Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Yaponiyalik yozuvchi: “Surxondaryoning o‘tmishi men o‘ylagandan ham boy ekan”


Yaponiyaning “Globe-Troffer Travel Guidebook” sayyohlik qo‘llanmasi nashriyoti muharriri, yozuvchi Shimpey Ito Surxondaryo viloyatidagi tarixiy-me’moriy obidalar hamda hududning boy tarixi bilan tanishdi. Termiz shahridagi dehqon bozorlari va milliy hunarmandlik markazlarida bo‘ldi.

Termiz tumanidagi Fayoztepa, Qoratepa arxeologik yodgorliklari, Termiz shahridagi Sulton Saodat majmuasi va Qirqqiz qalalarini suratga olib, bu yerning o‘tmishdagi tarixi, madaniyati va jahon tamaddunida tutgan o‘rnini o‘rgandi. Mintaqamizda yagona Termiz arxeologiya muzeyida saqlanayotgan eksponatlar yaponiyalik mehmonning qadimiy voha haqidagi taassurotlarini yanada boyitdi.

–Tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan bu yurtga ilk marta kelishim, – deydi Shimpey Ito.– Biz sayyohlar uchun maxsus qo‘llanma chop etamiz. Shu paytgacha bu qo‘llanmamizda Termiz haqida bironta qiziqarli ma’lumot berilmagan. Shuning uchun hududning boy turistik salohiyatini qo‘llanmamizning kelgusi sonida yoritishni maqsad qildim. Qisqa safarim chog‘ida Kushon davlati va buddizm bilan bog‘liq ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Mashhur arxeolog olim Kyudzo Kato va Risha universiteti mutaxassislari olib borgan ko‘p yillik izlanishlarni ham keng yoritmoqchiman. Shuningdek, Sulton Saodat majmuasi va Qirqqiz qalasini tomosha qildim. Termiz menga juda yoqdi. Albatta, yana kelib, o‘tmishi men o‘ylangandan ham boy go‘zal hudud haqida sayyohlar uchun ko‘plab qiziqarli manzillarni taqdim etaman.

Yaponiyalik mehmon 20 oktyabrgacha mamlakatimizda bo‘lib, Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent shahri hamda Toshkent viloyati bilan yaqindan tanishadi. Tarixiy-me’moriy yodgorliklar va boshqa diqqatga sazovor joylarni suratga olib, taassurotlarini sayyohlar uchun mo‘ljallangan qo‘llanmaning kelgusi sonlarida chop etadi.



  ...