Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Xalqaro maydonda madaniy diplomatiyani o‘rni



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatidagi faoliyatining ilk kunlaridanoq, avvalo, xorijiy mamlakatlar bilan aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratdi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ham konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda. Tashqi siyosatimizdagi bunday amaliy qadamlar jahon hamjamiyati vakillari, xalqaro ekspertlar, turli mamlakatlarning siyosiy arboblari tomonidan haqli ravishda e’tirof etilayotgani bizga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Xalqaro diplomatiya va uning uzviy qismi bo‘lmish madaniy diplomatiya sohasida erishilayotgan yutuqlar, ayniqsa, diqqatga sazovordir.

Madaniy diplomatiya bir muhit va makonda istiqomat qiladigan millat va elatlarning bir-birini o‘zaro tushunishi, urf-odatlarini hurmat qilishi, o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash maqsadida san’at asarlari va boshqa madaniy komponentlar almashinuvini o‘z ichiga qamrab oladi.

O‘zbekistonning tinchlikparvar va pragmatik xususiyatga ega tashqi siyosatining sezilarli faollashuvi sharoitida mamlakatimiz o‘ziga xos madaniy diplomatiyasini amalga oshirish uchun tarixan noyob salohiyatga ega.

E’tiborlisi, Prezidentimiz tomonidan xorijiy davlatlarga amalga oshirilayotgan tashriflar doirasida madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish maqsadida imzolangan hujjatlarga asosan hamkor davlatlarda “O‘zbekiston madaniyati kunlari” o‘tkazib kelinmoqda.

Xususan, 2017 – 2020 yillarda dunyoning 20 ga yaqin davlatida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlari tashkil etilgan bo‘lsa, 2021 – 2024 yillarda bu ko‘rsatkich 40 taga yetdi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz turli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik doirasida madaniy hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan qator tashabbuslarni ilgari surmoqda.

O‘zbekiston madaniyat, fan va ta’lim sohasida hamkorlikka oid yuzdan ortiq shartnomalarni ratifikatsiya qilgan. Bu boradagi xalqaro aloqalarning asosiy yo‘nalishlari mamlakatimiznig boy badiiy va madaniy qadriyatlarini ommalashtirishdan iborat.

Yurtimiz madaniy diplomatiyasi konsepsiyasida xalqimizning jahonga mashhur tarixiy, madaniy va ma’naviy qadriyatlari, O‘zbekistonning qadimiy me’morchiligi va o‘ziga xos an’analari muhim o‘rin tutadi. Bunga ilm-fan, madaniyat va san’at, sport, turizm, ta’lim sohalarida erishilayotgan yutuqlarni misol qilib keltirish mumkin.

Faoliyatda keng qo‘llanilayotgan madaniy diplomatiya vosita va mexanizmlari orasida kino, san’at, adabiyot, ilm-fan hamda milliy va xalqaro festivallar ham borki, keyingi yillarda O‘zbekistonda bunday o‘ziga xos san’at bayramlarini o‘tkazish an’anaga aylandi. Ijodiy jamoalarning xorijiy davlatlarga gastrol safarlari ko‘paydi.

Birgina 2024 yilda konsert-tomosha muassasalari ijodiy jamoalarining 28 ta xorijiy gastrol safari tashkil etildi. 26-30 aprel kunlari Xiva shahrida “Lazgi” ikkinchi xalqaro raqs festivali, 3-5 may kunlari Buxoro shahrida “Ikkinchi xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali”, may-iyun oylarida Namangan shahrida

63-xalqaro gullar festivali, 27-30-iyun kunlari Zomin tumanida Ikkinchi xalqaro maqom san’ati anjumani, 26-30 avgust kunlari Samarqand shahrida “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali yuksak saviyada o‘tkazildi.

Bu kabi madaniy hamkorlik BAA bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik ko‘lamining ortib borayotganida ham ko‘rinadi. Masalan, 2021 yil noyabr-dekabr oylarida O‘zbekiston milliy simfonik orkestrining BAAning Dubay shahriga gastrol safari tashkil etildi. 2021 yil 27 noyabr kuni BAAning Dubay shahrida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrining “Lazgi” baleti namoyish etildi.

Bu kabi madaniy hamkorlik munosabatlari yaqin kelajakdagi o‘zaro do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qayt etish joizki, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan madaniy-gumanitar diplomatiya yo‘nalishida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. 2021–2024 yillarda turli davlatlardagi yirik shaharlarda (Dubay, Sharja, Doha, Milan, Venetsiya, Florensiya, Parij, Berlin, Pekin, Xanchjou, Boku) 26 ta xalqaro tadbir o‘tkazildi.

Bu kabi sa’y-harakatlar, albatta, nafaqat xalqaro miqyosda mamlakatlarning ijobiy imijini shakllantiradi, balki boshqa davlatlarning xalqlari bilan aloqalarni mustahkamlashga zamin yaratadi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni shakllantirish, o‘zaro hurmat, bir-birini anglash, foydali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda madaniy diplomatiyaning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

 

Ozodbek NAZARBЕKOV,

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri



  ...