Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi

Shavkat Mirziyoyev payg‘ambarimiz qabrini ziyorat qildi


Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni Madinada bo‘lib, Masjidun Nabaviyni ziyorat qildi.

Ma’lumki, Madina islom tarixidagi eng muhim shaharlardan biri. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) 622-yilda bu yerga ko‘chib kelganlar. Qur’oni karimning eng katta suralari shu yerda nozil bo‘lgan.

Masjidun Nabaviy payg‘ambarimizning uyi atrofida qurilgan ulkan masjiddir. Bu yerda Rasulullohning hamda buyuk sahobalar – Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Xattobning qabrlari bor. Yuksak hurmat yuzasidan bu joy “Hujrai saodat” deb ataladi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu masjidga kelib, Hujrai saodatga tavoze bilan kirdi, Muhammad alayhissalomga salavot va salomlar aytdi. Xalqimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo qilindi.

Davlatimiz rahbari Payg‘ambarimiz alayhissalomning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyi bilan ham tanishdi.

Muzey keng qamrovli ikkita mavzuni o‘zida aks ettirgan. Birinchisi,  Muhammad alayhissalomning hayot va faoliyatlari, ikkinchisi, islom madaniyati va ilm-fanining shakllanishi, uning ijtimoiy-ma’naviy hayotga ta’siri. Bular haqda ko‘rgazmali eksponatlar va vizual texnologiyalar vositasida, bir necha xorijiy tillarda ma’lumot beriladi.

Prezidentimiz muzeyni ko‘zdan kechirish asnosida saudiyalik olimlar bilan dinimiz tarixi, o‘zbek va arab xalqlarini bog‘lovchi rishtalar haqida fikr almashdi.

Doktor shayx Nosir Zahroniy muzeydagi ma’lumotlar buyuk bobolarimiz Imom Buxoriy va Imom Termiziy asarlaridan olinganini aytdi. Shavkat Mirziyoyev yurtimizda bu ulug‘ allomalar nomi bilan ilmiy markazlar tashkil qilingani, islom madaniyati obidalari asrab-avaylanayotganini ta’kidlab, olimlarni O‘zbekistonga taklif qildi.

Davlatimiz rahbari Madinani ziyorat qilib yurgan vatandoshlarimiz bilan ham suhbatlashdi.

Shundan so‘ng, Jidda shahriga jo‘nab ketildi.



  ...