Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

O‘zbekiston sayyoramizni asrab-avaylash, kelajak avlodlarga talafotlarsiz yetkazish tarafdori



O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 30 noyabr – 2 dekabr kunlari Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyuradi va Dubay shahrida bo‘lib o‘tadigan BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi ishtirokchilarining 28-konferensiyasi (COP-28) doirasidagi Iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish sohasidagi harakatlar bo‘yicha jahon sammitida ishtirok etadi.

Ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad global iqlim o‘zgarishi, uning oqibatlariga qarshi kurashish, Parij kelishuvi qabul qilingandan keyin erishilgan yutuqlarni baholash va sarhisob qilish masalalarini muhokama qilishdan iborat.

Sammit dasturidan davlat va hukumat rahbarlari uchun yuqori darajadagi uchrashuvlar, oziq-ovqat, energetika, yoshlar va ta’lim, sog‘liqni saqlash, atrof-muhit, suv, iqlimni moliyalashtirish va COP-28ni amalga oshirishga bag‘ishlangan tadbirlar hamda davra suhbatlari o‘rin olgan.

Anjumanda 150 dan ortiq mamlakatdan davlat, hukumat rahbarlari va vazirlar darajasidagi delegatsiyalar, xalqaro tuzilmalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ekspertlar, ilmiy va jamoat doiralari vakillari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi 1992 yilda qabul qilingan bo‘lib, u dunyoning deyarli barcha davlatlarini qamrab olgan. Kioto protokoli va Parij kelishuvi BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi asoslari va rivojlanishi bo‘yicha qabul qilingan hujjatlardir.

O‘zbekiston 1993 yil 20 iyunda BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasiga qo‘shilgan, 1999 yilda Kioto protokolini ratifikatsiya qilgan. 2017 yilda Parij bitimini imzolash orqali O‘zbekiston bir qator majburiyatlarni, jumladan, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga issiqxona gazlari emissiyasini 2010 yilgi darajadan 35 foizga kamaytirish bo‘yicha asosiy majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi.

BMT hadli konvensiyasining ishtirokchisi sifatida O‘zbekiston iqlim bo‘yicha muntazam hisobotlarni tayyorlaydi va Konvensiya kotibiyatiga taqdim etadi. Shuningdek, milliy ma’ruza, ikki yillik hisobotlar, moslashish rejalari, milliy miqyosda belgilangan badallarni ishlab chiqadi va yangilaydi.

Ayni paytda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha O‘zbekistonning so‘nggi besh yildagi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash borasidagi faoliyatini aks ettiruvchi To‘rtinchi milliy ma’ruzasini tayyorlash ishlari yakunlanmoqda.

Bugungi kunda dunyo iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va sayyoramizning ifloslanishi oqibatlariga duch kelayotgan, Markaziy Osiyo mintaqasi esa global isish oqibatlarini tobora ko‘proq his qilayotgan bir paytda O‘zbekiston atrof-muhit, qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi siyosatini tubdan qayta ko‘rib chiqdi.

Xususan, O‘zbekistonda ekologik muammolarni hal etish, bioxilma-xillikni saqlash va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha qator konseptual hujjatlar tasdiqlandi. 2030 yilgacha «Yashil» iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha strategiya, 2030 yilgacha Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi, 2028 yilgacha Qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi, 2028 yilgacha Biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasi shular jumlasidandir. Umuman olganda, respublikada tabiatni va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi 40 dan ortiq qonunlarni o‘z ichiga olgan mustahkam normativ-huquqiy baza yaratilgan.

Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan iqlimiy va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning kuchayishini oldini olish maqsadida Orolbo‘yida 1,8 million gektar maydonga cho‘l o‘simliklari urug‘lari va ko‘chatlari ekilmoqda. 2030 yilgacha ushbu hududda 2,3 million gektar maydonni ko‘kalamzorlashtirish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, iqlim muammolari transchegaraviy xususiyatga ega ekanligini to‘g‘ri anglagan O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasini iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va uning oqibatlariga moslashishda birlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni sezilarli darajada kuchaytirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 14 sentyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi yillik maslahat uchrashuvidagi nutqida iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha Mintaqaviy strategiyani qabul qilishni taklif qildi, bu esa iqlim barqarorligini ta’minlash va «yashil» rivojlanishga muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Iqlim dasturi boshqa xalqaro formatlar doirasida ham faol ravishda ilgari surilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida dekarbonizatsiya va «toza» texnologiyalarni joriy etish, «aqlli» qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va suvni tejash masalalarida vazifalarni muvofiqlashtirish va amaliy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida ushbu tuzilma doirasida Ekologiya masalalari bo‘yicha yuqori darajali platforma yaratish va uning birinchi anjumanini 2024 yili Samarqand iqlim forumi doirasida tashkil etish taklifini bildirdi.

O‘zbekiston yetakchisi, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida Ekologiya sohasida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida vazirlar darajasida doimiy faoliyat ko‘rsatadigan Turkiy ekologiya forumini tuzish tashabbusini ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Orol fojiasi oqibatlari va vaziyatni yumshatish bo‘yicha mutasaddi idoralar tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida to‘xtalib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimini ta’sis etish va «Markaziy Osiyo iqlim muloqoti»ni joriy etishni taklif qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-17 noyabr kunlari Samarqandda ilk bor o‘tkazilgan BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatnomasida O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siri va ular keltirib chiqaradigan ijtimoiy, ekologik muammolarning og‘ir oqibatlarini to‘liq his qilishini yana bir bora qayd etdi. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbari xalqaro ekspertlar hamjamiyatini O‘zbekistonning qum va chang bo‘ronlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Bir so‘z bilan aytganda, BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi platformasining butun dunyo, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasi va O‘zbekiston uchun ahamiyati, shubhasiz, juda muhim. Dubayda bo‘lib o‘tadigan tadbirning ko‘lami nafaqat ishtirokchilar soni (80 mingdan ortiq kishi), balki muhokama qilinayotgan muammolarning globalligi bilan ham belgilanadi.

O‘zbekiston Prezidentining mazkur tadbirda ishtirok etishi mamlakatimizning «yashil o‘sish va rivojlanish»ga sodiqligini, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga tayyorligini hamda Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi, Kioto protokoli va Parij kelishuvi maqsadlariga erishish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni to‘liq bajarishini yana bir bor tasdiqlaydi.



  ...