Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

«The Japan Times»: Toshkent tashqi siyosatidagi o‘zgarishlar Markaziy Osiyo mintaqasida sog‘lom siyosiy muhitni shakllantirishga sharoit yaratdi



Yaponiyaning «The Japan Times» gazetasida “O‘zbekistonning konstitutsiyaviy islohotlari Markaziy Osiyo barqarorligini taʼminlash omili sifatida” sarlavhali maqola chop etildi.

O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil dekabr oyida parlamentga Murojaatnomasining asosiy tezislariga alohida eʼtibor qaratilgan. Taʼkidlanganidek, Shavkat Mirziyoyev nutqida ko‘p millatli xalqimizning erkin, obod va faravon hayoti taʼminlanadigan, inson, uning shaʼni, qadr-qimmati, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat bo‘lishi lozim bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etish mavzusi markaziy o‘rinni egallaydi.

Gazeta o‘z o‘quvchilariga xalqaro va ko‘p qirrali mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash orqali O‘zbekistonni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida maʼlumot beradi.

«Albatta, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda hamkorlikni kengaytirish jarayonlariga turtki bo‘lgan hal qiluvchi omil rasmiy Toshkentning yangi tashqi siyosati bo‘lib, ushbu siyosat Shavkat Mirziyoyev 2016 yilda Prezident etib saylanganidan so‘ng shakllantirildi, deb yozadi gazeta. – Toshkent tashqi siyosatidagi o‘zgarishlar Markaziy Osiyo mintaqasida sog‘lom siyosiy muhitni shakllantirishga sharoit yaratgani barobarida davlatlararo munosabatlar va o‘zaro hamkorlikning ko‘p tomonlama shakllarini izchil va tubdan yaxshilanishiga olib keldi».

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda barqaror Markaziy Osiyo sarmoyaviy faollik va iqtisodiy o‘sishning muhim markazlaridan biriga aylanib bormoqda. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida mintaqa mamlakatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 20 foizga o‘sib, 370 milliard AQSH dollaridan oshdi. Birgina O‘zbekiston misolida olinganda, mintaqa mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 7,4 milliard dollarga yetdi.

Markaziy Osiyodagi umumiy o‘zgarishlarning natijasi o‘laroq davlatlar tomonidan mintaqalararo masalalarda kelishilgan pozitsiyalarning izchil ishlab chiqilishi va BMT, MDH, SHHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va shu kabi boshqa xalqaro platformalarda muvofiqlashtirilishini qayd etish joiz.

Gazeta O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarga to‘xtalar ekan, bu mamlakat taraqqiyoti, demokratiya, inson huquqlari va qonun ustuvorligini mustahkamlashda muhim qadam bo‘lganini urg‘ulaydi.

To‘g‘ri belgilangan maqsadlar va ularning izchil amalga oshirilishi butun mintaqaning barqaror rivojlanishida muhim omil bo‘ladi. Qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro bog‘liqlikni chuqurlashtirish O‘zbekiston qudratini bundanda yuksaltirishi barobarida Markaziy Osiyo mintaqasini yana-da barqarorlashtiradi, deya xulosa qiladi «The Japan Times».



  ...