Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Tarixda ilk bor UNWTO Bosh Аssambleyasi sessiyasi Oʼzbekistonda oʼtkaziladi



16 – 20 oktyabr kunlari Samarqand shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon Turizm Tashkiloti (UNWTO) Bosh Аssambleyasining 25-yubiley sessiyasi oʼtkazilishi kutilmoqda. Taʼkidlash lozimki, Oʼzbekiston oʼz tarixida birinchi marta BMT oilasiga kiruvchi tashkilotning eng muhim tadbiri hisoblangan va ikki yilda bir marta oʼtkaziladigan Bosh assambleyaga mezbonlik qilmoqda.

Tadbir 160 ga yaqin davlatdan turizm yoʼnalishida faoliyat yurituvchi davlat idoralari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va turistik biznes vakillarini birlashtiradi.

Bugunga kelib, Saudiya Аrabistoni, Аlbaniya, Ozarbayjon, Bagama, Baxreyn, Gvatemala, Gaiti, KotDivuar, Indoneziya, Monako, Niger, Panama, Portugaliya, Sierra Lione, Ukraina, Urugvay, Yaman kabi mamlakatlarning turizm idoralari rahbarlari Samarqandga kelishi kutilmoqda.

Qayd etish joizki, Oʼzbekiston keyingi 2023-2027 yillar uchun UNWTO Ijroya kengashining Vakolatlar boʼyicha qoʼmitasi aʼzoligiga qabul qilindi. Bu UNWTO Ijroiya kengashi tomonidan qabul qilinadigan muhim qaror va hujjatlar, ularda aʼzo davlatlar ishtirokining haqqoniyligi va tamoyillarga mosligini nazorat qilish vakolati Oʼzbekistonga ishonib topshirilganligini bildiradi.

Mamlakatimizga xalqaro miqyosda bildirilgan bunday ishonch yurtimizning nafaqat jahon turizm bozoridagi pozitsiyasi mustahkamligini, balki xalqaro munosabatlardagi faoliyatining ham nechogʼli samarali ekanini namoyon qiladi.

Bosh Аssambleyaning Oʼzbekistonda oʼtkazilishi mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik koʼlamini yanada kengaytirish, madaniy va turizm salohiyatini targʼib qilishda yangi imkoniyatlarni taqdim etadi.

Bosh Аssambleyaning 25-sessiyasi doirasida turizm sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalari yalpi sessiyalar va boshqa qator keng miqyosli anjumanlarda muhokama qilinadi.

Jumladan UNWTO doirasida tashkillashtirilishi rejalashtirilayotgan Investitsiya forumi Oʼzbekistonning barcha hududlaridagi investitsiyaviy salohiyati yuqori boʼlgan obʼektlar, hududlar, loyihalar yirik xorijiy investorlarga taqdim etilishi, yurtimizga faol maqsadli va manzilli investitsiyalar jalb etilishi boʼyicha koʼplab muhim biznes kelishuvlariga erishilishi koʼzda tutilmoqda. Forum turizm sektoridagi imkoniyatlarni oʼrganish uchun global manfaatdor tomonlarni, sanoat rahbarlarini va investorlarni birlashtiradi hamda mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsion muhit hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etishning mustahkam huquqiy asoslarini namoyish etish, shuningdek ishtirokchilar oʼrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Investforumdagi asosiy sessiyalar davomida mamlakatimizning sarmoyaviy muhiti haqida jahon jamoatchiligida ijobiy fikrni shakllantirish, yirik xorijiy investorlarda Oʼzbekistonga sarmoya kiritishga qiziqishni oshirish maqsadi koʼzlangan. Tadbir yakuniga koʼra, mamlakatimizga kiritiladigan investitsiyalar koʼlamini oshirish orqali barqaror rivojlanishga koʼmaklashish, yurtimizning sarmoyaviy salohiyatini yanada oshirish va global miqyosda sektorlar boʼylab hamkorlikni kuchaytirishga erishish kutilmoqda.

Shu bilan birga, Oʼzbekistonning boy madaniy merosi va tabiiy resurslarini saqlab qolgan holda, mamlkatimizning iqtisodiy oʼsishiga hissa qoʼshadigan investitsiyalarni jalb qilish koʼzlanmoqda.

Bosh Аssambleya doirasida oʼtkazilishi kutilayotgan Taʼlim forumi turizm sohasidagi taʼlimning bugungi kundagi holatini namoyon etish, malaka oshirish va barcha uchun inklyuziv imkoniyatlar yaratishga sarmoya kiritish naqadar muhim ekanini namoyon qiladi.

Tadbirda UNWTO tomonidan oʼrta, oliy va boshqaruvchi taʼlim boʼyicha yetakchi akademik hamkorlar bilan ishlab chiqilgan qoʼshimcha tashabbuslar, innovatsion taʼlim vositalari toʼplami, Xalqaro barqaror turizm boʼyicha yangi fanlar boʼyicha oʼqitish har bir sohadagi soʼnggi yutuqlar namoyish etiladi. Forumning keng qamrovli dasturi manfaatdor tomonlar, siyosatchilar, professorlar va sanoat rahbarlarini jamoaviy harakatlarga ilhomlantirish va safarbar etishga intiladi.

Bundan tashqari, tadbir doirasida UNWTO tomonidan yilning eng yaxshi sayyohlik qishloqlari (Best Tourism Villages) eʼlon qilinadi. Buning uchun hududning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan barqarorligini taʼminlashga qaratilgan, aholining anʼanaviy hayot tarzi va qadriyatlarini saqlab qolgan holda, taraqqiyot va farovonlikni taʼminlaydigan ilgʼor turizm sohalariga ega butun dunyodagi turizm qishloqlari tanlab olinadi. Mazkur tanlovda mamlakatimizdan ham qator qishloqlar ishtirok etayotgani barchamiz uchun quvonarli.

Butunjahon Turizm Tashkiloti (YuNVTO) Bosh Аssambleyasi 25-yubiley sessiyasining qadimiy Samarqand shahrida oʼtkazilishi mamlakatimizning madaniy, turizm, investitsiya va intellektual salohiyatini dunyoga tanitishi barobarida, jahon hamjamiyati bilan olib boriladigan savdo-iqtisodiy, turizm va madaniy sohalardagi xalqaro aloqalarining yanada mustahkalanishi yoʼlida xizmat qiladi.  



  ...