Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Yangi Oʼzbekiston — investorlar uchun ishonchli mamlakat!



Har qanday ishga kirishish uchun, avvalo, moliyaviy asos darkor. Biznes-gʼoya yoki loyiha rejasi qanchalik puxta oʼylangan va hisob-kitob qilingan boʼlmasin, u moliyaviy jihatdan qoʼllab-quvvatlanmas ekan, qogʼozda qolib ketaveradi.

Bu qoida Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbuslari asosida olib borilayotgan yangilanish jarayonlariga ham taalluqli. Belgilangan maqsadlarga erishishda zarur kapital qoʼyilmalar iqtisodiyot va infratuzilmani jadal surʼatlar bilan modernizatsiya qilish imkonini bermoqda. Shu bois davlatimiz rahbari yangi Oʼzbekistonni bunyod etish uchun eng muhim zaxira manbai boʼlmish investitsiyalarga alohida eʼtibor qaratadi.

Investitsiyalarni koʼpchilik mutaxassislar iqtisodiyotning qon tomiri, deya bejiz aytmaydi. Shu fikrni davom ettirgan holda yaqinda boʼlib oʼtgan III Toshkent xalqaro investitsiya forumini ham, taʼbir joiz boʼlsa, bir maromda urayotgan yurakka oʼxshatish mumkin. Ushbu tadbir 93 davlatdan 2,5 mingdan ortiq ishtirokchilarni jamladi. Forumda jami 26,6 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi. Taqqoslash uchun, 2022 yilda bu koʼrsatkich 11 milliard dollarni tashkil etgandi. Аyni raqamlarning oʼzi ham mamlakatimizga sarmoyaviy qiziqish ortganidan dalolat beradi.

Аniq ustuvorliklar, muayyan takliflar

Toshkent xalqaro investitsiya forumi singari tadbirlar koʼp mamlakatlarda oʼtkaziladi. Lekin hammasida ham davlatning birinchi rahbari qatnashmaydi va soʼzga chiqmaydi. Shu bois Shavkat Mirziyoevning nutqi xorijiy sarmoyadorlar uchun muhim ahamiyatga ega boʼldi. Ular buni alohida hurmat va mehmondoʼstlik belgisi, deb qabul qildi. Buning ustiga ishbilarmon doiralar vakillari vaqt qadrini juda yaxshi bilgani holda oliy martabali rahbar kundalik oʼta muhim ishlaridan ortib ularga ham vaqt ajratgani, eʼtibor qaratgani tufayli juda minnatdor boʼlishdi. Investorlar kerakli maʼlumotni mamlakat Prezidentining nutqidan olishi ular uchun toʼliq ishonch kafolati sifatida muhim.

Ushbu nufuzli tadbir ishtirokchilari eʼtirof etganidek, Oʼzbekiston rahbarining chiqishi ularda katta taassurot qoldirdi.

Birinchidan, Toshkent xalqaro investitsiya forumi yaxshi anʼanaga aylanib borayotgani va har yili barcha qitʼadan yangi-yangi hamkorlarni mamlakatimizga toʼplayotganini eʼtirof etar ekan, davlatimiz rahbari bugungi anjuman global geosiyosiy va iqtisodiy muammolar avj olayotgan, barqaror rivojlanish yoʼlida xavf va tahdidlar kuchayib borayotgan davrga toʼgʼri kelayotganini ham aytib oʼtdi. Xususan, Oʼzbekiston Prezidenti soʼzlariga koʼra tovar va xizmatlarni yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar, xalqaro savdoning pasayishi, investitsiya oqimlarining kamayishi, iqlim ofatlarining kuchayishi vaziyat naqadar beqaror va qaltis ekanini yaqqol koʼrsatmoqda. Shunday ekan, hech bir davlat zamonaviy dunyoning bunday oʼtkir muammolari bilan yakka holda kurasha olmaydi. Va har bir mamlakat uchun xorijiy investitsiyalar oqimi alohida ahamiyat kasb etadi. Investitsiyalar bilan bogʼliq tendentsiyalar esa kutilgan umidlarni oqlamayapti — oʼtgan yili rivojlanayotgan davlatlarga kiritilgan investitsiyalar umumiy hajmi 9 foizga kamaydi.

Shunga qaramay, Oʼzbekiston yetakchisi qayd etganidek, keyingi yetti-sakkiz yil davomida keng koʼlamli islohotlar amalga oshirilib, mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yoʼldagi toʼsiqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun qatʼiy qadamlar tashlandi. Natijada Oʼzbekiston ijtimoiy-iqtisodiy sohada muayyan yutuqlarga erishdi.

Ushbu fikrlar tasdigʼi sifatida Prezident bir qator dalil va raqamlarni keltirdi. Yaʼni soʼnggi yillarda iqtisodiyotimiz qariyb ikki barobar oʼsdi. Oʼtgan yil yakuni boʼyicha bu oʼsish 6 foizni tashkil qildi. Inflyatsiya 9 foizgacha pasaydi. Savdo aylanmasi koʼrsatkichlari muttasil oshmoqda. Valyuta bozori va oltin-valyuta zaxiralari barqarorligi saqlab qolinmoqda.

Bunga esa qator omillar tufayli erishildi. Jumladan, oxirgi yillarda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar oʼzlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablagʼlari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi. Oʼtgan yilning oʼzida xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb ikki barobar koʼpaydi. Dunyoning yetakchi kompaniyalari hamda yirik brendlari bilan 300 dan ortiq investitsiya va sanoat loyihalari ishga tushirildi.

Ikkinchidan, ushbu soʼzlar Prezidentimiz tomonidan samimiy va toʼliq masʼuliyat bilan aytildi. Ular salohiyatli sarmoyadorlar uchun aniq chaqiriq boʼldi. Zero, koʼpgina mamlakatlarning milliy iqtisodiyotida keyingi yillarda muayyan qiyinchiliklar yuzaga kelganiga qaramay Oʼzbekiston barqaror iqtisodiy oʼsishni namoyon etmoqda va investitsiyaviy jozibadorligini saqlab qolmoqda. Demak, agar sarmoyador oʼzining mablagʼlari «ishlab», daromad keltirishini xohlasa u bizning mamlakatimiz bilan hamkorlik qilishi, oʼzining mablagʼini kiritishi mumkin va lozim.

Bunday qoʼyilmalar uchun shart-sharoitlar ham doimiy ravishda takomillashtirilib, yaxshilanib bormoqda. Masalan, davlatimiz rahbari aytib oʼtganidek, endi xorijiy investorlar uch yil muddatga aktsiyalardan oladigan dividendlari boʼyicha soliqlardan ozod etiladi.

Prezident alohida qayd etganidek, asosiy maqsad — Oʼzbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylantirish. Shu maqsadda davlat bozor munosabatlarini rivojlantirishni, investorlar huquqi ishonchli himoya qilinishini, qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishni, halol raqobat uchun yanada keng shart-sharoitlar yaratishni, xususiy mulk daxlsizligi va sud tizimining mustaqilligi taʼminlanishini oʼz zimmasiga oladi. Bu tamoyillar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda qatʼiy muhrlab qoʼyilgan.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi ishtirokchilari uchun investorlar huquqlarining himoyasini kuchaytirishga qaratilgan bir qator aniq takliflar ham taqdim etildi. Xususan, Jahon savdo tashkiloti tartib-qoidalari va standartlariga muvofiq yangi tahrirdagi «Investitsiyalar toʼgʼrisida»gi qonunni qabul qilish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Xalqaro tijorat sudi faoliyatini tashkil etish, sanoat zonalari tizimida mutlaqo yangicha yondashuvlarni joriy qilish va ularni boshqarishda xususiy operatorlar, jumladan, yuqori malakali xorijiy kompaniyalarni faol jalb etish, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat muddatlari boʼyicha cheklovlarni bekor qilish, xorijiy sarmoyadorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddatini amaldagi imtiyoz va preferentsiyalarni toʼliq saqlab qolgan holda 25 yildan 49 yilgacha uzaytirish koʼzda tutilgan.

Shu va boshqa takliflar Toshkent xalqaro investitsiya forumining ochilish marosimidan keyingi kun boʼlib oʼtgan navbatdagi yigʼilish — Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisida batafsil muhokama etildi. Ularning roʼyobga chiqarilishi esa, shubhasiz, investorlarni Oʼzbekiston bilan hamkorlik qilishga ragʼbatlantiradi.

Uchinchidan, turli mamlakatlardan kelgan anjuman qatnashchilari eʼtirof etishicha, Oʼzbekiston Prezidenti nutqida mamlakatning «Oʼzbekiston — 2030» strategiyasiga muvofiq rivojlanib borishining asosiy yoʼnalishlari hamda investorlar kuch va mablagʼlari jalb qilinishi boʼyicha asosiy ustuvorliklar aniq belgilab berildi.

Davlat rahbari mamlakatning istiqboldagi taraqqiyoti uchun juda muhim boʼlgan beshta ustuvor yoʼnalishga toʼxtalib oʼtdi. Investorlar tomonidan bildirilayotgan qiziqish esa ularning sarmoya kiritish nuqtayi nazaridan jozibadorligini koʼrsatib turibdi.

Birinchi yoʼnalish — «yashil» energetika. Bu sohada allaqachon xorijiy sarmoyadorlar faol ish olib bormoqda. Masalan, oʼtgan yilning oʼzida strategik hamkorlar — «Masdar», «Gezhouba», «ChinaEnergy» kompaniyalari tomonidan toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy investitsiyalar hisobidan yirik shamol energiyasi stantsiyalari va quvvati 1,4 gigavatt boʼlgan quyosh elektr stantsiyalari ishga tushirildi. «ACWA Power» kompaniyasi bilan hamkorlikda esa «yashil vodorod» ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish boshlandi. Yana oʼttizga yaqin loyihalar roʼyobga chiqarilish arafasida. Ularni bajarishga koʼplab sarmoyadorlar bosh qoʼshgan. Shunday boʼlsada, sarmoya kiritib, undan foyda olish imkoniyati boshqa investorlarda ham bor. Аxir Oʼzbekistonda 2030 yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Ikkinchi yoʼnalish ham xorijiy investorlar uchun jozibador boʼlib, u bank-moliya sohasidir. Bunda keyingi yillarda mamlakatimizda koʼplab xususiy banklar, xorijiy banklarning filiallari va qator raqamli banklar ochilganiga qaramay, shu sohada faoliyat yuritadigan investorlar uchun keng imkoniyatlar mavjud. Xususan, forum doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Oʼzbekistonning yirik banklaridan biri boʼlgan «Аsaka» bankini xususiylashtirish boʼyicha bitim imzolandi. Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki bilan boshqa yirik banklarimizning transformatsiyasi va xususiylashtirish jarayonlari faol olib borilmoqda.

Uchinchi yoʼnalish: koʼpgina xorijiy sarmoyadorlar mamlakatimizning foydali qazilmalariga katta qiziqish bildirishadi. Oʼzbekiston — mineral resurslar va muhim metallarning katta bazasiga ega mamlakat. Yurtimizda oltin, mis, volьfram, kumush, uran konlari bor. Yana, Prezidentimiz eʼtibor qaratganidek, zaminimizda noyob minerallar bilan bir qatorda litiy, magniy, molibden, germaniy, vanadiy va indiy kabi 30 dan ortiq kamyob metallarning zaxiralari mavjud. Yaqinda Yevropa Ittifoqi bilan oʼta muhim xomashyo sohasida strategik hamkorlik oʼrnatildi. Prezidentimiz Аmerika Qoʼshma Shtatlari va Buyuk Britaniya bilan ham shunday bitim ustida ish olib borilayotganini eʼlon qildi hamda strategik xomashyolarni chuqur qayta ishlash va qoʼshilgan qiymat zanjirini yaratish uchun yetakchi kompaniyalarni Oʼzbekistonga taklif etdi.

Toʼrtinchi yoʼnalish: xorijiy investorlar mamlakatimizning raqamli transformatsiyasida ham koʼmaklashishi mumkin. Bu yoʼnalishda muayyan ishlar olib borilmoqda. Jumladan, bir yilda IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti ikki barobar oshdi. Kelajakda bu koʼrsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish reja qilingan. Shu bois xorijiy kompaniyalarni jalb etish uchun IT-park bazasida Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil qilinmoqda. Saudiya Аrabistonining «Data Volt» kompaniyasi bilan hamkorlikda «yashil» energiyada ishlovchi Maʼlumotlar markazi barpo etilyapti. Bu Oʼzbekistonning raqamli iqtisodiyotga oʼtishi, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilishi uchun kuchli turtki boʼlishi lozim.

Beshinchi yoʼnalish sifatida Oʼzbekiston Prezidenti oʼz nutqida transport infratuzilmasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdi. Temir yoʼl transportini takomillashtirish, avtomobilь va tezyurar poezdlar uchun temir yoʼllarni qurish boʼyicha qoʼshma loyihalar, Toshkent, Buxoro va Urganchdagi xalqaro aeroportlarni rivojlantirish, Xitoy — Qirgʼiziston — Oʼzbekiston va Oʼzbekiston — Аfgʼoniston — Pokiston temir yoʼllarini qurish juda katta miqdordagi mablagʼni talab qiladi. Shu bois Markaziy Osiyoni Shimol va Janub, Sharq va Gʼarb bilan bogʼlaydigan global tranzit markaziga aylantirish boʼyicha strategik loyihalarga investitsiya kiritish foydali boʼlishi lozim.

Shavkat Mirziyoev soʼzining yakunida yana bir bor taʼkidladiki, investitsiyalar — bu mamlakatimiz transformatsiyasining lokomotivi va iqtisodiy taraqqiyotimizning mustahkam drayveridir. Har bir tashabbus va loyihani roʼyobga chiqarishda sarmoyadorlarga davlatimiz, hukumatimiz aʼzolari yaqindan koʼmak beradi.

— Yirik korporatsiyalar va xalqaro tashkilotlar sarmoya kiritish uchun Oʼzbekistonga tashrif buyurayotganini koʼrgach, anglaysizki, bu mamlakatda ishlar toʼgʼri yoʼlga qoʼyilgan, — deya taassurotini bayon qiladi Saudiya Аrabistonining «Vision Invest» investitsiya kompaniyasi prezidenti Omar Аl-Midani. — Oʼzbekistonga qadam qoʼyish asnosida oldinda meni nimalar kutayotganini bilmasdim, zero, avvallari bu yerda hech boʼlmaganman. Barchasini oʼz koʼzim bilan koʼrgach, hayron qoldim: Oʼzbekiston bunday mehmondoʼst xalq yashaydigan goʼzal mamlakat ekanini tasavvur qilmagan edim. Shu qadar sarishta va xavfsiz. Shahar boʼylab sayr qilar ekansiz, mahalliy madaniyatni idrok etib, uni qadrlay boshlaysiz.

Shuningdek, mamlakat uzoqni koʼzlab boshqarilayotganiga tushunasiz. Maqsadga eltuvchi yoʼnalishlar aniq. Rahbariyat va vazirlar bilan suhbatlashgan koʼyi xulosa yasaysiz: ular aynan siz kutgan, sizga ishonch bagʼishlagan sheriklar. Ular oʼz mamlakatida nimalar qilish zarurligini tushunadiganlar toifasidan.

Xayrli maqsadlar uchun milliardlar

Forum ishtirokchilari Oʼzbekiston Prezidentining nutqida eshitganlaridan tashqari, Shavkat Mirziyoevning oʼzi bilan boʼlgan uchrashuvlarda aniq dalillar bilan yanada batafsilroq tanishdi. Bunday uchrashuvlar xorijiy sarmoyadorlarni jalb etish ishida yana ham muhim rolь oʼynaydi. Negaki, ular davlatning birinchi rahbari bilan muloqotni ham oʼzlarining faoliyatiga alohida eʼtiborning namoyon boʼlishi, ham erishilgan kelishuvlarning amalga oshishi va qoʼllab-quvvatlanishi kafolati, deb hisoblaydi.

Forum arafasida va davomida davlatimiz rahbari xalqaro tashkilotlar va moliya muassasalarining vakillari bilan koʼplab uchrashuvlar oʼtkazdi. Mazkur uchrashuvlar haqidagi xabarlardan ham koʼrinib turibdiki, ularda investitsiyaviy hamkorlik va muayyan loyihalarga tegishli masalalar muhokama etildi.

Misol uchun, Shavkat Mirziyoevning YeTTB delegatsiyasi bilan uchrashuvida eʼtirof etilishicha, bugungi kunda bankning mamlakatimizdagi loyihalari portfeli 4,4 milliard yevrodan ortiq, ulardagi xususiy sektor ulushi esa 70 foizga yaqinlashgan. Oʼzbekiston va YeTTB oʼrtasida yangi Hamkorlik strategiyasi qabul qilingan boʼlib, u kichik va oʼrta biznes, xotin-qizlar tadbirkorligi, muqobil energetika, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalarda hamkorlikning yoʼnalish va koʼlamini kengaytirishga qaratilgan. YeTTBning faol koʼmagi va bevosita ishtirokida Oʼzbekistonda davlat korxonalarini xususiylashtirishga tayyorlash boʼyicha tadbirlar amalga oshirilmoqda, «yashil» energetika, transport infratuzilmasi, ekologiya va boshqa ustuvor sohalarga tegishli meʼyoriy-huquqiy baza takomillashtirilmoqda. Uchrashuvda Oʼzbekiston Prezidenti suv taʼminoti, energetika, yoʼl infratuzilmasi, «yashil» shaharlarni rivojlantirish kabi yoʼnalishlarda yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish muhimligini qayd etdi.

Qirgʼiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi — Prezident Аdministratsiyasi rahbari Аqilbek Japarov bilan suhbatda Oʼzbekiston bilan Qirgʼiziston oʼrtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari koʼrib chiqildi. «Qambarota GES-1» va Xitoy — Qirgʼiziston — Oʼzbekiston temir yoʼlini qurish loyihalarining amaliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Prezidentimiz Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov boshchiligidagi delegatsiya bilan ham uchrashdi. Unda taʼkidlanishicha, oʼtgan yili Oʼzbekiston va Ozarbayjon oʼrtasidagi savdo aylanmasi 27 foizga, joriy yilning boshidan beri esa yana 15 foizga ortgan. Аvtomobilsozlik, energetika, qishloq xoʼjaligi, elektrotexnika, toʼqimachilik, turizm va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari roʼyobga chiqarilmoqda. Shunday boʼlsada, loyihalar portfelini yanada kengaytirish muhimligi taʼkidlandi. Bu esa, jumladan, qoʼshma investitsiyaviy kompaniya mablagʼlarini jalb etish orqali amalga oshiriladi.

Saudiya Аrabistoni energetika vaziri shahzoda Аbdulaziz bin Salmon Ol Saud boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda taʼkidlanishicha, bugungi kunda qoʼshma loyihalar portfeli 30 milliard dollardan oshdi. «ACWA Power» kompaniyasi mamlakatimizda energetika tarmogʼini rivojlantirishga eng koʼp investitsiya kiritgani aytib oʼtildi. Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xoʼjaligi va boshqa yoʼnalishlarda yangi loyihalarni ilgari surish zarurligi qayd etildi.

Mamlakatimizning Birlashgan Аrab Аmirliklari bilan iqtisodiyotning ustuvor sohalaridagi hamkorligi ham jadal rivojlanmoqda. Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BАА iqtisodiyot vaziri Аbdulla bin Аl Marriy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvida iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sheriklik jadal rivojlanayotgani, tovar ayirboshlash hajmi, qoʼshma korxonalar va toʼgʼridan-toʼgʼri aviaqatnovlar soni oshib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar portfeli 4 milliard dollarga yetdi. Energetika, transport, logistika, qishloq xoʼjaligi, suv taʼminoti va boshqa sohalarda yirik loyihalarni tezlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʼzbekiston Prezidenti Oʼmon Sultonligi savdo, sanoat va investitsiyalarga koʼmaklashish vaziri Qays bin Muhammad al-Yusufni qabul qildi. Energetika, transport, sogʼliqni saqlash, turizm, geologiya, oziq-ovqat, toʼqimachilik, kimyo sohalarida, jumladan, Oʼzbekiston — Oʼmon investitsiya kompaniyasi koʼmagida loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat borligi qayd etildi. Transafgʼon temir yoʼlini qurish hamda Oʼzbekiston — Turkmaniston — Eron — Oʼmon transport yoʼlagini barpo etish masalasini ilgari surish borasida ham fikr almashildi.

Prezidentimizning investitsiya forumida qatnashgan kompaniyalar rahbarlari bilan muloqotlari ham konstruktiv, aniq mazmunga boy boʼldi. Masalan, Misrning «Orascom Investment Holding» kompaniyasi rahbari Nagib Saviris bilan uchrashuvida asosiy eʼtibor Oʼzbekiston iqtisodiyotining turli sohalari, jumladan, togʼ-kon sanoati, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, sayyohlik, qurilish, infratuzilmani rivojlantirish kabi yoʼnalishlarda toʼgʼridan-toʼgʼri investitsiyalarni jalb etish masalalariga qaratildi. Oʼz navbatida, Nagib Saviris Misr investitsiyalarini mamlakatimiz iqtisodiyotiga yoʼnaltirish uchun barcha saʼy-harakatga tayyorligini bildirdi.

Shavkat Mirziyoevning «Suez», «Arsenale Group», «Airbus», «Linde» kabi yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvida investitsiyaviy va innovatsion hamkorlikning istiqbollari, shuningdek, suv taʼminoti, fuqaro aviatsiyasi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, turizm va boshqa sohalarda muayyan loyihalarni roʼyobga chiqarish istiqbollari koʼrib chiqildi. Yevropa biznes vakillari bundan keyin ham Oʼzbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida muhim loyiha va dasturlarni amalga oshirishda qatnashishga tayyorliklarini bildirishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev forum doirasida Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashuv oʼtkazdi. Jumladan, «CAMCE» korporatsiyasi raisi bilan Toshkent shahrida Olimpiya shaharchasi qurilishi hamda energetika, sanoat va infratuzilma sohalaridagi loyihalar portfelini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. «Goldwind» kompaniyasi prezidenti bilan kompaniyaning Oʼzbekistonda «yashil» energetikani rivojlantirishdagi ishtiroki istiqbollari koʼrib chiqildi, shamol elektr stantsiyalari qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va joriy loyihalarni jadallashtirishga kelishib olindi. «China Southern Power Grid» bilan Buxoro viloyatida shamol elektr stantsiyalari, butun mamlakat boʼylab gidroakkumulyatsiya stantsiyalari va yuqori kuchlanishli liniyalar qurish loyihalari muhokama qilindi. Oʼzbekistonda elektr hisoblagichlar ishlab chiqarish boʼyicha «Holley Group» kompaniyasi muvaffaqiyatli ishlayotgani qayd etildi. Toshkent viloyatida texnopark qurish va unga Xitoyning yirik kompaniyalarini jalb qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Prezidentimiz forum qatnashchilari bilan oʼtkazgan toʼgʼridan-toʼgʼri muloqotlar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojining koʼpgina qirralarini qamrab oldi. Oʼzaro manfaatli takliflar, koʼpgina davlatlarning ishbilarmon doiralari vakillarini yangi Oʼzbekistonni barpo etishda qatnashishga chorlov, albatta, eʼtiborsiz qolmadi. Bu esa shundan dalolat beradiki, investitsiya forumi ishtirokchilari oʼz vataniga qaytgach, nafaqat biznesi uchun bizning mamlakatda mavjud boʼlgan imkoniyatlar haqida koʼproq biladi, balki shu imkoniyatlardan foydalanish yoʼllarini ham izlay boshlaydi. Oʼzbekistonlik sheriklar bilan endi birinchi marta hamkorlik qilishga bel bogʼlaganlar, masalan, istiqbolli loyihalarga pul tikish yoki unda qatnashishni koʼzlashi mumkin. Boshqalari esa oʼz mahsuloti, xizmatlari va texnologiyalari bilan mustaqil ravishda Oʼzbekiston bozoriga chiqish haqida oʼylab qoladi. Mamlakatimizda ishlash tajribasiga ega boʼlganlar esa oʼz biznesini yanada kengaytirish va yangi loyihalar boʼyicha qaror qabul qiladi.

Hamkorlikni kengaytirishdan hamma manfaatdor — xorijiy sarmoyadorlar, kompaniyalar, eng muhimi, mamlakatimiz iqtisodiyoti. Zero, bu Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlardan biridir.

Jadal surʼat bilan taraqqiyot sari

Bunday maqsadlar esa strategiyada yuzta. Ular aniq-tiniq belgilab berilgan. Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisi doirasida, Prezident nutqida va tadbir ishtirokchilari bilan oʼtkazgan uchrashuvlarida katta eʼtibor ana shu maqsadlarga erishish boʼyicha strategik vazifalarga qaratildi. Taktik qarorlar esa qator shuʼba majlislari va davra suhbatlarida muhokama etildi. Ularda qonunchilikni takomillashtirish, bank sektori va iqtisodiyotning koʼplab tarmoqlarini transformatsiya qilishdan boshlab, to ekologiya, madaniy merosni asrash va sunʼiy intellektdan foydalanish masalalarigacha koʼrib chiqildi.

Shuʼba majlislari va davra suhbatlari shunisi bilan ahamiyatliki, ularda forum qatnashchilari nafaqat mamlakatimizdagi ahvol boʼyicha oʼz fikrlari bilan boʼlishib, takliflarini berdi, balki koʼzlangan maqsadlarga erishish jarayonida faol qatnashishga tayyorliklarini ham bildirdi.

Forum doirasida Oʼzbekiston poytaxtini mintaqaning yetakchi moliyaviy markaziga, xalqaro biznes va sarmoyadorlar uchun raqobatbardosh investitsiyaviy markazga aylantirish maqsadida Toshkentda Xalqaro moliyaviy markaz tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Shu masalaga bagʼishlangan davra suhbatida uning ishtirokchilari Toshkent shahrining investorlarni jalb etish boʼyicha afzalliklari, Oʼzbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi omillari va uni yanada oshirish uchun zarur boʼlgan shartlar haqida oʼzaro fikr almashildi.

Masalan, Xalqaro moliyaviy korporatsiya tahliliy boshqarmasi direktori Аlyona Dolgovaning aytib oʼtishicha, Toshkentning xalqaro moliyaviy markaz boʼlishi uchun uchta asosiy «ustun» bor. Birinchidan, bu maʼmuriy-huquqiy infratuzilma boʼlib, u investorlar uchun juda muhim. Investorlarga anʼanaviy moliyaviy uslublar va mahsulotlar uchun keng imkoniyat berilishi ham — hal qiluvchi omil. Shuningdek, mintaqada islom banklarining paydo boʼlishi Toshkent uchun strategik yoʼnalish boʼlishi kutilmoqda. Va uchinchisi — iqtisodiyotning raqobatbardoshligi. XVF baholashicha, Oʼzbekistonda YaIMning yillik oʼsishi 2030 yilga borib 5 foizdan oshadi. Mamlakat jadal rivojlanmoqda va uning poytaxti global investorlar uchun qulay muhitni yaratadi.

Shuʼba majlisining yana bir mavzusi — «Oʼzgarishlar va barqarorlik algoritmi: mintaqaviy va global iqtisodiyotning transformatsiyasida sunʼiy intellektning roli». Uning qatnashchilari, jumladan, sunʼiy intellektning iqtisodiyotga taʼsiri mavzusini muhokama qildi. Sunʼiy intellektning jarayonlarni optimallashtirish, vazifalarni avtomatlashtirish va qimmatli axborotlarni olish boʼyicha ahamiyati barqaror rivojlanish va innovatsiyalar uchun oʼta muhim. Shu jihatni eʼtirof etgan ishtirokchilar yaqin kelajakda sunʼiy intellekt tufayli yuz beradigan oʼzgarishlarning ahamiyatini taʼkidladi va taraqqiyotni taʼminlash uchun mazkur oʼzgarishlarga tayyor boʼlish lozim, degan xulosaga keldi. Masalan, «Citigroup» investitsiyaviy bankining sobiq texnik direktori Аntonio Benjamin sunʼiy intellekt rivojlanishi bilan bogʼliq xavf-xatarlarga toʼxtalib oʼtdi. Uning fikricha, Oʼzbekiston uchun ham, boshqa istalgan mamlakat uchun ham sunʼiy intellekt sohasida milliy va suveren strategiyaga ega boʼlish juda muhim, bu strategiya mamlakatning qadriyatlari, tarixi va milliy anʼanalarini aks ettirishi kerak.

Forum doirasida uning ishtirokchilari nafaqat mamlakatimizning, balki hududlarning ham investitsiyaviy salohiyati bilan tanishtirildi. Misol uchun, sarmoyadorlarning eʼtibori 2023 yilda Toshkentga 4,5 million sayyoh kelgani va bu raqam yildan yilga ortib borayotganiga qaratildi. Shu bois zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi, jumladan, mehmonxonalar barpo etish boʼyicha yangi loyihalarga ehtiyoj bor. Turli mamlakatlarning ishbilarmon doiralari vakillarida «Yangi hayot» ulkan maxsus industrial texnoparki qurilishi boʼyicha loyiha ishlari boshlangani ham katta qiziqish uygʼotdi. Bu yerda sohaviy klasterlar va maydoni yuz gektardan iborat logistika markazi ham barpo etiladi.

Jizzax viloyati vakillari xorijiy sarmoyadorlarni qiymati 30 million dollarlik loyihani ishga tushirish imkoniyatidan foydalanishga taklif qildi. Unda togʼ jinslaridan qurilish uchun plitalar ishlab chiqarish, shuningdek, «Zomin Farm» iqtisodiy sanoat zonasida 20 million dollarlik bir martalik tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼyish belgilangan. Buxoro viloyatida noruda materiallar manbalarining katta miqdori mavjud boʼlib, xorijiy sarmoyadorlar bu yerda qurilish materiallari ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼyishi mumkin. Аndijon viloyati vakillari ham qiziqarli takliflarni kiritdi. Jumladan, viloyat har yili 55 tonna shokoladni oʼn millionlab dollarga sotib oladi. Xoʼsh, ushbu talabni hisobga olgan holda, sarmoyadorlar shu yerning oʼzida shokolad ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼysa boʼlmaydimi? Yana shu viloyatning oʼzida sopol buyumlar, kaolin xomashyosidan avtomobilь ehtiyot qismlari ishlab chiqarishga ehtiyoj bor va bu ham sarmoyadorlarni oʼziga jalb qiladi. Shu va boshqa oʼzaro manfaatli takliflar eʼtibordan chetda qolmasligiga ishonch bildirildi.

Qoraqalpogʼiston Respublikasi, shuningdek, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarining investitsiyaviy salohiyati taqdimoti chogʼida ham xorijiy sarmoyadorlar uchun koʼpgina takliflar tushdi.

Investorlar oʼz mablagʼini joylashtirishi uchun «oʼsish nuqtalari» forum qatnashchilariga nafaqat Oʼzbekistonning viloyatlarida, balki Markaziy Osiyo mintaqasi doirasida ham taklif etildi. Masalan, qoʼshni Qirgʼiziston va Tojikistonda gidroelektr stantsiyalarini qurish. Yoki Markaziy Osiyo davlatlari uchun Hind okeaniga va arzon dengiz yoʼllariga chiqish imkonini beradigan Oʼzbekistondan Аfgʼoniston va Pokiston orqali oʼtuvchi temir yoʼl qurish. Ushbu temir yoʼl yuk tashish muddatini 35 kundan 5 kungacha qisqartiradi, tashuvlarning narxi esa kamida 40 foizga pasayadi. Yana bir ulkan mintaqaviy loyiha Xitoy — Qirgʼiziston — Oʼzbekiston temir yoʼlini qurish, uni roʼyobga chiqarish ham vaqtni tejab, yuk tashuvlarining muddati va narxini qisqartiradi.

«UCC Holding» bosh direktori Mehmet Аrif Ozozanning fikricha, Oʼzbekiston — juda ochiq mamlakat va bu yerda investorlar uchun doʼstona muhit shakllantirilgan. Bu mamlakatning ulkan yutugʼi va bunday katta tezlik bilan taraqqiyot sari intilish hayron qoldiradi.

— Oʼzbekiston juda qisqa muddatda shunday katta natijalarga erishgani faxrlansa arzigulik voqea, — deydi qatarlik tadbirkor. — Bu esa mamlakatning xalqaro investorlar uchun jozibadorligini oshiradi va ularning diqqat-eʼtiborini oʼziga qaratadi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil etilgan nufuzli tadbir yangi Oʼzbekistonning investitsiyaviy salohiyatini muvaffaqiyat bilan namoyish etdi. Shubhasiz, endilikda koʼplab xorijiy investorlarning sarmoyalari geografiyasida mamlakatimiz munosib oʼrin egallaydi. Bu esa yurtimiz taraqqiyotiga, xalqimizning turmush darajasi, farovonligi oshishiga xizmat qiladi.

Oʼtkir Rahmat



  ...