O‘zbekistonda moliya, bank, soliq tizimidagi islohotlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Bugungi kunda budjet-soliq siyosati borasida izchillik bilan olib borilayotgan islohotlar markazida budjet daromadlari va xarajatlarining samaradorligini oshirish muhim vazifa hisoblanadi. Buning asosiy sababi, iqtisodiyotni erkinlashtirish va islohotlarni chuqurlashtirish doimiy ravishda budjet-soliq tizimini ham takomillashtirishni taqozo etadi.
Mahalliy budjetlardan xarajatlarni moliyalashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash mahalliy ijroiya va vakillik organlari oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir. Odatda, ushbu masalalar bilan budjet jarayonida ishtirok etuvchi turli vakolatli organlar shug‘ullanadilar. Ammo mahalliy ijroiya va vakillik organlari e’tiboridan chetda qoladigan muammolar ham mavjud.
Ma’lumki, fuqarolar o‘z yashash joylari (mahalla, tuman, shahar)dagi turli ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini yaxshi bilishadi va ular tomonidan taklif etilgan loyihalar aksariyat hollarda asosli hisoblanadi. Chunki ma’lum bir joyda uzoq vaqt yashayotgan fuqarogina birinchi navbatda qanday masalalarni hal qilish kerakligini ko‘rsata oladi.
“Tashabbusli budjet” jarayonlarini joriy etgan har bir davlatning o‘ziga xos modellari mavjuddir. Bunda, mazkur davlatning qabul qilgan normativ-huquqiy va tegishli qonun hujjatlari dasturulamal vazifasini bajaradi.
Tashabbusli budjetlashtirish bu – fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflarga asosan, ularni tashabbuslarini hisobga olgan holda budjet mablag‘larining bir qismini taqsimlash va ushbu taqsimlangan mablag‘larni fuqarolar tomonidan ilgari surilgan (ijtimoiy ahamiyatga ega) tegishli takliflarga yo‘naltirish, ya’ni moliyalashtirish amaliyotidir.
Yurtimizda so‘nggi yillarda aholi turmush darajasini yaxshilash va fuqarolarni qiynab kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammo hamda kamchiliklarni hal etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Joylarda infratuzilmalarni yaxshilash hamda tizimli muammoga aylanib ulgurgan ichimlik suvi ta’minoti, tabiiy gaz hamda ta’lim muassasalari binolari va yo‘llarni ta’mirlash singari muammolarni hal etish pirovard maqsadlardan hisoblanadi.
Mazkur jarayonlarda fuqarolarni jalb etish va budjet mablag‘lari sarflanishida aholining o‘z fuqarolik pozitsiyalaridan to‘liq foydalangan holda o‘zlarini qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolarning hal etilishida ishtirok etish mexanizmi tashkil etilganini kuzatish mumkin.
Fuqarolarning budjet jarayonida ishtirok etishi shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, bu orqali davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirish va korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
2019-yildan boshlab Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi ko‘magida jamoatchilik ixtiyoriga “Ochiq budjet” axborot portali taqdim etildi va “Tashabbusli budjet” jarayonlari o‘tkazilib kelinmoqda. 2021-yildan esa mazkur jarayonlar to‘liq takomillashgan holda yangilangan talqinda o‘tkazilib kelinmoqda.
1-jadval
“Ochiq budjet” axborot portalida o‘tkazilgan “Tashabbusli budjet” jarayoniga fuqarolarning jalb etilishi to‘g‘risida yillar kesimida
MA’LUMOT
ERISHILGAN NATIJALAR
Mamlakatimizda besh yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan “Tashabbusli budjet” jarayonlari mazkur sohaning insonlar hayotidagi o‘rni qanchalik dolzarbligi va ushbu loyiha jamiyatimizdagi mavjud ijtimoiy muammolarni hal etishda muhim “dastak” sifatida xizmat qilishini yana bir bor isbotlab berdi.
2021-yil sarhisobi
2021-yilda o‘tkazilgan tashabbusli budjetlashtirish jarayonida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarda bayon etilgan o‘rinli va dolzarb muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, davlat budjetini shakllantirish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqish jarayoniga aholini faol jalb etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–5250-sonli qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi “Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5072-sonli qaroriga asosan, “Ochiq budjet” axborot portali 2021-yilning 1-iyulidan boshlab, respublikaning barcha tuman va shaharlarida jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish va moliyalashtirish bo‘yicha to‘laqonli ishga tushirilgan.
2021-yilda yangilangan talqinda o‘tkazilgan dastlabki “Tashabbusli budjet” jarayoni uch bosqichda bo‘lib o‘tib, “Ochiq budjet” axborot portalida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar tomonidan jami 41 125 ta taklif bildirilgan.
Kelib tushgan takliflar tahliliga ko‘ra, fuqarolarni eng ko‘p qiynab kelayotgan muammolar sifatida 13 853 ta (jami takliflarning 34 foizi) taklif ichki yo‘llarni ta’mirlash va tartibga keltirish bilan bog‘liqdir. Bildirilgan takliflar hududlar kesimida olinganda eng ko‘p takliflar kelib tushgan hududlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 6 523 ta, Buxoro viloyati – 5 651 ta, Namangan viloyati – 4 414 tani tashkil etgan.
Kelib tushgan takliflardan 21 833 tasi (53 foiz) hududlarda tashkil etilgan ishchi komissiya tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq deb topilib, ovoz berish jarayoniga o‘tkazilgan. Ovoz berish jarayoni davomida mamlakatimiz bo‘ylab jami 1 149 ming nafar fuqaro o‘zlarini qiziqtirgan takliflarga ovoz berdi. Shundan Portalda ro‘yxatdan o‘tgan holda 95,0 ming, SMS qisqa xabar orqali – 988,4 mingta hamda internet tarmog‘iga ulanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun joriy etilgan oflayn tizim orqali – 65,9 ming ta ovoz kelib tushgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-sentabrdagi PQ–5250-son qaroriga ko‘ra, tuman (shahar) hokimliklari qoshida tashkil etilgan “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga (Jamg‘arma) Respublika budjetidan jami 117,4 mlrd so‘m mablag‘ quyidagilardan kelib chiqib yo‘naltirilgan:
Jamg‘armada 1 mlrd so‘mdan kam mablag‘ shakllangan tuman va shaharlar uchun qo‘shimcha 57,9 mlrd so‘m;
“Ochiq budjet” axborot portali orqali kelib tushgan takliflar soni 100 tadan ortiq bo‘lgan tuman va shaharlarga qo‘shimcha 59,5 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Yakuniy ma’lumotlarga ko‘ra, ovoz berish jarayoniga o‘tkazilgan jami 22 966 ta taklifdan 530, 5 mlrd so‘mlik 1 599 ta taklif g‘olib deb topilgan.
2022 yil sarhisobi
2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 21-maqsadiga asosan, joriy yildan boshlab barcha tuman va shaharlar budjetlarining 5 foiz qismini fuqarolar tashabbusi uchun yo‘naltirilishi belgilangan. Ushbu maqsadlar uchun joriy yilda tuman va shahar budjetlari hisobidan 1,5 trln so‘m hamda tuman va shahar budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining kamida 30 foiz qismi hisobidan qariyb 400 mlrd so‘m yo‘naltirildi.
Shuningdek, 2022-yilda o‘tkazilgan “Tashabbusli budjet” jarayonlarida respublika bo‘ylab fuqarolar tomonidan 131 mingdan ortiq loyihalar ilgari surildi. Kelib tushgan loyihalar saralash bosqichidan o‘tkazilib, jamoat manfaatlariga xizmat qiluvchi 77,9 mingta loyiha ovoz berish jarayonlariga o‘tkazildi. Ovoz berish jarayoniga o‘tkazilgan loyihalarni yoqlab fuqarolar tomonidan 14 milliondan ortiq ovozlar berildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-apreldagi “Tuman va shahar budjetlari mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi PQ–197-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 oktyabrdagi “Jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–409-sonli qarorlariga asosan, 2022 yilning ikkala mavsumi doirasida har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan jami 503 ta loyiha ham qo‘shimcha ravishda g‘olib deb topilib,
420 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib yil yakunlariga ko‘ra, jami g‘olib deb topilgan jami 4 136 ta loyiha uchun 2,5 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
2023-yil sarhisobi
Joriy yilda o‘tkazilgan “Tashabbusli budjet” jarayonlarida respublika bo‘ylab fuqarolar tomonidan 105 mingdan ortiq loyiha ilgari surildi. Kelib tushgan loyihalar saralash bosqichidan o‘tkazilib, jamoat manfaatlariga xizmat qiluvchi 67,1 mingta loyiha ovoz berish jarayonlariga o‘tkazildi. Ovoz berish jarayoniga o‘tkazilgan loyihalarni yoqlab, fuqarolar tomonidan 34 milliondan ortiq ovozlar berildi.
2-jadval
“Ochiq budjet” axborot portalida o‘tkazilgan “Tashabbusli budjet” jarayonining natijalari
to‘g‘risida sohalar kesimida yillik
MA’LUMOT
Bunda, respublikamizdagi 9 444 ta mahalladan deyarli barcha mahallalar o‘z loyihalari bilan ishtirok etdi.
G‘olib loyihalar sohalar kesimida tahlil qilinganda, 1 605 ta umumta’lim maktabini ta’mirlash va jihozlash tadbirlari, 1 076 ta ichki yo‘lni ta’mirlash loyihalari, 595 ta sog‘liqni saqlash muassasasini ta’mirlash va jihozlash, 184 ta maktabgacha ta’lim muassasasini ta’mirlash va jihozlash, 125 ta ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish yoki ta’mirlash, 63 ta ichimlik suvi va oqova tizimini yaxshilash tadbirlari g‘olib deb topilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-apreldagi “Tashabbusli budjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–117-sonli qaroriga asosan, 2023 yilning fevral–aprel oylari davomida o‘tkazilgan “Tashabbusli budjet” jarayonlarida har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 1309 ta loyihani amalga oshirish uchun 1 311 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, yil yakunlariga ko‘ra, ikkala mavsum doirasida g‘olib deb topilgan jami 4 183 ta loyiha uchun 4,115 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda fuqarolar manfaatlari uchun yaratilayotgan qulayliklar, ularning turmush tarzini yaxshilash bilan bog‘liq amaliyotlarga tatbiq etilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni ko‘pgina sohalarda ko‘rishimiz mumkin. 2019-yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan “Tashabbusli budjet” jarayoni ham shular jumlasidandir. Jarayonlardagi fuqarolarning ishtiroki tendensiyasi o‘sib borishi ham ushbu jarayonlarni fuqarolarning kundalik hayotida kundan kunga dolzarb tus olayotganini quyidagi infografikalar orqali ham ko‘rishimiz mumkin.
Muallif: Xabibulla Xamidov,
Davlat budjeti siyosati departamenti bosh mutaxassisi