Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

KISHIDAN YAXSHI OT QOLG‘AY JAHONDA,



yoxud yoshlarni vatanparvarlikka, ilmni puxta egallashga, kasbda kamol topishda g‘ayrat qilishga undaydigan nasihatlar bayoni

 

9-fevral — Alisher Navoiy tavalludi kuni

 

Alisher Navoiyning bebaho o‘gitlari yosh avlodda vatanparvarlik, yuksak ma’naviyat, bag‘rikenglik kabi ezgu fazilatlarni shakllantirishda g‘oyat muhim o‘rin tutishini izohlashga hojat yo‘q. Buyuk bobomizning betakror asarlari orqali ezgulik, muhabbat, do‘stlik, adolat, tinchlik kabi olijanob fazilatlar mohiyatini teranroq anglaymiz. “Xamsa”, “Majolis un-nafois”, “Muhokamatu-l-lug‘atayn” kabi asarlarini qo‘ldan qo‘ymay o‘qimoq, mazmun-mohiyatini teran anglamoqdan ma’no ham shudir.

Shu ma’noda Alisher Navoiy o‘z asarlarida Sohibqiron Amir Temur va temuriylarga alohida fasl va boblar bag‘ishlagan, xabarlar bitgan. Mutafakkir ularda ma’lum bir ma’noda o‘zining boqiy fikrlari, milliy va umumbashariy g‘oyalarini tarannum qiladi. Mazkur maqolada shunday boblardan biriga ijtimoiy fikr va poetik talqin aspektida e’tibor qaratishga harakat qildik.

Hazrat Navoiy “Farhod va Shirin” dostonining 53-bobini Sulton Husayn Boyqaroning o‘g‘li Abulfavoris Shohg‘arib Mirzoga bag‘ishlagan. U bobga “Saltanat shajarasining samarasi va xilofat bog‘ining shajarasi, hidoyat avjida manzil etgan, tamalluqning nihoyatig‘a yetgan, riyo qasri bunyodin qo‘nqorg‘on, balog‘at ayvonida ot chiqorg‘on, ya’ni sultonzodai olam Abulfavoris Shohg‘arib Bahodir xallada davlatuhu madhida bir necha so‘z surmak va nasihatomiz nuktalar arzg‘a tegurmak, umid ulkim bu shohvor durlarni tufrog‘din olg‘ay va adosida quloq solg‘ay, balki ul garonmoya gavharlarni quloqqa solg‘ay”, deb navoiyona uslubda sarlavha qo‘ygan.

Sarlavhada aytilganidek, bob mav’iza, didaktik xarakterga ega bo‘lib, Alisher Navoiyning mazkur bobni “nasihatomuz nuqtalar” deya izohlashiga sabab shuki, Shohg‘arib Mirzo uning so‘zlariga quloq solishiga umid bildirgan. Demak, bobda bayon qilingan mav’iza bir shaxs, ya’ni davlat arbobiga atalgani bois, uni umumga emas, balki yakka shaxsga qaratilgan o‘gitlar turkumiga kiritish mumkin. Albatta, bu tasnif ham nisbiydir. Bobning ayrim o‘rinlarida umum manfaati ham nazarda tutilgani seziladi. Umuman, hazrat Navoiy mazkur bobda Shohg‘arib Mirzoni davlat va mamlakat taqdiriga daxldor shaxs sifatida tasvirlagani ochiqlangan.

Abulfavoris Shohg‘arib Mirzo jismida nuqson bor edi, tarixiy ma’lumotlarga qarganda, u bukri bo‘lgan. Shuningdek, u G‘aribiy taxallusi bilan o‘zbek, fors tilida she’rlar bitgan, Navoiy g‘azallariga ham ta’sirli tatabbu’lar yozgan devon (Germaniyaning Gamburg milliy kutubxonasida saqlanadi) tuzgan, otasi Sulton Husayn Boyqaroga saltanat ishlarida yordam bergan, ya’ni Sulton safarda bo‘lgan vaqtlarida shahzoda poytaxt Hirotni, ma’lum ma’noda mamlakatni ham boshqargan. U shohning boshqa o‘g‘illari kabi maishatga berilmagan, o‘z davrining muhim ilm, fanlarini puxta egallagan, adolatni baland tutgan hamda ilm-ma’rifat va hunar ahliga himmat ko‘rsatgan.

Shohg‘arib Mirzo Alisher Navoiyning o‘ta qobiliyatli zamondoshlaridan biri hisoblanadi. Mutafakkir shoir Shohg‘arib Mirzoga umid bog‘lagan va unga ixlosi juda baland bo‘lgan. Buni mazkur bob mazmunidan yoxud “Majolis un-nafois” tazkirasining 7-majlisidan bilish mumkin. Shoir adabiyot, san’at va madaniyatga homiylik qilgan yoki ijod bilan shug‘ullangan 21 nafar temuriylar qatorida unga maxsus fiqra yozgan va uni “Devon ham jam’ qilibdur. Yaxshi matla’lari bu muxtasarg‘a sig‘mas, magar yana bir kitob bitilgay”, deya yuksak sharaflagan.

Bob avvalida Alisher Navoiy ramziy ma’noda Jahon bog‘i va unda o‘suvchi yuz xil gullar rangi, fayzi haqida so‘z ochar ekan, Shohg‘arib Mirzoni go‘yo shu bog‘ning bir guliga qiyoslaydi. Muallif “Bori shohlar fasihi Shohg‘arib ul” deya uni yuksak e’tirof bilan o‘quvchiga tanishtiradi:

 

G‘arib o‘lg‘ay nihoyatdin ziyoda,

Bu yanglig‘ gulkim o‘lg‘ay shahzoda.

Qayu shahzoda ul koni malohat,

Takallum vaqti daryoyi fasohat.

Fasohat bobida shohg‘a qarib ul,

Bori shohlar fasihi Shohg‘arib ul.

 

Hazrat Navoiy temuriy shahzodani badiiy mahorat bilan Yangi oyga va Quyoshga mengzaydi. Uning kamoloti yo‘lida klassik-oliy, turkona-xalqona uslubda bir turkum nasihatlar aytgan va o‘gitlarini halimlik bilan bayon qilishda daho shoir sifatlash, o‘xshatish, talmeh, faxriya, tazod, husni ta’lil, tamsil, murojaat singari she’riy san’atlardan unumli foaydalangan. Shunisi e’tiborga molikki, bob obrazlar olamiga juda boy. Unda Shohg‘arib Mirzoga aytgan nasihatlarini muallif eng uzoq umr ko‘rgan Nuh payg‘ambar, Muhammad (s.a.v), shunindek, Ajam shohlari, shoh Iskandar, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Sulton Husayn Boyqaro kabi tarixiy shaxslar orqali yetkazadi. Bundan tashqari, faloniy obrazi sifatida birov, olim, hakimlar, yuz ming xirandmand, din ulamolari, tabib, muarrix, muhaddis, ogohlar, shoh, ogoh shoh, ulus, soqiylarni tilga oladi. Bobning tili sodda, poetikasida esa muallif nutqi ustun, ibtidosidan intihosiga qadar muallif nutqi bilan bayon etiladi.

Birinchi nasihat ulug‘ mutafakkirning qutlug‘ duosi, nek niyatiga yo‘g‘rilgan tarzda ifodalangan. Bayt shohbayt xarakterida bo‘lib, hikmat nafaqat Shohg‘arib Mirzoga, balki ma’lum ma’noda olam ahliga, kelajak avlodga qarata aytilgan, deb baholash mumkin. Bu o‘rinda Alisher Navoiy qo‘llagan kasbi kamol et tamoyili qit’alaridan birida ham badiiy talqin qilingan. Bobda kasbi kamol et tamoyili shu tariqa ifoda qilinadi:

 

Quyoshliq istasang kasbi kamol et,

Kamol ar kasb etarsen, bemalol et.

 

Ikkinchi nasihatda esa hazrat Navoiy o‘z vaqtida ta’lim, tarbiyaga g‘ayrat va rag‘bat ko‘rsatmay, balki o‘zining g‘aflati, befarqligi oqibatida insonda paydo bo‘lgan xijolat, xijolat bo‘lish kabi salbiy xislatdan ogohlantirgan. “Nasoyim ul-muhabbat”da vaqtni sarmoya deb bilgan Alisher Navoiy vaqt qadri haqida ham eslatgandek bo‘lgan:

 

Kishi ta’limdin topsa malolat,

Topar ilm ahli ollinda xijolat.

 

Uchinchi nasihatini u hadis asosida bayon qilgan, go‘yo Rumiyning “Hushyorlarga bering dunyoni” degan hikmati ma’nosini anglagan shaxs, ya’ni hayotda ogoh inson, ogoh shoh bo‘lishga chaqirgan:

 

Birovkim qilsa olimlarg‘a ta’zim,

Qilur go‘yoki payg‘ambarg‘a ta’zim.

 

Hadis o‘lmish nabiydin bo‘yla hodis

Ki, olim keldi payg‘ambarg‘a voris

 

Erursen shoh ‒ agar ogohsen sen,

Agar ogohsen sen ‒ shohsen sen.

 

To‘rtinchi nasihatida Alisher Navoiy shahzodani ilmli bo‘lishga chaqirar ekan, ochiq va yashirin talmeh san’ati vositasida Arastu, Suqrot, Fishog‘urs, Luqmon kabi hakimlar maslahati bilan Kengash asosida davlat boshqargan shoh Iskandarni yodga oladi. Uning Quyoshning chiqishidan to Quyoshning botishigacha bo‘lgan hududlarni, ya’ni “bahru barni” egallaganiga ishora qilgan:

 

Sikandar topti chun ilmu hunarni,

Ne yanglig‘ oldi ko‘rgil bahru barni.

Aningdek saltanat ahli ko‘p erdi,

Qayu birga bu nav’ ish dast berdi.

Iki ming yil o‘tub yuz ming xiradmand,

Bo‘lub hikmatlari birla barumand.

 

Ulug‘ shoir Shohg‘arib Mirzoni ilm o‘rganishga da’vat qilar ekan, ochiq talmeh vositasi bilan Temurxonning suyukli nabirasi Mirzo Ulug‘bekni eslaydi, uning ilmi oldida “osmon pastligi”, Rasadxonasi “zebi jahon”, “yana bir osmon” ekanini to‘lqinlanib yozgan. Bilim hukmdorlarga ziynat ekanini kuyinchaklik bilan bayon etgan. Shu o‘rinda tasvir va tasavvur aniq bo‘lishi uchun Ulug‘bek ilmiy faoliyati yortilgan lavhani to‘liqroq eslab o‘taylik. E’tibor bering-a...

 

Temurxon naslidin sulton Ulug‘bek

Ki, olam ko‘rmadi sulton aningdek.

Aning abnoyi jinsi bo‘ldi barbod

Ki, davr ahli biridin aylamas yod.

Valek ul ilm sori tortti chun dast,

Ko‘zi ollinda bo‘ldi osmon past.

Rasadkim bog‘lamish - zebi jahondur,

Jahon ichra yana bir osmondur.

Bilib bu nav’ ilmi osmoniy

Ki, andin yozdi “Ziji Ko‘ragoniy”.

Qiyomatg‘a degincha ahli ayyom,

Yozorlar oning ahkomidin ahkom.

Bilik garchi ko‘runur ko‘zga ziynat,

Vale shahlarg‘a bordur o‘zga ziynat.

 

Beshinchi nasihatida Navoiy Shohg‘arib Mirzoga o‘z davrining ilg‘or, taraqqiyparvar kishilari kabi diniy va dunyoviy ilmlarni puxta egallashi zarurligini tushuntirgan. Jam’ va taqsim san’ati vositasida fiqh, hadis, tafsir ilmini bir misrada yoki tib va hikmat ilmini birga qo‘llagan:

 

Bu din ilmiki xomam qildi tahrir,

Erur fiqhu hadisu so‘ngra tafsir.

Chu takmil o‘ldi bu uch ilm sen bil,

Yana har ilm maylin qilma, yo qil.

 

Tib va hikmat ilmi inson salomatligi, sog‘lom turmush tarzi, hatto Alloh amrlarini to‘kis bajarish uchun ham zarurligi uqtiriladi. Alisher Navoiy go‘yo sog‘lom jism, sog‘lom ruh, sog‘lom qalb tamoyilini bayon qilgandek bo‘ladi:

 

Va lekin tibbu hikmat ham erur xo‘b

Ki, sihhatdur kishi jismida matlub.

Qayu jismeki oning sihhati yo‘q,

Qilurg‘a Tengri amrin quvvati yo‘q.

 

Bobda ham ijodkor, ham davlat arbobi sifatida siyosiy hushyorlik va o‘tmishdan, xususan, tarixda o‘tgan hukmdorlar faoliyatidan ibrat olish uchun hukmdorlar tarix fanini o‘rganishi zarurligi xususida ham yozgan hamda tarix varaqlarida yaxshi yoki yomon nom qoldirgan Ajam shohlaridan Tahmuras, Jamshid, Zahhoklar nomini qiyosiy aspektda tilga olgan:

 

Ravon tarix sori rag‘bat ayla,

Salotin birla azmi suhbat ayla.

Jahondin ko‘rki kimlar kom olibdur,

Bu eski dayr kimlardin qolibdur.

 

Shuningdek, bobda aytilgan boqiy fikrlardan biri, insonning mazmunli va ibratli umri xususida bo‘lib, insondan yaxshi ot, yaxshi nom qolishi, uning ikkinchi umri ekanini eslatishidir:

 

Qayu fankim shuru’ etmaklik onda,

Kishidin yaxshi ot qolg‘ay jahonda.

 

Alisher Navoiy olg‘a surgan yaxshi ot, ezgu nom konsepsiyasiga adib Oybek ham “Navoiy” romanida diqqat qaratgan. Romanda ulug‘ mutafakkirning Unsiya nomi bilan mashhur qarorgohida ukasi Darvesh Ali bilan yaxshi ot, ezgu nom haqida suhbat qurgani va ukasiga nasihatlar aytgani badiiy talqin qilinadi.

Shohg‘arib Mirzoni Alisher Navoiy Haq amriga amal qilishga undagan. Unga Nuh umrini tilagan hamda bildirgan nek niyatiga dalil qilib tamsil badiiy san’ati vositasida ahli hikmat tilidan “Yomondin oz behkim, yaxshidin ko‘p” degan hikmat bilan quyidagi baytni yozgan:

 

Bu so‘zni ahli hikmat deb durur xo‘b,

“Yomondin oz behkim, yaxshidin ko‘p”

 

Yana unga ham faqih, ham tabib, ham muarrix, ham hakim, ham davlat arbobi tilidan ta’sirli nasihatlar bitgan va “olam ichra yaxshi ot” ezgu nom konsepsiyasini olg‘a surgan.

Alisher Navoiy faxriya usuli bilan unga otasi Sulton Husayn Boyqaroning din va dunyo ilmida ma’no topganini, ustunligini eslatar ekan, uning hukmronligi davrida Xuroson davlatida badiiy adabiyot, ilm-fan, san’at va iqtisodiy hayotning ko‘plab sohalari taraqqiy etganiga ishora qilgan. Shohg‘arib Mirzodan kamtarlik va umid tuyg‘usi bilan o‘zini ham duoda yod va fotihada shod qilishini so‘ragan. Chunonchi:

Yetursa naf’i kulliy har bir irshod,

Mening ruhum duodin qilg‘asen shod.

Sanga bu pand har dam naf’ bergay,

Duo qilsang manga ham naf’ bergay.

 

Ming afsuslar bo‘lsinki, Shohg‘arib Mirzo buyuk mutafakkirdan avvalroq, bevaqt vafot etgan. O‘zbekiston Qahramoni S.G‘aniyevaning yozishicha, Alisher Navoiy Shoh G‘arib Mirzo vafotiga har bandi 6 baytdan iborat 5 bandli (60 misra) tarkibband marsiya yozgan. Unda marhumning kamtar va shirinso‘z inson, adolatli va lutf-marhamatli shahzoda, zakovatli shoir bo‘lgani qayd etiladi. Bu marsiya birinchi marta 1971 yilda atoqli matnshunos H.Sulaymonov tomonidan nashr etilgan.

Xulosa shuki, Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida Shohg‘arib Mirzoga bag‘ishlab bitgan 53-bobida aytilgan nasihatlari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Chunki uning pand-nasihatlari, birinchidan, davrimiz yoshlarining ilmni puxta egallashida, kasbda kamol topishida qo‘llanma vazifasini o‘taydi, ikkinchidan esa, olimlarni el-yurt uchun foydali ilm bilan shug‘ullanishga undaydi. Qolaversa, Bobur va Faxri Xiraviy yozgan ma’lumotlar bizga Shohg‘arib Mirzoning ham davlatga, ham badiiy adabiyotga daxldor yetuk shaxs bo‘lganini ko‘rsatadi.

 

Burobiya Rajabova,

O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti

yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi



  ...