Assalomu alaykum, hurmatli Samarqand ahli!
Muhtaram mehmonlar!
Bugun siz, azizlar bilan, barchamiz uchun qadrli bo‘lgan Samarqandning yangi qiyofasini belgilab beradigan muhtasham majmua – “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimida uchrashib turganimdan xursandman.
Xalqimizning aql-zakovati va fidokorona mehnati bilan bunyod etilgan ushbu majmua Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi yana bir salmoqli, zafarli natija bo‘ldi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Qadimiy va navqiron Samarqand bag‘rida qad rostlagan mana shunday zamonaviy, ulug‘vor me’moriy majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin, buyursin!
Aziz yurtdoshlar!
Hammamizga yaxshi ma’lum, Samarqand – milliy davlatchiligimiz va umuman, jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida o‘ringa ega. Ushbu boqiy shahar tariximizdagi ikkala Renessans davrining yuzaga kelishi va rivojida muhim rol o‘ynagan.
Buyuk Amir Temur bobomiz o‘zi barpo etgan qudratli saltanat uchun aynan Samarqand shahrini poytaxt etib belgilagani ham albatta bejiz emas.
Ushbu zaminda shakllangan qutlug‘ an’analarni izchil davom ettirgan holda, Samarqandning qadimiy shuhratini tiklash maqsadida oxirgi yillarda uni yanada ko‘rkam va obod qilish, chinakam xalqaro turizm markaziga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqdamiz.
Yangidan qurilib, bugun ochilayotgan “Buyuk ipak yo‘li” markazi shu yo‘ldagi yana bir ulkan qadam bo‘ldi. Yiliga 2 million turistga xizmat qiladigan bu ko‘p tarmoqli markaz tarkibida “Boqiy shahar” majmuasi, Kongress holl, 8 ta zamonaviy mehmonxona, amfiteatr va ko‘plab boshqa ob’ektlar mavjud.
Biz markaz loyihasini puxta ishlab chiqish uchun tajribali me’mor va muhandislardan iborat xalqaro jamoani jalb etdik. Ular tayyorlagan loyihani milliy me’morchilik va shaharsozlik tajribamiz, iqlim sharoitimizdan kelib chiqib, qayta-qayta muhokama qildik va takomillashtirdik.
Bu ulkan markaz buyuk ajdodlarimiz bunyod etgan muhtasham me’moriy obidalarga munosib bo‘lib, ularning tarixiy an’analarini davom ettiradi. Ushbu majmua mamlakatimizda hozirgi paytda poydevori qurilishi boshlangan Uchinchi Renessans va oldingi tarixiy davrlar o‘rtasidagi ramziy ko‘prik bo‘ladi, deb ishonaman.
Bunyodkor xalqimiz, yuqori bilim va tajribaga ega injener-mutaxassislarimiz, navqiron yoshlarimiz ana shunday g‘oyat murakkab va noyob loyihani amalga oshirish uchun xorijiy hamkorlarimiz bilan qo‘lni qo‘lga berib, fidokorona mehnat qildilar.
Shu o‘rinda Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi davlatlarning yuksak malakali injener va texnik mutaxassislari qurilish jarayonida faol ishtirok etganini alohida qayd etish lozim.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanali marosimda qatnashayotgan chet el diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillarini samimiy qutlab, O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shayotganlari uchun ularga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.
Bundan keyin ham sizlarning sharafli faoliyatingizda davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, jumladan, turizm sohasidagi aloqalarni kengaytirish – ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi, deb umid qilamiz.
Qadrli do‘stlar!
Ushbu yangi ko‘rkam majmuaga “Buyuk ipak yo‘li” deb nom berganimiz zamirida chuqur ma’no bor.
Asrlar davomida Xitoyning qadimiy Sian shahridan boshlanib, dunyoning ko‘plab mamlakatlari hududidan o‘tgan va ko‘hna Rimga qadar yetib borgan bu ulkan savdo yo‘li jahon xalqlari o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy muloqot vositasi bo‘lib kelgan. Azim Samarqand esa, Buyuk ipak yo‘lining asosiy manzillaridan biri bo‘lganini hammamiz yaxshi bilamiz.
Shuni hisobga olib, biz yangi markazdagi binolarda Buyuk ipak yo‘li davriga oid tarixiy manzaralarni ham aks ettirdik. Masalan, “Boqiy shahar” majmuasi bezaklarida qadimiy Afrosiyob devorlarida saqlanib qolgan So‘g‘d davlati hukmdorining Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalandik.
O‘ylaymanki, ana shu davlatlarning elchilari va xorijiy sayyohlar ham ushbu tasvirlar bilan tanishib, o‘z yurtlari tarixini shu yerda ko‘rgandek bo‘ladi.
Biz Buyuk ipak yo‘li orqali rivojlangan ana shu tarixiy an’analarni, bugun taraqqiyot, madaniyat, do‘stlik va hamkorlik yo‘li sifatida qayta tiklashga intilmoqdamiz. Shu maqsadda dunyo hamjamiyati bilan turli sohalardagi aloqalarni kuchaytirish, mamlakatimizga zamonaviy ilm-fan yutuqlari, yuqori texnologiyalar, investitsiyalar, yangi, ilg‘or g‘oyalar kirib kelishi uchun sharoit yaratmoqdamiz.
Umuman, “Buyuk ipak yo‘li” majmuasi O‘zbekistonning dunyoga keng ochilayotgan yana bir darvozasi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.
Muhtaram anjuman ishtirokchilari!
Samarqandni yirik turizm markaziga aylantirishda “Boqiy shahar” me’moriy ansambli alohida muhim o‘rin tutadi. U kelgusida butun Samarqandning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylanadi, deb ishonaman.
Ushbu majmua har qanday sayyohni qadimiy afsonalar olamiga, tarixiy obidalar dunyosiga olib kiradigan tom ma’nodagi noyob loyihadir.
Qadimiy uslubda barpo etilgan 14 ta hududimizga xos 40 ta hunarmandlik ustaxonasining har biri betakror qiyofaga ega.
Qo‘li gul ustalar yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik, ipak qog‘oz ishlab chiqarish, zargarlik va gilam to‘qish jarayonlari orqali sayyohlarning ko‘z o‘ngida mahorat darslarini olib boradilar. Xususan, Rishton kulolchiligi, Buxoro zardo‘zligi, Qoraqalpoq o‘tovi, Marg‘ilon atlasi kabi hunarmandchilik mahsulotlari sayyohlar uchun amaliy san’at durdonalari sifatida taqdim etiladi.
Bu yerga qadam qo‘ygan inson nafaqat qadimiy Samarqand bag‘rida, balki butun O‘zbekiston zaminida yurgandek bo‘ladi, uning bor ulug‘vorligi va beqiyos jozibasini his etadi.
Ushbu go‘zal maskanda 280 ming tup manzarali daraxt va butalar ekildi, 170 gektar yashil hududlar yaratildi.
Albatta, markaz ishga tushishi natijasida yurtimizda turizm sohasini yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochiladi.
Shu o‘rinda bir raqamga e’tibor bering. Bundan 3-4 yil oldin Samarqandga tashrif buyuradigan mahalliy va xorijiy turistlar soni 500 ming nafardan oshmas edi. Hozirgi kunda turizmni rivojlantirish bo‘yicha islohotlarimiz, qulay investitsiyaviy muhit yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarimiz tufayli Samarqandga kelayotgan xorijiy turistlar soni 2 barobar ko‘paydi.
Bu marrani yanada yuqori olish uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Xususan, kelgusi yillarda Samarqandga keladigan xorijiy turistlar sonini 1,5 milliondan oshirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Shu maqsadda viloyatdagi 50 ga yaqin madaniy meros majmualarini restavratsiya qilish hamda 600 dan ziyod zamonaviy mehmonxona va mehmon uylarini barpo etish yuzasidan aniq rejalar qilingan.
Shaharda jamoat transporti tizimi tubdan isloh etilib, elektrobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Samarqandning havo darvozasi bo‘lgan aeroportni butunlay yangitdan barpo etganimiz, hech shubhasiz, turizmni rivojlantirish yo‘nalishidagi eng muhim ishlarimizdan biri bo‘ldi. Yangi aeroport bugun ochilayotgan “Buyuk ipak yo‘li” markazini barpo etishdan ko‘zlagan maqsadlarimizga g‘oyat uyg‘un va hamohangdir.
Aziz do‘stlar!
Biz yil boshida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling!” dasturini qabul qildik. Shu yo‘lda mana bugun Samarqand shahrida dastlabki katta natijalarni ko‘rib turibmiz. Kelgusida bunday zamonaviy majmua Buxoro shahrida ham barpo etiladi. Bu kabi loyihalarni respublikamizning barcha hududlarida amalga oshirish bo‘yicha ham rejalarimiz bor.
Shu tariqa mahalliy va xorijiy turistlar uchun mamlakatimizdagi 8 mingdan ortiq madaniy meros ob’ektlari bilan yaqindan tanishish imkoniyati yanada kengaytiriladi.
Umuman olganda, ana shunday ishlarimiz tufayli kelgusi besh yilda mamlakatimizga keladigan sayyohlar sonini hozirgi 2 milliondan 9 millionga yetkazamiz.
Eng muhimi, turizm sohasida mehnat qilayotganlar soni 500 mingdan oshadi. Ularni o‘qitish va kasbiy mahoratini oshirish maqsadida Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu bilim maskanida hozirgi kunda 6 ta davlatdan mingdan ziyod talaba o‘qimoqda, ularga xorijlik professorlar dars bermoqda. Bu yerda 20 mingga yaqin nodir adabiyotlar va qo‘lyozma asarlardan iborat zamonaviy kutubxona tashkil etilgan.
Qadrli vatandoshlar!
Yodingizda bo‘lsa, bundan bir necha yil oldin sizlar bilan birgalikda Samarqandni yana “Yer yuzining sayqali”ga, dunyodagi eng go‘zal va obod shaharlardan biriga aylantiramiz, deb niyat qilgan edik.
Shu maqsad yo‘lida Imom Buxoriy bobomizning yodgorlik majmuasi to‘liq qayta qurilmoqda. Nasib etsa, bu tabarruk ziyoratgoh buyuk ajdodimizning musulmon olamidagi beqiyos obro‘-e’tiboriga har tomonlama munosib bo‘lgan ajoyib maskanga aylanadi.
Aziz do‘stlar!
Oldimizda katta-katta sanalar, yirik siyosiy, madaniy va ma’rifiy tadbirlar turibdi. Jonajon Vatanimiz mustaqilligining 31 yillik bayrami tobora yaqinlashib kelmoqda.
Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlari uchrashuvi kabi nufuzli xalqaro tadbirlar ham yaqin oylarda aynan Samarqandda bo‘lib o‘tadi.
Kelgusi yilda esa, qadimiy shahrimizda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruv Kengashining yillik yig‘ilishi va Jahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi ham o‘tkaziladi.
Ana shunday ulkan anjumanlarni yuqori saviyada tashkil etishda bugun ochilayotgan yangi markazimiz ham samarali xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, Samarqand qiyofasini tubdan o‘zgartirib yuborgan ushbu qurilishlarni amalga oshirishda chin yurakdan, qalbidagi bor mehri va sadoqati bilan mehnat qilgan barcha quruvchi va mutaxassislarga, tadbirkorlar va mutasaddi tashkilotlarga, chet ellik hamkorlarimizga, Samarqand ahliga, ko‘pmillatli butun xalqimizga minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.
Mana shunday go‘zal maskanlarimiz yanada ko‘paysin!
Azim Samarqandimiz, jonajon O‘zbekistonimiz dunyo turguncha tursin!
Barcha yutuqlarimizning ijodkori va bunyodkori bo‘lgan tanti va mehnatkash xalqimiz doimo omon bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun rahmat.