Oʼzbekistondagi yangi saylov tizimi: qonunchilik va ijtimoiy-siyosiy hayotda nimalar oʼzgaradi?
Saylovga doir barqaror huquqiy madaniyatni shakllantirmasdan turib, erkin jamiyat va davlatni shakllantirib boʼlmaydi. Saylovlar xalq hokimiyatining asosi ekanligi umum-eʼtirof etilgan haqiqatdir. Mamlakatda erkin saylovlarning mavjudligi demokratik boshqaruv rejimi va respublika boshqaruv shakli tamoyillaridan biri boʼlib hisoblanadi.
MDHga aʼzo davlatlarda “Demokratik saylovlar, saylov huquq va erkinliklari standartlari toʼgʼrisida”gi Konventsiyaning 9-moddasi 1-bandiga muvofiq: «Haqiqiy saylovlarda xalqning erkin ifodalangan istak-irodasini aniqlash va uning bevosita amalga oshirilishi taʼminlanadi». Oxirgi bir necha yil ichida Oʼzbekiston Respublikasining siyosiy tizimida ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha jabhalarini qamrab olgan muhim oʼzgarishlar roʼy berdi. Аna shunday oʼzgarishlardan biri saylov qonunchiligiga kiritilgan yangilikdir. Gap Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga boʼlib oʼtadigan saylovlarning Oʼzbekiston Respublikasi saylov tizimini majoritardan majoritar-proportsional (baʼzan aralash deb ataladi)ga oʼzgartirish haqida bormoqda. Ikkita klassik elektorat formula (majoritar va proportsional)larni birlashtirgan aralash saylov tizimi turli qitʼalardagi boshqa qator davlatlarda: Yevropa Ittifoqi davlatlaridan (Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Italiya va boshqalar) tortib, Uzoq Sharq davlatlari (Yaponiya va boshqalar)da ham qoʼllaniladi.
Majoritar-proportsional saylov tizimiga oʼtishdan maqsad nima?
Birinchidan, bu tizim ovozlarni toʼliqroq hisoblashga yordam beradi va mamlakatdagi real siyosiy vaziyatni aniqroq aks ettiradi.
Ikkinchidan, parlament quyi palatasidagi Oʼzbekiston hududlari vakilligining yanada mutanosibligiga erishiladi.
Uchinchidan, partiyalar va nomzodlar oʼrtasidagi munosabatlar formati oʼzgaradi, chunki partiyalar haqiqatan ham taniqli, obroʼli va saylovchilar bilan faol ishlashga qodir nomzodlarni topishga eʼtibor qaratishga majbur boʼladi.
Toʼrtinchidan, yangi davlat siyosatchilarining paydo boʼlishi uchun platforma yaratadi.
Аralash saylov tizimlari uch turga boʼlinadi:
1) proportsional vakillikning (proportsional-majoritar) ustunligiga asoslangan;
2) majoritar tizimning ustunligiga asoslangan (majoritar-proportsional);
3) proportsional va majoritar tizimlar tengligiga asoslangan tizim.
Oʼzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida proportsional va majoritar tizimlar tengligiga asoslangan tizimga oʼtish mustahkamlab qoʼyilgan. Bunda Oʼzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 67-moddasi 2-qismida Qonunchilik palatasi deputatlarining yetmish besh nafari bir mandatlik saylov okruglari boʼyicha, yetmish besh nafari esa yagona saylov okrugidagi siyosiy partiyalar uchun ovozlar soniga mutanosib ravishda partiya roʼyxati boʼyicha saylanadi, deb belgilangan. Odatda, bunday tizimlar bilan saylov kuni saylovchiga u maxsus nomzodga ovoz beradigan va partiya uchun ovoz beradigan alohida byulletenь taqdim etiladi. Bu borada har bir davlatning oʼz amaliyoti shakllangan. Masalan, Germaniyada uchastka saylov komissiyasi bittadan saylov byulletenini beradi, uning bir tomonida bir mandatlik okrug nomzodlari, boshqa tomonida yerliklar roʼyxatlari boʼladi, Rossiyada esa saylov uchastkalaridagi saylovchilarga ikkita byulletenь beriladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 31-moddasi 3-qismida «Nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi saylov byulleteniga uning tugʼilgan yili va uni nomzod etib koʼrsatgan siyosiy partiya koʼrsatilgan holda alifbo tartibida kiritiladi», bu bir mandatlik saylov okruglari boʼyicha Qonunchilik palatasiga saylovlarni tavsiflaydi.
Saylov kodeksining 31-moddasi 4-qismida «Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi boʼyicha saylovida saylov byulleteniga unda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi, ramziy belgisi ularning saylovda ishtirok etishi uchun ruxsat berilgan navbatiga muvofiq ketma-ketlikda kiritiladi» deb belgilangan. Demak, Qonunchilik palatasiga saylovda ikki xil saylov byulletenlari tayyorlanadi. Bu meʼyor siyosiy partiyalar uchun jiddiy sinov boʼlib, noaniqlikni bartaraf etish, partiyaviy yoʼnalishlar ravshanligini aniqlash maqsadida ularning siyosiy dasturini ishlab chiqishda mashaqqatli mehnat qilishlari kerak boʼlishini nazarda tutadi.
Qayd etish lozimki, Oʼzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 401-moddasida Markaziy saylov komissiyasi, shuningdek, bir mandatlik deputatlikka nomzodlar tomonidan partiya roʼyxatini qayd va eʼlon qilish tartibi belgilangan. Yagona saylov okrugi boʼyicha nomzodlar roʼyxatini qayd va eʼlon qilish gʼoyasi toʼgʼri. Saylovchi partiyalar roʼyxatida koʼrsatilgan nomzodlar asosida partiya haqida oʼz tasavvurini shakllantiradi. Shu bilan birga, eng muhim vazifa - mandatlarni roʼyxat doirasida taqsimlash metodikasini shakllantirish kerak.
Saylov natijalarini aniqlash masalasidagi oʼzgarishlar ham qiziqarlidir. Bir mandatlik saylov okrugidan saylanadigan deputatlikka nomzodlar majoritar saylov tizimining nisbiy koʼpchiligi boʼyicha aniqlanadi. Bunda Oʼzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 96-moddasi 5-qismiga binoan, eng koʼp ovoz toʼplagan nomzod gʼolib deb topiladi. Bunday tizim juda samarali, ikki yoki undan ortiq nomzodlar bir xil miqdorda ovoz olgan hollar esa bundan mustasnodir. Nisbiy koʼpchilikning majoritar tizimi 43 mamlakatda, shu jumladan АQSh va Britaniya, Millatlar Hamdoʼstligiga aʼzo boʼlgan bir qator davlatlarda parlament palatalariga (yoki ikkala palataga) saylashning yagona tizimi sifatida qoʼllaniladi.
Yagona saylov okrugi boʼyicha saylangan siyosiy partiyalarga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 961-moddasida yetti foizlik toʼsiq belgilangan. Bunda yagona saylov okrugi boʼyicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yetti foiz ovozini olgan siyosiy partiya deputatlik mandatiga ega boʼladi.
Nima uchun qonun chiqaruvchi bu toʼsiqni oʼrnatdi? Uning mavjudligining sababi nimada? Ushbu masala boʼyicha turli fikrlarni oʼz ichiga olgan yuridik adabiyotlarda uni joriy etishning quyidagi sabablari qayd etilgan:
1) Toʼsiq saylovchilar tomonidan qoʼllab-quvvatlangan partiyalarning parlamentdagi deputatlik oʼrinlarini taqsimlashda saylov uchastkalarida yuz bergan «shovqin», xatolik yoki tasodifiylik darajasida ishtirok etishini qisqartirish maqsadida kiritilgan, odatda, bu fuqarolar ovozlari umumiy sonining qariyb ikki foizini tashkil qiladi. Bu qiymat saylovchilar guruhining beqarorligi, tasodifiylikning yuqori darajasi va saylovga taʼsir etuvchi bir qator boshqa omillar tufayli maqbul deb hisoblanadi.
2) Toʼsiq parlament ichidagi ortiqcha fraktsion boʼlinishlarga yoʼl qoʼymaslik uchun qoʼllaniladi, bu uning nomarkazlashuvi va uning ishini falajlanishiga olib kelishi mumkin.
3) Toʼsiq, muhim qarorlar qabul qilishda, jumladan, hukumatni shakllantirishda kichik partiyalarning negativ faolligi va taʼsirini istisno qilish uchun kiritilgan. Bu taʼsir, kichik partiyalar, yakuniy qaror qabul qilishda muhim rolь oʼynaydigan fraktsiyalarni tuzishi mumkinligiga, va ularni yirik partiyalardan ustun kelishiga olib kelishi mumkin. Masalan, bunday holat Isroilda 2019-2022 yillardagi siyosiy inqirozga olib kelib, 3,5 yil ichida Knessetga oʼtkazilgan beshta navbatdan tashqari saylovlarda koʼrinadi.
4) Bundan tashqari toʼsiq, mandatlarni taqsimlashda ishtirok etuvchi partiyalarga oʼz vazifalarini samarali amalga oshirish uchun faol fraktsiyalarga ega boʼlish imkoniyatini taʼminlash maqsadida ham joriy etilgan.
Xoʼsh, bu toʼsiq xorijiy mamlakatlarda qanday? Niderlandiyada - 0,67%, Isroilda - 3,25%, Rossiyada - 5%, Qozogʼistonda - 7%, Misr va Lixtenshteynda - 8%, Turkiyada - 10%. Shu bilan birga, bunday toʼsiq umuman yoʼq qator davlatlar ham bor: biz buni Portugaliya, АQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Frantsiya, Shvetsiya va boshqa baʼzi mamlakatlarda koʼramiz.
Xulosa.
Ijtimoiy-siyosiy hayot oʼz mexanizmi orqali partiyalararo raqobat tuzilishiga taʼsir koʼrsatadi, partiyalararo raqobat esa, oʼz navbatida, partiya tizimi ichidagi islohotlar omili hisoblanadi. Bularning barchasi birgalikda saylov tizimidagi oʼzgarishlarning asosidir. Biz intilishimiz kerak boʼlgan oʼzgarishlar mavjud. Ishonchimiz komilki, kelajakda Oʼzbekiston Respublikasi davlat hokimiyati vakillik organlariga boʼlib oʼtadigan saylovlar, oldimizga saylov huquqi sohasini rivojlantirish va amaliyot bilan ekspertlar tomonidan taklif etilayotgan yangi gʼoyalar bilan toʼldirish vazifasini qoʼyadi.
Gulchexra Malikova, yu.f.d., professor,
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti
bosh ilmiy xodimi