NAVOIYGA YETMOQ BAXTI
Buyuk bobokalonimiz Amir Nizomiddin Alisher Navoiy hazratlarining betimsol ijodi ul mo‘tabar zot o‘zlari ta’riflaganidek, dunyo mamlakatlarini zabt etgan chinakam umumbashariy ijodiyotdir. hazrat bobomizning boy adabiy merosi — yuksak insonparvarlik g‘oyalari, ezgulik va do‘stlik, bag‘rikenglik va mehr-muruvvat singari mangu mavzularni tarannum qilishi bilan olamshumul ahamiyatga molik. Devon va dostonlari vaqt hamda makon tanlamaydi, jug‘rofiy-chegaraviy sarhadlarga bo‘ysunmaydi.
“Lison ut-tayr” dostonida o‘z asarlarining jahonshumul ko‘lami va miqyosi haqida gapirar ekan, shunday she’riy ma’lumotga guvoh bo‘lamiz:
Nazmu nasrim, kotibi taxminshunos
Yozsa, yuz ming bayt etar erdi qiyos.
Bu hazilakam gap emas — ado bo‘lmas adabiy xazina, abadiyatga qadar mo‘ljallangan ma’naviy karvon.
Shu bois asarlari butun olam ahliga taalluqli va daxldorligi bilan qadrlidir. She’riyat mulkining sultoni degan ulug‘ martaba bobokalonimizga g‘oyat yarashgan.
Nomlari ellar va tillarda doston, minnatdor avlodlarning faxru iftixori bo‘lib ko‘ngillarga ma’rifat va adabiyot ziyosini taratmoqda, ma’naviyat va tarbiyaga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv payti viloyatning nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi, balki ma’naviy-ma’rifiy yuksalish yo‘lidagi faoliyati haqida to‘xtalib o‘tib, 2025 yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili”, deb e’lon qilgan edi. Bu taklif va tashabbus nainki birgina viloyat doirasida, balki mamlakatimiz keng jamoatchiligi, olimu shoirlar, madaniyat va san’at namoyandalari, ziyolilar, qo‘ni-qo‘shni respublikalardagi ma’rifat ahli tomonidan katta quvonch, faxr va minnatdorlik bilan kutib olindi.
Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbusini ijtimoiy-ma’naviy hayotimizga tatbiq etish borasida qisqa davrda keng ko‘lamli chora-tadbirlar rejasi tuzildi, bajariladigan xayrli ishlar dasturi navbatma-navbat amalga oshirilayotir. Muhtasham xalqaro anjumanlar, nazm va navo kechalariyu mushoiralar ham ulug‘ bobokalonimizning muborak nomi, o‘lmas xotirasiga avlodlar ehtiromining samimiy izhoridir.
Keyingi kunlarda poytaxtimiz Toshkent shahri markazida joylashgan Adiblar xiyobonida, bobomiz nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida, Navoiy shohko‘chasida, viloyatlarda, bir tomoni Qozog‘istonu Tojikiston, bu yog‘i Boltiqbo‘yi, Belarus diyori, naryog‘i Moskvadan tortib Ozarbayjonu Tokiogacha, yana bir tomoni Turkiyadan Mojaristongacha, Seuldan Vashingtonga qadar, Ashxoboddan to Shanxaygacha bo‘lgan cheksiz-chegarasiz hududlar — mamlakatlaru shahru kentlardagi Alisher Navoiy haykallari poyiga gullar, guldastalar qo‘yiladi, bobokalonimizning muborak nomi va xotirasiga xalqaro miqyosda munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatiladi.
Ulug‘larimiz e’tiroflaridan iqtibos keltiradigan bo‘lsak, Alisher Navoiy — insoniylik, tinchliksevarlik, ma’rifatparvarlik g‘oyalarini katta san’atkorlik bilan tarannum etgan buyuk ijodkor, turkiy xalqlar tili va adabiyotini jahon miqyosiga ko‘tarib chiqa olgan daho adibdir. Shu jihatdan u zot jahon adabiyotining eng yorqin siymolari — Gomer, Dante, Rudakiy, Firdavsiy, Nizomiy, Sa’diy, Dehlaviy, Hofiz singari buyuklar qatoridan munosib o‘rin olgan. Mumtoz adabiyotimizning yirik namoyandasi, hazrat bobomizning shogirdi Muhammadrizo Ogahiyning hazrat Navoiy dahosiga bergan ta’rifu tavsiflari hammamizga ma’lum. Ulug‘ ozarbayjon shoiri Fuzuliy Alisher Navoiy ijodiga ta’rif berarkan, u kishini “Sultoni salotini shuaro”, ya’ni “Shoirlar sultonlarining sultoni”, deb atagan.
Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da: “Alisherbek naziri yo‘q kishi erdi. Turkiy til bila to she’r aytubturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytg‘on emas”, deya ulug‘lagani ham ma’lum va mashhur.
Alisher Navoiy hukmdorlar haqida so‘z yuritarkan, el-ulusning chorasozi, ya’ni taxt va saltanat egasi tom ma’noda xalqparvar, adolatpesha, saxovatli va ayni paytda bilimli va donishmand zot bo‘lishi kerak, degan ijtimoiy g‘oyani asarlarida ilgari surgan va tarannum etgan. Bobur Mirzo “Husayn Mirzo zamoni ajib zamone erdi”, deya tavsiflaganiday, ma’oniy mulkining sohibqironi Alisher Navoiy ham temuriylar sulolasining davomchisi Husayn Boyqaro shaxsiyati, saltanati va boshqaruv san’atiga ibratli baho beradi:
Shahekim ulus chorasozidurur,
Ulus fozili Shohi G‘oziydurur.
Ki, Tengri fuzun aylasin davlatin,
Yeti charxdin ham biyik rif’atin
Ki, keldi zamoniga sendek kishi
Ki, ermas ishing odamizod ishi.
(“Saddi Iskandariy”dan)
Bu o‘rinda so‘z sohibqiron Amir Temur bobomiz tamal toshini qo‘ygan Ikkinchi Uyg‘onish davrining bardavomligi va mo‘jizaviy bunyodkorliklari, ularni amalga oshirgan haqiqiy hukmdor — buyuk bunyodkor haqida borayotir. “Odamzod qilishi mumkin bo‘lmagan ishlar”, deya ta’rif berarkan, Alisher Navoiy o‘z zamonasining inson ahli bovar qilmaydigan mahobatli o‘zgarishlarini nazarda tutadi. Va albatta, zamon qasrining bunyodkorini haqli ravishda yuksakka ko‘taradi. Xuddi shu ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, ma’naviy-ma’rifiy yangilanishlar va ortga qaytmas buyuk islohotlarning amaliy ifodasini biz bugungi yangi O‘zbekistonimiz timsolida, uchinchi Uyg‘onish davrining mustahkam poydevorini yaratishdek ulug‘vor va ustuvor ishlarda, uning Bosh me’mori — davlatimiz rahbarining jo‘shqin va beorom faoliyatida, azmu shijoati, matonat va g‘ayratida ko‘rib turibmiz.
Shu manzaralar og‘ushida bugungi Navoiy viloyatiga nazar tashlasangiz, ona diyorimizning barcha manzilu makonlarida bo‘lgani kabi uning nash’u namosidan dilingiz yayraydi, ko‘nglingiz ravshanlashib ketadi. Ulug‘ ajdodimiz nomi bilan sharaflangan shahar va viloyat ahlining, bunda kamol topayotgan o‘g‘il-qizlarning, farzand tarbiyalayotgan oilalar, otaxonlar va onaxonlarning orzu-niyatlari, ezgu maqsadlari bir dunyo.
Tabiiyki, har bir buyuk shaxs millati va xalqu Vatani baxtiga Yaratgan tomonidan o‘z tarixiy missiyasi va vazifasi bilan dunyoga keladi. Beixtiyor atoqli shoirimiz G‘afur G‘ulomning donishmandona hamohang satrlari ko‘ngildan kechadi:
Duraxshon yulduzlar sari o‘kirgan,
Bo‘ynida zanjiru, qalbi ozod sher.
Insoniy muhabbat, mehr ila vafo,
Erku baxt timsoli ulug‘ Alisher.
Ne-ne tarixlarni boshdan o‘tkazib,
Ne-ne jafolarni tortgan ko‘hna Sharq —
Talay daholarni tarbiyat qilib,
Oftobday jahonni nurga qildi g‘arq.
Alisher Mushtariy yulduzi kabi,
O‘zbek osmonida balqigan chog‘i,
Yana bir muhtaram o‘g‘il ko‘rganday
Kattaroq ochildi olam quchog‘i.
Biz — bugungi avlodlar “daholari oftobday olamni nuru ziyoga g‘arq qilgan” mamlakatda, yangi zamonamiz va siyosatimiz sharofati bilan olam bizga quchog‘ini keng va kattaroq ochgan sershiddat, ayni paytda dorilamon bir davrda yashamoqdamiz. Sertahlika dunyoning turfa avzoyi va raftoriga qaramay ona xalqimiz Prezidenti rahnamoligida o‘zi tanlagan yo‘ldan dadil va mardona istiqbolga intilmoqda. “Lashkar bexatar bo‘lmas”, deydi donishmand xalqimiz. Tabiiyki, islohotlarimiz ham ortga qaytmaydi.
Albatta, karvon ham bexatar bo‘lmasligi tabiiy hol. Keng ko‘lamli yangilanishlar, o‘zgarish va uyg‘onishlar, haqiqatan ham, o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Jonajon Vatanimizning ko‘rku jamoli olamni hayratga solayotgani ham bor gap. Do‘stlarimiz, davlatlararo hamkorlarimiz ko‘paygandan ko‘payib borayotir.
Ichlari g‘ijimlanib, ola ko‘z bilan qarayotganlar ham topiladi. Yurt egasi lutf etganday, hech narsa o‘z-o‘zidan ko‘kdan tushmaydi, biz uchun hech kim jonini jabborga berib bir nima qilib bermaydi. O‘zimiz bajarmog‘imiz kerak, o‘zimiz kurashmog‘imiz kerak! Boshqa yo‘li yo‘q. Vallomatlaru shovvozlarni aytmaylik, ko‘rinmas “ag‘yorlar”dan, tutqich bermas raqiblardan asrasin. Mamlakat qachon obod bo‘ladi, xalqu millat qachon shod va farovon yashaydi, degan eskirmas savollarga, mana, ulug‘ shoirimiz qanday javob bergan ekanlar:
To hirsu havas xirmani barbod o‘lmas,
To nafsu havo qasri baraftod o‘lmas.
To zulmu sitam jonig‘a bedod o‘lmas,
El shod o‘lmas, mamlakat obod o‘lmas.
Biz shu shodlikni, shu obodlik va farovonlikni bugun ona O‘zbekistonimiz timsolida qurayotirmiz, ko‘rayotirmiz. Farzandlarimiz, aziz o‘g‘il-qizlarimizning baxtu tolei, kelajagi va taqdiri uchun barchamiz birdek mas’ul va javobgarmiz.
Dilbandlarimizning o‘y-xayolidagi, dilidagi orzu-havaslari uchun ham burch va mas’uliyatimiz bor. Ma’lumki, Alisherbek bilan Husayn Mirzo bobomiz bolalik pallalaridanoq ajralmas do‘st va hammaslak bo‘lgan. Birga o‘qib, birga ta’lim olgan, tarbiya topgan.
Mana, “Risolai Husayn Boyqaro”da hukmdor hazratlari o‘z sadoqatli do‘sti haqida naqadar yuksak baho beradi:
“...Mir Alisher aslahallou shonahukim, taxallusi Navoiyg‘a mashhurdurur va ash’orida bu taxallusi mastur — turk tilining o‘lgan jasadig‘a Masih anfosi bila ruh kiyurdi va ul ruh topqonlarg‘a turkiy oyin alfoz toru pudidin to‘qulg‘on hulla va harir kiydurdi... Har sinf she’r maydonig‘akim, takovar surdi — ul kishvarni tig‘i zabon bila o‘z xittai tasarrufig‘a kivurdi. Aning nazmi vasfida til qosir va bayon ojiz turur...
Bu kun nazm arkonining rub’i maskunida qahramon ul turur va bu mamolik fathig‘a sohibqiron ani desalar bo‘lur:
Erur so'z mulkining kishvarsitoni,
Qayu kishvarsiton, xisravnishoni.
Dema xisravnishonkim, qahramoni,
Erur gar chin desang, sohibqironi”
Alisherbek buyuk tarixnavis Sharafiddin Ali Yazdiydan aqlliligi, hozirjavobligi uchun besh yoshida duo olgan, ulug‘ zotning oq fotihasiga musharraf bo‘lgan. Bu mavzuda misol va tamsillar juda ko‘p. Jomiy hazratlariyu mavlono Lutfiyning hayrat va e’tiroflari ham aziz o‘quvchilarga yaxshi ma’lum.
Bugungi zamonamizga qaytadigan bo‘lsak, shu asnoda ustoz Abdulla Oripovning ulug‘ shoir va mutafakkirga bag‘ishlangan she’ri yodga tushadi:
Boyqaro irg‘ishlab istak otida,
Jahonga boqqanda misli bola sher —
Hirot darvozasin bir qanotida
She’riy lashkarini tizgan Alisher.
Shu o‘rinda, bundan chamasi yigirma yillar avvalgi bir ibratli voqeani aytib o‘tsam. Abdulla aka boshchiligida bir guruh ijodkorlar poyezdda Navoiy shahri sari yo‘lga otlangan edik. Ustoz bora-borguncha Alisher Navoiy ijodi haqida to‘xtovsiz gurung berdi. Buyuk bobokalonimizning g‘azallari qolmadi, dostonlari qolmadi, qit’alari bilan fardlari, “Munshaoti”, “Arbain”u “Muhokamat ul-lug‘atayn”i qolmadi — biz har so‘zi va tahlilidan bilim va ma’rifat balqib turgan donishmand bir zotning aqlu zakovatidan g‘ayrat va hayajonda edik. Qiziqarli va maroqli suhbat bilan manzilga yetib kelganimizni ham sezmay qoldik. Vagon navbatchisi vokzalga yaqinlashganimizni ma’lum qildi. Tadorigimizni ko‘rayotib, vagon yo‘lagiga qatorlashish asnosida hamrohlarimizdan kimdir Abdulla akaga:
— Navoiyga yetib keldik... — deya eslatganday bo‘ldi.
Shunda ustoz yarim o‘girilgancha yonoqlari pirpirab shunday dedi:
— Biz Navoiy shahriga yetib keldik! Navoiyga yetguncha hali yana besh yuz yillar yurmoq kerak! Buni esingdan chiqarma!..
Biz bugun yangi O‘zbekiston zamonida, uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishdek ulug‘vor o‘zgarishlar, “Asrlar taqdiri lahzalarda hal” bo‘layotgan sershiddat va buyuk bunyodkorliklar davrida hazrat Alisher Navoiyga asrlar qadar yaqinlashganimizni anglamoqdamiz.
Mana shunday hayajonli pallalarda beixtiyor yana bir ustozimiz, mumtoz she’riyatimizning zakiy bilimdoni hurmatli Erkin Vohidovning faxru iftixorga to‘la satrlari ko‘nglimizdan kechadi:
Menga Pushkin bir jahonu
Menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor,
Ko‘ksim osmon, o‘zbegim!
G‘urur va sururga to‘la ushbu qutlug‘ ayyomda, shu tabarruk sarzamin va shu muborak kunlarda ulug‘ bobokalonimiz nomi va ijodi oldidagi qarzdorligimizni biz, avlodlar yanada teranroq his etmoqdamiz. Navoiy hazratlarining muhtojlik joylari yo‘q, lekin biz ul zoti sharifning dahosi oldida, betimsol ijodi va o‘lmas g‘oyalari, eskirmas va mangu saboqlari oldida hamisha muhtojligimizni sezib yashaymiz.
Mamlakatimiz bo‘ylab navoiyxonlik anjumanlari, mushoiralar, she’rxonlik, uchrashuv va ma’rifiy suhbatlar davom etayotir. Havas qilsa arziydi: Ulug‘ Vatan timsolini olgan ulug‘ bobokalonimizning navqiron orzu-umidlari — kelajak egasi va bunyodkorlari bo‘lmish o‘g‘il-qizlarimizning baxt va tolei baland bo‘lsin! Iloho, bu suhbatlar hech qachon tugamasin.
Navoiylik yoshlarga qarab, ularning saodatli chehralariga boqib, buyuk shoir bobomizning ming bir havas va zavqlari kelib, mana, taxminan nima degan bo‘lar edilar:
Boqib Sizga, Navoiy, bu so‘zimdir:
Yuzingizkim mening porloq yuzimdir.
Yonib turgan shul o‘tlug‘ ko‘zlaringiz —
Sharaf osmonida yulduzlaringiz.
Shijoat birla mardlik mutanosib,
Bag‘oyat qomatingizga munosib.
Aziz avlodlarim, sohibjahonlar,
Muborak Sizga bu davru zamonlar.
Bu davron egasi, qalqoni Sizlar,
Elu yurt ertasi, qo‘rg‘oni Sizlar.
Mening besh asrlik devonlarimni,
Hama she’ru g‘azal, dostonlarimni.
Mudom eslab, meni yod aylagansiz,
Ruhimni doimo shod aylagansiz.
Qilur to davru davron Sizni e’zoz —
Saodat birla bo‘lgaysiz sarafroz.
Valekin o‘z-o‘zidin kelmagay Baxt,
Bilim olingu ilm izlangiz har vaqt.
Jahonni qutqaruvchi bir jihat bor:
Jaholat yengilur to ma’rifat bor.
Umidim shul edi har lahza, doim,
Umidingizga yetkizmish Xudoyim.
Ko‘rib Siz navqiron avlodlarimni,
Yana eslab buyuk ajdodlarimni.
Deyurman: kimga meros nomus, ordir,
Ki unga doimo tolei yordir.
Jahon evruldi garchi necha ming bor,
“Temurxon naslidin...” deb aytganim bor.
Temuriyzodalardin bu shijoat:
Vatanga xizmatu elga sadoqat.
Jahonga shoh siz — ogoh sizsiz,
Agar ogoh sizsiz — shoh sizsiz.
Boqib Sizga, Navoiy, bu so‘zimdir:
Yuzingizkim mening yorug‘ yuzimdir,
Baland oru baland nomu baland shon
Bilan yuksak bo‘lib har lahza, har on,
Yasharsiz toki bu kavnu makonda —
Yengolmas Sizni hech bir kuch jahonda!
Sirojiddin Sayyid,
O‘zbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis Senati a’zosi