Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

O‘zbekiston–Turkmaniston–Ozarbayjon sammiti – birgalikdagi yangi imkoniyatlar sari navbatdagi qadam



O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 avgust kuni Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tadigan “O‘zbekiston–Turkmaniston–Ozarbayjon” formatidagi uch tomonlama sammitda ishtirok etadi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonning Turkmaniston bilan ham, Ozarbayjon bilan ham ikki va ko‘p tomonlama munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarilgan. Bugun jahonda kechayotgan global o‘zgarishlar esa uch davlat o‘rtasidagi aloqalarni barcha jabhalarda yangi bosqichga olib chiqishni taqozo qilmoqda. Xususan, transport-kommunikatsiya, energetika, dengizga chiqish va boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro sheriklikni jadallashtirish uchun yuqori salohiyat mavjud. Turkmanboshida o‘tadigan uch tomonlama sammit ana shu salohiyatdan unumli foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi kutilmoqda.

Qayd etish joiz, shu yil 5–8 avgust kunlari Turkmanistonning “Avaza” milliy turistik hududida bo‘lib o‘tgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida ham O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadovning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. Unda o‘zaro manfaatli mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.

Eng avvalo, energetika, transport va logistika, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya uchun imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Amaliy hamkorlikning istiqbolli loyihalarini ishlab chiqish uchun mazkur formatdagi muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.

O‘zbekiston–Turkmaniston munosabatlari ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, 2017 yil 6 martda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma va 2022 yil 21 oktyabrda imzolangan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya ikki tomonlama hamkorlikning mustahkam shartnomaviy-huquqiy asosi sifatida xizmat qilmoqda.

Davlat rahbarlarining o‘zaro rasmiy tashriflari va ko‘p tomonlama formatdagi uchrashuvlari davomida ikki mamlakat aloqalarini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu uchrashuvlar, shubhasiz, Markaziy Osiyo mintaqasida uzoq muddatli barqaror sheriklik, tinchlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish hamda kengaytirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Shuningdek, Turkmaniston O‘zbekistonning muhim savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. 2025 yilning birinchi yarim yilligi yakuniga ko‘ra, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 464 million AQSh dollarini tashkil etdi. O‘zbekistonda Turkmaniston tomoni bilan 240 ta qo‘shma korxona samarali faoliyat olib bormoqda.

Ikki davlatning mintaqada yirik energetika loyihalarini amalga oshirishda ham faol ishtiroki kuzatilmoqda. Shuningdek, transport sohasi munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Mamlakatlarimizning o‘zaro integratsiyalashgan avtomobil va temir yo‘llari uchinchi davlatlar uchun tranzit vazifasini o‘taydi.

Ay-tish joizki, o‘zbek va turkman xalqlarini bir-biriga bog‘lab turadigan tarix, turizm, madaniyat va urf-odatlar xalqlarimizning umumiy mulkiga aylangan. Bu yaqinlik madaniy-gumanitar va turizm sohasidagi aloqalarni rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yana bir muhim jihat – bu yurtimizda turkman tili, madaniyati, urf-odatlarini asrab-avaylash va rivojlantirish uchun barcha sharoit yaratilgan. Shuningdek, buyuk o‘zbek shoiri va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy merosi Turkmanistonda yuksak qadrlanadi. Turkman xalqining ardoqli shoiri Maxtumquli Firog‘iy g‘azallari esa mamlakatimizda sevib mutolaa qilinadi.

Ozarbayjon O‘zbekistonning yaqin do‘sti va vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli strategik hamkoridir. 2022 yilda Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirish deklaratsiyasi hamda 2024 yilda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma kabi hujjatlarning imzolanishi bilan ikki tomonlama munosabatlar tarixida mutlaqo yangi sahifa ochildi.

Muntazam tashriflar va oliy darajadagi uchrashuvlar hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida yuqori sur’atlarni belgilab, o‘zaro aloqalarni rivojlantirishning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib xizmat qilmoqda. Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, jahon bozorida raqobatbardoshlikni oshirish, xorijiy sheriklar bilan ishlab chiqarish kooperatsiyasini chuqurlashtirish, mintaqada yangi transport yo‘laklarini yaratish, rivojlantirish va ulardan samarali foydalanish xalqaro hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlaridandir.

Transport ma’muriyatlari darajasida yaqin muloqotlar olib borilmoqda, savdo-iqtisodiy aloqalar, sanoat kooperatsiyasi mustahkamlanmoqda.

O‘zbekiston va Ozarbayjon mos ravishda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda yirik iqtisodiy salohiyatga ega davlatlar sanaladi. Bu ularni iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga intilayotgan istiqbolli sheriklarga aylantiradi. Shuningdek, Ozarbayjon kapitali ishtirokida savdo, mashinasozlik va metallga ishlov berish, moliya va sug‘urta, ko‘chmas mulk oldi-sotdisi, energetika, xizmat ko‘rsatish, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, yengil sanoat va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan 250 dan ortiq korxona O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga muhim hissa qo‘shmoqda.

Ozarbayjonda “UzAuto” avtomobil yig‘ish zavodining ochilishi sanoat kooperatsiyasining yorqin misollaridan biri bo‘ldi. Mazkur loyiha O‘zbekistonning eksport imkoniyatlarini kengaytirdi va Ozarbayjonda yangi ish o‘rinlari yaratdi. Shu bilan birga, agrosanoat, to‘qimachilik sanoati, logistika sohalaridagi kooperatsiya ham muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Har ikki davlat ham Transkaspiy yo‘nalishi loyihalari orqali tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, transport strategiyalarini integratsiyalashuvidan manfaatdor.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2024 yil yakuniga ko‘ra, 250 million dollardan oshdi. Shu bilan birga, tomonlar kelgusi yillarda uni bir necha barobar oshirishga intilmoqda. Bunga mamlakatlar o‘rtasida o‘rnatilgan erkin savdo rejimi va joriy yilning iyun oyida Bokuda so‘nggi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiya yaqindan ko‘maklashmoqda.

Shuningdek, ikki davlat hududidagi eng istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish maqsadida 2023 yilda ustav kapitali 500 million dollar bo‘lgan O‘zbekiston–Ozarbayjon qo‘shma investitsiya kompaniyasi tashkil etildi. Mazkur tuzilmalarining tashkil etilishi rasmiy Toshkent va Bokuning iqtisodiy integratsiyalashuvi hamda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning mavjud salohiyatini to‘liq amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdorligidan dalolat beradi. Buni ko‘plab tadbirlar – ko‘rgazmalar, biznes-forumlar, biznes missiyalar ham tasdiqlaydi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston 2030 yildan boshlab mamlakatda ishlab chiqarilgan ortiqcha “yashil” elektr energiyasini Ozarbayjon orqali Yevropaga eksport qilishni rejalashtirmoqda. 2024 yil noyabrida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon Prezidentlari “Markaziy Osiyo – Ozarbayjon – Yevropa” yashil energetika yo‘lagini yaratish loyihasiga start berdi. O‘tgan yili dekabr oyida uch mamlakat o‘rtasida loyihaning ta’sis shartnomasi imzolandi. Loyihaning ekologik ahamiyatini alohida qayd etish kerak. Uzatiladigan energiya – bu shamol va quyosh energiyasi bo‘lib, qayta tiklanadigan va toza manba hisoblanadi hamda iqlimga ta’sirni yumshatish imkonini beradi.

Shu orqali O‘zbekiston va Ozarbayjon Parij bitimi va Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida iqlimni muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy-gumanitar, turizm almashinuvlarini rivojlantirishda din, til, madaniyat va an’analarning tarixiy mushtarakligi muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, ikki davlat hududlarida madaniyat va adabiyot kunlari, kino va ijodiy haftaliklar, gastrol safarlari, badiiy ko‘rgazmalar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Ozarbayjon bilan do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga bugun O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan ozar millati vakillari ham o‘z hissasini qo‘shmoqda. Ularning madaniyati va an’analarini asrab-avaylash maqsadida mamlakatimizda Ozarbayjon madaniyat markazlari uyushmasi tashkil etilgan.

Muxtasar aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston–Turkmaniston–Ozarbayjon” formatidagi uch tomonlama sammitda ishtirok etishi, avvalo, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mintaqalarini yanada birlashtirish, uch mamlakat o‘rtasida ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish hamda ikki mintaqa xalqlarining farovonligini oshirishga va birgalikdagi yangi yutuqlarni qo‘lga kiritishga xizmat qiladi.

“Dunyo” AA



  ...