Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Oʼzbekistonda pedagog maqomi jamiyat va davlat nufuzining mezonidir



Yangi Oʼzbekiston islohotlarining mustahkam huquqiy poydevori boʼlgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz hamda davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan tasdiqlangan “Oʼzbekiston — 2030” strategiyasida pedagog maqomini yuksaltirish vazifasi alohida qayd qilingan. Ushbu masala shunchaki qogʼozni bezagan chiroyli orzu-istaklar ifodasi emas, balki qatʼiy hayotiy maqsad ekani izchil islohotlar davomida kundankunga yanada yaqqolroq namoyon boʼlib boryapti. Prezidentimiz tomonidan kuni kecha imzolangan “Pedagogning maqomi toʼgʼrisida”gi qonunni fikrimizning tarixiy tasdigʼi deyish mumkin. 21 moddadan iborat mazkur qonun bilan yurtimizdagi 700 mingga yaqin pedagogning huquqlari, majburiyatlari hamda faoliyatining asosiy kafolatlari belgilandi.

Qonunda pedagog xodim faoliyatining kafolatlari sifatida uning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʼsi davlat himoyasida boʼlishi koʼrsatib oʼtilgan. Oʼqituvchilarni kasbiy faoliyatiga kirmaydigan ishlar — qishloq xoʼjaligidagi yumushlar, obodonlashtirish, yigʼilishlarga jalb qilish taqiqlangan. Shuningdek, pedagoglardan hisobot va maʼlumotlar talab qilish, fao­liyatini tekshirish, tadbirlarda qatnashishga majburlash man etilgan. Oʼqituvchining zimmasiga tovarlar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan, lavozim maoshidan uning roziligisiz mablagʼ ushlab qolish, kuz-qish davrida va ishlanmaydigan bayram kunlarida taʼlim tashkilotida navbatchilikka jalb etish, qolaversa, oʼquvchilarning bilimini toʼgʼri va xolis baholashga taʼsir koʼrsatish, xizmat vazifalarini bajarishiga toʼsqinlik qilish taqiqlangan. Ushbu normalarga amal qilmaslik javobgarlikka sabab boʼlishi qatʼiy belgilangan.

Yana bir eʼtiborli jihati, qonunda pedagog­larga qisqartirilgan ish vaqti belgilanishi kafolatlangan. Doktorlik dissertatsiya­si, dars­lik va oʼquv qoʼllanmalar yozish uchun ijodiy taʼtil berilishi nazarda tutilgan.

Oʼqituvchilarga mualliflik dasturlarini va oʼqitish uslubiyatini joriy etish, zamonaviy pedagogik vositalarni erkin tanlash, davlat axborot-resurs markazlari xizmatidan bepul foydalanish kabi qator imkoniyatlar berilyapti.

Pedagoglar kasbiy faoliyatini bajarish chogʼida shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʼsini himoya qilish uchun, shuningdek, oʼz huquqlarini buzayotgan davlat organlarining qonunga xilof qarorlari, mansabdor shaxslarning xatti-harakati ustidan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan taqdirda davlat bojini toʼlashdan ozod qilinadi.

Yangi qonunimizda YuNESKO tomonidan ishlab chiqilgan “Oʼqituvchilarning oʼrni toʼgʼrisida”gi tavsiyalarga muvofiq pedagog­lar uchun ijtimoiy kafolatlar belgilangan. Jumladan, davlat taʼlim tashkilotlari pedagoglari yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlanishi hamda davlat sogʼliqni saqlash muassasalarida bepul tibbiy koʼrikdan oʼtishi mumkin.

Mamlakatimizning olis hududida joylashgan taʼlim tashkilotlariga boshqa hududlardan ishlash uchun jalb qilingan oliy maʼlumotli pedagoglarga bir martalik bosh­langʼich yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun har oylik pul kompensatsiyasi toʼlanishi ham qayd etilgan. Davlat taʼlim tashkilotlarining pedagoglari davlat ­tomonidan birlamchi oʼquv-uslubiy material­lar bilan taʼminlanishi, oʼquv dasturlari oʼzgarganda davlat taʼlim tashkilotining pedagoglari davlat hisobidan yangi turdosh fanga qayta tayyorlanishi belgilangan. Bir nafar pedagogni qayta tayyorlash uchun bugungi kunda olti million soʼm sarflanishi koʼzda tutilsa, oʼqituvchilar uchun yaxshigina yengillik berilayotgani oydinlashadi.

Umumiy oʼrta taʼlim tashkilotida ilk bor kasbiy faoliyatini boshlayotgan shaxsga bir oʼquv yili davrida murabbiylik qilish uchun tajribali pedagog biriktirilishi hamda murabbiylik qilgani uchun bazaviy lavozim maoshiga qoʼshimcha haq toʼlanishi mumkinligi qonunan mustahkamlandi. Davlat taʼlim tashkilotlarining oʼqituvchilariga davomiyligi koʼpi bilan ellik olti kalendarь kunidan iborat boʼlgan haq toʼlanadigan har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat taʼtili kafolatlandi.

Qonunning 12-moddasida pedagogning oylik ish haqi maʼlumoti, malaka toifasi (lavozimi) boʼyicha bazaviy tarif stavkasi, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, davlat mukofotlari hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa ustamalar inobatga olingan holda hisoblanishi belgilab qoʼyilgan.

Shu oʼrinda hozir Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida pedagoglar oylik maoshiga qoʼshilgan ustamalar xususida ham toʼxtalib oʼtish maqsadga muvofiq. Аmaldagi tartibga koʼra, xalqaro fan olimpiadalarining sovrindorlarini tayyorlagan pedagoglarga 150-200 foiz, olis hududlarda joylashgan taʼlim tashkilotlariga boshqa hududlardan kelgan oʼqituvchilarga 10-50 foiz, ilmiy darajasi (PhD, DSc) yoki ilmiy unvoni borlarga 30-60 foiz, milliy yoki xalqaro sertifikat egalariga 20-50 foiz miqdorida ustama toʼlanmoqda. Birgina misol: bugun 25,9 ming pedagogning milliy yoki xalqaro sertifikati mavjud boʼlib, ularga bir yilda 1,2 trillion soʼm ustama toʼlash talab qilinadi.

Mavjud imtiyozlar va yaratilgan imkoniyatlarga javoban hamkasblarimiz muntazam oʼz ustida ishlashi, zamon bilan hamnafas boʼlib, malaka oshirib borishi zarur. Shu maʼnoda, yangi qonunda pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida ham aniq normalar belgilab qoʼyilgan. Davlat taʼlim tashkilotlari pedagoglarining malakasini belgilangan muddat va hajmda oshirish xarajati davlat byudjeti hisobidan qoplanishi koʼrsatilgan.

Аyni paytda pedagog kadrlarning malaka toifasini oshirish tizimida ham ortiqcha rasmiyatchilik va qogʼozbozlikka chek qoʼyilgan. Bu jarayon bilimini muntazam oshirib borishdan manfaatdor, kasbiga mehr qoʼygan fidoyi, mahoratli muallimlar uchun yana bir imkoniyat. Malaka toifasini olish boʼyicha sinovlar bir yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda oʼtkaziladi va 100 ballik tizimda baholanadi. Birinchi bosqichda pedagog­ning mutaxassislik fani va kasb standarti boʼyicha bilim darajasi (80 ball), ikkinchi bosqichda pedagogik mahoratini (20 ball) baholash tartibi joriy qilinmoqda. Har ikki bosqich ham kompьyuterda real vaqt rejimida onlayn oʼtkaziladi. Natijalar inson omiliga bogʼliq boʼlmaydi.

Yuksak eʼtibor topayotgan pedagoglar kasbiy majburiyatini bajarish chogʼida etika qoidalariga rioya etishi zarurligi ham qonun nazaridan chetda qolmagan. Pedagogik etika qoidalarini bilish va ularga amal qilish oʼqituvchi oʼz kasbiy majburiyatlarini bajarishining sifat koʼrsatkichlarini hamda mehnat intizomini belgilaydigan ­mezon sifatida qayd etilgan.

Qahramon shoirimiz Аbdulla Oripov taʼkidlaganidek, muallim kamolot ichra koʼzgudir. Bu koʼzgu shu qadar tiniq boʼlishi, unga boqib barcha oʼzini, oʼzligini takomillashtirishi, illatlaridan forigʼ boʼlib, feʼl-atvorini tartibga keltirishi lozim. Tabiiyki, jamiyat uchun chinakam kamolot koʼzgusi boʼlish hammaga ham nasib etavermaydi. Shu tufayli qonunda pedagoglik faoliyati bilan shugʼullanishiga yoʼl qoʼyilmaydigan shaxslar haqida aniq normalar mavjud. Xususan, qonunchilikda belgilangan tartibda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan, deb topilgan shaxslar, pedagoglik faoliyati bilan shugʼullanishga toʼsqinlik qiladigan kasalligi boʼlganlar, psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turganlar, qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun ilgari sudlanganlarni pedagogik faoliyat bilan bogʼliq lavozimlarga ishga qabul qilish man etildi. Ushbu normalarni tatbiq etish jarayonida nafaqat milliy mentalitetimiz, balki xalqaro tajriba ham oʼrganildi.

Аniqroq aytganda, qonunni ishlab chiqishda Xitoy, Janubiy Koreya, Finlyandiya kabi taʼlimda ilgʼor davlatlar bilan birga qoʼshni Qozogʼiston, Qirgʼizistondagi normativ-huquqiy asoslar ham sinchiklab oʼrganib chiqildi.

2030 yilga qadar mamlakatimizdagi Prezident taʼlim muassasalari va ixtisoslashtirilgan maktablarning oʼqitish metodikasini barcha umumiy oʼrta taʼlim muas­sasalari oʼquv jarayoniga joriy qilish, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumiy oʼrta taʼlim muassasalari pedagog xodimlarining oʼrtacha ish haqini 2 barobar oshirish koʼzda tutilgan. Shuningdek, xalqaro taʼlimni baholash tadqiqotlarida munosib ishtirok etish, 500 ming nafar soha xodimining malakasini uzluksiz oshirish tizimini takomillashtirish, ehtiyoj yuqori boʼlgan yoʼnalishlar va olis hududlardagi abiturientlar uchun pedagogik taʼlim yoʼnalishlari boʼyicha kadrlarni toʼliq davlat granti asosida tayyorlashni joriy qilishga bel bogʼlaganmiz. Qolaversa, tarbiyachi va oʼqituvchilarni xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish, bir qancha xalqaro olimpiadalarni yuksak saviyada tashkil qilish kabi dolzarb vazifalar oldimizda turibdi. Ular ijrosi yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga salmoqli hissa qoʼshishi shubhasiz.

“Pedagogning maqomi toʼgʼrisida”gi yangi qonun bilan qadr-qimmati yanada yuksalgan ustoz-murabbiylar taqdiridan rozi boʼlib, Vatanimiz ravnaqi yoʼlida fidokorona mehnat qilishiga ishonamiz. Zotan, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Jamiyat hayotida oʼqituvchining oʼrni va taʼsiri oshsa — maktabning obroʼyi oshadi, ilm-fan, taʼlim va tarbiya sohasining qadri koʼtariladi. Muallimning obroʼ-eʼtibori esa bu millatning, butun xalqning obroʼ-eʼtiboridir”.

 

Hilola Umarova,

maktabgacha va maktab

taʼlimi vaziri



  ...