Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

O‘zbekiston: Jinoyat ijroiya qonunchiligini takomillashtirishga oid yangi islohotlar va ularning amaliy natijalari



So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish, mahkumlarning huquqlarini himoya qilish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilinishini ta’minlash, kelgusida ozodlikka chiqarilganida jamiyatga ijtimoiy moslashtirish uchun axloqan tarbiyalash va halol mehnatga o‘rgatishning samarali huquqiy mexanizmlari joriy etildi.

Mahkumlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator xalqaro konventsiyalar va qoidalar mavjud bo‘lib, bular “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g'risidagi xalqaro pakt” (1966), “Qiynoq va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazoga qarshi konventsiya” (1984), “Barcha shaxslarni qiynoq va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazolardan himoya qilish to‘g'risidagi deklaratsiya” (1975), “BMTning mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalari (Nelson Mandela qoidalari)” (2015), “Ozodlikdan mahrum etilgan voyaga yetmagan bolalarni himoya qilish bo‘yicha BMT qoidalari” (1990), “Mahkumlar bilan muomala qilishning asosiy printsiplari” (1990) shular jumlasidandir.

Mahkumlar bilan muomala qilish standartlari bo‘yicha xalqaro hamjamiyat tomonidan ishlab chiqilgan va qabul qilingan yuqorida qayd etilgan xalqaro hujjatlar ijrosini insonparvarlashtirish va ularning salbiy oqibatlarini kamaytirilishiga hamda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda.

BMTning 1955-yildagi Mahbuslar bilan muomala qilish bo‘yicha minimal standart qoidalari mahbuslarni qamoqda saqlash yuzasidan universal e’tirof etilgan minimal standartlar hisoblanadi hamda butun dunyoda penitensiar muassasalar bilan ishlashga doir qonunlar, siyosat va amaliyotni ishlab chiqish nuqtai nazaridan katta ahamiyatga va ta’sirga ega.

Minimal standart qoidalarning qayta ko‘rib chiqilgan matni 2015-yil
17-dekabr
kuni BMT Bosh Assambleyasining 70-sessiyasida A/RES/70/175-sonli rezolyutsiya tarzida bir ovozdan qabul qilindi. Qayta ko‘rib chiqilgan mazkur Qoidalar Janubiy Afrikaning marhum Prezidenti va umrining katta qismini qamoqda o‘tkazgan Nelson Mandela xotirasiga hurmat belgisi sifatida “Nelson Mandela qoidalari” nomi bilan mashhur bo‘lgan.

BMT Inson huquqlari kengashining “Terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rag‘batlantirish va himoya qilish” bo‘yicha maxsus ma’ruzachisining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari yuzasidan tavsiyalari berildi. Tavsiyalariga ko‘ra tuzilgan Milliy harakatlar rejasiga muvofiq ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasalarida saqlash sharoitlarini yaxshilash, shuningdek, din va e’tiqod erkinligi huquqini ta’minlash maqsadida mahbuslar bilan muomalada bo‘lishning minimal standart qoidalariga (Nelson Mandela qoidalariga) O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi muvofiqligini tahlil qilish vazifasi yuklatilgan.

Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarni saqlash sharoitlarini mahbuslar bilan muomala qilish bo‘yicha minimal standart qoidalari (Mandela qoidalari) talablari asosida ko‘rib chiqilib, mahbuslarni saqlash sharoitlari bosqichma-bosqich ushbu qoidalarga muvofiqlashtirilmoqda.

Mahkumlar huquq va majburiyatlarining xalqaro standartlar asosida, xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini inobatga olingan holda jazoni ijro etish tizimi tubdan takomillashtirilib, yillar davomida to‘planib qolgan muammolar o‘z yechimini topmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining yangi tahriridagi Konstitutsiyasining
25-moddasida “Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir va u qonun bilan muhofaza qilinadi. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir. O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi” deb belgilandi. Uning mazmuni shundaki, hech kimni ataylab hayotdan mahrum qilish mumkin emas. Ushbu norma Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyada, shu bilan birga, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda ham nazarda tutilgan. Shaxsning yashash huquqi aynan tug‘ilgan paytdan boshlab vujudga keladigan tabiiy va daxlsiz huquq, deb e’tirof etiladi va u davlatchilik va qonunlar mavjudligidan qat’i nazar, shaxsga tegishlidir.

So‘nggi yillarda, milliy qonunchiligimizni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga oid ishlar doirasida xususan, ijtimoiy xavfli hamda uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etib, jazo o‘tayotgan mahkumlarga ilk marotaba saylash huquqi berildi. Umumiy, qattiq, maxsus, turma tartibli va tarbiya muassasalarida saqlanayotgan mahkumlarning yaqin qarindoshlari bilan telefon so‘zlashuvlari, uchrashuvlari va jo‘natma qabul qilishlari soni ikki barobar ko‘paytirildi.

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning roziligi bilan ularga psixologik yordam ko‘rsatilishi va ruhiy holati buzilgan vaqtda sodir etilgan tartibbuzarligi uchun intizomiy jazo choralari qo‘llanilmasligi kafolatlandi. Manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotganlarning pensiya olish huquqlari qonun bilan belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 30-iyundagi Qonuni bilan Jinoyat-ijroiya kodeksiga jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibini belgilovchi yangi norma kiritildi. Shuningdek, mahkumlarning jazo muddatini o‘tash davomida shaxsiy xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan choralar kengaytirildi.

Mahkumlarning iltimosiga ko‘ra, uzoq muddatli uchrashuv qisqa muddatli uchrashuvga yo masofali video-uchrashuvga yoki telefon orqali so‘zlashuvga, qisqa muddatli uchrashuv esa masofali video-uchrashuvga yoxud telefon orqali so‘zlashuvga almashtirilishi yo‘lga qo‘yildi hamda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning olis masofadan keluvchi yaqin qarindoshlari ovoragarchiligiga barham berish maqsadida masofali uchrashuv xonalari tayyorlandi. Kam ta’minlangan oila vakili bo‘lgan jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar yuqori haq to‘lanadigan ishlarga jalb etilishi ta’minlanmoqda.

Islohotlar jarayonida mahkumlarga munosib sharoitlarni yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilib, xalq tomonidan “Toshturma deb atalib kelingan va salbiy ta’riflangan UYA-64/1 tergov hibsxonasi yopildi. O‘rniga xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yangi 1-son tergov hibsxonasi qurilib, foydalanishga topshirildi. Shu singari “Jasliq” koloniyasi tugatildi va unda saqlangan mahkumlar respublikaning boshqa koloniyalariga o‘tkazildi.

Yurtimizda keyingi yillarda ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘rniga muqobil (qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan) jazo choralarini qo‘llash tendensiyasining ko‘payishi kuzatildi. Natijada jazoni ijro etish muassasalaridagi mahkumlar soni kamayib, oxirgi to‘rt yilda uchta yopiq turdagi, ya’ni Navoiy viloyatidagi 36, Qashqadaryo viloyatidagi 33 va Toshkent viloyatidagi 65-sonli umumiy tartibli koloniyalar tugatildi.

Yana bir muhim voqelik shu bo‘ldiki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga jazoni ijro etish koloniyalariga hech qanday moneliksiz kirish huquqi berildi. Jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning mavjud muammolarini o‘rganish va ijobiy hal qilish maqsadida Jazoni ijro etish departamenti rahbariyati tomonidan sayyor qabullar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga va prokurorga mahkumlarning ariza hamda shikoyatlari uchun mo‘ljallangan alohida pochta qutilari o‘rnatilgan. Jazoni ijro etish muassasalarida qonunlarga rioya etilishi prokuratura organlari va Ombudsman tomonidan muntazam ravishda o‘rganib borilmoqda.

Shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnoma qo‘mitalari tavsiyalariga ko‘ra, “Ombudsman plyus” modeli asosida milliy preventiv mexanizm takomillashtirilmoqda. Ombudsman, Bolalar ombudsmani, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va Biznes-ombudsmanga jazoni ijro etish muassasalarini monitoring qilish vakolati ham berilgan.

Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida davlat jinoyat-ijroiya siyosatining quyidagi asosiy jihatlarni nazarda tutuvchi mutlaqo yangi ustuvor yo‘nalishlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilindi. Xususan, Jinoyat-ijroiya kodeksi Rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibi nomli yangi 1021-modda bilan to‘ldirildi va voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashuvlariga doir cheklovlar bekor qilindi, mahkum homilador, bolasi bor ayollar uchun qo‘shimcha huquqlar berildi, ya’ni ayollarga voyaga yetmagan bolalari bilan bir yil ichida to‘rt marta muddati besh sutkagacha bo‘lgan uzoq muddatli uchrashuv, shuningdek, manzil koloniyalarida saqlanayotganlarga esa muassasa hududidan tashqarida yashash imkoniyati bilan uzoq muddatli uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda belgilandi va mahkumlarga rag‘batlantirish choralarini qo‘llash masalasini yiliga kamida ikki marta, bayram kunlari munosabati bilan ko‘rib chiqilishi, ozodlikdan mahrum qilingan shaxsning xavfsizligiga tahdid yuzaga kelgan taqdirda, u o‘z shaxsiy xavfsizligini ta’minlash maqsadida ariza, xabar bilan jazoni ijro etish muassasasining har qanday xodimiga og‘zaki yoki yozma murojaat qilishi mumkinligi va bunda darhol mahkumning arizasi olinishi va zudlik bilan uning xavfsizligi ta’minlash choralari ko‘rilishi shartligi belgilandi, mahkumlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida ularni tintuv qilish vaqtida jismoniy kuch va maxsus vositalar asossiz qo‘llanilishining oldi olinishi, mahkumlarning iltimosiga ko‘ra uzoq muddatli uchrashuv qisqa muddatli uchrashuvga, telefon orqali so‘zlashuvga, masofaviy video-uchrashuvga almashtirilishi, qisqa muddatli uchrashuv esa masofaviy video-uchrashuvga yoki telefon orqali so‘zlashuvga almashtirilishi mumkinligi belgilandi.

Ta’kidlash joizki, mahkumlarni rag‘batlantirishning bu kabi choralari Ispaniya, Turkiya va Yaponiya singari mamlakatlarning penitensiar kodekslarida ko‘rsatib o‘tilgan.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksi normalariga muvofiq jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning sog‘lig‘ini saqlash, ularning ta’lim olishini hamda kutubxonalardan foydalanishni erkin ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Bu esa rivojlangan jazoni ijro etish tizimiga ega bo‘lgan Norvegiya davlatining qamoqxonalarni boshqarishdagi “Import modeli”ga asoslangan. Ushbu modelga asosan qamoqxonalarda (jazoni ijro etish muassasalarida) mahkumlarga hibsga olinmaganlar kabi xizmatlar ko‘rsatish (ta’lim olishi, kutubxonalardan foydalanish, sog‘liqni saqlash xizmatida) tizimi yo‘lga qo‘yishilshi nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 7-dekabrdagi Qonuni bilan Jinoyat qonunchiligida voyaga yetmaganlarga nisbatan insonparvarlikni kuchaytirish maqsadida, xususan Jinoyat-ijroiya kodeksiga o‘n uch yoshdan qo‘llaniladigan tarbiya koloniyasida hibsxonaga kiritib qo‘yish tariqasidagi intizomiy jazo o‘n to‘rt yoshga o‘zgartirildi. Bu mamlakatimiz jinoyat va sud ishlarini yuritish jarayonida voyaga yetmaganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish yo‘lidagi muhim qadamlardan bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil
26-martdagi Farmoni hamda 2021-yil 2-apreldagi Qarori bilan tizimda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti deya qayta tashkil qilinib, unda departament faoliyatining huquqiy asoslari hamda jazoni ijro etish tizimini raqamlashtirish orqali sohada inson omilini istisno qilish va jazoni o‘tash tartibotini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar aniq belgilab berildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 15-fevraldagi Qonuni bilan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuni ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, mahkumning ish stajiga qo‘shib hisoblanishini nazarda tutuvchi yangi norma” bilan to‘ldirildi. Shundan kelib chiqqan holda ushbu normani amalga oshirishning aniq mexanizmini belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksi 96-moddasining nomi “Ijtimoiy soliqni to‘lash va mahkumlarning pensiya ta’minoti” tarzida o‘zgartirildi va uning birinchi qismi “Jazoni ijro etish muassasalarining ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar mehnatiga haq to‘lashga doir xarajatlari ijtimoiy soliq bo‘yicha soliq solish ob’ektidir” deb belgilandi va mahkumlarning tarjimon bilan bir qatorda surdo tarjimon xizmatidan foydalanish huquqi hamda mahbuslarga nisbatan tinchlantirish ko‘ylagini qo‘llash mumkin emasligi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala yoxud jazo turlarining qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy mustahkamlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa turdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas” deb belgilangan.

Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida davlat jinoyat-ijroiya siyosati tizimida ozodlikdan mahrum etilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan umumiy turar joylar maxsus vositalar va moslamalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerakligi nazarda tutildi va Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar ishdan bo‘sh soatlarida, tungi dam olish uchun ajratilgan vaqtdan tashqari, kinofilmlar va teleko‘rsatuvlar ko‘rish, radio eshittirishlar eshitish huquqiga ega” ekanligini belgilash orqali oldingi cheklovlar olib tashlandi hamda “Mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligini aniqlash mezonlari” belgilandi.

Bundan tashqari mahkumlarni muassasada ishlagan ish stajini umumiy ish stajiga qo‘shish orqali ularga kelgusida pensiya olish imkoniyatini yaratishga va, eng asosiysi, mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligini belgilovchi qat’iy mezonlarni belgilash orqali ularning xulq-atvorini baholashda korrupsion omillar bartaraf etilishida muhim ahamiyatga ega.

Xulosa o‘rnida aytganda, bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga jazoni o‘tash sharoitlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni o‘tayotgan hamda tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarga nisbatan qo‘llaniladigan rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish, mahkum va mahbuslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga og‘ishmay rioya etilishini ta’minlash yo‘lida xizmat qilmoqda.

Mirzayusup Rustambayev,

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti  boshlig‘i,

yuridik fanlar doktori, professor



  ...