Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Аkmal Saidov BMT Inson huquqlari boʼyicha kengashi sessiyasi ishtirokchilarini iqlim oʼzgarishi va inson huquqlariga bagʼishlangan IV Samarqand forumiga taklif etdi



Oʼzbekiston vakili BMT Inson huquqlari boʼyicha kengashi sessiyasining oliy darajadagi segmentida soʼzga chiqdi

Kecha Jenevada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʼyicha kengashining 55-sessiyasi boshlandi.

Inson huquqlari boʼyicha Oʼzbekiston Milliy markazi maʼlumotiga koʼra, Sessiyaning Oliy darajadagi segmentida Oʼzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʼrinbosari, Inson huquqlari boʼyicha Milliy markaz direktori Аkmal Saidov soʼzga chiqdi.

Oʼzbekiston vakili mamlakatimizda qonun ustuvorligi, demokratiya va inson huquqlarini taʼminlash sohalarida islohotlarni yanada chuqurlashtirishning ustuvor yoʼnalishlari haqida toʼxtaldi. Oʼtgan yil aprelida umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Oʼzbekiston Konstitutsiyasida Yangi Oʼzbekistonning tub mohiyatini tavsiflovchi “beshta ustun” belgilandi. Bu oʼrinda davlatimizning qatʼiy va sobit taraqqiyot yoʼli va kelajagini oʼzida aks ettirgan “suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” maqomi haqida soʼz bormoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdagi inson huquqlariga oid qoidalar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro hujjatlarga toʼliq mos keladi. Konstitutsiyada oʼlim jazosini qoʼllash rasman taqiqlangan.

Eʼtiborlisi, Konstitutsiyamizda birinchi marta inson huquqlari boʼyicha ham xalqaro, ham milliy organlarga murojaat qilish huquqi kafolatlandi. “Miranda qoidalari” va “Xabeas korpus” kabi xalqaro miqyosda tan olingan yuridik institutlar konstitutsiyaviy mustahkamlandi. Shuningdek, bepul yuridik yordam koʼrsatishni nazarda tutadigan “Pro bono” instituti ham konstitutsiyaviy maqomga ega boʼldi.

Yangi Konstitutsiyada birinchi marta fuqarolarning konstitutsiyaviy shikoyatlari instituti mustahkamlandi. Oʼzbekiston oʼzining xalqaro majburiyatlarini faol bajarib, fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda, sud-huquq bazasini isloh qilmoqda. Sud-huquq tizimini rivojlantirishning qisqa muddatli strategiyasi va Harakatlar rejasi tasdiqlandi.

Soʼnggi yillarda Oʼzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida salmoqli natijalarga erishildi. Mamlakatimizda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga butunlay barham berildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga koʼra, endilikda nafaqat bolalar mehnati va majburiy mehnatni taqiqlash kafolatlandi, balki bunday huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik ham joriy etildi. Mamlakatimizda ayollar va voyaga yetmaganlarni zoʼravonliklardan himoya qilishga qaratilgan alohida qonun qabul qilingan.

Oʼzbekiston milliy qonunchilik va huquqni qoʼllash amaliyotini inson huquqlari boʼyicha xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishning izchil tarafdoridir. Binobarin, yurtimizda barcha normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender muammosi, inson huquqlari va korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari boʼyicha kompleks ekspertizadan oʼtkazish qatʼiy yoʼlga qoʼyilgan.

 Shu maʼnoda, 2023-yilda qabul qilingan “Oʼzbekiston-2030” strategiyasi BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga toʼla mos keladi. Inson huquqlari boʼyicha Oʼzbekiston Milliy strategiyasi amalga oshirilmoqda. Oxirgi uch yilda bu borada bir qator muhim marralarga erishdik.

Birinchidan, Inson huquqlari boʼyicha kengash va BMT shartnoma organlarining tavsiyalariga muvofiq, Bolalar ombudsmani lavozimi taʼsis etildi. Parlamentimizda ayni paytda “Bolalar ombudsmani toʼgʼrisida”gi qonunni qabul qilish jarayoni bormoqda.

Ikkinchidan, Nogironlarning huquqlari toʼgʼrisidagi konventsiya qoidalarini amalga oshirish maqsadida nogironligi boʼlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish boʼyicha huquqiy va maʼmuriy choralar koʼrildi. BMTning Nogironlar huquqlari boʼyicha qoʼmitasiga tegishli fuqarolik jamiyati institutlarining keng ishtirokida tayyorlangan dastlabki hisobotimizni taqdim etdik.

Uchinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida milliy parlament 2030 yilgacha boʼlgan davrda gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqladi. BMT Xavfsizlik Kengashining “Аyollar, tinchlik va xavfsizlik” rezolyutsiyasini amalga oshirish boʼyicha Milliy harakatlar rejasi amalga oshirilmoqda.

Toʼrtinchidan, Oʼzbekiston qiynoq qoʼllanilishini ochiqdan-ochiq qoralaydi. Prezident qiynoqlarga mutlaqo yoʼl qoʼyib boʼlmasligini, shuningdek, qiynoq qoʼllaganlik uchun javobgarlik muqarrarligini muntazam taʼkidlab keladi. Qiynoqlar va zoʼravonlikning boshqa turlari Konstitutsiya va qonunlarimiz darajasida taqiqlangan. Fuqarolik kodeksiga qiynoqlar qurbonlariga yetkazilgan zararni qoplash tartibini nazarda tutuvchi oʼzgartirishlar kiritildi, bu esa qiynoqlar qurbonlariga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam koʼrsatish imkonini beradi.

Beshinchidan, BMT shartnoma organlari tavsiyalariga muvofiq, “Ombudsman plyus” modeli asosida Qiynoqlarning oldini olish boʼyicha Milliy profilaktika mexanizmi yaratildi. Shuningdek, Bolalar huquqlari boʼyicha vakil, Inson huquqlari boʼyicha Milliy markaz va Tadbirkorlar huquqlari boʼyicha vakilga jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini nazorat qilish vakolatlari berildi.

Oltinchidan, Oʼzbekiston BMTning Inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʼyicha Jahon dasturida faol ishtirok etmoqda. Mamlakatimizda Inson huquqlari boʼyicha milliy taʼlim dasturi amalga oshirilmoqda. Kasb-hunar taʼlimi tizimi va oliy oʼquv yurtlarida “Inson huquqlari”, “Аyollar huquqlari”, “Bolalar huquqlari” boʼyicha treninglar va maxsus kurslar joriy etilmoqda. Imkoniyati cheklangan shaxslar, ayollar, bolalar va migrantlar huquqlari boʼyicha oʼquv kurslari ochilmoqda. Inson huquqlari sohasida taʼlim olish uchun elektron platforma ishga tushirildi. Bundan tashqari, huquqni muhofaza qilish organlari va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqlarga qarshi kurash boʼyicha doimiy oʼquv kurslari mavjud.

Yettinchidan, inson huquqlari boʼyicha biznes sektori bilan hamkorlik qilish ham muhim, deb hisoblaymiz. Xususan, tadbirkorlar uchun inson huquqlari boʼyicha oʼquv kurslari tashkil etilmoqda. Hozirda “Biznes va inson huquqlari” milliy harakat rejasi ishlab chiqilmoqda.

Sakkizinchidan, mamlakatimizda siyosat, sud-huquq va huquq sohalarida izchil islohotlar amalga oshirilib, jumladan, fuqarolik jamiyati institutlarining diniy erkinlik sohasida ham roli ortib bormoqda. Oʼzbekiston turli konfessiyalar va etnik jamoalar asrlar davomida ahil-inoq yashashining tarixiy tajribasini eʼtirof etib, oʼz chegaralarida diniy erkinlikni taʼminlashga katta eʼtibor qaratmoqda.

Toʼqqizinchidan, Saylov kodeksiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovni aralash saylov tizimidan foydalangan holda oʼtkazish tartibini belgilovchi oʼzgartirishlar kiritildi. Bundan tashqari, siyosiy partiyalar tomonidan koʼrsatilgan nomzodlar orasida 30 foizdan 40 foizgacha nomzodlarning umumiy sonida ayollarning minimal ulushini oshirishga qaratilgan oʼzgarishlar kiritilmoqda.

Oʼninchidan, Orol fojiasi bilan kurashish davom etayotgan murakkab sharoitda Markaziy Osiyo mintaqasi dunyoning iqlim oʼzgarishi taʼsiri doirasidagi eng zaif hududlaridan biriga aylanib bormoqda. Oʼzbekiston global muammo boʼlib qolayotgan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.

Oʼzbekiston BMT Inson huquqlari boʼyicha Oliy komissari Boshqarmasi va YeXHT/DIIHB bilan hamkorlikda joriy yil iyunь oyida iqlim oʼzgarishi va inson huquqlariga bagʼishlangan IV Samarqand forumini oʼtkazadi. Shu munosabat bilan Аkmal Saidov oʼz soʼzining yakunida Inson huquqlari boʼyicha kengashning 55-sessiyasi ishtirokchilarini ushbu forumga taklif etdi.

BMT Inson huquqlari boʼyicha kengashining 55-sessiyasi Oliy darajadagi segmenti oʼz ishini 28-fevralgacha davom ettiradi.

 

“Dunyo” АА



  ...