O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, 2024-yil 9–11-iyun kunlari Bolgariya Prezidenti Rumen Radev rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasidagi aloqalar qadimiy tarixiy ildizlarga ega. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, turkiy xalqlarga mansub bo‘lgan qadimgi bolgarlar va zamonaviy O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi munosabatlar Buyuk Ipak yo‘li davriga borib taqaladi. O‘zaro savdo, migratsiya va madaniy aloqalar asosida shakllangan tarixiy rishtalar bugungi kunda ham do‘stlik va hurmatga asoslangan mustahkam hamkorlikka zamin yaratgan.
Diplomatik munosabatlar 1992-yil 25-sentabrda o‘rnatilgan bo‘lib, o‘shandan buyon siyosiy muloqot barqaror rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ikki tomonlama aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, yanada faollashdi.
Siyosiy hamkorlik konstruktiv sheriklik va o‘zaro ishonchga asoslanadi. Oliylar darajasidagi muloqotlar muntazam tus olib, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan strategik hamkorlikka intilishini yaqqol ifoda etmoqda. Bolgariya, YEIning a’zo davlati sifatida, O‘zbekiston tomonidan Bolqon va Markaziy Yevropa mintaqasida muhim hamkor sifatida e’tirof etiladi.
2017-yil 20-sentabr kuni Nyu-Yorkda, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rumen Radev o‘rtasidagi uchrashuv ikki tomonlama aloqalarning rivojiga kuchli turtki berdi.
Bolgariya xalqaro maydonda, jumladan, BMT va YXHT doirasida O‘zbekiston tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Shu bilan birga, “Yangi O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida olib borilayotgan islohotlar, xususan, fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash va OAV sohasini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarga ham yuqori baho bermoqda.
Parlamentlararo hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. Bolgariya parlamentida “Bolgariya–O‘zbekiston” do‘stlik guruhi faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalarining qaroriga muvofiq, Bolgariya Xalq Majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh tuzilgan.
So‘nggi yillarda ikki tomonlama delegatsiyalar almashinuvi faollashib, 2018-yil iyul oyida Bolgariya Xalq Majlisi vakillari O‘zbekistonga, noyabr oyida esa O‘zbekiston parlament delegatsiyasi Bolgariyaga tashrif buyurdi. 2021-yil dekabrda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Sofiyada bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi konferensiyada ishtirok etdi.
Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlar davom ettirilmoqda. Ular nafaqat ikki tomonlama masalalarni, balki global kun tartibidagi dolzarb mavzular – iqlim o‘zgarishi, raqamli transformatsiya, dezinformatsiyaga qarshi kurash va inson huquqlari masalalarini ham qamrab oladi.
2023-yil 23-oktabrda Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatidagi 19-vazirlar uchrashuvi doirasida O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov Bolgariya Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Mariya Gabriel bilan muzokaralar olib bordi.
Iqtisodiy sheriklik: salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarish yo‘lida
Hozirda O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar mavjud salohiyatga to‘liq mos emas. Biroq farmatsevtika, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, qayta tiklanadigan energiya, to‘qimachilik va kimyo sanoati kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish uchun barcha sharoitlar mavjud.
2019-yil sentabr oyida Sofiyada o‘tkazilgan Hukumatlararo savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiya yig‘ilishi tomonlarning bu yo‘nalishdagi faolligini tasdiqlaydi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Bolgariya kapitali ishtirokidagi 30 ta korxona faoliyat yuritmoqda, shundan 19 tasi 100 foizlik bolgar investitsiyasi asosida tashkil etilgan. Ular asosan to‘qimachilik, oziq-ovqat, neftni qayta ishlash va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat olib bormoqda.
Transport va logistika yo‘nalishida, xususan, O‘zbekistonni Qora dengiz portlari bilan Kavkaz orqali bog‘laydigan Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi doirasidagi hamkorlik katta ahamiyat kasb etmoqda. Bolgariya rivojlangan infratuzilmasi orqali Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida strategik tranzit markaz bo‘lish salohiyatiga ega.
Gumanitar va ta’lim aloqalari: yaqinlikni mustahkamlovchi ko‘prik
O‘zbekiston–Bolgariya munosabatlari madaniyat va ta’lim sohalarida ham jadal rivojlanmoqda. “O‘zbekiston–Bolgariya” do‘stlik jamiyati va Bolgariya madaniyat markazi ushbu yo‘nalishda faol ish olib bormoqda.
Buxoro va Varna, Samarqand va Plovdiv shaharlarining do‘stlik aloqalari madaniy hamjihatlik timsoliga aylangan. Delegatsiyalar almashinuvi, qo‘shma tadbirlar, kino ko‘rgazmalari, rassomlar chiqishlari madaniyatlararo muloqotni yanada boyitmoqda.
Ta’lim sohasida Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Samarqand davlat tibbiyot instituti kabi oliy ta’lim muassasalari Bolgariyadagi yetakchi universitetlar bilan hamkorlikda ishlamoqda. Erasmus+ dasturi doirasida o‘zbekistonlik talabalar Bolgariya OTMlarida o‘qish, amaliyot va malaka oshirish imkoniyatiga ega.
Turizm: yangi imkoniyatlar sari
Ikkala mamlakat ham boy madaniy-tarixiy meros, tabiiy landshaftlar va o‘ziga xos me’moriy yodgorliklarga ega bo‘lib, bu o‘zaro turistik oqimni oshirish uchun katta salohiyat yaratadi.
Prezident Rumen Radevning O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi va IV Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi ishtiroki ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, barcha sohalarda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash uchun muhim omil bo‘lishi shubhasiz.
“Dunyo” AA