Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Oʼzbekistan transport yoʼnalishida “berklikdan” chiqish yoʼlini taklif qilmoqda



Oʼzbekistonning ustuvor yoʼnalishlarida Markaziy Osiyo mintaqaviy transport tizimini rivojlantirish masalalari

 

Markaziy Osiyo mintaqasining ikki yirik muhim – «Shimol-Janub» va «Sharq-Gʼarb» savdo yoʼllari chorrahasida joylashganligi mintaqaviy transport tizimining jozibadorligini oshishiga xizmat qiladi.

Davlatlararo nizolar va iqtisodiy sanktsiyalar tufayli xalqaro transport koridorlarini diversifikatsiyalash bilan bogʼliq tendentsiyalar ham mintaqa davlatlari uchun tranzit tashuvlari sohasida yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Xususan, Yevropa va Osiyo mamlakatlari oʼz yuklarini tarixdan keng foydalanib kelingan Buyuk Ipak yoʼllari orqali yuborishga harakat qilishmoqda. Voqealarning bunday rivoji toʼgʼridan-toʼgʼri dengiz portlariga chiqish imkoniyatiga ega boʼlmagan Markaziy Osiyo mintaqasi transport oqimi infratuzilmasini oʼzgarishiga olib kelmoqda.

Buning natijasida 2023 yilda Markaziy Osiyo yuk tashuvlari bozoridagi ijobiy tendentsiyalarga erishildi va bu xalqaro tashuvlar tarmogʼida mintaqa davlatlarining tranzit ahamiyatini ortishi bilan bogʼliq.

Oʼz navbatida aytish joizki, transport yoʼnalishida “berk davlat” maqomi mintaqa davlatlarining iqtisodiyoti rivojiga jiddiy toʼsiq boʼlib qolmoqda. Ushbu masalada Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti oʼz nutqida Markaziy Osiyo davlatlarida yuklarni manzilga yetkazish uchun sarflanayotgan xarajatlar miqdori tovar yakuniy narxining 50 foizigacha boʼlgan qiymatini tashkil etayotganligini taʼkidlagan. Mazkur koʼrsatkich oʼrtacha dunyo koʼrsatkichiga nisbatan deyarli 5 barobar yuqori hisoblanadi. «Аyni vaqtda dunyodagi oʼrtacha koʼrsatkich 11 foizdan oshmaydi. Natijada bizlarning iqtisodiyotimiz rivojlangan davlatlardagidan koʼra 2-3 marta koʼp transport xarajatini koʼtarishga majbur boʼlmoqda».

Yuqorida qayd etilgan salbiy holatlarni bartaraf etish, shuningdek mintaqa transport tizimi rivojiga taʼsir koʼrsatuvchi ijobiy omillardan maksimal darajada foydalanish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mintaqa transport oqimi yangi arxitekturasini shakllantirishga xizmat qiluvchi samarali tashabbuslar koʼrsatilib kelinmoqda. Sh.Mirziyoev Markaziy Osiyoni global transport tizimiga yagona hudud sifatida integratsiya qilish zarurligini taʼkidlab kelmoqda. Muhim voqea sifatida uning 2017 yil sentyabrь oyidagi BMT Bosh Аssambleyasining 72-sessiyasidagi nutqini keltirish mumkin. Xususan, Prezident Markaziy Osiyo mintaqasi Oʼzbekiston tashqi siyosatida ustuvor yoʼnalish ekanligini qayd etib, mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Shundan beri Ostona, Toshkent, Bishkek, Аvaz, Choʼlpon-Ota va Dushanbe shaharlarida 6 ta shu kabi yigʼilishlar oʼtkazildi.

2023 yil Dushanbe shahrida boʼlib oʼtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida, “Bizning mintaqamiz iqtisodiy oʼsish va investitsion faollik markazlaridan biriga aylanmoqda, Gʼarbni Sharq va Shimolni Janub bilan bogʼlaydigan transport xabi boʼlishdek tarixiy vazifani yana oʼz zimmasiga olmoqda” degan fikrlarni bildirgan edi.

Shuningdek, Oʼzbekiston Prezidentining tashabbusi bilan 2018 yilda Toshkentda boʼlib oʼtgan xalqaro konferentsiyada Markaziy Osiyo transport koridorlarining strategik istiqbollari muhokama qilindi.

2020 yil sentyabrь oyida BMT Bosh Аssambleyasining 75-sessiyasida Oʼzbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan BMT shafeligida Markaziy Osiyoda Transport-kommunikatsiyaviy oʼzaro bogʼliqlikni rivojlantirish boʼyicha mintaqaviy markazni yaratish toʼgʼrisidagi tashabbus Oʼzbekiston Rahbariyatining mintaqaviy hamkorlik va yaxshi qoʼshnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan siyosatining mantiqiy davomidir. Ushbu tashabbus 2021 yilning avgust oyida Turkmanistonda boʼlib oʼtgan maslahat kengashida maʼqullandi.

BMT shaʼfeligida bunday Markazning tashkil etilishi bir qator quyidagi vaziflarni hal qilishda yordam beradi: xalqaro transport koridorlaridan samarali foydalanish; yangi transport marshrutlarini rivojlantirish; ishonchli tranzit koridorlarini shakllantirish; Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro transport xizmatlari bozoridagi raqobatbardoshligini yaxshilaydi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoev Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo-davlatlar rahbarlari Kengashi yigʼilishlari doirasida ham ShHT ishtirokchilarini transport sohasidagi harakatlarini uygʼunlashtirishga qaratilgan bir qator tashabbuslar ilgari surib kelmoqda. Jumladan, 2018 yil Sindao (Xitoy) shahrida oʼtkazilgan ShHT aʼzo-davlatlar rahbarlari Kengashi yigʼilishida ShHT Xalqaro transport-logistika assotsiatsiyasini tashkil qilish taklifi kiritildi. Bundan tashqari, Sindao deklaratsiyasi bilan ShHT aʼzo-davlatlar temir yoʼl maʼmuriyati rahbarlarining birinchi yigʼilishini Oʼzbekistonda oʼtkazish taklifi maʼqullandi.

2019 yil Bishkekda boʼlib oʼtgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo-davlatlar rahbarlari Kengashi yigʼilishida Oʼzbekiston Prezidenti ShHTning Oʼzaro bogʼliqlikni mustahkamlash va samarali transport yoʼlaklarini yaratish kontseptsiyasini shakllantirish boʼyicha taklif bildirdi. Mazkur tashabbus 2022 yil Toshkentda oʼtkazilgan aʼzo-davlatlar rahbarlari Kengashi yigʼilishida qabul qilindi.

Davlat rahbarining tashabbuslari va takliflari Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo-davlatlar tomonidan ham ijobiy qabul qilinmoqda va qoʼllab-quvvatlanmoqda. Misol sifatida ShHT temir yoʼl maʼmuriyati hamkorligi Kontseptsiyasining tasdiqlanganligini keltirish mumkin.

Yuqorida keltirilgan tashabbuslar va takliflarni Prezident tomonidan belgilangan Markaziy Osiyo transport tizimini rivojlantirish yoʼnalishidagi quyidagi milliy va mintaqaviy manfaatlarni amalga oshirish mexanizmi sifatida koʼrish mumkin:

    Markaziy Osiyoni yirik dengiz portlari hamda dunyo bozori bilan bogʼlashga xizmat qiluvchi transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish;

    Janubiy Osiyoga chiquvchi transafgʼon koridori (“Oʼzbekiston – Аfgʼoniston – Pokiston”) loyihasini rivojlantirish, hamda “Oʼzbekiston – Qirgʼiziston – Xitoy” temir yoʼlini qurib ishga tushirish; mazkur koridorlarni oʼzaro integratsiya qilish orqali yirik bozorlarni qisqa msofada Markaziy Osiyo orqali bogʼlash;

    mamlakat tranzit salohiyatini va milliy iqtisodiyotda transport tizimi ulushini yanada oshirish.

Mazkur manfaatlarni amalga oshirish uchun strategik ahamiyatga ega hujjatlarda koʼplab maqsadli koʼrsatkichlar belgilangan, jumladan «Oʼzbekiston-2030» Strategiyasi, «Oʼzbekiston Respublikasi transport tizimini 2035 yilgacha rivojlantirish Strategiyasi (loyiha)», shuningdek «2030 yilgacha transport Strategiyasi» (MOMIH doirasida qabul qilingan).

Strategik hujjatlarga muvofiq, asosiy ustuvorlik berilayotgan jihatlardan biri bu – janubiy yoʼnalish hisoblanadi. Oʼzbekiston Prezidenti mazkur yoʼnalishdagi yuklarni tashish vaqtini hamda harajatlarini kamaytirish imkoniyati yuqori boʼlgan “Termiz – Mazari-Sharif – Qobul – Peshavor” temir yoʼlini qurish taklifini ilgari surdi.

2023 yilning iyulь oyida Oʼzbekiston, Аfgʼoniston va Pokiston tomonidan Transafgʼon koridorini qurish toʼgʼrisidagi kelishuv imzolandi. Rasmiy manbalarning taʼkidlashicha, ushbu koridor dengiz yoʼllariga olib chiquvchi eng qisqa va arzon yoʼlak boʼlishi kutilmoqda. Toshkent uchun mazkur koridor nafaqat iqtisodiy, balki geoiqtisodiy imkoniyatlarni ham yaratadi. Birinchidan, Termizdan Peshavorgacha boʼlgan ushbu marshrut shiddat bilan rivojlanayotgan Janubiy Osiyo davlatlari bilan ishonchli munosabatlarni mustahkamlash imkoniyatini beradi va bu orqali savdo aloqalari rivojlanadi, transport xizmatlari eksporti ortadi. Ikkinchidan, ushbu koridor dunyoning yirik mamlakatlari va katta bozorlarni bogʼlashda koʼprik vazifasini bajaradi.

Bundan tashqari, ushbu yoʼnalish xalqaro transport tizimini mustahkamlashda katta ahamiyat kasb etib, Yevropa Ittifoqi, Rossiya, Qozogʼiston, Xitoy, Qirgʼiziston, Oʼzbekiston, Аfgʼoniston, Pokiston, Xindiston, Eron, Turkiya va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarini oʼzaro bogʼlaydi.

Jumladan, 2022 yil noyabrь oyida Oʼzbekiston «Belarussiya – Rossiya – Qozogʼiston – Oʼzbekiston – Аfgʼoniston – Pokiston» xalqaro transport koridorini yaratish taklifini ilgari surdi va 2023 yilda uni amalga oshirish boʼyicha memorandum imzolandi. Ekspertlarning baholariga koʼra, yangi 5532 kmlik mazkur transport yoʼnalishi masofani 20 kunda bosib oʼtish imkonini beradi.

Mintaqa davlatlari transport salohiyatini oshirish maqsadida Oʼzbekiston Prezidenti tomonidan tarmoq vazirlari yigʼilishi doirasida Markaziy Osiyoda transport va tranzit toʼgʼrisida Kelishuv ishlab chiqilishi

va unda:

     Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq, Yevropa Ittifoqi bozorlariga olib chiquvchi hamda biznes uchun qulay boʼlgan va uygʼunlashgan tariflarga ega samarali transport koridorlarini qurishning aniq mexanizmlarini shakllantirish;

     transport xizmatlari bozorini liberallashtirish, tashish ruxsatnomalari bilan bogʼliq protseduralarni optimallashtirish, xalqaro tashuvlarning integratsiyalashgan raqamli platformasini yaratish masalasini oʼrganish boʼyicha choralar Dasturini ishlab chiqish masalalari boʼyicha takliflar kiritildi.

Shuningdek, Oʼzbekiston tranzit salohiyatini mustahkamlash maqsadida dunyo bozorlariga olib chiqish imkoniyatini beruvchi muhim hamkor davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Jumladan, “Xitoy – Qirgʼiziston – Oʼzbekiston” temir yoʼlini qurish ishlari boshlandi. Mazkur yoʼlakni “Sharq-Gʼarb” va “Shimol-Janub” loyihasi doirasida Markaziy Osiyoning geografik jihatdan yopiq davlatlarini xalqaro dengiz portlariga olib chiquvchi mintaqaviy transport tarmogʼining eng muhim boʼgʼini boʼlib qoladigan istiqbolli koridor sifatida eʼtirof etilmoqda. Oʼzbekiston Respublikasi Transport vazirligining davtlabki prognoziga koʼra, mazkur koridorning ishga tushirilishi Sharqiy Osiyodan Yaqin Sharq va Janubiy Yevropagacha boʼlgan masofani 900 kmga, yetkazib berish muddatini 7-8 sutkaga qisqartiradi.

Oʼzining rivojlangan transport infratuzilmasiga ega anʼanaviy yoʼlaklar ham ustuvor yoʼnalish sifatida saqlanib qolmoqda. Jumladan, Markaziy Osiyoni Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo, Kavkaz va Yevropa bilan bogʼlashda Eron muhim rolь oʼynaydi. 2000 yillarda munosabatlarda pasayish kuzatilgan boʼlsa, 2017 yildan soʼng oʼzbek-eron hamkorligida, xususan qoʼshma korxonalar sonining ortishida va oʼzaro savdo aylanmasi hajmining ortishida ijobiy tendentsiyalar kuzatilmoqda. Eronning Choxbaxor porti orqali Xindiston tomonidan boshqariladigan yangi logistika markazidan Oʼzbekiston ham foydalanish huquqiga ega boʼldi va u yerda nafaqat Eron bilan, balki Xindiston bilan ham savdoni yaxshilashga xizmat qiluvchi dengiz terminali hamda logistika markazini tashkil qilishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent Eron va Turkmaniston orqali tranzit tashuvlarni amalga oshirib keladi. Mazkur yoʼnalishda yangi “Turkiya – Eron – Turkmaniston – Oʼzbekiston» temir yoʼlini qurish istiqbolli koridorlardan hisoblanib, “Osiyo Tinch okeani mamlakatlari – Yevropa” xalqaro mulьtimodal koridori bilan integratsiyalashdi va transkaspiy tashuvlariga muqobil sifatida eʼtirof etilmoqda.

Umuman, Oʼzbekistonning ustuvor yoʼnalishlarida mintaqa transport rivojlantirish alohida oʼringa ega va mazkur sohada oʼz oldiga katta marralarni qoʼygan. Jahon bankining prognozlariga koʼra, Oʼzbekistonning tranzit yuk oʼtkazish salohiyati 2030 yilga borib 4,4 barobarga ortadi, transport sohasiga kiritilayotgan investitsiya hajmi 46,7 milliard dollarni tashkil etadi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, Markaziy Osiyo transport koridoralarini rivojlantirish borasidagi islohotlar va tashabbuslar mintaqada zamonaviy va samarali transport tizimini yaratishga qaratilgan boʼlib, mazkur tizim mintaqa davlatlarining iqtisodiy integratsiyalashuviga, xizmatlar va tovarlar raqobatbardoshligini va aholi farovonligini ortishiga olib keladi.

А.А. Zoxidov,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor



  ...