Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Yaponiyada O'zbek tili bayrami keng nishonlandi



O'zbekiston Respublikasi "Davlat tili to'g'risida"gi qonunni qabul qilinganligining 34 yilligi arafasida mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Tokio xorijiy tillar universiteti O'zbek tili bayrami kuni nishonlandi.

Mazkur oliy ta’lim dargohida o'zbek tilini o'rganayotgan 30 nafarga yaqin talaba hamda professor-o'qituvchilar ishtirokida o'zbek tili bayramiga bag'ishlangan maxsus dars tashkil etildi. 

O'zbekiston elchisi Muhsinxo'ja Abdurahmonov tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, 21-oktyabr mamlakatimizda O'zbek tili bayrami kuni, deb e’lon qilinganini qayd etar etar ekan, yurtimizda olib borilayotgan til siyosati haqidagi ma’lumotlarga to'xtaldi. Bu siyosat inson qadrini ulug'lashga qaratilgan tub islohotlarga har tomonlama uyg'un va hamohang ekanligini qayd etdi. 

Shuningdek, u bugungi kunda jahon miqyosida 50 millionga yaqin kishi o'zbek tilida so'zlashayotgani, ko'pgina mamlakatlarda, xususan, Yaponiyada ham o'zbek tili va adabiyotiga bo'lgan qizikish tobora ortib borayotganini alohida ta’kidladi. 

Maxsus davomida yapon talabalarini yurtimizga bo'lgan qiziqishini oshirish maqsadida "Siz O'zbekistonni bilasizmi?" viktorinasi o'tkazildi. Gʻoliblarga esdalik sovg'alari taqdim etildi. Dars savol-javoblarga boy bo'ldi. 

So'ngra Tokio xorijiy tillar universiteti Yaponiyada O'zbekiston va o'zbek tili bo'yicha mutaxassislar tayyorlaydigan yetakchi oliy o'quv dargohi ekanligi, talabalar o'zbek tilini mukammal o'rganishlari asosida O'zbekiston bo'yicha yetuk mutaxassis bo'lishiga hamda ikki mamlakat o'rtasidagi do'stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga o'z hissalarini qo'shishlariga umid bildirildi.

Tadbir doirasida mazkur universitet prezidenti, professor Kayoko Xayashi bilan bilan bo'lib o'tgan uchrashuv chog'ida ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari masalalari atroflicha muhokama qilingani barobarida o'zaro yaqin aloqalarni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.

Jumladan, bugungi kunda yapon universiteti tomonidan Toshkent davlat sharqshunoslik va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetlari bilan hamkorlik aloqalari o'rnatilgani, shuningdek, joriy yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan Hamkorlik memorandumi imzolangani, kelgusi yildan boshlab esa talabalar almashuvi dasturlari boshlanishi mamnuniyat bilan qayd qilindi. 

Uchrashuvda Tokio xorijiy tillar universiteti tomonidan yurtimizning pedagog kadrlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish dasturlarini tashkil qilish, PHD bosqichi talabalari qabulini ko'paytirish hamda O'zbekistonda yapon tilini o'rgatayotgan oliy ta’lim muassasalarida onlayn darslar tashkil etilishi bo'yicha ham kelishuvga erishildi. 

Shu bilan birga, 2022-yil oktyabr oyida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektorining Yaponiyaga tashrifi paytida Tokio xorijiy tillar universitetining Markaziy Osiyoshunoslik kafedrasi qoshida Sharqshunoslik universiteti burchagi ochilgani mamnuniyat bilan qayd qilinar ekan, yaqin istiqbolda mazkur burchakni alohida "O'zbek tili va madaniyati" markazi sifatida shakllantirish bo'yicha o'zaro anglashuvga erishildi. 

Ma’lumot tariqasida qayd etish joizki, Yaponiyaning eng keksa davlat universitetlaridan biri - Tokio xorijiy tillar universiteti 1873-yilda tashkil etilgan bo'lib, uning uchta fakultetida til va madaniyat, xalqaro va mintaqaviy tadqiqotlar hamda yaponshunoslik fanlari o'rganiladi. Jami 4208 nafar talabaning 687 nafari 84 mamlakatdan kelgan xorijiy talabalardir. O'zbekistondan 13 nafar talaba tahsil oladi.  

Universitetda o'zbek tili 2009-yildan buyon asosiy til sifatida o'qitilib kelinmoqda. Hozirgi paytda 45 nafarga yaqin talaba o'zbek tilini o'rganmoqda.



  ...