Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

KIChIKDАN OʼRTАGА, OʼRTАDАN KАTTАGА Ochiq muloqot chogʼida biznesni rivojlantirish boʼyicha belgilangan yoʼnalishlar



Joriy yil 18 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoevning tadbirkorlar bilan uchinchi ochiq muloqoti boʼlib oʼtdi. Davlat boshqaruvining turli darajalarida biznes bilan muloqot dunyo boʼyicha keng tarqalgan boʼlib, biznes manfaatlarini davlat rivoji manfaatlari bilan uygʼunlashtirgan holda optimal iqtisodiy siyosatni olib borishga yordam beradi.

Muloqot rivoji

Ilk ochiq muloqot davlatimiz rahbarining taklifiga binoan 2021 yil 20 avgustda tashkil etilgan edi. Shundan buyon mazkur format yaxshi anʼanaga aylandi va ushbu sana mamlakatimizda Tadbirkorlar kuni etib belgilandi. Bu Oʼzbekistonda shu kabi birinchi tajriba boʼlib, biznesga nisbatan olib borilayotgan iqtisodiy siyosatni optimallashtirish nuqtai nazaridan oʼzining yuqori samaradorligini koʼrsatishga ulgurdi, keyingi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi natijalar ham shuni koʼrsatmoqda.

Bir yil davomida bajarilgan ishlar

Yaqinda oʼtkazilgan muloqotda oʼtgan yilgi muloqotda belgilangan yoʼnalishlar boʼyicha bir yil davomida amalga oshirilgan ishlarga baho berildi. Xususan, oʼtgan yil ilgari surilgan takliflar asosida biznes subʼektlari mikro, kichik, oʼrta va yirik toifalarga ajratilib, ularning har biriga alohida yondashuv qoʼllanila boshladi. Xuddi shunday, tuman va shaharlar ham 5 toifaga boʼlinib, 60 tumanda alohida soliq, kredit va moliyaviy rejimlar joriy etildi, buning natijasida oʼtgan olti oyda ushbu tumanlardagi tadbirkorlar qariyb 1 trillion soʼmlik imtiyozlardan foydalandi. Buning hisobiga 20 tumanda tadbirkorlar daromadlari oʼtgan yilga nisbatan 1,5-2 barobargacha oshdi.

Qoʼshilgan qiymat soligʼini qaytarish muddati qisqartirildi. Buning natijasida 2022 yil 1 avgustdan 2023 yil 1 avgustga qadar 6 ming korxonaga 20 trillion soʼm qaytarib berildi, 2 mingdan ziyod eksportchi tadbirkorning hisobraqamiga eksportdan valyuta tushumini kutmasdan 7 trillion soʼm kelib tushdi. Ushbu soliq stavkasini 12 foizgacha kamaytirish hisobidan qoʼshilgan qiymat zanjiri ishtirokchilari soni 26 mingga koʼpayib, ularning faoliyati “soya”dan chiqdi. QQS toʼlovchilar soni 184 mingga yetdi. Samarasiz soliq mexanizmlari qoʼllanilishi oqibatida vujudga kelgan soliq qarzdorligini hisobdan chiqarish natijasida biznes ixtiyorida 2 trillion soʼm qoldi.

 Kreditlash sohasida aylanmadagi tovarlar, eksport shartnomalari, akkreditivlar va kelgusi tushumlardan ham garov taʼminoti sifatida foydalanish tizimi yaratildi. Ushbu imkoniyat tufayli tadbirkorlarga 1 milliard dollar miqdorida kredit taqdim etildi. Mikromoliya tashkilotlarini ochish tartibi yengillashtirilgani tufayli mamlakatimizda banklar uchun muqobil kredit bozori paydo boʼldi. Soʼnggi bir yil davomida bunday tashkilotlar soni 1,5 barobar, ular tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi esa 3 barobar oshdi. Yil davomida nobank tashkilotlar tomonidan 3 trillion soʼm kredit mablagʼlari ajratildi.

Bojxona hududida qayta ishlash tizimi soddalashtirilgani tufayli, ushbu bojxona rejimidan foydalanuvchi tadbirkorlar soni ikki barobar ortdi, buning natijasida yil davomida ushbu imkoniyatdan foydalangan holda 455 million dollarlik mahsulot eksport qilinib, 110 million dollarlik qoʼshilgan qiymat yaratildi.

Ilgari yangi tadbirkorlar uchun “kirish qiyin boʼlgan” 119 faoliyat turi uchun litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi yoki xabardor qilish shakliga oʼtkazildi. Shu bilan birga, respublika hududida birgina yuklarni avtomobilda tashish faoliyati boʼyicha litsenziyalarni bekor qilish hisobidan yuk tashish hajmi 1,5 barobar oshdi. 2023 yilning olti oyi davomida tekshiruvlar soni oʼtgan yilning shu davriga nisbatan 40 foizga — 104 mingdan 64 mingtaga kamaygan.

Tadbirkorlar bilan avvalgi muloqotdan soʼng, oʼtgan bir yil davomida kichik tadbirkorlar soni yana 40 mingga koʼpayib, 490 mingni tashkil etdi. Oʼrta tadbirkorlar soni esa 2 mingga oshdi va 10 mingga yetdi. Yirik korxonalar soni yil davomida 400 taga ortib, 1,5 mingtani tashkil etmoqda.

Taqdim etilayotgan imtiyozlardan foydalanish natijasida 155 korxonaning yillik aylanmasi 100 million dollardan oshdi. Kiritilgan yillik xorijiy investitsiyalar hajmi ilk bor 10 milliard dollarga yetdi. Bu 2017 yilga nisbatan 3 barobar koʼp demakdir. Biznes bilan doimiy muloqot olib borilayotgan soʼnggi ikki yilda mahalliy korxonalar tomonidan 25 milliard dollarlik mahsulot eksport qilinib, shuningdek, avval import qilingan 10 milliard dollarlik mahsulotni oʼzimizda ishlab chiqarish yoʼlga qoʼyildi.

Biznesni qoʼllabquvvatlashning belgilangan yoʼnalishlari

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joriy yilda tadbirkorlar bilan muloqot chogʼida soʼzlagan nutqida kelgusida biznes va tadbirkorlik rivojini qoʼllab-quvvatlashning beshta asosiy yoʼnalishini belgilab berdi.

Taʼkidlanganidek, kichik biznesni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Har yili mikro biznesni moliyaviy qoʼllab-quvvatlashga 1 milliard dollardan ziyod mablagʼ ajratiladi. Yil boshida kichik biznes toifasiga kimlar kirishi aniq belgilab berildi. Biroq kichik biznesni qoʼllab-quvvatlashning manzilli tizimi va buning uchun zarur sharoitlarni yaratish hali toʼliq shakllantirilgani yoʼq. Shu sababli, ushbu sektorni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha yaxlit ekotizim yaratiladi.

 “Qishloq qurilish bank” “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantirilib, uning huzurida har bir hududda jami 14 ta kichik biznes markazi tashkil etiladi. Mikro biznesdan kichik biznesga oʼtish istagida boʼlgan tadbirkorlar har oyda mahallalardagi hokim yordamchilari ishtirokida ushbu markazlarga biriktiriladi. Hududlardagi kichik biznes markazlarida tahsil olgan tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda kreditlar ajratiladi. Аgar kichik biznes loyihasining 10 foiziga tadbirkor investitsiya kiritsa, u holda 45 foiziga “Biznesni rivojlantirish banki”ning oʼzi, qolgan 45 foizi uchun esa davlat koʼmagida resurs yoʼnaltiriladi. Tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda 5-7 yil muddatga kreditlar beriladi. 1 oktyabrdan boshlab ushbu mablagʼlarning 150 million dollariga kredit liniyalari ochiladi.

Ushbu yangi tizimni joriy etish toʼgʼrisida alohida qonun qabul qilinadi. Shuningdek, markaz bilan hamkorlikda kichik biznes loyihalarini amalga oshirishga oid barcha jarayonlarning soddalashtirilgan tartibi belgilanadi. Yangi kichik biznes loyihasi yoʼlga qoʼyilishi bilan undan tushgan barcha soliqlar ikki yil ichida “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylanma mablagʼlar uchun oʼtkaziladi. Yaʼni bank tadbirkorning yuqori darajali daromadidan manfaatdor boʼladigan tizim yaratilmoqda. Umuman olganda, mazkur tizim 150 ming kichik biznes subʼektining oyoqqa turishiga, 25 mingtasining oʼrta toifaga oʼtishiga, 250 mingta yangi doimiy ish oʼrni yaratilishiga xizmat qiladi.

Oʼrta biznesni rivojlantirish bilan bogʼliq tashabbuslar

Oʼrta biznes iqtisodiyotimizning muhim boʼgʼini boʼlishiga qaramay, uning jadal oʼsishi uchun sharoitlar hali yetarli emas, chunki tijorat kreditlari boʼyicha kafillik yoki kompensatsiya faqat Tadbirkorlik jamgʼarmasi tomonidan taqdim etiladi. Shu bois, kichik biznesdan oʼrta biznesga oʼtish istagida boʼlgan tadbirkorlarni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha ham yangicha yondashuvlar yoʼlga qoʼyilib, biznesni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha mavjud jamgʼarmalarning faoliyati ham, ish uslublari ham tubdan oʼzgaradi

Tadbirkorlik jamgʼarmasi xizmatlar va servis sohasidagi, “yashil” va energiya samarador loyihalarga moliyaviy yordam koʼrsatish uchun, Sanoatni rivojlantirish jamgʼarmasi esa sanoat loyihalariga masʼul boʼladi. Ushbu jamgʼarmalar byudjet mablagʼlari bilan cheklanmaydi, balki mustaqil investitsiyalarni jalb qilish vakolatiga ega boʼladi. Shu orqali kelgusi yilda oʼrta biznes uchun qoʼshimcha 1 milliard dollar mablagʼ jalb qilinadi.

1 sentyabrdan boshlab yangi tashkil etilayotgan Sanoatni rivojlantirish jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada 5 foiz, milliy valyutada 10 foiz stavkada 10 yil muddatga kreditlar ajratiladi. Sanoat korxonalariga 1 yil muddatgacha xorijiy valyutada 4 foiz, milliy valyutada 10 foiz stavkada aylanma mablagʼ taqdim etiladi. Bunda olib kelinadigan asbob-uskuna uchun 15 foizlik avans toʼlovlari ham jamgʼarma tomonidan kredit shaklida beriladi.

Аyni paytda sanoat ipotekasi tizimi ham yoʼlga qoʼyilib, tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida ishlab chiqarish maydonlari qurib beriladi. Jumladan, har bir viloyatda kamida 3 tadan yangi sanoat zonasi tashkil etilib, ularda investitsiya majburiyatlari bajarilgandan soʼng yer maydonlarini xususiylashtirishga ruxsat beriladi.

Tadbirkorlik jamgʼarmasi xizmatlar sohasi uchun masʼul boʼladi va unga oʼrta biznes korxonalariga hissador boʼlib kirish vakolati beriladi. Buning uchun joriy yilda jamgʼarmaga qoʼshimcha 25 million dollar, kelgusi yilda esa yana 100 million dollar ajratiladi. Shu bilan birga, jamgʼarma tomonidan oʼrta biznes uchun xorijiy valyutadagi kreditlarga ham kafillik beriladi. Jamgʼarma turizm, savdo va servis sohalarida “xizmatlar ipotekasi” tizimini joriy qiladi. Ushbu ikkita yangi tizim 1 oktyabrdan toʼlaqonli ishga tushiriladi. Kelgusi bir yilda oʼrta biznes uchun sanoat sohasida 2 mingta, xizmatlar boʼyicha 10 mingta yangi loyiha moliyalashtiriladi, bu esa qoʼshimcha 1 milliard dollarlik xizmatlar, 5 milliard dollarlik yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish, 350 mingta yangi ish oʼrni yaratish imkonini beradi.

Raqobatbardosh mahsulotlar bilan yangi bozorlarga kirish

Oʼtgan yili “Yangi Oʼzbekiston — raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi yoʼlga qoʼyildi. Uning doirasida 100 ta yetakchi eksportchi korxona tanlab olindi. Joriy yilda mazkur korxonalar eksporti 1,5 barobar oshishi kutilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro maydondagi vaziyat hisobiga logistika xarajatlari 3-4 barobar oshib ketdi. Shu bois, ularning logistika xarajatlarini kompensatsiya qilishga qoʼshimcha 100 million dollar yoʼnaltiriladi. Yana 25 million dollar mahsulotlarni xorijda sertifikatlash, xalqaro standartlarni joriy etish va bu borada mutaxassislar tayyorlash uchun ajratiladi. Joriy yilda ushbu dastur davom ettirilib, ishtirokchi korxonalar soni 500 taga yetkaziladi va ular uchun dasturdagi barcha imtiyozlar saqlab qolinadi.

Eksportni kengaytirish boʼyicha yana bir katta imkoniyat — nufuzli xorijiy brendlarni mamlakatimizga jalb etish hisoblanadi. Xususan, yillik bozori 100 milliard dollardan oshadigan dunyoning eng mashhur 50 ta brendi hamkorlikda ishlashga katta qiziqish bildirmoqda va mahalliy korxonalarimizga 3 milliard dollarlik buyurtma berishga tayyor

Bu ishlab chiqarishga xalqaro standartlar, ekologiya va sertifikatlash talablarini joriy etish, mutaxassislarimizni oʼqitish, ishchilar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratishga yordam beradi. Shu munosabat bilan mashhur brendlarning mahsulotlarini olib kirish va eksport qilish uchun qulay bojxona rejimi joriy etiladi, yirik brendlarni jalb qilgan korxonalarga esa 500 million soʼm miqdorida grant ajratiladi.

Yuqori daromadli korxonalar loyihalari

Bugungi kunga qadar xalqaro konsulьtantlarni jalb qilgan holda elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, toʼqimachilik, charm-poyabzal, zargarlik, mebelsozlik, polimer, kimyo va oziq-ovqat sanoati kabi yoʼnalishlarda 140 ta tayyor loyiha ishlab chiqildi. Ularning jami qiymati 10 milliard dollarga teng boʼlib, 60 ming ish oʼrnini yaratish, yiliga 5 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish hamda 2,5 milliard dollarlik eksport qilish koʼzda tutilgan. Ushbu loyihalar elektron platformaga qoʼyilib, tadbirkorlarga ochiq va oshkora shartlar asosida taklif etilmoqda.

 Shu munosabat bilan Prezidentimiz dasturda ishtirok etish istagini bildirgan tadbirkorlar bilan shartnomalar tuzishni taklif qildi. Dasturga kirgan korxonalarga Sanoatni rivojlantirish jamgʼarmasi hisobidan 10 yil muddatga past foizli kreditlar ajratiladi.

Soliq maʼmuriyatchiligini soddalashtiri

Oʼtgan yetti yilda soliq sohasida amalga oshirilgan islohotlar, tadbirkorlarga berilgan imtiyoz va preferentsiyalar tufayli ularning ixtiyorida 120 trillion soʼmdan ziyod mablagʼ qoldi. Oʼtkazilgan soʼrovlarda 62 foiz tadbirkorlar soliq sohasidagi islohotlarni ijobiy baholagan. Biroq soliq maʼmuriyatchiligi murakkabligicha qolib, biznesga aralashish va tizimdagi korruptsiya holatlari saqlanib qolmoqda. Endilikda soliq xizmati tubdan isloh qilinadi, soliq maʼmuriyatchiligi esa soddalashtiriladi.

Xususan, qoʼshilgan qiymat soligʼi toʼlovchilarining aksariyati soliqlarni qaytarishda soliq uzilishi koeffitsientini qoʼllash, yaʼni “tax-gap” tizimi adolatsiz ekanini bildirgan. 1 oktyabrdan boshlab qoʼshilgan qiymat soligʼini qaytarishda bu amaliyot bekor qilinadi.

Tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingi joriy etiladi

Bunda kelgusi yilning 1 yanvaridan boshlab reytingi yuqori boʼlgan korxonalar barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi, ularga qoʼshilgan qiymat soligʼining ortiqcha qismi bir kun ichida qaytarib beriladi hamda qoʼshilgan qiymat soligʼi toʼlovchisi guvohnomasini vaqtinchalik toʼxtatib turish amaliyoti bekor boʼladi.

Tadbirkorlarning soliq idoralari bilan boʼladigan barcha nizolari maʼmuriy sud vakolatiga oʼtkaziladi. Ularning toʼgʼridan-toʼgʼri sudga shikoyat qilishidagi har qanday cheklovlar bekor qilinadi. Soliq boʼyicha tadbirkorlarga nisbatan daʼvo kiritish muddati hozirgi 5 yildan 3 yilga qisqartiriladi.

Hozirgi kunda tadbirkorlar 140 dan ortiq hisobot doirasida 8 mingga yaqin koʼrsatkichlarni 16 idoraga topshirishga majbur. Oqibatda 500 ming tadbirkor har yili bu kabi turli hisobotlarni tayyorlash uchun 300 milliard soʼm mablagʼ sarflamoqda. Shu bois, 2024 yil 1 yanvardan boshlab eskirgan hisobotlar toʼxtatiladi, barcha hisobotlar yagona elektron tizim orqali taqdim etiladi va ularning qogʼoz shakli bekor qilinadi.

Xulosa

Oʼtgan yilgi ochiq muloqot yakunlariga koʼra, biznesni manzilli qoʼllab-quvvatlashga oʼtish uning xususiyatlari va faoliyatning hududiy shartlaridan kelib chiqqan holda belgilangan boʼlsa, bir yil davomida bu yoʼnalishdagi ishlar natijasi ushbu yondashuvning samaradorligini toʼliq tasdiqladi.

Shu bilan birga, joriy yil 18 avgustda boʼlib oʼtgan muloqot chogʼida muvaffaqiyatli korxonalarning mikrodan kichik korxonaga, kichikdan oʼrtaga, oʼrtadan (jahon bozorida yuqori raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchi) yirik korxona shaklida oʼsishini ragʼbatlantiradigan biznesni rivojlantirishning yagona keng qamrovli tizimini yaratish kabi yanada ulkan va istiqbolli vazifalar belgilandi. Hududlarda biznesning barcha turlarini qoʼllab-quvvatlashning manzilli va individual ekani eng raqobatbardosh korxonalarning bunday evolyutsiyasi va muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun zaruriy shart hisoblanadi.

Bu esa Oʼzbekiston iqtisodiyoti yetarlicha yuqori oʼsish surʼatlarini saqlab turishi uchun zarur, busiz fuqarolarning turmush darajasini munosib darajada oshirishni taʼminlab boʼlmaydi. Shunday ekan, Tadbirkorlar kunida 44 tadbirkor orden va medallar, 126 nafari esa “Faol tadbirkor” koʼkrak nishoni bilan taqdirlanishi asoslidir.

 

Obid Hakimov,

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori



  ...