Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Birinchi yarim yillikdagi iqtisodiy natijalar va yil yakunigacha moʼljallangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 17 iyul kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy oʼsish surʼatlarini taʼminlash boʼyicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʼilishi oʼtkazildi.

Аvvalo, bajarilgan ishlar qisqacha aytib oʼtildi. Joriy yilning olti oyida yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga koʼpaygan. Sanoat 7,8 foizga, qurilish 10,1 foizga, xizmatlar 12,9 foizga, qishloq xoʼjaligi 3,8 foizga oʼsgan. Byudjet daromadlari ham 113 trillion soʼmga yetib, 14 foiz oshgan.

Umuman, yil boshidan buyon respublikada yaratilgan qoʼshilgan qiymat 567,4 trillion soʼmga, yaʼni 45,1 milliard dollarga yetgan. Bunday raqamlar ilgari boʼlmagan.

Oʼtgan davrda jami kapital qoʼyilmalar 229 trillion soʼmni tashkil qilgan. Shundan 15,5 milliard dollari xorijiy investitsiyadir. Аndijon, Buloqboshi, Qorakoʼl, Karmana, Davlatobod tumanlari, Namangan va Samarqand shaharlari investitsiyasi 100 million dollardan, Sharof Rashidov, Forish, Yangi Namangan, Ohangaron tumanlarida esa 70 million dollardan oshgan.

Yil boshidan 3,5 milliard dollarlik 3 mingta loyiha ishga tushib, 76 mingta yuqori daromadli doimiy ish oʼrni yaratilgan. Tadbirkorlik uchun 82 trillion soʼm kredit va 15,5 trillion soʼm subsidiya berilib, 600 ming aholi biznesga jalb qilingan. Yengillik va imtiyozlar tufayli tadbirkorlarda 56,3 trillion soʼm mablagʼ qolgan.

“Yashil energetika” sohasidagi ishlar ham natija bera boshladi. Hozirgacha ishga tushgan 2,4 gigavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stantsiyalari hisobiga yarim yillikda 1,6 milliard kilovatt “yashil energiya” olindi. Bu yarim milliard kubmetr gazni tejash imkonini berdi.

Shu yilning oʼzida mahallalarni obod qilish, bogʼcha, maktab, tibbiyot, yoʼl, suv, elektr kabi infratuzilmani yaxshilash uchun byudjetdan 31,5 trillion soʼm ajratilgan. Bunga qoʼshimcha yana 1,5 trillion soʼm beriladi.

Oʼtgan olti oyda 18 ming 600 ta yangi xonadon qurib, topshirilgan. 26 mingta oilaga 7 trillion soʼmga yaqin ipoteka krediti ajratilgan. Ular boʼyicha boshlangʼich toʼlov va foizni qoplash uchun 545 milliard soʼm subsidiya berilgan.

Davlatimiz rahbari yigʼilishda koʼproq mummolar boʼyicha gapirib, aniq reja va vazifalarni belgilash zarurligini taʼkidladi.

– Dunyodagi ogʼir sharoitga qaramasdan, barqaror iqtisodiy oʼsish yoʼlida aniq natijalarga erishayapmiz. Buni Xalqaro valyuta jamgʼarmasi, Jahon banki, hamkor davlatlar rahbarlari, reyting tashkilotlari, yirik investorlar ham eʼtirof etayapti. Lekin, bugun kamchiliklarni koʼrsatib, zaxiralarni ishga solish boʼyicha aniq vazifalarni belgilab olsak, foydali boʼladi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Birinchi boʼlib, iqtisodiyot, moliya, soliq, tadbirkorlikni qoʼllab-quvvatlash va kambagʼallikni qisqartirish masalalari muhokama qilindi.

Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va Gʼijduvon tajribalari natijasida olti oyda 4 mingdan ortiq mahalla sanoat va qishloq xoʼjaligiga ixtisoslashgan, 1 million 600 ming aholi rasmiy band boʼlgan, 712 mingta yangi daromad soligʼi toʼlovchi paydo boʼlgan.

Yigʼilishda bularga yangi turtki berish maqsadida qoʼshimcha choralar belgilandi. Xususan, endi tuman hokimi, bank rahbari va mahalla raisi bir boʼlib ishlash boʼyicha uch tomonlama shartnoma tuzadi. Joriy yil 1 dekabrgacha “Sayxunobod tajribasi” asosida xonadonlar uchun moliyaviy paket qilib beriladi. Bu orqali 495 ming aholining bandligi taʼminlanadi. Ikkinchi yarim yillikda “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi qamrovi 1,5 barobar oshirilib, 4 trillion soʼm ajratiladi.

“Uychi tajribasi”ga asosan, tuman hokimi va bank rahbarlari tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning biznesini kengaytirishga koʼmaklashadi. Bunda hokim yer, elektr, suv, yoʼl va boshqa infratuzilma masalasini, bank esa mablagʼni hal qiladi. Bu orqali yil yakunigacha 670 ming aholi bandligini taʼminlash mumkinligi aytildi.

“Gʼijduvon tajribasi” asosida yil yakuniga qadar mingta mahallaning oʼzida koʼp qavatli sanoat binolari tashkil qilinadi. Ularga xonadonlardagi ishlab chiqarishlar koʼchiriladi. Ushbu binolarning yuqori qavatlarida ishlaydigan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi. Bu 140 ming ish oʼrnini “soyadan” chiqarishga sharoit yaratadi.

“Zarbdor tajribasi” asosida tumanlarda sanoat, savdo, xizmat va zamonaviy agrotexnologiyalar sohasida drayver loyihalar qilinadi. Ularni amalga oshirishga bu yil qoʼshimcha 500 milliard soʼm ajratiladi. Bu orqali yana 150 ming ish oʼrni boʼladi.

Bosh vazirga mazkur toʼrtta tajribani qoʼllagan holda, yil yakunigacha 2 million 416 ming aholi bandligini taʼminlash rejasini tumanlar kesimida tasdiqlash topshirildi.

Byudjetga tushumlarni taʼminlash masalasi ham koʼrib chiqildi. Korxonalar va tadbirkorlarga koʼmak berib, daromadini oshirish orqali soliq tushumini koʼpaytirish muhimligi taʼkidlandi. Tadbirkorga ortiqcha toʼlov qildirgan masʼullar jazolanishi haqida qatʼiy ogohlantirildi.

Xususiylashtirish dasturining bajarilishi, yirik korxonalarda tannarxni pasaytirish ishlari sustligi koʼrsatib oʼtildi.

Endi tadbirkorlarga imtiyoz va subsidiyalar maqsadli koʼrsatkichi bilan bir yilga berilishi, natijasiga qarab muddati uzaytirilishi yoki bekor qilinishi aytildi.

Bu yil hududiy korxonalarda 164 trillion soʼmlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Lekin, Kogon shahri, Qorovulbozor, Zafarobod va Mirzaobod tumanlarida sanoat pasaygan. Mutasaddilarga yil yakunigacha kam quvvatda ishlayotgan 2 mingta korxonani rivojlantirish vazifasi qoʼyildi.

Faoliyatida tizimli kamchiliklarga yoʼl qoʼygan 28 ta tuman-shahar hokimiga nisbatan intizomiy jazo qoʼllandi. Qoraoʼzak, Taxiatosh, Uchquduq, Toshkent, Furqat, Gurlan, Mirzaobod, Yangiariq, Mingbuloq tumanlari, Gʼozgʼon shahri hokimlari lavozimidan ozod qilindi.

Yigʼilish kun tartibidagi navbatdagi masalalar transport, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xoʼjaligi sohalari boʼyicha boʼldi.

Аvvalo, qurilishda tannarxni pasaytirish masalasi tahlil qilindi. Yer va qurilish materiallaridan tashqari loyihani kelishish, maxsus texnik shartlar olishdagi qiyinchiliklar koʼrsatib oʼtildi. Eng katta “xufyona iqtisodiyot” ham qurilishda.

Shu bois Qurilish vazirligiga sohada tadbirkorlik uchun toʼsiq boʼlayotgan barcha tartib-taomillarni yangilash vazifasi qoʼyildi.

Sifat va tartibni kuchaytirish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xoʼjaligi sohasida nazorat qilish inspektsiyasi hukumat tarkibiga oʼtkazilib, vakolatlari kengaytiriladi. Ruxsatsiz yoki loyihadan chetga chiqib qilinayotgan qurilishlar boʼyicha jazo choralari kuchaytiriladi.

Yangi loyihalarda tadbirkorlar uchun elektr va gazdan texnik shartlar olish raqamlashtiriladi. Bunda tarmoqqa ulanish nuqtasini inson omilisiz avtomatlashgan tarzda tanlash tizimi joriy qilinadi.

Bu yilgi Investitsiya dasturida 1 ming 896 ta loyihaga 20,5 trillion soʼm ajratilgan. Jumladan, 618 ta maktab, 176 ta bolalar bogʼchasi, 80 ta poliklinika va 67 ta shifoxona qurilib jihozlanishi belgilangan.

2 ming 152 ta koʼp qavatli uy-joy barpo qilib, 100 mingdan ziyod xonadonni foydalanishga topshirish reja qilingan. 570 ming gektarda suv taʼminotini yaxshilash, 13 ming kilometr yoʼl va 195 ta koʼprikni foydalanishga topshirish koʼzda tutilgan.

Jamoat transportida elektron toʼlov tizimini toʼliq joriy qilish, barcha viloyat markazlarida yoʼlovchi tashishni brutto-shartnoma asosida moliyalashtirish masalalariga ham toʼxtalib oʼtildi.

Davlatimiz rahbari bu yoʼnalishlarga birma-bir toʼxtalib, kechikayotgan loyihalarni jadallashtirish boʼyicha topshiriqlar berdi. Bu ishlarning ijtimoiy ahamiyatini, ularni odamlar oʼz hayotida sezishi kerakligini taʼkidladi.

Yigʼilishda investitsiya, eksport va qishloq xoʼjaligidagi masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.

Oʼtgan olti oyda iqtisodiyotga 15,5 milliard dollar xorijiy, shundan 14 milliard dollar toʼgʼridan-toʼgʼri investitsiya kiritilgan. Prezidentimiz ularning natijadorligi tahliliga eʼtibor qaratdi.

Uch yilda kiritilgan har bir dollar investitsiya oʼrtacha uch dollar qiymat yaratgan. Yoki, har 1 ming dollar xorijiy investitsiya soliq tushumini oʼrtacha 600 dollarga oshirgan. Lekin ayrim tarmoqlar va hududlarda bu koʼrsatkich kam.

Mutasaddilarga kelgusi yilga reja qilingan loyihalarni shu nuqtai nazardan birma-bir tahlil qilish topshirildi.

Аvvalgi yillarda chetdan keltirilgan 183 million dollarlik 593 ta uskunani tezroq oʼrnatib, ishga tushirish zarurligi aytildi. Toʼliq ishlamayotgan investitsiya loyihalarini “jonlantirish”, muammolarini hal etish chora-tadbirlari belgilandi.

Joriy yilda sanoat zonalari infratuzilmasi uchun 1,5 trillion soʼm ajratilgan. Shuningdek, Taraqqiyot va tiklanish jamgʼarmasidan berilgan 650 million dollar arzon resurs, banklarda xorijdan jalb qilingan 1 milliard dollar mablagʼ bor. Ushbu mablagʼlardan samarali foydalanib, loyihalarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Olti oyda mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarish 34 foizga oʼsgan. Shu oʼrinda, yirik investitsiya loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushini koʼpaytirish vazifasi qoʼyildi.

Shu bois viloyat hokimlari va tarmoq rahbarlariga hududlardagi 50 milliard dollarlik 200 ta yirik loyihani tahlil qilib, tovar va xizmatlarni mahalliylashtirish boʼyicha dastur ishlab chiqish topshirildi. Hududiy korxonalarning kooperatsiya portalidagi ishtirokini jonlantirish muhimligi aytildi.

Eksport masalalari tahlil qilinar ekan, tarmoq va hududlar yil boshidan 8,7 milliard dollarlik mahsulotini chetga sotgani qayd etildi. Lekin 9 ta tumanda eksport oʼtgan yilgi koʼrsatkichning yarmiga ham yetmagan.

Keyingi paytlarda koʼplab davlatlar ichki bozorini himoya qilish uchun tarif va notarif toʼsiqlarni belgilamoqda. Tegishli vazirlik va idoralarga ushbu toʼsiqlarni yumshatish boʼyicha kelishuvga erishish topshirildi.

Joriy yilning birinchi yarmida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 910 million dollarni tashkil qildi. Bu sohada birinchi galda qayta ishlangan meva-sabzavot eksportini keskin koʼpaytirish kerakligi taʼkidlandi.

Hozirda saqlash, saralash va qayta ishlash quvvatlarini oshirish boʼyicha 382 ta loyiha boshlangan. Yil yakunigacha 10 ta agrologistika markazi, 230 ming tonnalik sovutkichli omborxona qurish rejalashtirilgan. Bular orqali meva-sabzavotni saqlash sigʼimi 63 foizga yetkaziladi.

Davlatimiz rahbari bu sohada eksportni koʼpaytirish uchun yangi urugʼ navlarini oʼzimizda yaratish kerakligini taʼkidladi. Qishloq xoʼjaligi vazirligiga Xitoy va Turkiya tajribasi asosida urugʼchilik tizimini qayta koʼrib chiqib, ekinlar gen bankini kengaytirish boʼyicha topshiriq berildi.

75 ming gektar samarasiz bogʼlar hamda 100 ming gektar past hosilli yerlar oʼrnida sanoatlashgan bogʼ va tokzorlar barpo qilish boʼyicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi. Bunday bogʼlar uchun Qishloq xoʼjaligi jamgʼarmasi orqali imtiyozli kredit ajratiladi.

Yigʼilishda paxta-toʼqimachilik klasterlarining moliyaviy barqarorligi bilan bogʼliq masalalar ham koʼrildi. Ularga berilgan imtiyozli kredit muddati 2025 yil 1 aprelgacha uzaytirilishi, bu yil paxta xaridi uchun imtiyozli kredit klasterlarning ip-yigiruv korxonalariga berilishi belgilandi. Iqtisodiy samarasiz, moliyaviy majburiyati yuqori klasterlarning maqomi qayta koʼrib chiqiladigan boʼldi.

Unumdorlikni oshirish uchun paxtachilik va meva-sabzavotchilikda mexanizatsiya darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi qoʼyildi. Buning uchun yil oxirigacha fermer va dehqonlar yana 6,5 mingta texnika bilan taʼminlanadi.

Yigʼilishda Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, vazirlar va hokimlar hisobot berdi. Iqtisodiy oʼsish surʼatlarini taʼminlash boʼyicha yil yakunigacha moʼljallangan rejalar bayon etildi.



  ...