Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

O‘zbekiston-Fransiya: o‘zaro yaqinlashuv yo‘lida



Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 1-2-noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.

O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida 1992-yil mart oyida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlik rivoj topib bormoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 8-9-oktyabr kunlari Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi o‘zaro munosabatlarning yangi bosqichini boshlab berdi.

Davlatimiz rahbari 2022-yil 21-22-noyabr kunlari Fransiyaga oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarga boy bo‘lgan ikkinchi tashrifini amalga oshirdi. Ushbu tashrif doirasida Fransiya Milliy Assambleyasi raisi Yael Bron-Pive, Fransiyadagi yetakchi kompaniya va moliya institutlarining vakillari bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Taraqqiyot strategiyasi Fransiya rahbarining islohotlar dasturi bilan yaqinligi, yirik xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal qilishda ikki davlat yondashuvlarining o‘xshashligi O‘zbekiston - Fransiya munosabatlarining yangi darajaga chiqishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirishga, zamonamizning yangi xavf-xatar va tahdidlariga birgalikda qarshi turishga xizmat qilmoqda. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan konstruktiv va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga erishishga qaratilgan mintaqaviy siyosati Fransiya tashqi siyosatining Markaziy Osiyo yo‘nalishidagi intilishlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan mutlaqo boshqa mintaqaviy muhitni yaratdi.

Yuqori darajadagi aloqalar ham yangi o‘suvchanlik kasb etdi.

Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston – Fransiya» do‘stlik guruhlari faol faoliyat ko‘rsatmoqda. Ikki davlat parlamentlari a’zolari o‘zaro tashriflar almashuvi doirasida parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish istiqbollarini muntazam muhokama qilayaptilar.

O‘zbekiston va Fransiya BMT, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ham sheriklar hisoblanadi.

Fransiya O‘zbekistonning iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy-texnikaviy sohalardagi muhim hamkoridir. Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy-texnikaviy aloqalar ham tobora faollashmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Fransiya kapitali ishtirokidagi 47 ta korxona, jumladan, 100 foiz Fransiya sarmoyasi asosidagi 17 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. «Veolia», «Suez», «EDF», «Total Eren», «Voltalia», «Orano», «Airbus» kabi yetakchi kompaniyalarning mamlakatimizdagi faoliyati geologiya-qidiruv, energetika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik va turizm sohalaridagi hamkorlikning muvaffaqiyatli namunalari hisoblanadi. Ular kommunal xizmatlar, energetika va transportning asosiy tarmoqlarida xizmat ko‘rsatmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarining bu boradagi barcha jihatlarini ko‘rib chiqish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning faoliyati ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada diversifikatsiya qilish va chuqurlashtirishning yangi yo‘nalishlarini aniqlashga yordam beradi.

Joriy yil aprel oyida Toshkentda Fransiya Tadbirkorlar harakati - «MEDEF International» bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etilgan va 35 dan ortiq Fransiya kompaniyalari vakillari ishtirok etgan biznes-forum Fransiya ishbilarmonlarining hamkorlikni kengaytirishga qiziqishi ortib borayotganini yaqqol tasdiqladi.

2018 yildan buyon Toshkent shahrida o‘z vakolatxonasiga ega bo‘lgan Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik ham samarali rivojlanmoqda. O‘tgan yilning noyabr oyida imzolangan FTA bilan 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi doirasida qiymati 1 milliard yevrodan ortiq loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimga muvofiq, Fransiya bilan savdoda eng qulay davlat rejimi o‘rnatildi.

Madaniy-gumanitar sohadagi O‘zbekiston-Fransiya munosabatlari ko‘p qirrali va istiqbolli hisoblanadi. Ular qamrov doirasining kengligi, shuningdek, yuqori o‘suvchanligi va o‘zaro manfaatdorligi bilan ajralib turadi.

O‘tgan yil noyabr oyida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron tomonidan «O‘zbekiston vohalarining mo‘jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida» nomli ko‘rgazmaning ochilishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalar rivoji tarixidagi muhim voqea bo‘ldi. Ushbu ko‘rgazma bir necha yil davomida tayyorlangan bo‘lib, unda O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar muzeylaridan saqlanayotgan tarixiy buyumlar o‘rin olgan. Bir qancha o‘zbek-fransuz qo‘shma ekspeditsiyalari bo‘lib o‘tdi, ular davomida qator arxeologik kashfiyotlarga erishildi. Bundan tashqari, Luvr va O‘zbekiston mutaxassislari tomonidan bir necha bosqichda keng ko‘lamli restavratsiya ishlari amalga oshirildi. Shu kuni Parijdagi Arab dunyosi institutida «Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘jizalari» ko‘rgazmasi ham ochildi. Ushbu ko‘rgazma uch oydan ortiq vaqt davomida Fransiya aholisi va mehmonlarini mamlakatimizning boy va noyob tarixiy-madaniy merosi bilan tanishtirdi.

Fransiyada faoliyat yuritayotgan, 1988-yilda tashkil etilgan Temuriylar davri san’ati va tarixini o‘rganish assotsiatsiyasi hamda «Avitsenna-Fransiya» uyushmasi o‘zbek xalqi tarixi hamda merosiga bo‘lgan katta qiziqishning dalilidir.

Fransiya va O‘zbekiston madaniyati hamda an’analarining o‘zaro ta’siri, do‘stona aloqalari samarali rivojlanib borayotganining yana bir tasdig‘i sifatida Ruey-Malmezon – Buxoro va Lion – Samarqand shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilganini aytish mumkin. Fransiya tomoni o‘zbek xalqining boy ma’naviy va madaniy-tarixiy merosiga hurmat belgisi sifatida Fransiya shaharlarida «O‘zbek bog‘i»ni ochdi, qomusiy olim Abu Ali ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek haykallarini o‘rnatdi.

O‘z navbatida, O‘zbekistonda fransuz tili, adabiyoti va madaniyatini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda o‘rta maxsus va oliy ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan uch mingga yaqin o‘qituvchilar 200 mingga yaqin o‘quvchi va talabalarga fransuz tilidan saboq bermoqda. O‘zbekistondagi 700 ta umumta’lim maktablari va 6 ta ixtisoslashtirilgan maktabda fransuz tili o‘qitilmoqda. 13 ta universitetda fransuz yoki roman tillari kafedralari tashkil etilgan bo‘lib, ularda talabalar fransuz tilini asosiy til sifatida o‘rganadilar. 2019 yilda Samarqand shahridagi 43-ixtisoslashtirilgan maktabga Temuriylar davri tarixi va san’atini o‘rganish uyushmasi asoschisi, Fransiya fuqarosi Lyusen Keren nomi berildi.

O‘zbekistonda fransuz tili va madaniyatini rivojlantirish, o‘zbek-fransuz hamkorligini mustahkamlashda mamlakatimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan Fransuz alyansi va Fransiya maktabi muhim o‘rin tutmoqda.

Fransuz tili o‘qituvchilari xalqaro assotsiatsiyasi huzurida O‘zbekiston fransuz tili o‘qituvchilari uyushmasi tashkil etildi.

Universitetlararo va akademik hamkorlik aloqalari ham mustahkamlanib bormoqda. 2018-2023 yillarda ta’lim sohasida turizm, arxeologiya, dizayn va moda, fransuz filologiyasi, aviatsiya, inklyuziv ta’lim, biznesni boshqarish, energetika, siyosatshunoslik, aviatsiya va boshqa yo‘nalishlarda 50 dan ortiq shartnoma va memorandumlar imzolandi. Xususan, so‘nggi yillarda Fransiyaning Parij-Syud, Parij I Panteon-Sorbonna, Parij II Panteon-Assas, Parij IV Sorbonna, Grenobl universiteti, Grenobl universiteti Nitssa Sofiya-Antipolis, Brittan-syud universiteti, Sharq tillari va sivilizatsiyalari milliy instituti, Tuluza universiteti, Tuluza siyosiy tadqiqotlar instituti, Versal milliy oliy arxitektura maktabi va boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan universitetlararo aloqalar o‘rnatildi. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va Fransiya Milliy boshqaruv maktabi o‘rtasida samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash kerak.

2019 yili Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma fakulteti, Buxoro davlat universiteti qoshida «Vatel» turizm va mehmonxona biznesini boshqarish maktabining filiali tashkil etildi. Toshkent davlat transport universitetida Fransiya fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi bilan hamkorlikda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash maktabi ochildi. O‘z navbatida, Sorbonna universiteti huzuridagi Sharq tillari va sivilizatsiyalari milliy institutida o‘zbek tilini o‘rgatuvchi kurslar yo‘lga qo‘yilgan.

2021-yil oktyabr oyida Toshkentda va 2022-yil noyabrda Parijda ikki davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida birinchi va ikkinchi O‘zbekiston-Fransiya ta’lim forumlari bo‘lib o‘tdi.

Fransiya oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot instituti O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda respublikamizda inklyuziv ta’limni rivojlantirishga ko‘maklashmoqda.

Ayni paytda Toshkent shahrida Fransiya universitetlari konsorsiumi ishtirokida O‘zbekiston-Fransiya ko‘p tarmoqli universitetini tashkil etish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Arxeologiya va madaniy merosni saqlash sohasidagi aloqalar faol rivojlanmoqda. Fransiyalik hamkorlar O‘zbekistondagi madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatayapti. Ulardan biri Afrosiyob muzeyidagi «Elchilar» freskasini restavratsiya qilish loyihasidir.

2018-yilda Fransiyada bo‘lib o‘tgan 71-Kann xalqaro kinofestivalida «O‘zbekiston» pavilonining ilk marotaba ochilishi kinematografiya sohasida muhim voqea bo‘ldi. 2019-yilda Kannda bo‘lib o‘tgan 72-Xalqaro kinofestival doirasida («Marché du Film») O‘zbekiston paviloni ochildi.

Fransiyalik sayyohlar mamlakatimizga tashrif buyurish bo‘yicha birinchi o‘rinni egallaydi. Bunga Fransiyada O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘p jihatdan yordam bermoqda. Jumladan, mashhur «France 5» telekanalining «Ajoyib sayr» dasturi doirasida O‘zbekiston haqidagi filmni 1,4 million tomoshabin ko‘rgan. Bu ko‘rsatgich ushbu teledastur tarixidagi eng yaxshi natija sifatida qayd etilayapti. Qolaversa, taniqli fransuz aktyori Jerar Depardening O‘zbekistonning Fransiyadagi turizm elchisi etib tayinlangani ham mamlakatimiz juda qiziqarli va istiqbolli sayyohlik yo‘nalishi sifatida ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

Muxtasar aytganda, hech shubhasiz, dinamizm va strategik yo‘naltirilganligi bilan ajralib turadigan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Fransiya munosabatlari ulkan istiqbolga ega, deya ayta olamiz. Shu nuqtai nazardan, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning mamlakatimizga bo‘lajak tashrifi so‘nggi yillarda faollashgan O‘zbekiston - Fransiya munosabatlarining mantiqiy davomi bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqish uchun zamin yaratadi.



  ...