Joriy yil 16 sentyabr kuni Tokio shahrida “Cheksiz ijod olami” nomidagi o‘zbek tili va san'ati maktabining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur maktab O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi, “Vatandoshlar” jamoat fondi hamkorligida maktab rahbariyati tashabbusi bilan asos solingan bo‘lib, Yaponiyada yashab kelayotgan vatandoshlarimiz orasida o‘zbek tili, madaniyati va an'analarini saqlab qolish va rivojlantirish faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Marosim doirasida yurtimiz boy ilmiy, madaniy va ma'naviy merosini keng targ‘ib qilish va ommalashtirish, vatandoshlarga madaniy-ma'rifiy tadbirlarni tashkil etish kabi sohalarda maktab faoliyatiga ko‘maklashish maqsadida “Vatandoshlar” jamoat fondi va “Cheksiz ijod olami” tashkiloti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Tadbir so‘ngida maktab faoliyati uchun kitoblar, zaruriy o‘quv qo‘llanmalari va o‘zbek milliy liboslari taqdim etildi.