Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

O‘zbekiston va Xitoy: Ipak yo‘li merosini tiklashda hamkorlik mustahkamlanmoqda



O‘zbekiston va Xitoy davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Bunda, ikki mamlakat rahbarlarining do‘stona munosabatlari, ikki xalq manfaatlariga qaratilgan keng ko‘lamli hamkorlik aloqalari muhim o‘rin tutmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, Xitoy bilan ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining bosh ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar barqaror yuqori sur’atni namoyish etib, o‘z tarixidagi eng namunali davrni boshidan kechirmoqda. O‘ylaymanki, bu har tomonlama asoslangan. Zero, “qadim tarixga ega buyuk sivilizatsiyalar doim bir-biriga o‘xshaydi, bir-birini tushunadi va ruhiy jihatdan bir-biriga yaqin bo‘ladi”. O‘zbekiston va Xitoy xalqlarining madaniyati va qadriyatlari o‘xshash. Tarixiy rishtalarimiz jahon savdosining aksariyat qismini ta’minlagan Buyuk ipak yo‘lining vujudga kelish davriga borib taqaladi.

Haqiqatan, davlatlarimiz o‘rtasidagi yaqin hamkorlik aloqalari qadimdan Buyuk ipak yo‘li orqali mavjud bo‘lgan.

Buyuk ipak yo‘li – asrlar davomida Xitoyning qadimiy Sian shahridan boshlanib, dunyoning ko‘plab mamlakatlari hududidan o‘tgan va qahna Rimga qadar yetib borgan bu ulkan savdo yo‘li jahon xalqlari o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy muloqot vositasi bo‘lib kelgan.

Shu o‘rinda Xitoy va Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalar tarixiga to‘xtalib o‘tsak. Eramizdan avvalgi II asrlarda Xitoyning Xan sulolasi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida diplomatik va savdo munosabatlari o‘rnatilgan. Bu munosabatlar orqali ipak, qog‘oz, choy kabi mahsulotlar Sharqdan G‘arbga, turli qimmatbaho toshlar, otlar, ziravorlar esa G‘arbdan Sharqqa olib borilgan.

Xitoydan qog‘oz ishlab chiqarish texnologiyasi Markaziy Osiyo orqali Islom dunyosi va Evropaga kirib borgan. Musiqa, raqs, amaliy san’at, kulolchilik va ipakchilikda ikki yo‘nalishning o‘zaro ta’siri yuz berdi.

O‘sha zamonlardayoq o‘z davrining ikki buyuk sivilizatsiyalari bo‘lmish mamlakatlarimiz nafaqat mahsulotlar, balki bilimlar bilan almashgan. O‘rta Osiyolik olimlar, matematiklar, astronom va tabiblar xitoy ilmi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan. Ularning ko‘pi qadimgi Xitoyning atoqli davlat arboblari va olimlariga aylangan. Ma’lumki, buxorolik Said Ajal Umar Yunnan’ muhofotining birinchi davlat arbobi bo‘lgan. Buyuk Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari kitobi” va boshqa asarlari xitoy tiliga tarjima qilingan, “Xuey-xuey-yaofan” (“Musulmon dorilari”) va “Bentsaoganmu” (“Dorivor o‘simliklar to‘g‘risida risola”) asarlari yaratilishida foydalanilgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy "Ipak yo‘li merosi" doirasida madaniy hamkorlikni kuchaytirmoqda. Samarqand, Buxoro va Xitoy shaharlari o‘rtasida ilmiy konferensiyalar, ko‘rgazmalar va san’at festivallari o‘tkazib kelinmoqda. "Bir makon, bir yo‘l" tashabbusi madaniy diplomatiya va turizm aloqalarini yanada rivojlantirmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Buyuk Ipak yo‘li Xitoy va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi madaniy, ma’naviy va ilmiy aloqalar uchun ulkan ko‘prik bo‘lib xizmat qilgan va bu aloqalar hozirgi kunda ham yangi mazmun bilan davom etmoqda.

O‘zbekiston va XXRning uzoq yillik munosabatlarining institutsional asoslari strategik hujjatlarda o‘z aksini topgan. Masalan, 2013 yildagi “Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qo‘shma deklaratsiya”, 2016 yildagi Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv bitimi va boshqa hujjatlarni aytish mumkin.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston–Xitoy sherikligining 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan dasturini imzolagan.

O‘zbek va xitoy xalqlari madaniy-gumanitar sohada ham an’anaviy yaqin rishtalar bilan bog‘langan. Shu ma’noda hozirgi ikki tomonlama strategik hamkorlik munosabatlari yangi formatga ko‘chdi. Bu formatdagi o‘zgarishlarning asosiy mazmuni noyob madaniyat hamda ulkan intellektual salohiyatni namoyon etishga qaratilgan.

Xususan, madaniy meros va arxeologiyani saqlash bo‘yicha izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 2014 - 2019 yillarda Xitoy mutaxassislari bilan hamkorlikda Ichan-Qal’ada ta’mirlash va restavratsiya ishlari olib borildi. Loyiha doirasida 20 ga yaqin tarixiy inshoot tiklandi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) doirasida madaniy merosni asrab-avaylash va Ipak yo‘li tarixini tiklash masalalariga doimiy e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston va Xitoyning Ipak yo‘li merosini tiklashga qaratilgan hamkorligi keng qamrovli bo‘lib, u nafaqat tarixiy obidalarni saqlash, balki iqtisodiy infratuzilma, savdo yo‘nalishlari va madaniy almashuvlar orqali yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ymoqda.

2025 yil Xitoyda O‘zbekiston Turizmi yili deb e’lon qilindi. Bu doirada O‘zbekistonning madaniy va turistik potensiali Xitoyda amalga oshirilgan bir qator tadbirlar orqali namoyon etildi.

Guanchjou xalqaro turizm yarmarkasining 2025 yildagi ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy pavilyonida ko‘plab madaniy va turistik mahsulotlar, regionlarning an’anaviy san’ati namoyish etildi.

O‘zbekiston -Xitoy madaniy sherikligi doirasida Beijing Forbidden City (Gugun) muzeyida ilm-fan va arxeologiya hamkorligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar tashkil etildi.

Ikki davlat o‘rtasida madaniyat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, kun tartibida turgan masalalarni muhokama etish, istiqboli loyihalarni ishlab chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitaning Madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha kichik qo‘mitasi tashkil etilgan. Ushbu qo‘mita har yili ikki davlat tegishli vazirlik va idoralari vakillari ishtirokida majlislar tashkil etish orqali o‘z faoliyatini olib bormoqda.

“Markaziy Osiyo – dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” Xalqaro madaniyat forumi, “Lazgi” xalqaro raqs festivali, Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesi, Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, “Sharq taronalari” musiqa festivali kabi yirik madaniy tadbirlarda Xitoy vakillari doimiy ravishda ishtirok etib kelmoqda.

Xitoyda o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitida, Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan “Insoniyat sivilizatsiyalari xilma-xilligini asrash – jahon tinchligi va taraqqiyoti uchun” nomli xalqaro anjumanda O‘zbekiston delagatsiyasi ishtirok etgan.

2023 yil 27 oktabr – 1 noyabr kunlari O‘zbekistonda “Xitoy madaniyati kunlari” tashkil etildi. O‘z navbatida, 2024 yil 20-26 yanvar kunlari Xitoyda “O‘zbekiston madaniyati kunlari” muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.

2024 yil 27-30 iyun kunlari Zomin tumanida o‘tkazilgan Ikkinchi xalqaro maqom san’ati anjumanida Xitoy vakillari qatnashib, Xitoyning “Shinjong” badiiy teatri jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

2025 yil 3-7 iyul kunlari Xitoyning Chongqing shahrida o‘tkazilgan ShHTga a’zo davlatlar kinofestivalida riejissor Ayub Shaxobiddinovning "Bahorni quvib" filmida suratga tushgan Ra’no Shodieva "Eng yaxshi aktrisa" nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.

Ikki do‘st va strategik sherik mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ikki davlat madaniyat vazirliklari o‘rtasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan madaniy hamkorlik dasturini qabul qilish rejalashtirilgan.

Madaniy ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonning madaniyat va san’at oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalariga Xitoyning grant va stipendiya dasturlarini ajratish, Xitoyning sanoat ko‘ngilochar sohasidagi (entertainment business) tajribasini o‘rganish va uni O‘zbekiston sharoitida qo‘llash maqsad qilingan.

Kelgusi yilda ikki mamlakatda madaniyat va san’at haftaliklarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Yaqindagina Toshkent fotosuratlar uyida “Ajoyib Xitoy, go‘zal Shinjong” tasviriy san’at va fotosuratlar ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazma Xitoy badiiy san’atini o‘zbek xalqiga namoyish etishga qaratilgan.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarildi hamda bu ikki davlatning bir-biri bilan uzoq muddatli strategik hamkor ekanligidan dalolat beradi. Bu esa, ikki mamlakat xalqlarining milliy manfaatlariga va hozirgi zamon talablariga to‘la mos keladi.

Ozodbek Nazarbekov,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri



  ...