O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-9 avgust kunlari davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘ladi. Mamlakatimiz yetakchisi tashrif davomida Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvida va “Markaziy Osiyo+Yaponiya” formatidagi sammitda ishtirok etadi.
Ushbu tashrif ikki davlatning ittifoqchilik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ladi.
Co‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlar misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilib, ikki va ko‘p tomonlama asosdagi konstruktiv hamda o‘zaro manfaatli sheriklikning namunasini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari mintaqani mustahkamlash, shuningdek, xalqaro hamkorlikning tobora ommalashib borayotgan mexanizmiga aylanib borayotgan Maslahat uchrashuvlari va “Markaziy Osiyo plyus” platformalari doirasida sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, global va mintaqaviy siyosat masalalarida bir-birini qo‘llab-quvvatlashga sodiqdirlar.
Mamlakatlar xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar – BMT, SHHT, MDH, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va boshqa tuzilmalar doirasida ham o‘zaro munosabatlarni samarali mustahkamlab kelmoqda.
Parlamentlararo aloqalar va idoralararo hamkorlik faol muloqot, muntazam tashriflar almashinuvi bilan ajralib turadi va yangi amaliy mazmun bilan to‘ldirilmoqda. Ikki tomonlama aloqlarning huquqiy asoslari mustahkamlandi.
1997 yildan buyon O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya faoliyat ko‘rsatmoqda, 2018 yilda esa ikki tomonlama munosabatlarning yangi mexanizmi – Hududlararo hamkorlik forumi ishga tushirildi.
Qozog‘iston O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo sheriklaridan biri sanaladi. Mamlakatimiz umumiy tashqi savdo hajmining 9,3 foizi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘sib bormoqda va 2023 yilda bu ko‘rsatkich 4,4 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda qozoq kapitali ishtirokidagi korxonalari soni keskin ortdi. Xususan, bugungi kunda mamlakatimizda 1100 ta Qozog‘iston tomoni investitsiyasi asosida ochilgan korxonalar faoliyat yuritmoqda. O‘z navbatida, Qozog‘istonda 1400 dan ortiq o‘zbek kapitali ishtirokidagi korxonalar mavjud.
Transport kommunikatsiyalari sohasida ham ikki mamlakatning avtomobil va temir yo‘llari integratsiyalashgan. Bu muhim transport aloqa tarmog‘i uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini bajarmoqda. 2023 yilda temir yo‘l transportida xalqaro tashish hajmi 23,46 million tonna, avtomobil transportida 2,1 million tonna, havo transportida esa 90 ming tonnani tashkil etdi.
Investitsiya, sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, farmatsevtika, qurilish va boshqa sohalarda ham aloqalar kengayib bormoqda. Bu sa’y-harakatlarga qo‘shimcha turtki berish maqsadida Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini qurish loyihasi faol amalga oshirilayotir.
O‘zbekiston va Qozog‘iston barcha yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirib, yaqin qo‘shnilar sifatida Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va farovonlikni ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikning mustahkam poydevori ularning tarixiy, ma’naviy va madaniy yaqinligi sanalib, ushbu rishtalar hozirgi bosqichda madaniy-gumanitar aloqalarni samarali rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
E’tiborlisi, mamlakatimizda qozoq millati vakillarining o‘z ona tilini asrab-avaylashi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Xususan, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qoraqalpog‘iston davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Nukus, Jizzax va Navoiy davlat pedagogika institutlarida qozoq tili fakulteti hamda qozoq tili va adabiyoti bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
2022 yil 22 dekabrda imzolangan Oliy ta’lim va oliy ta’limdan keyingi ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, shuningdek, ikki mamlakat universitetlari o‘rtasida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi 280 dan ortiq hujjatlar asosida akademik almashinuv faol rivojlanmoqda, qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy-tadqiqot ishlari va loyihalar amalga oshirilmoqda, ilmiy-amaliy anjumanlar, seminarlar muntazam tashkil etilmoqda. O‘zbekiston shaharlarida har yili Qozog‘iston oliy o‘quv yurtlarining ko‘rgazma va yarmarkalari – Qozog‘iston ta’lim kunlari o‘tkazilyapti.
O‘zaro madaniy-ma’rifiy tadbirlar – Madaniyat kunlari, kino, sport musobaqalarini o‘tkazish ham an’anaviy tus olgan. Shu o‘rinda, O‘zbekiston va Qozog‘istonning ijodiy jamoalari ikki mamlakatda o‘tkazilayotgan xalqaro tanlov, festival, yarmarka va ko‘rgazmalarda faol ishtirok etayotganini qayd etish kerak.
2022 yilda butun O‘zbekiston bo‘ylab qozoq xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Abay Qo‘nonboyev hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi. 2022 yil dekabr oyida O‘zbekistonga oliy darajadagi davlat tashrifi chog‘ida ikki mamlakat rahbarlari buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani birgalikda tomosha qilishdi.
Ayni paytda yagona turizm brendini yaratish va sayyohlik klasterlarini ishga tushirish bo‘yicha ishlar faol davom etmoqda. Ikki davlatning jug‘rofiy jihatdan yaqinligi, shuningdek, ulkan tarixiy-madaniy meros va sayyohlik imkoniyatlari mavjudligini inobatga olgan holda, bunday yondashuv, ekspertlarning fikricha, Markaziy Osiyoga sayyohlar oqimini oshirish va ikki xalq madaniy merosini yanada ommalashtirishga yordam beradi.
Maqolamiz boshida qayd etib o‘tganimizdek, davlat tashrifi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etadi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash kerakki, mintaqaviy hamkorlikning ushbu mexanizmi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan. Forumlar doirasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari mintaqaviy savdo-sotiq, transport-tranzit salohiyatini, sanoat kooperatsiyasini, suv-energetika aloqalarini yanada rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdilar.
Mazkur platforma ishga tushirilgandan so‘ng beshta samarali sammit bo‘lib o‘tdi va ular mintaqadagi ko‘p tomonlama hamkorlik rivojiga yangi sur’at bag‘ishladi.
Bugungi kunda mintaqada qulay siyosiy muhit yaratilgani xalqaro maydonda e’tirof etilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida Markaziy Osiyo farovon, barqaror hamda investitsiyalar va hamkorlik uchun jozibador manzilga aylanayotir.
2022 yilda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi sammit chog‘ida mintaqa tarixida birinchi marta “XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida”gi shartnoma imzolangan edi.
Mintaqadagi qulay ishbilarmonlik muhiti o‘zaro savdo va investitsiyalarning o‘sishiga yordam beradi. Ushbu jihat 2016-2023 yillarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 3 barobarga, ya’ni 2,5 milliard dollardan 7,2 milliard dollarga o‘sishida muhim omil bo‘ldi.
Umuman olganda, bugungi kunda mintaqaviy sheriklikni chuqurlashtirish va rivojlantirish, uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam va hamkorlik solnomasida Markaziy Osiyo davlatlari uchun chinakamiga yangi sahifa ochildi.
Shu nuqtayi nazardan, Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan ikki tomonlama va mintaqaviy sammitlar tomonlarning samarali va o‘zaro manfaatli aloqalarini mustahkamlash hamda Markaziy Osiyo mintaqasining xalqaro nufuzini oshirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlashi barobarida kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradi.
“Dunyo” AA