Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Oʼzbekistonda turizm sohasining rivojlanishi xalq farovonligining yuksalishiga xizmat qiladi



Oʼzbekiston oʼzining boy madaniy merosi, tarixiy obidalari va goʼzal tabiati bilan, turizmni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratadigan davlatlar qatoriga kiradi. “Oʼzbekiston – 2030» Ctrategiyasida Oʼzbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirish vazifasi qoʼyilgan.

Xorijiy turistlar tashrifi boʼyicha Oʼzbekiston pandemiyadan oldingi darajaning 98 foizini tashkil etdi. Jumladan, 2019 yilda Oʼzbekistonga 6 mln. 748 ming nafar xorijiy turistlar tashrif buyurgan boʼlsa, 2023 yilga kelib 6 mln. 626 ming nafarga yetdi. Bu esa mamlakatimizda turizm sohasining tez surʼatlar bilan tiklanayotganini koʼrsatadi.

Oʼzbekistonga xorijiy turistlarni yanada koʼproq jalb qilish maqsadida viza rejimini soddalashtirish chora-tadbirlari, yangi yoʼnalishlarni ishlab chiqish, soha bilan bogʼliq loyihalarga investitsiya kiritish, yirik tadbirlarni oʼtkazish kabi amaliy ishlar olib borilmoqda. Masalan, 2023 yilda umumiy qiymati 9,5 trln. soʼmlik 508 ta loyiha amalga oshirilganligi hisobiga jami 9 492 ta yangi ish oʼrni yaratildi. 183 ta yangi mehmonxona va 232 ta xostel faoliyati yoʼlga qoʼyilib, jami joylashtirish vositalari soni 5 526 taga yetdi. Shuningdek, 452 ta oilaviy mehmon uyi tashkil qilinib, ularning umumiy soni 3 458 taga yetdi. Turistlar uchun xizmat koʼrsatuvchi 810 ta yangi turistik tashkilot va turagentlar faoliyati yoʼlga qoʼyilishi natijasida ularning soni 2 649 taga yetdi.

2017-2023 yillar davomida Oʼzbekistonga xorijiy turistlar soni yil sayin ortib bordi. Xususan, 2017 yilda 2,7 mln. nafarni tashkil etgan boʼlsa, 2023 yilga kelib 6,6 mln. nafarni tashkil etdi, bu esa 2017 yilga nisbatan 2,5 barobarga, 2022 yilga nisbatan esa 1,3 barobarga oshganini koʼrishimiz mumkin.

Sayyohlar soni 2023 yilda Yaponiyadan – 5 barobar, Hindiston va Italiyadan – 3,5 barobar, АQShdan – 2 barobarga ortdi.

Oʼzbekistonga 2023 yilda kelgan xorijiy turistlarning 80,7 foizi qoʼshni davlatlar, 11,5 foizi qolgan MDH davlatlari hamda 7,8 foizi boshqa davlatlar hisobiga toʼgʼri kelmoqda. Shu bilan birga, turistlarning oʼrtacha qolishi 4-5 kunni tashkil etib, 2022 yilga (3 kun) nisbatan 1,5 baravarga ortdi. Bu esa mamlakatda turistlarga har tomonlama qulaylik yaratilganligining natijasidir.

Ichki turizmni rivojlantirish boʼyicha ham bir qator amaliy choralar koʼrilmoqda. "Oʼzbekiston boʼylab sayohat qil!" dasturi doirasida 15 mln. nafar aholi sayohatga chiqdi va hududlar boʼylab 21 mln. tashrif uyushtirildi. Ijtimoiy koʼmak sifatida 1,1 ming nafar imkoniyati cheklangan shaxs va 570 ming nafar yoshlar sayohatga chiqarildi.

2023 yilda turistik xizmatlar eksporti 2 mlrd. 143,5 mln. doll.ni tashkil etdi, bu 2022 yilga nisbatan 1,3 barobar oshganini koʼrsatadi. Shuningdek, turizm va unga yondosh sohalar yoʼnalishida 70 ming nafarga yaqin yangi ish oʼrni yaratildi. Bu esa mamlakatda turistlarga har tomonlama qulaylik yaratilganligining natijasidir.

Turizmning rivojlanishi, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro reytinglarda yuqori oʼrinlarni egallashini taʼminlamoqda. Masalan, "Jahon musulmon sayohati indeksi" (GMTI-2023) xalqaro ziyorat turizmi reytingida Oʼzbekiston 140 ta mamlakat ichida 13-oʼrinni egalladi. "Halal In Travel Awards 2023" tadbirida Xiva shahri "Yilning islom merosi turizm manzili" sovrinini qoʼlga kiritdi.

2023 yilda Samarqand shahrida boʼlib oʼtgan UNWTO Bosh Аssambleyasining 25-sessiyasida Navoiy viloyatidagi Sentob qishlogʼi "Best Tourism Village 2023 Awards" nominatsiyasi boʼyicha gʼolib boʼldi. Bundan tashqari, "Lonely Planet" xalqaro nashriyot kompaniyasi tomonidan 2024 yil uchun "Oʼzbekiston – eng yaxshi sayohat maskani" nominatsiyasi gʼolibi boʼlganligi munosabati bilan Oʼzbekistonga maxsus sertifikat topshirildi.

Oʼzbekistonning 2024 yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi davlatlar roʼyxatiga kiritilishi va "World of Statistics" tomonidan bu haqda eʼlon qilinishi, xorijiy turistlar soni ortishi va turizm eksporti hajmining oshishiga xizmat qiladi. Bularning barchasi mamlakatimizning xalqaro maydonda yanada tanilishiga yordam beradi.

Umuman olganda, Oʼzbekistonda turizm sohasining hozirgi holati va rivojlanish tendentsiyalari ijobiy natijalarni koʼrsatmoqda. Mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va kelajakdagi istiqbollar haqidagi tahlillar ushbu sohaning strategik ahamiyatini tasdiqlaydi. Shuningdek, “Oʼzbekiston – 2030» strategiyasida nazarda tutilgan turizmni rivojlantirishga oid vazifalar aholi daromadi oshishi, yangi ish oʼrinlari yaratilishi va xalq farovonligini taʼminlashga xizmat qiladi.

 

Iskandar Oʼroqboev,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi Iqtisodiy sohadagi islohotlarni monitoring va tahlil qilish boʼlimi bosh mutaxassisi



  ...