Prezident Shavkat Mirziyoyev issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.
Bu haqda 5-sentabr kuni oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ko‘rsatma berilgan edi.
Hozirgi kunda yurtimizda 3 mingdan ortiq issiqxona bor. Ularning jami maydoni 6 ming 300 gektardan ziyod bo‘lib, shundan 4 ming 300 gektari so‘nggi besh yilda tashkil etilgan. Oziq-ovqatlarning uzluksizligini va eksportini ta’minlayotgan ko‘p mahsulotlar shu majmualarda yetishtirilmoqda.
Lekin so‘nggi paytlarda tashqi bozorlardagi cheklovlar va transport logistikasidagi uzilishlar bu tarmoqqa ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, aksariyat issiqxonalar biznes-rejasida 1 tonna mahsulot tannarxi o‘rtacha 600 dollar deb hisob-kitob qilingan bo‘lsa, 2020-yilda tannarx 900 dollarni va 2021-yilda 1 ming 200 dollarni tashkil etgan. Ayrim issiqxona xo‘jaliklarida kredit, soliq, tabiiy gaz va elektr energiyasi to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik yuzaga kelgan.
Shu bois, Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, sohadagi muammolar o‘rganildi va tadbirkorlarning takliflari eshitildi. Ular asosida, issiqxonada mahsulot yetishtirish va uni sotishning yangi mexanizmi ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi issiqxonalarga urug‘, ko‘chat, mineral o‘g‘it va boshqa moddiy resurslarni yetkazib beradi, mahsulotni sotib olib, eksport qiladi. Karantin va o‘simliklar himoyasi agentligi ko‘chatlarni parvarishlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, moliyaviy yengilliklar ham belgilanmoqda. Jumladan, issiqxona xo‘jaliklari va muzlatkichli omborxonalar uchun xalqaro moliya institutlari va davlat maqsadli jamg‘armalaridan ajratilgan kreditlarni qaytarish muddati 7 yildan 14 yilga hamda imtiyozli davri 3 yildan 5 yilga uzaytirilishi nazarda tutilmoqda. Kreditlarni qaytarish muddatlari hosilni yig‘ib olish va sotish muddatlariga moslashtiriladi.
Eksportbop mahsulot yetishtirishni rag‘batlantirish maqsadida xorijiy valyutadagi bank kreditlarini yillik 4 foiz stavkada ajratish mo‘ljallanmoqda. Sanoat tipidagi zamonaviy issiqxona va logistika markazlarini tashkil etish uchun yaxlit maydonlar ochiq auksion savdolariga chiqarilishi belgilanmoqda.
Davlatimiz rahbari bu chora-tadbirlarni ma’qulladi. Meva-sabzavotlarni saqlash, saralash va qadoqlash imkoniyatiga ega bo‘lgan savdo majmualari tashkil etish, yangi issiqxonalar uchun suv va elektr tarmoqlarini tortish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.