Turkiston xalqlarining hurriyati va taraqqiysiga borini safarbar qilib, millatlarning ustozi va peshvosiga aylangan, fidoyilik namunasini ko'rsatgan buyuk ma'rifatparvar Mahmudxo'ja Behbudiy uchun qayg'urgan ziyolilar uning qaqshab turgan siymosini va qilgan o'tli nidosini bir kichik "vasiyatnoma" orqali namoyon etmoqqa harakat qildi.
"Vasiyatnoma" uni ko'rgan kishidan eshitilganiga ko'ra, 1922 yil boshida jadidchilik faollaridan biri Hoji Muin Shukrullo tomonidan e'lon qilingan. Maqolada mazkur kichikkina "vasiyatnoma"ning asl nusxasi yo'qolib ketgani so'zlanadi. Shuncha vaqt u topilmadimi, endi uni topmoqdan umid yo'q. Vasiyatning mohiyati nima ekani ma'lum. U umrning vaqtinchalik ekanini anglagan kishi ortida qolayotganlarga o'z orzu-armonlaridan tashqari, vorislar uchun eng muhim deb bilganlarini qattiq uqtirishdir. Shuning uchun "vasiyatnoma" bizga kerak va uni tiklamoq burchimizdir. "Donolarning tirikligida aytgan so'zlarining yarmi vasiyat" degan naqlga amal qilib, ma'naviyatimizning ulug'namoyandasi merosi bilan tanishish asl "Vasiyatnoma"ni bizga taqdim qiladi.
Buning uchun Mahmudxo'ja Behbudiy "tanlangan asarlar"idan joy olgan maqolalarni sinchiklab o'qishning o'zi kifoya qiladi. Kitobga 1906-1918 yillar oralig'ida yozilgan maqolalar kirgan, ular 23 ta. Diqqat qaratilsa, ularni Behbudiy o'ttiz yoshdan keyin, ya'ni atrof-olamni anglab olgan, ma'lum darajada tajribaga ega bo'lgan davrida yozgan. Shuning uchun ham, ulardan vasiyatlar izlash o'rinlidir.
"Haq olinur, berilmas!”
Behbudiy hayoti mamlakatda ijtimoiy-siyosiy keskin o'zgarishlar davriga to'g'ri keldi. U umri davomida uch siyosiy bosqichni ko'rdi. Shuning uchun undan bir xillikni talab qilish mumkin emas. Zero, dastlab chorizm siyosati va ijtimoiy muhitida yashab, unda Turkiston musulmonlarining ahvolini o'z hayoti, turmushida to'la his qilgan, boshidan kechirganlariga ko'ra hamda Rusiyada harakatda bo'lgan siyosiy kuchlarning tub mohiyatini chuqur o'rgangan Behbudiy paydo bo'lsa, so'ng Turkiston muxtoriyati, undan so'ng esa o'zi avval rad etgan sho'ro sharoitida millat taqdirini halokatdan asrab qolish yo'llarini axtargan zot gavdalanadi. Chorizm haqida so'zlar ekan, Behbudiy "hozirgi Rusiya davlati tariqi hukmronligi (siyosiy tuzumi) noqis ekanligiga har bir xabarlik kishi iqrordir", deb yozadi "xayru-l-umuri avsatuho" ("ishlarning o'rtachasi yaxshidir" – hadis) nomli maqolasida. Bu noqislikning sababi mamlakatda maydonga chiqqan har xil siyosiy firqa – partiyalarga bo'lingan xalqni idora qilishda "irodai mustaqila" – samoderjaviya, imperator irodasining ustuvorligi va uning imzosi "zakun" sanalib, joriy qilinishida edi.
Mahmudxo'ja Turkiston muxtoriyatini zo'r mamnuniyat bilan qarshi oldi. Lekin u muxtoriyatning nechog'li zaif, kuchli dushmanlari uni bo'g'ib tashlashga qodiru hozir ekanini yaxshi bilar edi. Shuning uchun uni faqat erli xalqlarning birlashmoqlari orqaligina saqlab qolinishi mumkinligini jon-jahdi bilan tushuntirishga, uqtirishga harakat qildi. "Qozoq qardoshlarimizg'a ochiq xat", "muhtaram samarqandiylarg'a xolisona arz" maqolalarida bu yaqqol ko'rinadi.
"Bovurlar! Bilingki, hozirda Turkistondagi barcha xalqlar uchun muxtoriyat e'lon qilindi va siz bilingki, haq olinur, berilmas. Inchunin, muxtoriyat-da olinur, berilmas... Biz bo'shlik qilsak va Turkistondagi xalqlar birlashib, muxtoriyat yo'liga sa'y qilmasak, albatta, hozirgi qog'oz ustidagi muxtoriyatimizni ham yo'q qilurlar..."So'zlarining ta'sirini oshirish uchun muallif "Qur'on" so'zlari bilan maqolani tugatadi: "Allohning ipiga birlashingiz va tarqalib ketmangiz!”
Holatni tahlil qilib, yaxshi tushunib turgan Behbudiy "qog'oz ustidagi" muxtoriyatni yo'q qiluvchi illat milliy birlik va ahillikning yo'qligi, amaldorlarning nafsoniyat va g'urur havosiga berilishi ekanidan ogohlantiradi, istiqlolni amaliyotga aylantirish uchun turli tabaqalarning ittifoq tuzib, unga xizmat qilishi lozimligini ta'kidlaydi. Jumladan, samarqandliklarga qarata shunday deydi: "Ey Hazrati ulamo! Ey tujjor, ahli kasaba va ag'niyo! Ey, g'ayratlik yoshlar! Nifoq va bir-biriga dushmanlikni tashlangiz. Xudo haqi, arvohi anbiyo hurmati va bu kunlarda qornini to'yg'azolmayturgon etim va bevalar haqi, bir-biringiz ila ittifoq etub, jamiyatlar barpo qilub, Xoliq Xudoning naf'ig'a, din va millat yo'liga xizmat etingiz. Millat va xalq sizdan xizmat va yaxshilik talab etadur, nafsoniyat va g'urur emas".
Yuqoridagi so'zlarda 42-43 yoshli ziyolining jamiyatning nufuzli ulamolari – din rahnamolari, katta mulkdorlar tabaqasiga qarata mardona da'vati undagi katta jasoratni, jur'atni ko'rsatadi.
Ulug'ma'rifatparvar qo'ldan berilgan ozodlik oqibatida xalq yuz yillar asirlik domida qolib, o'z qadr-qimmatini, juda ko'p moddiy va ma'naviy zararlar ko'rib, keyin ketishidan nadomat chekadi: "Aziz hamshaharlarimg'a, mo''tabar ahli Vatanim, hammangiz bir bo'lub, xalq va dinning rivoji uchun Birlashub, oradagi nafratlarni tashlab, Xudoning bergan Hurriyat ne'matidan naf'lanmoq harakatida bo'lmoq kerak va al'on (hozirgi holatda) bizning harakatsizligimiz hurriyatni ketkurub, yana boshqalarga bizni asirlik darajasiga tushurur va yuz yillar ila keyin ketarmiz. Bizning avlodimiz hamda xalqi olam bizga rahmat o'rnig'a la'nat o'qurlar".
Behbudiy bu so'zlarini hukman to'g'ri so'zlar deydi. Bu so'zlari uchun ba'zi yoshlar ham, qarilar ham ranjishi mumkinligini aytadi. Biroq "to'g'rini aytmaguncha, ishlar to'g'rilanmas".
Alloma umrining oxirgi taxminan ikki yili ilk sho'ro davriga to'g'ri keladi. Uning xorijiy tillarni bilishi, keng mushohada va ko'p bilim egasi ekani sho'rolarning turli jabhalarda boshlagan "inqilobiy" ishlariga jalb etilishiga sabab bo'ldi. U hatto Eron va Afg'oniston davlatlariga konsul qilib yuborishgacha taklif qilingan. Biroq Behbudiy o'z sog'ligi yomonligini bayon qilib bosh tortadi. Lekin mamlakatda turkistoniylarning o'z maqomiga, sekin-asta o'z davlatiga ega bo'lishi uchun harakat qilish, davlat ishlarida ko'proq ishtirok etish lozimligini tinmay uqtiradi. "Oxirinda maa-t-taassuf (afsus bilan) iqror etamanki, — deb yozadi u, — siyosiy, ilmiy, maishiy va askariy yo'llarda zamon bizdan ko'p ishlar talab etadur... Ammo bizda ishlayturg'on odam oz va bori ham ishlamaydur va yoinki egri ketadur. Bu fursatlar o'tganlaridek o'tib ketar. So'ngra pushaymonlikdin boshqa qo'lda bir narsa qolmas...”
Milliy davlatchilik uchun milliy kadrlar
Ma'rifatli jamiyatning muhim jihatlaridan biri malakali kadrlarga ega bo'lishdir. Kadrlar tanqisligi yoki umuman yo'qligining o'zi mamlakat salohiyatining pastligidan dalolat. Xonliklar davrida boshlangan iqtisodiy, ijtimoiy va harbiy sohalardagi tanazzul sabab O'rta Osiyoda XX asrning boshiga kelib ham juda ko'p sohalarda zamonaviy kadrlar yo'q hisobi edi. Lekin bu degani musulmon xalqlarining, jumladan, turkistonliklarning azaliy jaholatidan dalolat emas. "Tarixdan bexabar ba'zi kishilar va yoinki dushmanlar musulmonlarni avvaldan oxirg'acha nodon, vahshiy ko'rsaturlar. Musulmonlar dunyoda hech nima ixtiro qilmadi... derlarki, ul g'alatdur", deb yozadi Mahmudxo'ja. Uzoq ajdodlarning ilmda dunyoni lol qilib ko'rsatgan nash'u namolari ma'lum. Ular "ushbu kungi ixtirolar uchun asbob (asoslar) hozirlab qo'ydi"lar. Ammo xalqimiz keyingi asrlarda "ixtiroi Bashar"dan chetda qolgani haqiqat esa-da, ma'rifat bilan uyg'onmoq mamlakat qaddini tiklashni ta'minlaydi. "Hozir faranglar navbatidur, – deb davom etadi Behbudiy. – Bir zamon kelurki, navbat boshqalarga tegar, bul dunyoning odatidur". Bu erda "boshqalarga" deyilganda ehtimoliy "bizga" mazmuni bor.
O'n to'qqizinchi yuz yillik o'rtalarida ham O'rta Osiyo xalqlari dunyodan uzilib qolgan, boshqa davlatlar bilan muomala va munosabati yo'q edi. Bunday sharoitda chorizm istilosidan so'ng erli xalqlardan ularning manfaatlarini qonunlar asosida himoya qiluvchi kadrlar juda zarur edi. "Davlat dumasi nari tursin, sudga va rasmiy mahkamalarga kirib, bizni mudofaa qiladurg'an kishimiz yo'q. Boshimiz og'risa do'qtirga boramiz, ammo dardimizni aytmoqg'a til yo'q. O'zimizdin do'qtir yo'q". Yana bir o'rinda: "imorat qilmoqchi bo'lsak, plon-loyihasi lozimki, injinerga muhtoj bo'larmiz. Ammo biz hanuz "muhandis" ismini bilmaymiz", deb yozadi Behbudiy. Shuningdek, u Turkiston mevasi, donasi, toshi, tuprog'i, shohi, adras, beqasam, alocha kabilari ham Evropa bozorlarida o'zga ellar dallollari tomonidan arzon olib ketilib, bir necha barobar qimmatga sotilayotganidan, bunday ishni qilish uchun bizning til biladigan, soha ilmidan xabardor zamonaviy savdo kishilarining yo'qligidan zorlanadi. Hatto, tojir va boylarning ilmi tijorat, hisob-buxgalterlik biladigan bir odamlari yo'qligini qanday baholash mumkin edi?
1913 yilda yozilgan "ehtiyoji millat" maqolasida 30 yil burun Samarqandning birgina yoMini mahallasida 300 alochabof ishchi bo'lgani, ayni zamonda ulardan 30 nafari qolgani va yana o'n yildan keyin ular tugab ketishi xavfi borligi ta'kidlanadi. Bularning hammasiga sabab ma'rifat, maorifning yo'qligi, bilimsizlik edi. "Bu ketishning oxiri yamondur, o'qumoq, o'qutmoq kerakdur. Bolalarga otalardan ilmi diniy va ilmi zamoniy meros qolsun", deydi muallif.
Behbudiy bu muammolarni echish uchun yoshlarni avval zamonaviy maktablarda so'ng Rossiya dorulfununlarida o'qitish g'oyasini ilgari suradi. Bizda, hatto, oddiy dorulmuallimin (o'qituvchilar instituti) ham yo'qligi, ularni bir emas, ko'pini ochish lozimligini davr ziyoli olimlari va mulkdorlari oldidagi vazifa sifatida belgilab beradi.
Bizningcha, bu vasiyatlar bizning yangi O'zbekiston sharoitiga kelibgina davlat tomonidan bir qadar ado etilmoqda. Maktab ta'limi ishlari isloh etilmoqda, Prezident maktablari, ijod va ilmga yo'naltirilgan maxsus maktablar joriy etilishi keng ko'lamda yo'lga qo'yildi. Ayniqsa, oliy ta'lim muassasalarining soni va qamrovi ortishi, xususan, xorijiy mamlakatlar oliy ta'lim muassasalarining filiallari ochilishi, qo'shma ta'limlar, shuningdek, nodavlat universitetlar ochilishiga yo'l berilishi zamonaviy kadrlar tarbiyalanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz tomonidan har yili iqtidorli yoshlarning 500 nafarini chet ellardagi nufuzli universitetlarda ta'lim olishlari uchun sharoit va mablag'ajratilayotgani milliy, mahalliy zamonaviy, yuksak malakali kadrlar tayyorlanishida yangi sahifa ochishi shubhasiz. Bu ishlar xalqimizning asriy orzulari, Behbudiydek ma'rifatparvarlar armonlarining ro'yobga chiqishi dalilidir.
Usuli jadidiya maktablari
Bugun zamonaviy o'zbek maorifi, pedagogikasining asoschisi kimligi haqida o'ylansa, buning javobi Mahmudxo'ja Behbudiy deyilsa, adolatdan bo'ladi. Uning "Kitobatu-l-atfol", "kitobi muntaxabi jug'rofiyai umumiy" kabi darsliklari o'z davri ta'limida qanchalik ahamiyat kasb etgan bo'lsa, "Padarkush" dramasi va maqolalari tarbiyaviy xarakteri bilan pedagogika fani shakllanishiga undan ham ko'proq xizmat qildi, deya olamiz.
Shu o'rinda ta'kidlash lozimki, Behbudiyning pedagoglik faoliyati umumiy jadidchilik harakatining bir qismi bo'lib, Evropada kechayotgan jamiyatni modernizasiya qilish, zamonaviylashtirishning sharqona ko'rinishidan iborat edi. Shuning uchun ham maktablar islohoti va mamlakat taraqqiyoti masalasi uning chiqishlarida uyg'un olib boriladi. "Boshqa millatlarga qaralsa, ko'rilurki, muntazam maktablari bor va avval maktabda diniy ilm ustida dunyoviy ilm va fanlar ham o'qilur. Chunki "dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqa millatlarga poymol bo'lur".
Yana bir o'rinda u deydi: "Millatlar taraqqiyig'a bir necha sabablar bo'lub, tub sababi ulamo va ag'niyoning hamiyat va g'ayratlaridur". Bu erda hamiyatli ilm ahli zamonaviy bilimlarni o'zlashtirib, uni yoshlarga etkazishi, g'ayratli mulk egalari esa ularni, umuman, ta'limni qo'llab-quvvatlashi bilan taraqqiyotga erishilishi haqida gap bormoqda.
Jadid maktablarining mohiyati Behbudiy tomonidan qisqa va lo'nda qilib shunday talqin qilinadi: "... Zamona har kuni yangilashur. Yangi ilm va yangi fikrlar va fununi zamoniyani darbar (o'zida saqlagan, tashuvchi) qilgan odamlarni talab qilur". Binobarin, ana shunday odamlarni o'qitib, tarbiyalab etishtirish jadid maktablarining maqsadi bo'lgan. Lekin "johilona taassublik"ka berilgan, qadimchilar hisoblangan kishilar bu maqsad mohiyatini tushunmas, jiddiy qarshiliklar qilar edilar. Ularga qarshi Behbudiy bir og'iz so'z bilan "kelar zamon uchun hozirlanayluk, o'tgan zamon uchun emas", deya javob beradi.
Behbudiyning Turkiya, Misr, Qrim, Kavkaz, Qozon, Rossiya, Yunoniston, Bolgariya, Avstriya, Germaniya, Ukraina, Saudiya, Suriya va boshqa bir qator yurtlarda bo'lib, ulardagi hamda Ismoilbek G'aspirali kabi jadidchilik asoschilaridan ta'lim haqidagi ma'lumotlar olgani maktablar islohoti borasidagi qarashlarini mukammallashtirdi. Ta'limda ilg'or mamlakatlarning ijtimoiy, iqtisodiy va harbiy sohalarda ham peshqadamligiga havas bilan qaradi. Turkiston ham ana shunday davlatlar qatorida bo'lishini orzu qildi. 1914 yilda "oyina" jurnalida bosilgan "muhtaram yoshlarga murojaat"ida nadomat bilan shunday fikrlarni yozadi: "er yuzidagi barcha Millatlar o'z bolalarini(ng) ibtidoiy tarbiyasig'a va maktablarning har jihatdan intizomi va akmoliga ahamiyat berub bolalarini milliy va diniy ruhda mukammal etushdurarlar. Aning uchundurki, o'zga Millatlar diniy va milliy hissiyotga molik bo'lub, har ishda diyonat va milliyatni muqaddam tutarlar". Behbudiy bu hissiyotlarni vatanparvarlik omili sifatida tushunadi. Muallif dunyodagi urushlar va iqtisodiy tortishuvlarni o'sha diyonat va milliyat hissiyoti natijasi sifatida ko'radi. Turkiston xalqida bunday hissiyotning yo'qligidan qayg'uradi. Uning fikricha, bu hissiyotni maktablar tarbiyalashi kerak. Jadidlar ustozi maktablarni "taraqqiyning boshlang'ichi, madaniyat va Saodatning darvozasi" hisoblaydi.
Zararli illatlardan xalos bo'lish g'oyasi
Behbudiy kelajak davrni "tamaddun asri" deb ataydi. Bunday davrda zamonaviy ilmlarsiz, quruq, chirik tassaubot bilan yashab bo'lmaydi. Shuning uchun u jadid maktablarida ko'proq zamonaviy dunyoviy fanlarni o'zlashtirishga diqqat qaratadi. Dunyoviy fanlarni esa jahonning taraqqiy qilgan xalqlari ilm-fani orqali o'rganish ko'zda tutiladi. Shuning uchun ham rus, nemis, frantsuz, ingliz, italyan, Arab, yapon tillaridan birini, bu tillar mutaxassisi bo'lmasa, Kavkaz yoki Qrim adabiy tillaridan birini o'rganish shart deb belgilaydi u. Ulug'ma'rifatparvar yoshlarni zamon bilan hamnafas bo'lishga, zamonaviy ilmlarni o'rganishga shu qadar ko'p tashviq qiladiki, bugungi kunda ham bu fikrlar o'z ahamiyatini yo'qotmagan.
Buhbudiyning zamonaviy ilmlarga da'vati hamon dolzarb bo'lgani kabi ularni egallashda monelik qiladigan illatlardan ham xalos bo'lmadik, balki ular ortmoqda. Taraqqiyotga to'siq bo'ladigan illatlar uning nazdida quyidagilar:
Birinchisi, to'y va aza dabdabalariga berilish. Bu illatlar sil yoki maxovlikdan ham yomon, inqirozga, tahlikaga, jahannamga sabab bo'luvchi, xonavayron va g'arib etuvchi illatlar sifatida Behbudiy tomonidan juda ko'p marta ta'kidlanadi. To'y xoh nikoh bo'lsin, xoh xatna xalqimizda o'lmaguncha qutulib bo'lmaydigan balo bo'lsa, azada go'yoki o'likning hurmati sifatida etimlarning yoki bevalarning holi o'ylanmasdan, ba'zan qarzlarni ado qilishni ham unutib, ayniqsa, ba'zan qarz olib qilinadigan xarajatlar millat uchun kulfat ekanidan nadomat chekadi. Bechora sag'ir, mushtipar ayollar merosdan haqlarini ololmay, xudoyi, xayrot, yirtish va hokazo sarf-xarajatlar nafaqat isrof, balki katta gunohlar sifatida tushuntiriladi. Negaki, bu xarajatlar xalqning foydasiga, mamlakatning taraqqiysiga, millatning yuksalishiga emas, ularning xorlikka mahkum etilishiga bois bo'ladi.
"Bir necha boyvachchani bilarmanki, — deb yozadi Behbudiy, — eng qattiq xizmatlarga giriftor. Sababi nedur – ilmsizlik. Holbuki, alarning to'yiga atosi 5 ming so'm sarf etib edi". To'y yoki aza dabdabasi hech kimga hech narsa bermaydi. Bular ba'zan boylarning bir-ikki kun nomini chiqarsa ham, tez unutiladi, boshqa natija bermaydi. Shuning uchun ham, "boshqa millatlarning boylari faqir va etimlar uchun maktab va dorulfununlar soladurlar, faqir va etimlarning o'qumog'i uchun vaqf-istependiyalar tayin qilur. Boshqa millat miliyo'nerlari maktabi ila istipediyasi-la, idora qilaturgan gazet va majallasi-la, bino qilgan dorulojizini, barpo qilgan jam'iyati xayriyasi-la faxr qiladur". Bu so'zlar o'z davrida ibrat uchun edi, albatta. Bizda hozirgi kunlarda ham shunday fidoyilar bormi? Bor bo'lsa ham, besh-o'ndan oshmas.
Ikkinchisi, soxta obro'va hasham ishtiyoqi. Har qanday soxtalik aslida nuqsonni, ojizlikni, notovonlikni xaspo'shlashga urinishdir. Soxta obro'va hashamga ruju'qo'yish kishini haqiqatdan uzoqlashtiradi va oxir-oqibat xorlikka mubtalo qiladi. Behbudiy bu masalada ham juda ko'p to'xtaladi. Jumladan, uning "zo'raki boy" maqolasida keltirilgan ibratli hikoya nafaqat davr ahli bugungi soxtakorlikka berilgan kishilarga ham tanbehdir.
Uchinchisi, vaqtni zoya qilishdan qaytarish. Behbudiy vaqt qadrini ilm va unga amal qilingan foydali faoliyat bilan bog'laydi. Lekin hayotda foydasiz harakatlar bilan umrini o'tkazayotgan kimsalar ham borki, ularning hasratidan jamiyatning ilgari ketishi, taraqqiyot bo'lishiga zarar etadi. Behbudiy buni ko'pkari misolida zikr etadi: "o'n-yigirma chaqirimga to'y bo'ldimi, har kim ishini, dehqonchiligini qo'yub, otlanib ko'pkariga ketar. Dehqon uchun oltundan aziz vaqt favt bo'ldi, ketdi. Ekin birgina kun keyin sepilgan uchun pishmay qolar. Birgina kun so'ngra yig'ilgan uchun yog'inga qolib, ba'zan xirmanlar chirib ketar".
Muallif ma'lum bir shaharda yahudiylar o'liklarini oqshom eltib ko'mishlarini eslatib, bunga ularning kunduz odamlarni ishdan qoldirmaslik maqsadi sabab ekanini ta'kidlaydi. Bizda bo'lsa, to'y, ma'rakalar uchun haftalar, ba'zan oylar uvol ketishidan ozorlanadi u. Shuningdek, yoshlarni vaqtning qadriga etishga, vaqtni imkon qadar ilm-fan o'rganishga sarflashga da'vat etadi.
To'rtinchisi, rishva – pora berish. Pora Behbudiy va undan oldin o'tganlar tilida rishva deyiladi. Ko'pincha, rishva oluvchilar qoralanadi. Lekin Behbudiy rishva beruvchilarni la'natlaydi. Chunki ular zamona ilmini bilmaganidan, o'zga millat vakillari bo'lgan amaldorlar oldida ojizliklaridan pora berishga majbur bo'ladilar. Ishini pora bilan bitkazgan notavon bir umr shu aqidada qoladi, ya'ni porasiz ish bitmasligiga o'rganib, kelajagini qorong'u qilib qo'yadi.
Beshinchisi, ilm ahliga nopisandlik. Ko'p bilgan dunyoni ko'proq anglashi ayni haqiqat. Dunyoni anglagan hamma yutuqlar ortida ilm turganini ham tushunadi. Dunyodagi katta yutuqlarning hammasi ham shundan. Kichik moddiy muvaffaqiyatlar avomnigina emas, haqiqiy ilm ahli bo'lmaganlarni ham chalg'itadi. Haqiqiy taraqqiyot, chin yutuqlar uchun haqiqiy ilm ahlini tarbiyalab etishtirmoq lozim. Avom ilm ahliga ergashsagina haqiqiy taraqqiyga, yutuqqa erishiladi, degan xulosaga keladi Behbudiy va deydi: "boshqa millat ulamosiga tobe'ekan, bizning ulamo bil'aks avomg'a tobe'dur. Buning oxiri xarobdur. Yigirma-o'ttuz sana so'ngra yana yomonroq bo'lur, musulmonlik ilm va odob ila qoim, millat axloq, fazl va hunar ila boqiy qolur".
Yuksak madaniyatli va ma'naviyatli jamiyat orzusi
Behbudiy fikrlarini umumlashtirib xulosa qilinadigan bo'lsa, Turkiston xalqining har bir a'zosini o'qimishli, milliy qadriyatlar jonkuyari, o'zligini anglagan, jahon ilm-fani va madaniyati yutuqlaridan bahramand, ular istifodasiga qodir, milliy taraqqiyotga monelik qiluvchi illatlardan xalos bo'lgan va ularga qarshi kurashuvchi shaxslardan iborat bir jamiyat, ya'ni yuksak madaniyatli va ma'naviyatli jamiyat orzu qilingan. "Oh! Biz qanday keyin qolganmiz. Xalqi olam usuli jadid va ilmi zamoniy ila osmonlarga uchar, biz hanuz bir-birimizni takfir (kofirga chiqarish) va tal'in (la'natlash) ila vaqt o'tkarurmiz", deydi u. Ko'zlangandek jamiyat a'zolari bo'lishlari, jahonda munosib o'rin egallashlari uchun millatdoshlarining ikki emas, to'rt tilni bilishlari lozimligi kun tartibiga jiddiy masala qilib qo'yiladi.
Ma'naviy etuklik, madaniy barkamollik o'zlikni anglashdan boshlanadi. O'z yoki farzandi ismining boshqalar tomonidan noto'g'ri atalishi, yozilishiga qarshi tura olmaydigan, uni to'g'rilashga kuchi etmaydigan odamdan qanday qilib etuklik, barkamollik kutish mumkin? Shuning uchun ham Behbudiy bu masalani alohida muammo sifatida ko'tarib chiqadi. Abdussamadni Absamat, Absat deb, Yodgorni – Jodigar, Lutfulloni – Nutfulla deb yozish mirzolarning savodsizligi tufayli yuzaga kelsa ham, bunga ism egasining ilmsizligi va didsizligi sabab. Xuddi shunday, do'kon va korxonalarning nomlarida ular egasi qo'ygan nomlarning "Abdukodir", "Patxulla", "Obduraxmon" kabi buzib yozilishi yoxud bolalarga Norqul, Toshmurod, Boltaqul kabi ma'nosiz ismlar qo'yilishi ham maqsadga muvofiq ko'rilmaydi. Bularning tuzatilmasligiga aybdor kim? Behbudiy aybni jamiyatdagi jaholatga qo'yadi. "Bir zamon bu g'alat ismlarni to'g'ri yozib mahkamaga berilsa, mahkamadan to'g'rini g'alat deb qaytararlar..."Bu muammolar hanuz bor emasmi?
Zamonaviy, madaniyatli kishining fazilatlaridan biri san'at orqali estetik saviyasini oshirib borishdir. Bunda teatr eng maqbul san'atdir. Chunki unda juda ko'p san'atlar birlashadi. Shuning uchun ham Behbudiy unga alohida e'tibor qaratadi: "teyotr bir nav'maktab hukmindadur". "Teyotrxonalari masxarabozxona bo'lmay, balki ibratxonadur. Va anda mushaxxis (aktyor) bo'laturgonlar o'yunchi va masxaraboz bo'lmay, balki mushaxxis va muallimi axloqdurlar". Behbudiy bu san'atning nozik xususiyatlari haqida ham mulohazalar bildiradi:"teyotr uchun muharrirni(ng) (dramaturg) ne qadar chuqur o'ylaguvchi Zarif va nazokatligi lozim bo'lsa, mushaxxislarning ham tovono va muqallid va har nimarsani o'zidek qilib ko'rsatguvchi, nuktadon bo'lishi lozim bo'lub, bul alohida bir san'atdurki, ovrupolilar munga ham alohida maktab ijod qilganlar".
Behbudiy teatrni tushunmay, uni din yo'li bilan man'qilishga urinuvchi kimsalarga "Padarkush"ni misol qilib: "muhtaram hamshaharlarimizdan rijo etarmizki, kelib ko'rgonlari gunah bo'lgon joyini ko'rsatsalar", deydi. Umuman, din himoyachisi sifatida ham Behbudiy yoshlarga dunyoviy ilmlarni puxta o'rganish diniy e'tiqodni kuchaytirishi to'g'risida misollar keltirib o'git beradi: "zotan, islomiyat shunday bir dini matin va qobili taraqqiydurki, na qadar ilmi zamoniy ko'p o'qusa, insonni yana dini Islomga aqidasi shuncha mustahkam bo'lur".
Biz ulug'bir ajdodimizning yo'qolgan kichik "vasiyatnoma"sini topa olmasak ham, uning aslini anglamoqqa qasd qilgan edik. Vasiyatnoma insonning orzu-armonlari ifodasi ekan, ularni vasiyat sohibining dunyoqarashi, fikrlari, so'zlari va amallari anglatadi. Ulug'larning maqsad, g'oyalari ham ulug'bo'lishi "vasiyatnoma"si mazmunini ham ana shunday darajaga olib chiqadi. "Vasiyatnoma"ning har bir bandi vorislar tomonidan ado etilganda ruhlar orom topadi. Mahmudxo'ja Behbudiy dunyoqarashi, fikrlari, so'zlari va amallari uning orzu-armonlarini, bizga nimalarni vasiyat qilganini anglatadi. Biz ulardan qaysilarini ado qildik, qaysilar hamon ado etilishini kutmoqda? Ajdodlarga sodiq avlodlar vasiyatlarni munosib ado etadilar.
Nafas Shodmonov,
filologiya fanlari doktori, professor,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi