Oʼzbekistonda mulkiy huquqlarni noqonuniy tajovuzlardan himoya qilish, mulkdorlar huquqlarini taʼminlashga qaratilgan 300 dan ortiq normativ hujjatlar qabul qilindi. Shu bilan birga, xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash asoslarini takomillashtirish borasida qator tashkiliy choralar amalga oshirildi.
Birinchidan, 2017–2021 yillarda Oʼzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʼnalishlari boʼyicha harakatlar strategiyasida xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yoʼnalishlaridan biri sifatida belgilandi;
Ikkinchidan, mamlakatimizda xususiylashtirilgan davlat mulki negizida xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, tadbirkorlik subʼektlarini amaliy qoʼllab-quvvatlash, shuningdek, davlat mulkidan foydalanish samaradorligini oshirishning huquqiy asoslari yaratildi;
Uchinchidan, xususiy mulk va mulkdorlar huquqlarini himoya qilishning kafolatlari kuchaytirildi, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʼllab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimi yaratildi, shuningdek, tadbirkorlik subʼektlarining imkoniyatlari kengaytirildi;
Toʼrtinchidan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 yanvardagi “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi farmoni asosida yuridik va jismoniy shaxslar oʼzlariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida tegishli boʼlgan yer uchastkalarini qonunchilikka muvofiq xususiylashtirish imkoniyatlari yaratildi;
Beshinchidan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori asosida davlat tasarrufidagi mulklarni xususiylashtirish, yaʼni iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektorni rivojlantirish uchun qoʼshimcha shart-sharoitlar yaratildi;
Oltinchidan, 2022–2026 yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash maqsadiga erishish uchun xususiy mulk daxlsizligi va himoyasi kafolatlarini kuchaytirish, mulkiy, shu jumladan, yer uchastkasiga boʼlgan huquqlarni soʼzsiz taʼminlash, xususiy mulk ustuvorligini asosiy tamoyil sifatida belgilash, davlat idorasining rasmiy maʼlumotiga ishonib mol-mulk sotib olgan shaxsning huquqini himoya qilish tizimini joriy etish choralari koʼrilmoqda;
Yettinchidan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 24 avgustdagi “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yoʼl qoʼymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi farmoni asosida xususiy mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini bevosita yoki bilvosita cheklashni nazarda tutuvchi, mulkiy munosabatlarda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini toʼliq joriy etishga toʼsqinlik qiluvchi tartiblar, talablar va cheklovlar bekor qilindi.
Mazkur yoʼnalishdagi islohotlar doirasida tizimning shaffofligini taʼminlashda axborot texnologiyalari joriy etilmoqda. Jumladan, 2023 yilning 1 yanvaridan eʼtiboran koʼchmas mulk obʼektlariga boʼlgan huquqlarning davlat reestri hamda koʼchmas mulk obʼektlari haqidagi maʼlumotlar yuritiladigan, maʼlumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan kadastr va koʼchmas mulklarni roʼyxatdan oʼtkazishga yoʼnaltirilgan yagona “UZKAD” integratsiyalangan axborot tizimi faoliyati yoʼlga qoʼyildi. Tizimga koʼchmas mulk obʼektlariga oid maʼlumotlar yuritilayotgan boshqa barcha davlat axborot tizimlari integratsiya qilinib, real vaqt rejimida onlayn maʼlumot almashinuvi, koʼchmas mulk bilan bogʼliq bitimlarni rasmiylashtirish va davlat roʼyxatidan oʼtkazish joriy qilingan.
Xalqaro tajribadan maʼlumki, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 17-moddasida “Har bir inson yakka holda, shuningdek, boshqalar bilan birgalikda mulkka egalik qilish huquqiga ega. Hech kim zoʼravonlik bilan oʼz mulkidan mahrum etilishi mumkin emas”ligi alohida qayd etilgan. Frantsiyaning 1789 yildagi “Inson va fuqaroning huquq va erkinliklari deklaratsiyasi” xususiy mulk kafolatlarini belgilab bergan konstitutsiyaviy ahamiyatga ega boʼlgan birinchi hujjat hisoblanib, unda xususiy mulk insonning tabiiy va ajralmas, muqaddas va daxlsiz huquqi sifatida koʼrsatilgan. Germaniya Konstitutsiyasida mulk va meros huquqlari kafolatlanishi, ularning mazmuni va chegaralari qonunlar bilan tartibga solinishi, Daniyada xususiy mulk daxlsiz ekanligi, hech kim oʼz mulkidan voz kechishga majburlanishi mumkin emasligi, faqat jamoatchilik foydasi uchun talab qiladigan holatlar bundan mustasnoligi, Indoneziyada har bir inson shaxsiy mulkka egalik qilish huquqiga ega va bunday mulk har qanday tomon tarafidan nohaq tortib olinishi mumkin emasligi, Gruziyada esa xususiy mulkka boʼlgan umumiy huquqni bekor qilish taqiqlanishi belgilangan.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan oʼtkazilgan konstitutsiyaviy islohotlar natijasida 2023 yilning 30 aprelida qabul qilingan Yangi tahrirdagi Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida “inson — jamiyat — davlat” tizimi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar bilan mustahkamlandi. Jumladan, xususiy mulk daxlsizligi, mulkdor oʼz mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi konstitutsiyaviy norma darajasida kafolatlandi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati va u koʼrgan zararlarning oʼrni oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi taʼminlanishi belgilandi. Qolaversa, Аsosiy Qonunimizning 68-moddasi ikkinchi qismida yer xususiy mulk boʼlishi konstitutsiyaviy darajada belgilandi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, xususiy mulkning daxlsizligini taʼminlash va himoya qilishda mulkdorlarning huquqlari hamda qonun bilan qoʼriqlanadigan manfaatlarini buzilishini oldini olish borasida profilaktik chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu borada aholining mulkiy munosabatlarga oid huquqiy bilimlarini muntazam oshirib borish, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillarining mulkiy huquqlarni taʼminlash boʼyicha huquqiy madaniyatini oshirib borish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mulk huquqi buzilishi holatiga mutlaqo murosasiz munosabatini shakllantirish, bu borada profilaktik choralarni kuchaytirish, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulki, boshqa huquq va erkinliklariga tajovuzlardan sud orqali himoyalanishga boʼlgan ishonchini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega. Zero, faqat barcha davlat organlarining konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlash boʼyicha birgalikdagi saʼy-harakatlari mamlakatda inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanligi toʼgʼrisidagi umuminsoniy printsiplarning amalga oshirilishini kafolatlaydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev “jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqi kafolatlarini taʼminlash maqsadida xalqaro andozalarga javob beradigan islohotlarimizni bundan buyon ham qatʼiy davom ettiramiz, deya alohida taʼkidlab oʼtgan edi. Xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash, turli toʼsiqlardan himoya qilish, xususiy mulkni saqlash va koʼpaytirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, mulkdorlarni qoʼllab-quvvatlash, oʼziga tegishli boʼlgan mol-mulkka mustaqil egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish – bu huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning muhim mezoni boʼlib qoladi. Bu borada yangilangan Konstitutsiyamizda belgilangan kontseptual normalar ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy hayotning barcha sohalarini tadrijiy yoʼl bilan takomillashtirishga huquqiy poydevor boʼlib xizmat qilmoqda.
Rustam Xatamov,
Oʼzbekiston Respublikasi IIV Аkademiyasi boshligʼi,
yuridik fanlar boʼyicha falsafa doktori (PhD), dotsent