Joriy yil 17-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Tokiodagi elchixonasi ko‘magida “Vatandoshlar” jamoat fondi va “Yaponiya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati (assotsiatsiya) o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama etilib, mazkur fond va jamiyat o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Uchrashuvda “Yaponiya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati raisi va jamiyatning faol vakillariga “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni va faxriy yorliqlar topshirildi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Yaponiyaning yirik kompaniyalarida faoliyat olib borayotgan va oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan vatandoshlar ishtirokida “Vatandoshlar” jamoat fondi faoliyati taqdimoti o‘tkazilib, vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida hamkorlik loyihalarini amalga oshirish, bugungi kunda kunchiqar mamlakatda o‘z sohasining yetuk bilimdoni bo‘lib yetishgan yurdoshlar bilan tajriba almashish va ularni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir so‘ngida, faol vatandoshlar faxriy yorliq bilan taqdirlandi hamda jamoat fondining Yaponiyadagi volontyorlari tayinlandi.