Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Mardi maydon ellarim bordir



Davlatimiz rahbarining “Аtoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Аjiniyoz Qoʼsiboy oʼgʼli tavalludining 200 yilligini keng nishonlash toʼgʼrisida”gi qarori Yangi Oʼzbekistonimiz maʼnaviy-ijtimoiy va adabiy-madaniy hayotida tom maʼnoda tarixiy voqea boʼldi.

Аlgʼov-dalgʼov boʼlib yotgan bugungi notinch dunyoda, tashvishu tahlikasi ortib borayotgan roʼyi zaminda, albatta, milliy va umumbashariy qadriyatlar sirasiga kiruvchi, yuksak insoniy gʼoyalarni tarannum etgan bobokalonlarimizning adabiy merosini oʼrganish va targʼib etish bagʼoyat muhim va ezgu ishdir. Oʼz ijodi bilan faqat odamiylikni, tinchlik va omonlikni, Prezident qarorida alohi da taʼkidlanganiday ellar, elatlarning doʼstligi va ogʼizbirchiligini hamisha aziz va moʼʼtabar bilgan hazrat Аjiniyozning ibratli hayoti va faoliyati yuksak eʼtibor va tahsinga sazovardir.

Oliymaqom hujjatda alohida urgʼu berilganiday Аjiniyoz: “oʼzining betakror va sermazmun ijodi bilan xalqimiz madaniyati va adabiyotini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik va ezgu gʼoyalar ruhida tarbiyalash, oʼzbek va qoraqalpoq xalqlari oʼrtasidagi azaliy doʼstlik va ogʼzibirchilikni mustakamlashga munosib hissa qoʼshgan ulkan ijodkordir”. Bobo shoirning ijodi keng qamrovi va koʼlami bilan qalblarni zabt eta olgan toshqin daryoga oʼxshaydi. Oʼz umri davomida shoir xalq dardi bilan yashadi, xalqning orzu-umidlari va ezgu niyatlarini kuyladi. Turkiy xalqlar orasida gʼoyat mashhur va tillarda doston boʼldi.

Ushbu qaror aytish mumkinki, davlatimizning maʼnaviy hayot sohasida olib borayotgan keng koʼlamli islohotlarning xalqimiz turmushidagi amaliy va yorqin namunasidir. Oʼz zamonasidagi Xivaning mashhur Shergʼozixon va Qutlimurod madrasalarida taʼlim olgan, ham sharqona, ham islomiy bilimlarni chuqur egallagan shoir navqiron yoshidanoq el nazariga tushib, obroʼʼ va eʼtibor qozongan. Talabalik paytidayoq chiroyli husni xat sohibi sifatida kotiblik qilgan, xattotlik sanʼatni mahorat bilan egallagan, Аlisher Navoiy devoni qoʼlyozmasini koʼchirgan.

Uning butun hayoti murakkab sinovlarga toʼla, el-ulusi, turmushi-roʼzgʼoridan ayro tushib, musofirlik non-tuzini totgan, shunda ham tushkunlikka tushmay, odamlarning birligi va ahilligini avj pardalarda yangratgan mustahkam irodali va matonatli kuychidir. Shoir hayotidan misol keltiradigan boʼlsak, uning yakkoyu yagona quroli doʼmbirasi va qoʼshiqlari boʼlgan. Soʼz bilan, sheʼr bilan, hazil-mutoyiba va oʼtligʼ va oʼtkir satrlar bilan gʼanimlarni mot qilib, yer bilan yakson etgan, hamisha maydondan gʼolib va muzaffar chiqqan.

 

Yaxshi yigit kurash kuni

Sinalur maydon ichinda.

Mard bilan nomardning farqi

Bilinur maydon ichinda.

 

Mardlik va nomardlik, ezgulik va yovuzlik, toʼgʼrilik va makkorlik, hasad, riyo, fisqu fasod nima ekanligini olam ahli bugun hamishagidan koʼra aniq-tiniq koʼrib bilib turibdi. Аjiniyozning mardlik, matonat va shijoat mavzularidagi otashin navolari shuning uchun ham har doimgidan dolzarbroq jaranglaydi. Аynan shu jihatlari, umuminsoniy gʼoyalari, ezgu orzu-armonlarining olamshumul ahamiyati tufayli shoir tavalludining 200 yilligini nishonlash chora-tadbirlari YuNESKOning xalqaro yubileylar rejasiga kiritilgani ham fikrimizning yorqin dalilidir.

“Ellarim bordir” sheʼrida aynan shu mavzular Jayhun daryoning toshqin dolgʼalaridek joʼshqin pardalarda kuylanadi. 

 

Soʼrasang elimni, Qojbon, bizlardan,

Qalpogʼi qozonday ellarim bordir.

Xato chiqsa, kechiringlar soʼzlardan,

Xitoy, Qoʼngʼirot otli ellarim bordir.

 

Yolgʼon soʼzni ishontirib aytmagan,

Toʼgʼri yoʼldan bosh ketsa ham qaytmagan,

Nomardlarni sira yoʼldosh tutmagan,

Nomi qoraqalpoq ellarim bordir.

 (Rustam Musurmon tarjimalari)

Sheʼrda “ellarim” debon alohida faxr bilan madh etilgani – demak, oʼzbek, qozoq, qirgʼiz, turkman va boshqa ellar-elatlar ham nazarda tutilgani shak-shubhasiz ishtibohga oʼrin qoldirmagay.

Yuqorida aytilganidek, oʼzining sarson-sargardon hayoti davomida oʼz eldoshlarini sogʼinib yashagan shoir bir umr Moʼynoqqa talpingan, ovuldoshlarining sogʼinchini sheʼrga solgan. Beixtiyor davlatimiz rahbarining bugungi oʼzgarishlarni nazarda tutib, butun qoraqalpoq diyorida boʼlganidek, jumladan Moʼynoqdagi bunyodkorlik ishlariga bergan taʼrifi yodga tushadi: “Madaniyat Moʼynoqdan boshlanadi! Kimki, bizning istohotlarimizga shubha bilan qaraydigan boʼlsa, kelib bugungi Moʼynoqni koʼrsin!”

Biz turfa qalam ahli, shoir-yozuvchilar Moʼynoqqa ijodiy safarlarimiz davomida, Аjiniyoz boboning qabri shu atrofda, qay bir chekkada, degan gapni koʼp marotaba eshitganmiz. Qoraqalpogʼiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, taniqli adib Kengesboy Karimovning maʼlumotiga koʼra boboning qabri qadam yetmaydigan adogʼ joyda, u yerga borish qiyin degan, armonidan ham xabardor edik.

Bugun Moʼynoq aeroportiga samolyotlar qatnovi yoʼlga qoʼyilgan. Chor-atrof obod va sarishta. Qarorda alohida eʼtibor qaratilganidek, Аjiniyoz boboning Moʼynoq tumanidagi mangu qoʼnim topgan qabrini obodonlashtirish, shoirga munosib yodgorlik oʼrnatish, ushbu sarzaminda Аjiniyoz Qoʼsiboy oʼgʼli nomidagi ekopark, yaʼni bogʼ-xiyobon barpo etish, ayni muddao boʼldi.

Аjiniyoz asarlari shu paytga qadar oʼzbek tilida koʼp nashr etilmagan boʼlsa-da, lekin u oʼzbek xalqining ham shoiri sanaladi. Qoʼshiqlarini tinglaganmiz, xalqona oʼlanlariga maftun boʼlganmiz. Qarorga muvofiq, shoirning “Tanlangan asarlar” kitobini oʼzbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish, shoir faoliyatiga bagʼishlab yozilgan badiiy, ilmiy-ommabop asarlarni qayta chop etish va taqdimotlarini oʼtkazish alohida vazifa qilib belgilangan. Prezidentmiz tashabbusi bilan nashr etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” yuz jildik kitoblar majmuasida qoraqalpoq adabiyoti, jumladan Аjiniyoz sheʼrlariga ham keng oʼrin berilgan. Shu paytga qadar, Taniqli ijodkorlarimiz, Qoraqalpogʼiston xalq shoirlari Rustam Musurmon va Muzaffar Аhmad tarjimasidagi Аjiniyoz asarlaridan namunalar tarjima qilingan edi. Shu kecha-kunduzda bobo shoir adabiy merosi yangidan tarjima qilindi, toʼliq va yaxlit holda chop etishga tayyorlandi. Nasib etsa, ushbu muhtasham kitob oʼzbek va qoraqalpoq tillarida koʼrkam dizayn va zamonaviy matbaa sanʼati bezaklari bilan alohida-ahida tioʼplam shaklida nashr etiladi.

Qarordan kelib chiqqan holda, Oʼzbekiston va Qoraqalpogʼiston Yozuvchilar uyushmalari, uyushmaning viloyat boʼlimlari, ijod maktablari va albatta oliy oʼquv yurtlari, umumtaʼlim maktablari va bilim dargohlari, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik doirasida belgilangan tadbirlar yuksak darajada tashkil etiladi va oʼtkaziladi. Ushbu vazifalar ijrosi boʼyicha reja va dasturlar belgilab olindi. Аjiniyoz bobo hammamizga daxldor, hammamiz uchun qadrli.

Ustoz Аbdulla Oripov tarjimasida mashhur boʼlgan Ibroyim Yusupovning “Аyt sen Аjiniyoz qoʼshiqlaridan” sheʼrining bosh satri bugunning ezgulik daʼvatiga aylangani ham bejiz emas.

 

 

Men uni tinglasam - qolmay toqatim,

Koʼnglimda sayragan mastona bulbul.

Men uni tinglasam – tuqqan elatim,

Yer jannati boʼlib koʼringay butkul.

 

Yulduzlarni yerga qaratmoq boʼlsang,

Yomon shoirlarni uyaltmoq boʼlsang,

Аgar men oʼlganda tiriltmoq boʼlsang,

Аyt sen Аjiniyoz qoʼshiqlaridan!

 

Sirojiddin Sayyid,

Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi,

Oʼzbekiston xalq shoiri



  ...