Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

ISSV: O‘zbekiston 2024 yilda hududiy investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 11,6 milliard dollar bo‘lgan 7656 ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda



O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishining asosiy tamoyillaridan biri bu respublika hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holatini chuqur tahlil qilish natijalariga asoslangan hududiy rivojlanishning keng miqyosda va parallel ravishda amalga oshirilishi hisoblanadi. Bunda hududlarning resurs bazasi, ishlab chiqarish, transport-logistika salohiyati yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan turli xil mahsulotlarga talab o‘rganiladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra (ISSV), tahlil natijalariga ko‘ra, har yili O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining muvofiqlashtiruvi va ko‘magida amalga oshiriladigan hududiy investitsiya dasturlari (HID) shakllantiriladi va Hukumat komissiyasining qarori bilan tasdiqlanadi. Yangi imkoniyatlarni aniqlashni hisobga olgan holda, loyihalar ro‘yxati yil davomida kengaytirib boriladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda qabul qilingan investitsiya dasturlarining xarakterli tendensiyasi mahsulot sifatini keskin oshirish, ishonchli iqtisodiyotga xos bo‘lgan qo‘shimcha qiymatni shakllantirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish maqsadida miqdoriy ko‘rsatkichlardan voz kechishdir. Ushbu tendensiya joriy yildagi hududiy investitsiya dasturlarida ham o‘z aksini topdi.

HID doirasida umumiy qiymati 11,6 milliard AQSH dollari bo‘lgan 7656 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. O‘tgan yili deyarli ikki baravar ko‘p, ya’ni 14120 ta loyiha amalga oshirildi, ularning umumiy qiymati 8,3 milliard dollarni tashkil qildi. 2023 yilda sanoat sohasida amalga oshirilgan loyihalar ulushi 31,3 foizni (4419 ta loyiha), xizmat ko‘rsatish sohasida 52,7 foizni (7437 ta loyiha), qishloq xo‘jaligi sohasida 16 foizni (2264 ta loyiha) tashkil etdi. 2024 yilda urg‘u biroz boshqacharoq: qishloq xo‘jaligi 12,3 foiz (945 ta loyiha) va xizmatlar 50,1 foiz (3904 ta loyiha) ulushining biroz qisqarishi hisobiga ishlab chiqarish 36,6 foizgacha (2807 ta loyiha) oshadi.

Loyiha qiymati bo‘yicha 2024 yilda, o‘tgan yilgidek birinchi uchlikka Samarqand (1,4 milliard dollar), Qashqadaryo (1,23 milliard dollar) va Namangan (976 million dollar) viloyatlari kiradi.

Sanoatning yetakchi tarmoqlari ro‘yxatini an’anaviy ravishda to‘qimachilik sanoati (637 ta loyiha), qurilish materiallari ishlab chiqarish (616 ta loyiha) va oziq-ovqat mahsulotlari (516 ta loyiha) boshlab berib, alkogol va tamaki sanoati (4 ta loyiha) yakunlamoqda.

Har bir loyihani amalga oshirish jarayoni alohida, murakkab vazifa bo‘lib, uning doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Ishchi guruhlari tomonidan hududlarda tizimli ravishda o‘rganish ishlari olib borilib, loyiha tashabbuskorlarini bevosita manzilli qo‘llab-quvvatlamoqda.

Natijada birgina 2024 yilning yanvar oyidayoq 466 ta loyiha ishga tushirildi. Yuqori shijoat bilan ish boshlaganlar kuchli uchligidan Qashqadaryo (67 ta loyiha yoki viloyatdagi loyihalar ro‘yxatining 10,7 foizi), Jizzax (20,9 foiz yoki 65 ta loyiha) va Surxondaryo (10 foiz yoki 45 ta loyiha) viloyatlari joylashgan.

Loyiha tashabbuskorlari ko‘proq harakat qilishlari kerak bo‘lgan hududlar bor, masalan, Namangan (yanvar oyida 5 ta loyiha), Navoiy (12) va Buxoro (17) viloyatlari, ammo, biz ishonch bilan aytishimiz mumkinki, HID loyihalarini amalga oshirilishi, ishlab chiqarish va eksport hajmini sezilarli darajada o‘sishi hamda mamlakatimizning barcha hududlarida 220 mingdan ortiq kishini ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

«Dunyo» AA



  ...