Yaponiyaning mashhur "Nikkei Asia" elektron nashrida O'zbekistonning gilam to'qish an'analariga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi.
Unda ta'kidlanishicha, Xiva bir vaqtlar Ipak yo'lidagi nufuzli savdo markazlaridan biri bo'lgan va u bir necha asrlar davomida Sharqni G'arb bilan bog'lagan.
"Men ustaxonaga kirganimda, dastgohlarda barmoqlari mohirona ishlayotgan bir nechta xotin-qizlarni ko'rdim, – deya taassurotlarini qog'ozga tushirgan muallif. – Mohir hunarmand-ustalar tomonidan gilam to'qish va iplarni bir-biriga bog'lash bilan bir vaqtda dastgohlardan chiqayotgan musiqaga o'xshash ohang meni hayron qoldirdi. Anchagacha ushbu jarayonni tomosha qildim".
Ma'lum qilinishicha, 2001-yilda YUNESKO moliyaviy ko'magida Shvetsiyaning "Operation Mercy" tashkiloti tomonida Xiva gilam to'qish ustaxonasi tashkil etildi.
Xivadan deyarli 700 kilometr uzoqlikda, yana bir qadimiy shahar Samarqandda, boshqa mamlakatdan kelgan fuqarolar gilam to'qish ustaxonasini ochgan. Samarqand ipak gilam fabrikasida turkmanistonlik Badgisi oilasi 1992-yildan beri o'zbek gilamlarini ishlab chiqaradi. Ushbu oilaning savdo tarixi avval Turkmanistonda, keyin Afg'onistonda davom etgan. Oilaviy an'analar 200 yildan beri avloddan-avlodga o'tib kelmoqda.
Muallif o'zbek to'qimachilik va gilamchilik bo'yicha yetakchi mutaxassis Elmira Gul bilan suhbatlashganini ta'kidlagan.
"Gilamlar madaniy matnlarga o'xshaydi. Faqat gilamlarga qarab, biz ularni kim to'qiganini, qanday yaratilganini, ular nimaga ishonganligi, dinlari va boshqa ko'plab muhim narsalar haqida bilib olimiz mumkin", – deya Elmira Gul so'zlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.
Ta'kidlanishicha, O'zbekiston ipak ishlab chiqarish bo'yicha dunyoda Xitoy va Hindistondan keyin uchinchi o'rinda turadi. An'anaviy gilamlar mahalliy ipakdan to'qiladi va ularga tabiiy ingrediyentlardan tayyorlangan organik bo'yoqlar orqali bezak beriladi.