Har bir shaxsning odil sudlovga erishishga bo‘lgan huquqi uning fundamental huquqi bo‘lib, xalqaro hamjamiyat tomonidan belgilab berilgan muhim mezonlardan biri hisoblanadi. Jumladan, ushbu huquq “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” (1948 yil, 8-modda), “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro Pakt (1966 yil, 14-modda), “Inson huquqlari va asosiy erkinliklari to‘g‘risida”gi konvensiya (1950 yil, 6-modda), “Qiynoqlarga hamda jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi (1984 yil, 2-modda), “Inson huquqlari to‘g‘risida”gi Amerika mintaqaviy konvensiyasi (1969 yil, 8-modda), “Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi (1979 yil, 15-modda), “Jamoatchilikning atrof-muhitni muhofaza qilishga doir masalalar bo‘yicha odil sudlovga qadar va qaror qabul qilish jarayonida axborot olishga erishishi to‘g‘risida”gi (1998 yil, 3-modda), “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya (2006 yil, 13-modda)larda mustahkamlangan.
Xususan, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 8-moddasida har bir inson unga konstitutsiya yoki qonun orqali berilgan asosiy huquqlari buzilgan hollarda nufuzli milliy sudlar tomonidan bu huquqlarning samarali tiklanishi huquqiga ega ekanligi, “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro paktga binoan barcha shaxslar sudlar va tribunallar oldida tengligi, har bir kishi unga qo‘yilayotgan har qanday jinoiy ayblov ko‘rib chiqilayotganda yoki biror-bir fuqarolik jarayonida uning huquq va burchlari aniqlanayotganida qonunga asosan tuzilgan vakolatli, mustaqil va xolis sud tomonidan mazkur ish adolatli hamda ochiq holda ko‘rib chiqilishi huquqiga egaligi belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 55-moddasida ifodalangan har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi hamda har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanishi to‘g‘risidagi normaning mavjudligi odil sudlovga erishishda barcha uchun teng huquq va imkoniyatlar ta’minlanishining kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu huquqiy norma shuningdek, protsessual qonunchiligimizda, jumladan, Iqtisodiy protsessual kodeksi (3-modda), Fuqarolik protsessual kodeksi (3-modda), Jinoyat protsessual kodeksi (16-modda)larida ham o‘z aksini topgan.
Konstitutsiya va qonunlarga ko‘ra nafaqat jismoniy shaxslar, balki yuridik shaxslar ham teng huquq va erkinliklarga ega. Xususan, fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va undan manfaatdor bo‘lishi uchun kafolatlar hamda sharoitlar yaratish, ularning ishchanlik faolligini oshirish, shuningdek tadbirkorlik faoliyati subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 11-moddasiga asosan tadbirkorlik faoliyati subyektlarining davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek banklar bilan o‘zaro munosabatlarida tadbirkorlik faoliyati subyekti huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qilib, unga muvofiq qonunchilikda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik faoliyati subyektining foydasiga talqin etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan fuqarolar va yuridik shaxslarga davlat bojlarini to‘lash bo‘yicha bir qator imtiyozlar berilgan. Jumladan, qonunda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sudlarga da’vo ariza berishda davlat bojidan ozod qilinadigan holatlar belgilangan bo‘lib, xususan: 1) mulkdorlar – xususiy mulk huquqini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risida davlat organlari va boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish haqidagi ishlar yuzasidan; 2) chet el investitsiyalari ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyatlari – ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan; 3) tadbirkorlik subyektlari — hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risida ariza berganda; va boshqalar.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil — tadbirkorlik subyektlari manfaatlarini ko‘zlab, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari — fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining manfaatlarini ko‘zlab, adliya organlari — davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab, prokuratura organlari — davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab qilingan da’volar hamda beriladigan arizalar, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari — palata a’zolarining manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat boji to‘lamasdan da’vo ariza va arizalar bilan murojaat qilishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi PF-4850-sonli “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va yerkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgan quyidagi kafolatlar belgilandi: 1) qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llashning, shuningdek dastlabki tergovning eng ko‘p muddati 1 yildan 7 oyga qisqartirildi; 2) pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish va eksgumatsiya qilish uchun sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazildi; 3) tergovning to‘liq emasligini sud muhokamasi jarayonida to‘ldirish mexanizmlarini joriy etish orqali sud tomonidan jinoyat ishini qo‘shimcha tergov yuritishga qaytarish instituti bekor qilindi; 4) sud tizimida fuqarolik ishi bo‘yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish muddati 3 yildan 1 yilga qisqartirildi; 5) viloyat darajasidagi sudlar tomonidan jinoyat va fuqarolik ishlarini nazorat tartibida ko‘rib chiqish instituti tugatilib, tegishli sud raislari va prokurorlarning nazorat tartibida protest keltirish bo‘yicha vakolatlari bekor qilindi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ishlarni nazorat tartibida ko‘rib chiqish bo‘yicha bir-birini takrorlovchi vakolatlari bekor qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5482-son Farmoniga muvofiq sud organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, aholi bilan ochiq muloqotni kengaytirish va odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik rolini kuchaytirish vazifalari belgilandi.
Sud-huquq sohasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda ko‘rish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda ta’minlash mexanizmlarini kengaytirish maqsadida 2020 yil 24 iyul kuni qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6034-sonli Prezident Farmoni sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqishni ta’minladi.
“Yangi O‘zbekiston-yangi sud” tamoyili doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, sud-huquq tizimini isloh qilishni jadallashtirish, sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni 2021 yil 28 iyulda yangi tahrirda qabul qilindi. Davlat rahbarining 2023 yil 16 yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-11-sonli Farmoni bilan 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020 yil 4 sentyabrdagi PQ-4818-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga ko‘ra fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining sudlarga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida murojaat qilish institutini liberallashtirish, odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sudlar faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan foydalanishni rag‘batlantirish ustuvor vazifa etib belgilandi. Xususan, sudlarga masofadan turib murojaat qilish, sud majlislarida videokonferensaloqa xizmatlaridan foydalangan holda ishtirok etish, ishlarning sudyalar o‘rtasida avtomatik tarzda taqsimlanishi, sud qarorlarining internet tarmog‘ida e’lon qilinishi, sud ijro varaqalarining mujburiy ijro byurolariga elektron shaklda yuborish tizimi joriy etildi.
Elektron ariza berish, sud xarajatlarini onlayn to‘lash (https://billing.sud.uz), sud qarorlari va ish ma’lumotlari bilan tanishish, sud majlislari vaqtini belgilash uchun onlayn platformalar (https://my.sud.uz/) joriy etildi. Videokonferensaloqa vositalari. Zoom, Microsoft Teams yoki Webex kabi videokonferensaloqa platformalari virtual sud majlislari, masofaviy guvohlarning ko‘rsatmalari va boshqa sud jarayonlari uchun tobora ko‘proq foydalanilmoqda. Ushbu platformalar ishtirokchilarga video va audio ulanishlar orqali bir nechta joylardan sud majlislarida ishtirok etish imkonini beradi. Sud qarorlari va ish ma’lumotlariga kirishni ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan onlayn platformalar (https://publication.sud.uz/) ishda ishtirok etayotgan tomonlarga, shuningdek, keng jamoatchilikka sud qarorlari bilan erkin tanishish, ishning holatini kuzatish imkonini berdi.
Xulosa qilib aytganda, odil sudlovga erishish har bir shaxsning konstitutsiyada belgilab berilgan sud himoyasiga bo‘lgan huquqning kafolati hisoblanib, qonun hujjatlarida belgilangan qoidalar orqali unga erishish imkoniyatlari hamda mexanizmlari aniq va to‘liq belgilanishi lozim.
Sevara Begmatova,
O‘zbekiston Respublikasi
Sudyalar oliy kengashi huzuridagi
Sudyalar oliy maktabi tayanch doktoranti