23-24 noyabr kunlari Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev amaliy tashrif bilan Ozarbayjdonda boʼladi va Boku shahrida oʼtkaziladigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi (SPECA ) yigʼilishida ishtirok etadi.
BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi (SPECA) 1998 yil 26 martda ishtirokchi davlatlar - Ozarbayjon, Аfgʼoniston, Qozogʼiston, Qirgʼiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʼzbekiston tomonidan imzolangan Toshkent deklaratsiyasi bilan taʼsis etilgan.
SPECAning asosiy vazifasi mintaqadagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga koʼmaklashish, ishtirokchi mamlakatlarning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish uchun transchegaraviy hamkorlik platformasini taqdim etishdir.
Boshqaruv kengashi SPECA qarorlarini qabul qiladigan oliy rahbarlik organi hisoblanadi. U vazirlar yoki vazir oʼrinbosarlari darajasidagi milliy koordinatorlardan hamda BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (EEC) va Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyaning (ESKАTO) ijrochi kotiblaridan iboratdir.
SPECАga aʼzo mamlakatlardan biri Boshqaruv kengashining raisi hisoblanadi. Raislik qilayotgan mamlakat har yili navbatma-navbat, odatda bir yillik muddatga saylanadi. Qarorlar konsensus asosida qabul qilinadi.
Hozirgi paytda Ozarbayjon SPECАga raislik qilmoqda.
SPECА iqtisodiy forumi har yili tashkil etiladi, unda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga koʼmaklashadigan mintaqadagi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlikning alohida strategik masalalariga asosiy eʼtibor qaratiladi. Forum barcha manfaatdor tomonlar oʼrtasida yuqori darajadagi siyosiy muloqot uchun platforma boʼlib xizmat qiladi va SPECА Boshqaruv kengashi uchun aniq tavsiyalarni ishlab chiqadi.
2021-yil 17 – 19-noyabr kunlari Toshkentda Boshqaruv kengashining 16-yigʼilishi gibrid formatda boʼlib oʼtdi. Uning yakunlari boʼyicha SPECА masalalarining keng doirasini qamrab olgan oʼndan ortiq qarorlar qabul qilindi.
Shu davrda “Pandemiyadan keyin “yashil” va inklyuziv iqtisodiyotni rivojlantirish uchun barqaror transport va savdo” mavzusiga bagʼishlangan SPECА iqtisodiy forumi ham boʼlib oʼtdi.
Iqtisodiy forum yakunlari boʼyicha pandemiyadan keyingi ekologik, koʼp qirrali va inklyuziv iqtisodiyotni tiklash uchun transport, savdo va aloqa barqarorligini mustahkamlash boʼyicha Toshkent bayonoti qabul qilindi. SPECА submintaqasining iqtisodiy oʼzaro bogʼliqligini oshirish, uni barqaror transport tizimining markazi sifatida tashkil etish uchun sharoit yaratish, mintaqa ichidagi savdo tartib-qoidalarini yanada soddalashtirish va BRMga erishishni jadallashtirish boʼyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
2022 yil 26–27-oktyabr kunlari Toshkentda Transport va logistika aloqasini rivojlantirish boʼyicha SPECА ishchi guruhining 27-yigʼilishi boʼlib oʼtdi. Ishtirokchilar SPECАga aʼzo davlatlarning tashqi savdo, transpornt va tranzit sohasidagi xalqaro konventsiya va bitimlarga qoʼshilishi masalasini muhokama qildilar. Uchrashuv yakuni boʼyicha Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mintaqasida mavjud va yangi transport yoʼlaklarini rivojlantirish, shuningdek, Toshkent shahrida Transport va kommunikatsiyalarni rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etish boʼyicha kelishuvga erishildi.
Hozirgi vaqtda dasturda ishtirok etuvchi davlatlar SPECА Kotibiyatini yaratish, shuningdek, BMTning Koʼpsheriklik trast fondlari asosida SPECА jamgʼarmasini yaratish boʼyicha ishlarni davom ettirmoqdalar.
Qayd etish joizki, 2023-yil aprel oyida Jenevada boʼlib oʼtgan SPECА Vazirlar uchrashuvida Qoʼshma bayonot qabul qilindi, unga binoan Maqsadli jamgʼarmani tashkil etish toʼgʼrisida kelishuvga erishildi.
Mintaqa mamlakatlari oʼrtasidagi mustahkam aloqalar, ishtirokchi mamlakatlar xalqlarining anʼanalari, urf-odat va madaniy qadriyatlari yaqinligi Oʼzbekistonning soʼnggi yillardagi faol tashqi iqtisodiy siyosati bilan birgalikda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish nuqtai nazaridan salmoqli natijalarni berdi.
Soʼnggi yillarda Oʼzbekiston va SPECАga aʼzo davlatlar oʼrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga oshib, 9,2 milliard dollarga yetdi. Oʼzbekistonda mintaqa hududida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar bilan hamkorlikda tashkil etilgan korxonalarning soni 2017-yildan buyon besh barobarga koʼpaygani holda 2212 taga yetdi.
Mintaqa mamlakatlarining savdo-iqtisodiy salohiyati, salmoqli tabiiy va inson resurslari, qulay geografik joylashuvi hisobga olingan holda ushbu salohiyatni roʼyobga chiqarishning ustuvor yoʼnalishlari belgilab olindi. Bular raqobatdosh ustunliklardan foydalangan holda oʼzaro savdoni mustahkamlash va koʼpaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mavjud savdo toʼsiqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlarni soddalashtirish, bojxona va chegara tartib-qoidalarini raqamlashtirishdan iborat.
BMT standartlaridan foydalangan holda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, transport yoʼlaklarini diversifikatsiya qilish va Trans-Kaspiy transport yoʼlagi boʼylab multimodal maʼlumotlar va hujjatlar almashuvini raqamlashtirish boʼyicha yoʼl xaritasini qabul qilish boʼyicha tashabbuslarni ilgari surishdagi hamkorlik faollashmoqda.
Bokuda boʼlib oʼtadigan sammitda ustuvor yoʼnalishlar boʼyicha hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, SPECА tuzilmasi va faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilinadi.
Davlatimiz rahbarining boʼlajak sammitdagi ishtiroki Oʼzbekistonning mintaqaviy siyosati va mintaqalararo oʼzaro bogʼliqlikni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarining mantiqiy davomi boʼlib, unda ilgari suriladigan tashabbuslar mamlakatimizning SPECА doirasidagi koʼp tomonlama, ochiq, amaliy va oʼzaro manfaatli sheriklikni izchil rivojlantirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.