Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

ITIM eksperti: Joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston iqtisodiyoti yuqori o‘sish dinamikasini saqlab qoldi



«O‘zbekiston iqtisodiyoti birinchi yarim yillikda yuqori o‘sish dinamikasini saqlab qoldi va beqaror tashqi muhit o‘zgarishlariga chidamliligini saqlab qoldi», - deb  yozdi  Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) bosh  ilmiy xodimi Ruslan Abaturov “Dunyo” AA  uchun sharhida:  

O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki 6 oyida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 5,6 foizga o‘sdi, bu 2022 yilning shu davriga nisbatan yuqoridir (5,4%).

Geosiyosiy beqarorlik saqlanib qolganiga qaramay, qo‘shni mamlakatlardagi iqtisodiy vaziyat joriy yilning yanvar-iyun oylarida umuman olganda ijobiy bo‘ldi. Shunday qilib, Qozog‘istonda iqtisodiyot 5%ga, Qirg‘izistonda 3,9%ga o‘sdi. Xitoyda YAIM o‘sishi 5,5%ni tashkil etdi. Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, yanvar-may oylarida Rossiyaning YAIM o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,6%ga oshdi.

O‘zbekistonda inflyatsiya sekinlashishda davom etmoqda va 6 oy yakunlariga ko‘ra so‘nggi 5 yildagi eng past ko‘rsatkichlarni ko‘rsatmoqda. Joriy yil yanvar-iyun oylarida inflyatsiya 3,5%ni, 2022 yilning shu davrida esa 6,5%ni tashkil etgan. Yillik ko‘rsatkichlarda inflyatsiya 9%gacha (2022 yil iyun oyida – 12,2%) sekinlashdi. Oziq-ovqat inflyatsiyasi 2022 yil yanvar-iyun oylarida 8,9%dan joriy yilning shu davriga nisbatan 4,1%gacha sekinlashdi. Xuddi shunday, nooziq–ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi 5,8%dan 3,1%ga, pullik xizmatlar narxining o‘sishi esa - 3,3%dan 2,9%gacha sekinlashdi.

6 oy davomida asosiy kapitalga investitsiyalar 7,9%ga o‘sdi (2022 yil yanvar-iyun oylarida – 6,6%). Xususan, markazlashtirilmagan investitsiyalardagi o‘sish surʼati 8,7%ni tashkil etdi. Ulardan korxonalar mablag‘lari hisobidan investitsiyalar 15,8%ga, aholi mablag‘lari – 8,7%ga, tijorat banklari kreditlari va boshqa qarz mablag‘lari – 36,5%ga oshdi. Bundan tashqari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda ikki xonali raqamli dinamika, yaʼni 21% darajasidagi o‘sish qayd etildi.

Yilning birinchi yarim yilligida markazlashtirilgan manbalardan investitsiyalar 2,4%ga, xususan, byudjet mablag‘lari hisobidan 3,6%ga o‘sdi. Xorijiy investitsiyalar va davlat kafolati ostidagi kreditlar 6,9%ga oshdi.

Umuman olganda, investitsiyalar tarkibida markazlashtirilgan investitsiyalar ulushi 2022 yilning yanvar-iyun oylarida 13%dan 12,3%ga kamaydi, markazlashtirilmagan investitsiyalar ulushi mos ravishda 87%dan 87,7%ga oshdi.

Bu esa, mamlakatimizdagi investitsiyaviy jarayonlarda xususiy sektor va xorijiy investorlarning o‘rni, eng muhimi ularning tadbirkorlik ishtiyoqi oshayotganligidan bir dalolat desak ham, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Taʼkidlash joizki, jami investitsiyalarda ishlab chiqarish sanoatiga yo‘naltirilgan investitsiyalarning ulushi 30,2%gacha (2022 yilning birinchi yarmida 28,9%), tog‘-kon sanoati 8%gacha (6,1%) o‘sdi.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish joriy yilning dastlabki 6 oy ichida 5,6%ga, yoki 2022 yilning shu davriga nisbatan (5,1%) jadal surʼatlarda o‘sdi.

Iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida qabul qilinishi bilan bog‘liq bo‘lib, buning natijasida ishlab chiqarish sanoatining o‘sishi 6,3%ni (2022 yilning birinchi yarmida 5,9%) tashkil etdi.

Shuningdek, elektr taʼminoti sanoat tarmoqlari orasida eng dinamik ravishda o‘sdi – 9,9%ga, ammo bu 2022 yil yanvar-iyun oylariga nisbatan past (o‘sish 14,7%).

Bundan tashqari, joriy yilning birinchi yarmida o‘tgan yili pasayib ketgan tarmoqlar ham o‘sdi. Xususan, tog‘-kon sanoatida 0,2%ga (2022 yil yanvar-iyun oylarida 0,5% ga kamaygan) o‘sish kuzatildi, suv taʼminoti, kanalizatsiya, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish sektori 2022 yilning birinchi 6 oyi yakuniga kura 11,6%ga kamayishiga nisbatan 3,6%ga o‘sdi.

Qurilish sohasidagi dinamika 2022 yil yanvar-iyun oylarida 5,1%dan joriy yilning shu davriga nisbatan 4,8%gacha sekinlashdi.

Qishloq xo‘jaligida, xususan, o‘simlikchilik va chorvachilikda mahsulot ishlab chiqarishning o‘sish surʼati 3,8%gacha (2022 yil yanvar-iyun oylarida – 2,7%) tezlashish kuzatilmoqda. Shu bilan birga, o‘rmon va baliqchilikning o‘sish surʼatlari biroz sekinlashdi.

2023 yilning dastlabki 6 oyi davomida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 12,3%ga oshdi (2022 yilning shu davrida – 14,5%). Tarmoqlar bo‘yicha aloqa va axborotlashtirish xizmatlari ikki xonali surʼatlarda – 22,9%ga, moliyaviy xizmatlar 22,7%ga, taʼlim xizmatlari 19,5%ga, turar joy va oziq – ovqat mahsulotlari 10,4%ga o‘sdi. Transport sohasida xizmatlar hajmi 8,6%ga oshdi. Yuk va yo‘lovchilar aylanmasining o‘sish surʼatlari sekinlashdi.

Chakana savdo aylanmasining o‘sish surʼati 2022 yil yanvar-iyun oylarida 9,9%dan 2023 yilning shu davri uchun 6,9%gacha sekinlashdi.

Yilning birinchi yarim yilligida tashqi savdo aylanmasi 19,4%ga o‘sib, 29,2 milliard dollarni tashkil etdi. Eksport hajmi 23%ga oshib, 12,1 milliard dollarga, import 17%ga oshib, 17 milliard dollarni tashkil etdi.

Eksportning o‘sishi tashqi bozorlarga mashina va transport uskunalarini yetkazib berishning qariyb 60%ga, oltinning 47%ga, xizmatlarning 41%ga, oziq-ovqat mahsulotlarining 33%ga, turli xil tayyor mahsulotlarning 25%ga o‘sishi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, nooziq-ovqat xom ashyosi eksporti 26%ga, yoqilg‘i-energetika resurslari 20%ga kamaydi.

Importda O‘zbekistonga yoqilg‘i-energetika mahsulotlari 73%ga, mashina va transport uskunalari 30%ga, kimyoviy mahsulotlar 10%ga oshgani qayd etildi.

Umuman olganda, birinchi yarim yillikning asosiy tendensiyalari makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va iqtisodiyotga salbiy omillarning taʼsirini kamaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarining ijobiy o‘sish dinamikasini qo‘llab-quvvatlash, investitsiya faolligini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi. O‘zbekiston iqtisodiyotida yil oxirigacha barqarorlik va jadal rivojlanish surʼatlarini saqlab qolish kutilmoqda.



  ...