Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Oʼzbekistonning ekologik tashabbuslari Markaziy Osiyoda sogʼlom va barqaror muhitni yaratishga qaratilgan



Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyoda iqlim oʼzgarishlarining salbiy oqibatlari jiddiy darajada sezilmoqda. Mintaqamizda havo haroratining oshishi jahondagi oʼrtacha koʼrsatkichdan ikki baravar koʼpdir. Favqulodda issiq kunlarning soni ikki barobar ortishi va muzliklar maydonining uchdan bir qismi yoʼqolishi kuzatilmoqda. Soʼnggi 30 yilda Markaziy Osiyoda isish surʼati dunyo boʼylab oʼrtacha koʼrsatkichdan yuqori boʼlib, oʼrtacha yillik harorat 0,5 darajaga oshgan. Prognozlarga koʼra, 2085 yilgacha harorat 2,0-5,7 darajaga oshishi kutilmoqda.
Oʼzbekiston atrof-muhit sifatini yaxshilash va ekologik muammolarning salbiy oqibatlarining oldini olish uchun faol saʼy-harakatlarni olib bormoqda. Xususan: 
Xalqaro hamkorlik doirasida
Hozirgi vaqtda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlik zarurati barcha mamlakatlarning bir-biriga boʼlgan ekologik bogʼliqligining oʼsib borishi bilan belgilanadi. Ozon qatlamining buzilishi, atmosfera va okeanlarning ifloslanishi hamda sayyoramizdagi haroratning koʼtarilishi ekologik xavfli faoliyatga yoʼl qoʼyilgan mamlakatlarga emas, balki butun dunyo hamjamiyatiga oʼz taʼsirini koʼrsatadi. Shu sababli bugungi kunda qator davlatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan ekologik xafvsizlik masalalarida hamkorlikni yoʼlga qoʼygan. Bunday hamkorlik xalqaro hamjamiyat tomonidan umumeʼtirof etilgan qator tamoyillarga asoslanadi. Ular qisman davlatlararo shartnomalar va aktlarda, xalqaro tashkilotlarning normativ hujjatlarida oʼz aksini topgan va, asosan atrof-muhitni muhofaza qilish va bu sohada davlatlar hamda xalqlar oʼrtasidagi hamkorlikni tartibga solishga bagʼishlangan eng muhim xalqaro konferentsiyalar qarorlarida umumlashtirilgan.
Аynan shulardan kelib chiqib, Oʼzbekiston iqlim oʼzgarishiga qarshi kurashish uchun mintaqani birlashtirishga qaratilgan muhim iqlim tashabbuslarini faol ilgari surmoqda. Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning bu gʼoyalari mintaqa mamlakatlari tomonidan doimiy ravishda qoʼllab-quvvatlanmoqda.
Markaziy Osiyo uchun yagona iqlim kun tartibini shakllantirishning mantiqiy davomi sifatida Oʼzbekiston tomonidan davlat rahbarlarining 5-yigʼilishida iqlim oʼzgarishiga moslashish boʼyicha Mintaqaviy strategiya ishlab chiqish tashabbusi eʼlon qilindi. Bundan tashqari, Oʼzbekiston rahbari ekologiya vazirlari darajasidagi koʼp tomonlama platforma – «Markaziy Osiyo iqlim muloqoti»ni tashkil etishni taklif qildi, u esa, Markaziy Osiyo mamlakatlarining «yashil» rivojlanish yoʼlida integratsiyalovchi boʼgʼin boʼlishi mumkin. 
Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʼzgarishi boʼyicha konferentsiyasida (SOP28) ham bir qator takliflarni ilgari surdi. Jumladan, Prezidentimiz Parij shartnomasi doirasida Iqlim oʼzgarishiga moslashish sohasidagi Global hadli mexanizmni tezroq kelishishga chaqirdi. Shu bilan birga, Global miqyosda kam uglerodli iqtisodiyotga oʼtish adolatli, shaffof va inklyuziv boʼlishi zarurligi, bunda rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlari albatta inobatga olinishi juda muhimligini qayd etdi. Ushbu dolzarb muammoni muntazam ravishda, shu jumladan «Katta yettilik» va «Katta yigirmalik» formatlari kun tartiblarida koʼrib chiqib borishni taklif qildi. 
Mamlakatimizdagi ekologik islohotlar doirasida 
“Yashil” iqtisodiyotga oʼtish strategiyasi
Oʼzbekiston 2019–2030 yillarga moʼljallangan «yashil» iqtisodiyotga oʼtish strategiyasini qabul qildi. Mazkur strategiyaning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
Tabiiy resurslarni asrab-avaylash: Sugʼorish tizimlarini modernizatsiya qilish, suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish.
Muqobil energiya manbalaridan foydalanish: Quyosh, shamol va biomassa energiyasidan foydalanishni kengaytirish.
Iqtisodiyot tarmoqlarida tejamkor vositalarni joriy etish: Ishlab chiqarish va xizmat koʼrsatish sohalarida energiya samaradorligini oshirish.
Ekologik qonunchilikni takomillashtirish
Oʼzbekistonda ekologik barqarorlikni taʼminlash uchun qonunchilik ham takomillashtirilmoqda. Bu qonunlar atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni saqlash sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan. 
«Oʼzbekistonda barqaror oʼrmon landshaftlarini tiklash» loyihasi
«Oʼzbekistonda barqaror oʼrmon landshaftlarini tiklash» loyihasi Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida amalga oshirilmoqda. Loyiha qiymati 205 million dollardan ortiq boʼlib, u 6 yil davomida amalga oshirilib boriladi. Maqsadlar qatoriga oʼrmonlar hududini kengaytirish, oʼrmon xoʼjaliklari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, barqaror boshqaruvni joriy etish va ekoturizm infratuzilmasini rivojlantirish kabi vazifalarning ham kiritilganligi muhim ahamiyatga ega.
«Oʼzbekiston – 2030» strategiyasi
2023 yilning 11 sentyabrida Oʼzbekiston Prezidentining Farmoni bilan qabul qilingan «Oʼzbekiston – 2030» strategiyasida suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish doirasidagi islohotlar ustuvor maqsadlardan biri sifatida belgilandi. Strategiya doirasida qator chora-tadbirlar nazarda tutilgan boʼlib, ular samarali amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan,
«Yashil makon» umummilliy loyihasi
2024 yilda «Yashil makon» umummilliy loyihasi tadbirlarini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 7 martdagi 144–F-sonli farmoyishi qabul qilindi. Ushbu loyiha Oʼzbekistonning ekologiyasini yaxshilash va yashil hududlarni kengaytirish maqsadida qator muhim tashabbuslarni oʼz ichiga olgan.
«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 2024 yil bahorgi koʼchat ekish mavsumida Respublika boʼyicha 138,1 million tup daraxt koʼchatlari oʼtqazildi. Bu koʼrsatkich rejaga nisbatan 110,5 foizni tashkil etdi. Loyihaning ushbu qismi nafaqat ekologiyani yaxshilash, balki shaharlarimizning estetik koʼrinishini yaxshilashga ham qaratilgan.
«Yashil bogʼlar» va «Yashil belbogʼlar» 
Hususan, 257 ta «Yashil bogʼlar» barpo etildi, ularning umumiy soni 517 taga yetdi. Shuningdek, sanoat korxonalari hududlari va atrofida 5,3 million tup daraxt koʼchatlarini ekish orqali «Yashil belbogʼlar» tashkil qilindi. Ushbu saʼy-harakatlar sanoat korxonalarining taʼsirini kamaytirish va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida amalga oshirildi.
Tashkilot va idoralarning tashabbuslari
Yuqoridagi eʼtirof etilgan ishlar boʼyicha vazirlik va idoralar ham oʼz hissasini qoʼshmoqda. Xususan, Mudofaa vazirligi 100 gektar, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Togʼ-kon sanoati va geologiya vazirligi 65 gektardan bogʼ yaratdi. Ushbu saʼy-harakatlar loyihaning keng qamrovli va barqarorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Daraxt ekish va chiqindilarni qayta ishlash
Yurtimizda avtomobilь va temir yoʼl boʼylari, daryo va kanal yoqalari, sanoat korxonalari va yoqilgʼi quyish shoxobchalari atrofida ham daraxtlar ekilishi yoʼlga qoʼyilgan. Bular, ayniqsa, transport va sanoatning atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirishga qaratilgan.
Yurtimizda yiliga oʼrtacha 6,8 million tonna maishiy chiqindi hosil boʼladi. Soʼnggi yillarda sanitar tozalash xizmati bilan qamrab olingan mahallalar soni 90 foizdan oshdi. Chiqindilarni qayta ishlash darajasi 2024 yil 1 iyulь holatiga 38,1 foizni tashkil etdi, fevralь holatiga bunday korxonalar soni 313 tani tashkil etdi.
Chiqindilarni qayta ishlash va poligonlar
Chiqindi poligonlarini tartibga keltirish va chiqindilarni qayta ishlash boʼyicha yangi tizim yoʼlga qoʼyilmoqda. Har bir viloyatda joylashuvi qulay boʼlgan 3-4 tadan poligon maxsus eko-sanoat zonasiga aylantirilib, qayta ishlash loyihalari amalga oshirilmoqda. Qolgan poligonlarda chiqindini vaqtincha toʼplab, qayta yuklaydigan stantsiyalarni ishga tushirish boʼyicha yangi amaliyot qoʼllanilmoqda. Resursini oʼtab boʼlgan poligonlar yopilib, ularning atrofida terak, tut, gujum va zarang ekilib, «yashil belbogʼlar» barpo etilmoqda.
Umuman olganda, mazkur loyihalar mamlakatimizda ekologik muammolarni bartaraf etish va aholi uchun sogʼlom muhit yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur loyihalar orqali Oʼzbekiston ekologik barqarorlikka erishishga va yashash sifatining yaxshilanishiga intilayotganini koʼrsatadi.

Аvazbek Xalbekov
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi boʼlimi boshligʼi



  ...