Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilish bo‘yicha jahon yetakchilaridan biriga aylanishga intilmoqda



Qishloq xo'jaligi O'zbekiston iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Ushbu tarmoq respublikaning yalpi ichki mahsulotining 24% dan ortig'ini tashkil etadi, uni ishlab chiqarishda butun iqtisodiyotda band bo'lganlarning to'rtdan bir qismi ishtirok etadi. Shunday qilib, qishloq xo'jaligini barqaror rivojlantirish va modernizatsiya qilish umumiy iqtisodiy o'sishni ta'minlash va aholi farovonligini oshirish uchun respublikani rivojlantirish bo'yicha davlat siyosati va makroiqtisodiy strategiyaning asosiy ustuvor yo'nalishi hisoblanadi.

2016-yil oxiriga kelib, qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishining o'sishining oldingi manbalari tugadi va u o'z-o'zini ta'minlash siyosati doirasida joriy etilgan bir qator to'siqlarga duch keldi, masalan, mahsulot eksportiga monopoliya, eksport narxlarini tartibga solish, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini davlat buyurtmasi doirasida qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun adolatsiz narxlarda sotib olish va boshqalar. O'zbekistonning yangi hukumati siyosiy yo'nalishni tubdan qayta ko'rib chiqishga va asta-sekin butun iqtisodiyotni va xususan agrar sektorni liberallashtirish bo'yicha islohotlarni amalga oshirishga kirishdi.

2017-yilda O'zbekiston qishloq xo'jaligida yangi yo'nalish – Klaster tizimi paydo bo'ldi. Klasterlarni yaratishning asosiy maqsadi tayyor mahsulotni ishlab chiqarishning barcha jarayonlarini – xom ashyoni etishtirishdan tortib uni qayta ishlash va yakuniy mahsulotni ishlab chiqarishgacha birlashtirgan yagona ishlab chiqarish zanjirini shakllantirishdir. O'zbekiston qishloq xo'jaligida turli yo'nalishdagi klasterlar rivojlanmoqda: paxta-to'qimachilik, meva-sabzavot, urug'chilik, don, go'sht-sut va boshqalar.

Agar paxta sektori misoliga qaralsa, klasterlashning rivojlanishi juda faol bo‘ldi. 2017-yilda 2 ta dastlabki paxta-to'qimachilik klasterlari tashkil etildi. 2018- yilda ularning soni 16 taga, 2019-yilda 77 taga, 2020-yilda 97 taga, 2021-yilda 122 taga, 2022-yilda 134 taga, 2023-yilda 142 taga yetdi.

2017-yilda paxta-to'qimachilik klasterlari respublikada paxta yetishtiriladigan umumiy maydonning atigi 2,2 foizini egallagan. 2018-yilda ularning paxta ekinlaridagi ulushi 15,1 foizni, 2019-yilda 59,0 foizni, 2020-yilda 85,4 foizni tashkil etdi va 2021-yilda respublikadagi barcha paxta  ekinlari maydonining 100 foizini qamrab oldi.

Paxta-to'qimachilik klasterlarining faol rivojlanishi davrida (2017–2023 yillar) respublikada paxta xomashyosi ishlab chiqarish 30,0 foizga oshdi. Garchi bu davrda paxta ekinlari maydoni 18,5 foizga kamaygan bo'lsa-da.

Bu, birinchi navbatda, klasterlarning paxta yetishtirishda innovatsiyalar va ilg'or texnologiyalarni keng joriy etishi tufayli mumkin bo'ldi, bu esa hosildorlikning oshishiga olib keldi. 2017–2023 yillarda respublika bo'yicha paxtaning o'rtacha hosildorligi 34,1 foizga oshdi.

Albatta, shuni ta'kidlash kerakki, klaster tizimi faqat yo'lga qo'yilmoqda va zanjirning alohida bo'g'inlarida muammolar mavjud, ammo uni yanada rivojlantirish istiqbollari O'zbekiston qishloq xo'jaligining ishlab chiqarish salohiyatidan juda samarali foydalanishga imkon beradi.

Ammo paxtachilik samaradorligining oshishi nafaqat klaster tizimining rivojlanishi tufayli sodir bo'ldi. Bu yerda 2030-yilgacha qishloq xo'jaligini rivojlantirish strategiyasi doirasida nazarda tutilgan tarmoqni liberallashtirish jarayoni ham katta rol o'ynadi. Shuningdek, u don sektoriga ham ta'sir ko'rsatdi.

2019-yil 15-oktyabrdan boshlab O'zbekistonda 1994-yildan beri amalda bo‘lgan un narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to'xtatildi. Unni bozor narxlarida sotish ishlab chiqaruvchilar va iste'molchilar manfaatlarini hisobga olgan holda bozorlarda resurslarni samarali taqsimlash va raqobatni ta'minladi. Ushbu mexanizm un kombinatlarining qiziqishini oshirdi va ularni ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish uchun moliyaviy imkoniyatlar bilan ta'minladi, bu esa sifatni yaxshilashga, mahsulot hajmini ko‘paytirishga va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.

2020-yil hosilidan boshlab don uchun davlat buyurtmasi 25 foizga qisqartirildi va 2021-yil hosilidan boshlab davlat tomonidan don sotib olish narxlarini belgilash amaliyoti butunlay bekor qilindi.

Shuningdek, 2020-yil hosilidan boshlab paxta xomashyosiga xarid narxlarini belgilash amaliyoti bekor qilindi va paxta xomashyosi yetishtiruvchilariga (fermer xo'jaliklari, paxta-to'qimachilik klasterlari, kooperatsiyalar) rayonlashtirilgan paxta navlarini ekish huquqi berldi. Paxtachilikda qo'l mehnati o'rnini bosadigan mexanizatsiyalash ishlari faol olib borilmoqda.

Natijada paxtaning qo'shilgan qiymat zanjiri tubdan o'zgardi. O'zbekiston hozirda paxta eksport tarkibida yaqin o'tmishda hukmronlik qilgan paxta tolasiga qaraganda ancha yuqori qiymatga ega bo'lgan to'qimachilik va tikuvchilik mahsulotlarini eksport qilmoqda.

Liberallashtirish jarayoni agrar sektorni rivojlantirishga yordam beradigan boshqa yo'nalishlarda ham bo'ldi. Meva-sabzavot mahsulotlari eksportini liberallashtirish bo'yicha islohotlar jarayoniga alohida e'tibor qaratish lozim.

2017-yil iyun oyida Prezident Sh.M. Mirziyoyev tashabbusi bilan "O'zagroeksport" AJ kompaniyasi xorijga meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berishda monopoliyadan mahrum bo'ldi. Natijada, 2017-yil 1-iyuldan boshlab tadbirkorlik sub'ektlariga to'g'ridan-to'g'ri shartnomalar asosida yangi meva-sabzavot mahsulotlari, uzum va poliz ekinlari eksportini amalga oshirishga ruxsat berildi.

O'zbekiston hukumati ilgari O'zbekistonda mavjud bo'lmagan meva-sabzavot mahsulotlari eksportchilarini qo'llab-quvvatlashning misli ko'rilmagan tizimini yaratdi.

Mustaqillik yillarida birinchi marta meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilarga uzoq xorij mamlakatlariga meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda temir yo'l transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha kompensatsiya uchun subsidiyalar berildi. Biroq, bu uncha samarali emas edi, chunki ushbu transport turi bilan etkazib berish kamdan-kam hollarda va kichik hajmda amalga oshirilardi. Shu sababli, keyinchalik eksportni tashishni subsidiyalash mahsulotlarni avtotransport va aviatransportda yetkazish uchun ham o‘rnatilldi.

2020-yil oxirida hukumat meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilarga ko'maklashishni yanada kengaytirdi. Eksportchilarga quyidagi yo'nalishlar bo'yicha xarajatlarni qoplash tartibi joriy etildi:

  • standartlarni joriy etish va muvofiqlik sertifikatlarini olish; 
  • mahalliy mahsulotlar va brendlarni (savdo markalarini) tashqi bozorlarga olib chiqish maqsadida taqdimotlar va reklama kampaniyalarini o'tkazish; 
  • xalqaro tender va tanlovlarda ishtirok etish; 
  • milliy mahsulotlar va brendlarni (savdo belgilarini) xorijiy vakolatli organlarda ro 'yxatdan o' tkazish; 
  • O'zbekiston Respublikasi hududlarida tadbirkorlarning eksport salohiyatini oshirish maqsadida mahalliy va xorijiy kompaniyalar va mutaxassislar ishtirokida biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlarni tashkil etish; 
  • xorijiy mamlakatlardagi biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlarda ishtirok etish; 
  • ko'rgazma-yarmarka tadbirlarida ishtirok etish. 

Umuman olganda, savdoni erkinlashtirish va eksportni rag'batlantirish siyosatning asosiy elementlaridan biriga aylandi. Shuningdek, uning doirasida agro-oziq-ovqat mahsulotlari uchun yangi bozorlar ochildi va Yevropa Ittifoqining yuqori daromadli bozoriga 6200 turdagi tovarlar uchun kirishni taklif qiluvchi universal preferensiyalar sxemasi ("G SP+") maqomi olindi. Shuningdek, chegara o'tish joylarida "yashil yo'laklar"ni kengaytirish va tez buziladigan meva-sabzavot mahsulotlari savdosi samaradorligini oshirish va yo'qotishlarni kamaytirishga qaratilgan agro-logistika xizmatlari markazlari tarmog'ini tashkil etish ishlari olib borildi.

Yaqin yillarda yer munosabatlari sohasida ham katta o'zgarishlar kutilmoqda. Qishloq xo'jaligi yerlaridan foydalanish huquqlarini isloh qilish yo'lidagi birinchi qadam 2020-yil sentyabr oyida qishloq xo'jaligi mahsulotlarini etishtirish uchun subijara mexanizmini joriy etish orqali amalga oshirildi. Subijara muddati bir yilgacha.

Hukumat, shuningdek, paxta maydonlarini boshqa ekinlar foydasiga qayta taqsimladi va yer uchastkalarini ajratish va qayta taqsimlash bo'yicha elektron auksionlarni joriy etdi va bu jarayonning shaffofligini sezilarli darajada oshirdi.

Islohotlar davrida agrar ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarga davlat xarajatlari ham sezilarli darajada oshdi. Agrar tadqiqotlarni davlat tomonidan moliyalashtirishning uzoq vaqtdan beri kutilayotgan o'sishi qishloq xo'jaligi bilimlari va innovatsiyalarini tarqatish uchun asos bo'lgan AKIS (Agricultural Knowledge and Innovation Systems) tashkil etilishi bilan bog'liq. O'zbekistonda AKIS konsepsiyasi birinchi marta 2030-yilgacha qishloq xo'jaligini rivojlantirish strategiyasida eslatib o'tilgan.

2021-yil fevral oyida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti agrar sektor uchun 2021–2025 yillarga mo'ljallangan rivojlanish yo'l xaritasi bilan AKIS tashkil etish to'g'risidagi farmonni imzoladi.Toshkent viloyatidagi AKIS Respublika markazi 2021-yil mart oyida ochildi.

AKIS markazlari fermerlar va boshqa qishloq xo'jaligi tadbirkorlariga yanada keng qamrovli va innovatsion ma'lumotlar va ta'lim berish uchun agrar ta'lim, ilmiy tadqiqotlar va maslahat xizmatlarini birlashtirishiga katta umidlar bog‘lanmoqda.

Soha faol raqamlashtirish jarayonidan o'tmoqda.

"Agrosubsidiya" axborot tizimi ishga tushirildi, u O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi ""Raqamli O'zbekiston-2030" strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida" gi 6079- sonli farmonini amalga oshirish doirasida amalga oshirilmoqda. U vakolatli organlar va tashkilotlar bilan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar berish masalalarini to'plash, ko'rib chiqish va kelishish uchun mo'ljallangan.

O 'zbekiston Respublikasi qishloq xo'jaligi vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan raqamlashtirish sohasidagi yana bir muhim loyiha – "Agroplatforma"axborot tizimi. Ushbu tizimning joriy etilishi tufayli barcha agrotexnik tadbirlar to'g'risidagi ma'lumotlar – ekishdan yig'im-terimgacha – axborot tizimida bo'ladi, bu esa qog'oz shaklida ish yeritish amaliyotidan xalos bo'lishga imkon beradi. Shu bilan birga, tizimda qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun imtiyozli kreditlar ajratish, xatarlarni sug'urtalash, elektron shaklda shartnomalar tuzish va uskunalarni lizingga olish qulay bo'ladi. Shuningdek, barcha jarayonlarni moliyalashtirishning shaffofligi oshadi.

2021-yil noyabr oyidan boshlab ArcGIS dasturiy mahsuloti asosida qishloq xo'jaligi vazirligining geoaxborot tizimi ishga tushirildi. Qayta ishlangan ma'lumotlar va tizimning imkoniyatlari doimiy ravishda har 10 kunda olingan kosmik fotosuratlar, shuningdek real vaqt rejimida 200 nafar dala ishchilari tomonidan to'plangan monitoring ma'lumotlari bilan kengaytiriladi. Barcha kerakli ma'lumotlarni olish imkoniyati yaratildi, shu jumladan yerdan foydalanuvchilar, tuproq xususiyatlari, sug'orish tizimlarining mavjudligidan boshlab, ekin turlarini avtomatik ravishda tanib olish bo‘yicha sun'iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda ma'lumotlarni tahlil qilishgacha. Kelajakda tizim qishloq xo'jaligi yerlaridan foydalanuvchilarning keng doirasi ehtiyojlari uchun qayta yo'naltiriladi va uning yordami bilan ekish yoki yig'ish uchun qulay vaqtni aniqlash, o'g'itlar sxemasini hisoblash, monitoring o'tkazish, qishloq xo'jaligi ekinlarining hosil hajmini prognoz qilish, ularning kasalliklarini o'z vaqtida aniqlash mumkin bo'ladi.

Shuningdek, 2021-yilda qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlarni ijaraga berish bo'yicha materiallarni to'plash, ko'rib chiqish va vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishish uchun mo'ljallangan "E-IJARA" avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishga tushirildi. Ushbu tizim ochiq elektron tanlovlar o'tkazish, shuningdek, tegishli organlarda g'oliblarning huquqlari va hujjatlarini rasmiylashtirishda ko'maklashish maqsadida "E-AUKSION" elektron savdo maydonchasiga lotlarni qo'yish uchun ishlatiladi.

Shunday qilib, 2017–2020 yillarda O'zbekiston qishloq xo'jaligida ulkan islohotlar amalga oshirildi, ularning natijalari sohaning barqaror o'sishini ta'minlash va resurs samaradorligini oshirishga imkon berdi. Kelgusida ular qishloq xo'jaligini rivojlantirish va O'zbekistonni agro-oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilish bo'yicha jahon yetakchilari qatoriga kiritishda respublikaning mavjud salohiyatidan eng to'liq foydalanishga xizmat qiladi.

 

Darya Ilina,

MHTI loyiha rahhbari



  ...