16-18 may kunlari Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi tadbirning asosiy mavzusi (Investing in Resilience) “Iqtisodiy chidamlilik va barqarorlikka investitsiyalar kiritish”, deb nomlandi.
Tadbirda 73 davlatdan 2000 dan ortiq mehmonlar, jumladan, xorijiy hukumatlar vakillari, transmilliy korporatsiyalar, xalqaro moliya institutlari va banklari rahbarlari, iqtisodiyot, investitsiyalar, moliya va texnologiyalar sohasidagi ekspertlar, shuningdek, yetakchi xorijiy OAV vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot barqarorligiga investitsiyalar kiritish masalalari tadbirning asosiy mavzusi bo‘ladi. Yig‘ilish davomida Bankka a’zo mamlakatlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish mavzulariga bag‘ishlangan panel munozaralari o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Tadbir shuningdek, YeTTBga o‘tgan yil davomida erishgan yutuqlarini tahlil qilish va rejalar tuzish imkoniyatini beradi.
Yig‘ilish asosiy tadbirlaridan biri “O‘zbekistonning investitsiyaviy istiqbollari to‘g‘risida”gi sessiya bo‘ladi. Unda mamlakat iqtisodiyotining kutilayotgan o‘sish sur’atlari va investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari muhokama qilinadi.
Tadbirning uch kunlik kun tartibidan ekspertlar ishtirokidagi turli mavzularda, jumladan, mintaqalar va alohida mamlakatlarga bag‘ishlangan bir qator panel munozaralari ham o‘rin olgan.
Ular qatoridan:
• xalqaro savdo munosabatlari;
• energiya xavfsizligi, qayta tiklanadigan energiya manbalari;
• kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ahamiyati;
• rivojlanayotgan bozorlarda raqamlashtirish jarayonlari;
• YeTTB “Yashil shaharlar” dasturi;
• YeTTBning “Mintaqaviy iqtisodiy istiqbollar” mavzusidagi asosiy makroiqtisodiy tadqiqoti va boshqalar o‘rin olgan.
Yig‘ilish davomida xalqaro ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida biznes-forum boʻlib oʻtadi. Unda makroiqtisodiy vaziyat, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishda xususiy sektor va davlatning roli, hududlararo aloqalar, iqtisodiy integratsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, raqamlashtirish va boshqa masalalar yuzasidan ekspert muhokamalari o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston YeTTBga 1992-yil 30-aprelda a’zo bo‘lgan. Respublika umumiy qiymati 44,1 million yevroga teng Bankning 4200 dona aksiyasiga egalik qiladi. Bankning vakolatxonasi Toshkent shahrida 1993 yil may oyida ochilgan. Andijonda – 2019-yil oktabrda, Urganchda – 2021-yil iun oyida. Qarshi shahrida ham Bank ofisini ochish rejalashtirilgan.
Bank O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlaganidan buyon iqtisodiyotning turli tarmoqlarida 3,4 milliard yevrodan ortiq 100 ta loyiha va dasturlarni moliyalashtirishni ma’qulladi (893 million yevrolik 7 ta loyiha ishlab chiqish jarayonida). O‘zbekiston MDH davlatlari orasida YeTTB eng ko‘p sarmoya kiritadigan davlat hisoblanadi.
YeTTB loyihalari kichik biznes, moliya sektori, transport infratuzilmasi va energetikani rivojlantirishga qaratilgan. Shu bilan birga, Bank tomonidan ajratilgan mablag‘larning asosiy miqdori to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarga to‘g‘ri keladi.
Bunday darajadagi tadbirning o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro investitsiya maydonidagi obro‘sini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillariga O‘zbekistonning iqtisodiy, sarmoyaviy va sanoat sohalarining salohiyati va mamlakatimizning boy madaniyati bilan batafsil tanishish imkonini berishi kutilmoqda.