O‘z navbatida, Turkiya uchun O‘zbekiston bozori 38 million aholiga ega, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot va ortib borayotgan ichki talab bilan ajralib turadi. Manfaatlarning bunday uyg‘unligi munosabatlarning uzoq muddatli va o‘zaro to‘ldiruvchi xarakterga ega ekanini ko‘rsatadi.
2025 yilning muhim tendensiyalaridan biri sifatida ikki mamlakat o‘rtasidagi transport bog‘liqligining, ayniqsa aviatsiya sohasida, jadal rivojlanishini qayd etish lozim. Haftalik parvozlar soni 97 taga yetdi, yo‘nalishlar tarmog‘i esa 8 ta manzilni qamrab oldi. Toshkent, Samarqand, Namangan, Andijon, Anqara, Istanbul va Izmir o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlar geografiyasi va chastotasining kengayishi ishbilarmonlik faolligi, sayyohlik oqimi hamda gumanitar aloqalarning oshishiga xizmat qilmoqda. Milliy va xususiy aviakompaniyalar tomonidan yangi yo‘nalishlarning yo‘lga qo‘yilishi o‘zaro yaqinlashuv sari qo‘yilgan amaliy qadam bo‘ldi.
Parvozlar sonining ortishi nafaqat yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratadi, balki kengroq iqtisodiy samara ham beradi: tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni yengillashtiradi, ko‘rgazma va muzokaralarda ishtirok etishni soddalashtiradi, qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytiradi. Istiqbolda bu holat yuk aviatsiyasi rivoji uchun ham sharoit yaratib, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlovchi muhim omilga aylanishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, energetika sohasidagi hamkorlik ham ijobiy dinamika namoyish etmoqda. Turk kompaniyalari O‘zbekiston energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilishda, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha loyihalarda faol ishtirok etmoqda. Bu sanoat sektorida uglerod izini kamaytirish hamda barqaror rivojlanish bo‘yicha uzoq muddatli maqsadlarga erishishga xizmat qilmoqda.
Mazkur jarayonda madaniy-gumanitar hamkorlikning alohida o‘rnini ta’kidlash lozim. Tarixiy, madaniy va til ildizlarining mushtarakligi ta’lim, fan, madaniyat va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun qulay zamin yaratadi. O‘zbekistonda yetakchi turk universitetlarining filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik almashinuv ko‘rsatkichlari ham barqaror o‘sishni namoyish etmoqda. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Turkiya O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni bo‘yicha yetakchi besh mamlakat qatoridan joy oldi. O‘z navbatida, Turkiya o‘zbekistonliklar uchun eng ommabop yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Ushbu raqamlar nafaqat turk turizm bozorining jozibadorligini, balki aholi harakatchanligining umumiy kengayishini ham aks ettiradi. Ushbu sohadagi aloqalarning yanada rivojlanishi madaniyatlararo muloqot va xalq diplomatiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Aynan ushbu omillar uzoq muddatda ikki tomonlama sheriklikning mustahkam ijtimoiy poydevorini shakllantiradi.
Umuman olganda, 2025 yil davomida kuzatilgan munosabatlar dinamikasi o‘zbek-turk hamkorligini chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi bir qator ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash imkonini beradi.
Birinchidan, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish. Mavjud qo‘shma korxonalar tarmog‘i ichki bozorga, shuningdek uchinchi mamlakatlarga eksportga yo‘naltirilgan yanada murakkab loyihalar uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Bu yondashuv har ikki davlat iqtisodiyotining strategik vazifalariga to‘liq mos keladi.
Ikkinchidan, transport, logistika va infratuzilma. Aviatsiya aloqalarining kengayishi muhim qadam bo‘lsa-da, ushbu sohadagi hamkorlik salohiyati bundan ancha keng bo‘lib, multimodal tashishlar, ombor infratuzilmasi va savdoda raqamli yechimlarni ham qamrab oladi.
Uchinchidan, xizmatlar sohasi va inson kapitali. Turkiya turizm, tibbiyot, qurilish va ta’lim sohalarida katta tajribaga ega. O‘zbekiston uchun ushbu yo‘nalishlardagi hamkorlik nafaqat ilg‘or tajribani o‘zlashtirish, balki mintaqaviy bozorlarga birgalikda chiqish imkoniyatlarini ham ochib beradi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi bosqichda o‘zbek-turk munosabatlari ishonchli va konstruktiv asosda rivojlanib, o‘zining yetukligi va barqarorligini namoyon etmoqda. Tomonlar pragmatizm va o‘zaro manfaatlarni inobatga olish tamoyiliga sodiqligini tasdiqlamoqda. Qo‘shma korxonalar sonining ortib borishi, transport aloqalarining kengayishi, turistik oqimning oshishi va barqaror siyosiy muloqot hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Alisher Qodirov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘limi rahbari