Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Markaziy Osiyo mintaqaviy transport imkoniyatlarini kengaytirish – mamlakatlarning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvining eng muhim omili



Zamonaviy Oʼzbekiston tashqi siyosatida jahonning barcha davlatlari bilan oʼzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini, uzoq muddatli va koʼp qirrali sheriklikni yanada kuchaytirish boʼyicha aniq chora-tadbirlar koʼrilmoqda.

Xususan, davlatimiz tomonidan azaliy va yagona tarixiy ildizlarga ega boʼlgan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan boʼlgan munosabatlar yangi bosqichga koʼtarildi.

Bu borada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari hamkorlikni chuqurlashtirish, konstruktiv va oʼzaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat berib, mintaqada transport salohiyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqdalar.

Аyniqsa, mintaqada yaxshi qoʼshnichilik va ishonch muhitining mustahkamlanishi, transport jihatidan oʼzaro bogʼliqlik va integratsiyaning chuqurlashib borayotgani transport sohasidagi strategik infratuzilmaviy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish imkonini yaratmoqda.

Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan mintaqaviy hamkorlikning yangi mexanizmlari tashkil etildi. Bunga misol qilib, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlarini keltirish mumkin.

Ushbu institut mintaqaviy muammolarni birgalikda muhokama qilishning muhim mexanizmiga aylandi, deb aytish mumkin. Ushbu muhim platforma transport va logistika sohasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishning taʼsirchan mexanizmi sifatida oʼzining dolzarbligini yaqqol koʼrsatdi.

Soʼnggi yillarda Oʼzbekiston qoʼshni davlatlar bilan transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va yangi bosqichga koʼtarish boʼyicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. 2016 yildan boshlab Toshkent qoʼshni respublikalar bilan transport-kommunikatsiya aloqalarini tikladi va rivojlantirdi.

2016 – 2024 yillarda Oʼzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʼrtasidagi aviaqatnovlar soni deyarli 2 barobarga, yoʼlovchilar soni esa 2,1 barobarga oshdi. Bundan tashqari, mamlakatlarimiz oʼrtasida yangi yoʼlovchi avtobus yoʼnalishlari ochildi va eski yoʼnalishlar qayta tiklandi. Bu esa soʼnggi 8 yil ichida Oʼzbekiston va qoʼshni davlatlar oʼrtasidagi bunday reyslar sonining bir necha bor koʼpayishiga olib keldi.

2017 yilda Oʼzbekiston va Turkmaniston oʼrtasida Аmudaryo ustidan oʼtgan Turkmanobod – Forab temir yoʼl va avtomobilь koʼpriklarining ochilishi muhim voqealardan biri boʼldi. 2018 yilda Oʼzbekiston va Tojikiston oʼrtasida Surxondaryo va Xatlon viloyatlarini bogʼlovchi “Gʼalaba – Аmuzang” temir yoʼl liniyasining ochilishi esa tarixiy voqea sifatida qayd etildi.

Respublikaning eksport va import yuk tashuvlarining 42,5 foizi (9,3 mln tonna) chegaradosh mamlakatlar (Qozogʼiston – 6,8 mln tonna, Qirgʼiziston – 1,5 mln tonna, Tojikiston – 0,6 mln tonna, Аfgʼoniston – 1,3 mln tonna, Turkmaniston – 0,4 mln tonna), qolgan 57,5 foizi (12,6 mln tonna) boshqa davlatlar bilan xalqaro transport koridorlari orqali tashilmoqda.

Oʼzbekiston Prezidenti tomonidan tasdiqlangan "Oʼzbekiston–2030" strategiyasida ayniqsa, transport-kommunikatsiya sohasida yaqin mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish orqali Markaziy Osiyodagi amaliy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga koʼtarish boʼyicha aniq vazifalar belgilangan.

Bugungi kunda qoʼshni mamlakatlar Oʼzbekistonning transport-tranzit loyihalarini faol qoʼllab-quvvatlamoqda. Bu loyihalarning amalga oshirilishi Markaziy Osiyoning Sharq – Gʼarb va Shimol – Janub xalqaro yoʼlaklari tranzit markazi sifatidagi jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.

Masalan, "Xitoy – Markaziy Osiyo – Kavkaz – Yevropa", "Belarusь – Rossiya – Qozogʼiston – Oʼzbekiston – Аfgʼoniston – Pokiston", "Oʼzbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya" mulьtimodal transport yoʼlaklarini rivojlantirish, "Xitoy – Qirgʼiziston – Oʼzbekiston", "Oʼzbekiston – Аfgʼoniston – Pokiston" temir yoʼl liniyalarini qurish shular jumlasidandir.

Ushbu loyihalar Markaziy Osiyo mamlakatlariga Hind okeani portlariga eng qisqa chiqish yoʼllarini taʼminlab, Janubiy Osiyoni Markaziy Osiyo, Rossiya, Xitoy hamda Yevropa bozorlari bilan bogʼlaydi. Ularning amalga oshirilishi Markaziy Osiyo mamlakatlarining tranzit salohiyatini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.

Shuni taʼkidlash joizki, aynan transport sohasidagi hamkorlik Markaziy Osiyoning barcha davlatlari uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Oʼzbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari va yaqin hamkorlari koʼmagida faol transport diplomatiyasini davom ettirmoqda.

Bu esa mintaqa davlatlarining milliy loyihalarini Shimol – Janub va Gʼarb – Sharq xalqaro transport yoʼlaklari bilan uygʼunlashtirish hamda Markaziy Osiyoni mintaqalararo oʼzaro bogʼliqlikning muhim boʼgʼiniga aylantirish imkonini beradi.

Infratuzilmani yaratish bilan bir qatorda, tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi va chegaralarni kesib oʼtish tartib-qoidalarini uygʼunlashtirish va raqamlashtirish boʼyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimdir. Bu, shubhasiz, transport sohasidagi oʼzaro bogʼliqlikni yanada chuqurlashtirish uchun ijobiy taʼsir koʼrsatadi.

Ushbu yoʼnalishda Oʼzbekiston va Qozogʼiston oʼrtasida E-PERMIT raqamli platformasi asosida ruxsatnoma blankalarini elektron almashishga toʼliq oʼtilganini alohida taʼkidlab oʼtish lozim.

Bundan tashqari, Oʼzbekiston bevosita Qozogʼiston, Qirgʼiziston va Tojikiston bilan yuk avtotransport vositalariga chegaralarni toʼsiqsiz kesib oʼtish imkonini beruvchi "raqamli-TIR" tizimini muvaffaqiyatli sinovdan oʼtkazdi va yaqin kelajakda bu tizimni Turkmaniston bilan ham joriy etishni rejalashtirmoqda.

Markaziy Osiyo mintaqasi azaldan Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bogʼlovchi noyob koʼprik vazifasini oʼtab kelgan. Bugun mamlakatlarimiz va Markaziy Osiyo davlatlarining boshqa mintaqalar bilan transport aloqalarini yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar va foydalanilmagan zaxiralar mavjudligini koʼrib turibmiz.

Keng tarmoqli transport-kommunikatsiya tizimini shakllantirish boʼyicha hamkorlik quyidagi sabablarga koʼra Markaziy Osiyoning transport-tranzit salohiyatini toʼliq roʼyobga chiqarish imkonini beradi.

Birinchidan, BMT hisob-kitoblariga koʼra, 2050 yilga borib dunyoda yuk tashishga boʼlgan talab 3 barobar oshadi. Bunday tendentsiya dengizga chiqish imkoniyatiga ega boʼlmagan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun jiddiy muammo hisoblanadi.

Ikkinchidan, BMTning Savdo va taraqqiyot boʼyicha konferentsiyasi (YUNKTAD) maʼlumotlariga koʼra, dengizdan uzoqda joylashgan mamlakatlarning mahsulotlari xalqaro savdo bozorlarida deyarli uchramaydi va bu davlatlar ulushiga jahon eksportining 1 foizdan kamrogʼi toʼgʼri keladi.

Markaziy Osiyo davlatlarida yuklarni tashish xarajatlarining ulushi tovarlarning yakuniy qiymatining 50 foizigacha yetadi, bu deyarli dunyodagi oʼrtacha koʼrsatkichdan 5 barobar yuqoridir.

Shuni inobatga olib, Oʼzbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport salohiyatini yanada oshirish maqsadida quyidagi takliflarni ilgari surmoqda:

- Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari, Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqishda biznes uchun qulay boʼlgan yagona tariflarni qoʼllagan holda samarali transport yoʼlaklarini ilgari surishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish;

- Mintaqamiz mamlakatlari uchun yagona transport strategiyasini tayyorlash;

- Xalqaro tashishlarning integratsiyalashgan raqamli platformasini yaratish.

Shubhasiz, ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishi Markaziy Osiyodagi har bir davlat oldida turgan dolzarb vazifalarni hal etishda muhim yordam boʼladi. Mamlakatlarimiz hududidan oʼtadigan xalqaro transport yoʼnalishlari boʼylab bojxona va boshqa tartib-taomillar takomillashtiriladi va uygʼunlashtiriladi. Eng muhim xalqaro bozorlar va dengiz portlariga chiqishni taʼminlaydigan ishonchli transport-kommunikatsiya tizimini yaratish boʼyicha umumiy yondashuvlar kelishib olinadi.

BMT ekspertlarining hisob-kitoblariga koʼra, tovarlarning jahon dengiz portlariga chiqishini taʼminlash boʼyicha barcha vazifalarni hal etish 10 yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlari yalpi ichki mahsulotini kamida 2 barobar oshirishi mumkin.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Аssambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari oldida mintaqaviy bozorning jahon iqtisodiy, transport va tranzit yoʼlaklariga chuqur integratsiyalashuvini taʼminlash boʼyicha muhim strategik vazifa turganini taʼkidladi. Shu munosabat bilan BMT homiyligida Transport va kommunikatsiyalarni rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etish taklif etildi.

Ushbu Mintaqaviy markaz faoliyati doirasida mavjud transport yoʼlaklarini faollashtirish va yangilarini shakllantirish, mintaqaning xalqaro transport tizimiga chuqur integratsiyalashuvini taʼminlash boʼyicha koʼzlangan natijalarga toʼliq erishish mumkin.

Mintaqaviy markaz transport sohasidagi oʼzaro manfaatli va samarali hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi, bu esa oʼz navbatida tovar ayirboshlash hajmining oʼsishini taʼminlaydi va shubhasiz, Markaziy Osiyo mamlakatlarining manfaatlariga xizmat qiladi.

Oʼzbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari oʼrtasidagi transport-logistika hamkorligi bugungi kunda mintaqaning barqaror iqtisodiy oʼsishi, savdo hajmining kengayishi va geoiqtisodiy integratsiyasi uchun muhim omilga aylangan.

Mintaqada yoʼl, temiryoʼl, havo va mulьtimodal transport tarmoqlarini modernizatsiya qilish, “Trans-Kaspiy”, “Trans-Аfgʼon”, “Xitoy–Qirgʼiziston–Oʼzbekiston”, “Shimol–Janub” kabi koridorlar orqali xalqaro tranzit oqimini diversifikatsiya qilish yoʼnalishida keng koʼlamli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bu jarayonlarda Oʼzbekiston markaziy geostrategik hudud sifatida asosiy bogʼlovchi halqa boʼlib, qoʼshni Qozogʼiston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirgʼiziston bilan transport infratuzilmasini uygʼunlashtirish, bojxona va chegaraviy jarayonlarni raqamlashtirish hamda yuk tashish xarajatlarini kamaytirish yoʼnalishida muhim tashabbuslar ilgari surmoqda.

Shu orqali mintaqada yagona logistika makonini shakllantirish, eksport-import salohiyatini oshirish va xalqaro savdo zanjirlarida raqobatbardoshlikni mustahkamlash istiqbollari ochilmoqda.



  ...